Etnolingvsitika va sotsiolingvistika. XX asrga kelib etnolingvsitika sotsiolingvistika bilan yaqin hamkorlikda taraqqiy etdi. Biri ikkinchisi uchun material vazifasini o‘tadi. Sotsiolingvistik tadqiqotlar lisoniy birliklarni qo‘llash nafaqat nutq sharoiti, vositasi va hokazo kabi ijtimoiy hodisalar bilan, balki har bir xalq, millat, hatto, ijtimoiy guruh yoki toifa uchun odat tusiga kirgan qator urf-odatlar, rasm-rusumlar, ya’ni etnografik tomonlar bilan aloqador ekanligini ko‘rsatdi. Chunonchi, biz birovga salom berar ekanmiz odob nuqtayi nazaridan qo‘lni ko‘ksimizga qo‘yib, boshni sal egib, ta’zimga yaqin harakat qilib salomlashamiz. Bu – o‘zbek urf-odati. Shunda bu nolisoniy, mohiyatan etnik-etnografik tamoyillar bilan birga, albatta, «Assalomu alaykum!» lisoniy iborasi ham ishlatilishi zarur. Bosh kiyimini yechib salomlashish rus xalqiga xos, hind xalqi esa qo‘l kaftlarini bir-biriga jipslashtirgan holda salomlashadi. Hatto, o‘zbeklarning o‘zining ichida turli toifa va guruhlarning bir-biri bilan salomlashishi jarayonida lisoniy va nolisoniy vositalar, nutqiy shtamplar, harakat va holatlar bir xil emas. Bularni hisobga olish esa, nutq odobi uchun juda zarurdir.
Nutqni ham lisoniy, ham etik-etnografik xususiyatlarni hisobga olgan holda tadqiq etish natijasida etnolingvistika va sotsiolingvistikaning qo‘shiluvidan yangi tarmoq – etnosotsiolingvistika shakllandi va bugungi kunda jadal rivojlanmoqda.
Jahonda hukm surayotgan bozor iqtisodiyotining eng asosiy omili faoliyatning samaradorligidir. Bu samaradorlik kam sarflab, ko‘pga erishishni nazarda tutadi. Shu tamoyil asosida lisoniy birliklardan ijtimoiy (sotsial) etnik omillarni hisobga olgan holda qay birini muayyan sharoitda qo‘llash ko‘proq samarali, ya’ni ta’sirchan ekanligini o‘rganuvchi etnosotsiolingvistikaning yangi bir tarmog‘i - etnosotsiopragmatika29 yoki pragmatik etnosotsiolingvistika shakllanmoqda va rivojlanmoqda. Etnosotsiopragmatika (pragmatik etnosotsiolingvistika) nazariyasi jahon tilshunosligida hali to‘la shakllangan emas. Bizda esa bu sohaga ilk qadamlar qo‘yilmoqda.
Etnosotsiopragmatikaning nazariy asoslariga bag‘ishlangan – bu qo‘llanmada asosan bu sohaning quyidagi masalalari muhokama etiladi:
1) muloqot jarayonining etnosotsiopragmatik tavsifi asoslari;
2) etnosotsiopragmatik tushuncha va kategoriyalarni aniqlash va ularni tavsiflash;
3) o‘zaro fikr almashinish jarayonini axloq-odob va etnik madaniyat me’yorlari bilan uyg‘unlashtirishning nazariy metodologik tamoyillarini ochish va tavsiflash;
4) serqirra muloqot jarayoni tabiatini belgilovchi xilma-xil omillarning o‘zaro uyg‘unlashish shart-sharoitlarini aniqlash va tavsiflash.30
Binobarin, muloqotning samarali kechishi ma’lum qoidalar, muomala tamoyillariga amal qilish bilan bog‘liq. Dunyo xalqlari muloqot odobi, muomala mas’uliyatiga oid minglab maqol-matallar yaratganlar, bu borada behisob nodir asarlar bitilgan. Jumladan, sharq milliy madaniyati durdonalari bo‘lmish «Qutadg‘u bilig», «Qobusnoma», «Hibbatul haqoyiq» kabi madaniy yodgorliklar, buyuk mutafakkirlar Kaykovus, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, So‘fi Olloyor kabilarning asarlari bunga misoldir. Kaykovusning «Qobusnoma»da keltirgan quyidagi pandlarini eslaylik: «Gar so‘zni va hunarni yaxshi bilsang ham hech bir so‘zni sindirmag‘il, to‘g‘ri ta’rif qilg‘il va uni bir rangda aytg‘il: xosga xos so‘z, omiyga omiy so‘z deg‘il, toki u hikmatga muvofiq bo‘lsun va eshitg‘on kishiga og‘ir kelmasin, yo‘qsa so‘zingni dalil va hujjat bila ham eshitmag‘aylar. Undin so‘ng ularning rizosiga qarab so‘zlag‘il, to salomat bo‘lg‘aysan». Eng asosiysi, bu an’analar hozirgacha davom etmoqda va nutq mas’uliyati, muloqot odobi, so‘zlashish madaniyati kabi masalalar doimiy ravishda o‘zbek olimlarining diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |