MAVZU: GASTRIT KASALLIGI
REJA:
Eroziv gastrit: shifokor nazorati juda muhim
To‘sh sohasidagi og‘riqlar
Parhez yordam beradi
Asosiy maslahatlarimiz quyidagicha
Gastrit kasalligi
O‘smirlar orasida gastrit xastaligining ko‘p uchrayotganligiga asosiy sabab ularning ovqatlanish tartibiga rioya etmasligidir. Kasallik kelib chiqishini oddiygina tushuntirish mumkin. Masalan qorin ochganda me’da shirasi ajraladi, xuddi shu vaqtda oshqozonga ovqat tushmasa, bu shira me’daning shilliq qavatini (devorini) yallig‘lantiradi. Demak, doimiy ravishda o‘z vaqtida ovqatlanmaslik yoki quruq taomlar yeyish va ko‘pincha och yurish natijasida o‘smir gastritga chalinadi.
Xastalikning birinchi (ekzogen) sababi ovqatlanish tartibiga, me’yoriga amal qilmaslik, taomni yaxshi chaynamasdan yutish, achchiq va o‘ta issiq ovqatlarni iste’mol qilish, turli dori-darmonlarni nazoratsiz qabul qilish, shuningdek tamaki chekish va spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, asabiy zo‘riqish singari holatlar bilan bog‘liq.
Gastritni yuzaga keltiruvchi endogen sabab esa quyidagi omillar bilan ifodalanadi:
surunkali yallig‘lanishlar (og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, nafas olish tizimidagi yallig‘lanishlar);
o‘pka sili, surunkali xoletsistit va pankreatit, enterokolit, bavosil kasalligi, paraproktit;
endokrin bezlar xastaliklari (gipotireoz, qandli diabet);
moddalar almashinuvining buzilishi (o‘ta semizlik, organizmda temir yetishmasligi, podagra);
to‘qima gipoksiyasiga olib keluvchi dardlar (yurak-tomir, jigar va buyrak yetishmovchiligi);
ko‘p asabiylashish, ruhiy tushkunlik holatlari;
ba’zi dori moddalarini pala-partish iste’mol qilish.
Demak, aytish joiz, gastritni keltirib chiqaruvchi ekzogen sabablar ovqatlanish tartibining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lsa, endogen sabablar orasida qorin bo‘shlig‘i a’zolari yallig‘lanishi asosiy o‘rinni egallaydi.
Gastritning kechishi xilma-xil bo‘lib, har biri alohida xususiyatga ega. Masalan, gipertrofik gastritda yallig‘lanish tufayli oshqozon pardasi qatlamlari qalinlashadi. Erroziv gastritda o‘yuvchi moddalar (natriy, sirka kislota, sulema, qo‘rg‘oshin singarilar) ta’sirida oshqozon shilliq qavati shikastlanadi. Polipoz gastrit me’da ichaklar devorida poliplar paydo bo‘lishi bilan kechadi. Flegmonoz gastritda esa me’da shilliq qavatida yiringli yallig‘lanish ro‘y beradi. Gormonal gastrit ichki gormonal a’zolar faoliyati buzilishi natijasida oshqozon shirasining asosini tashkil qilgan xlorid kislota ishlab chiqaruvchi hujayralar faoliyatini oshishi natijasida shilliq qavati jarohatlanadi. Dorili gastrit turli dorilarni, ayniqsa tarkibida steroid, aspirin, og‘riq qoldiruvchi va boshqa moddasi ko‘p bo‘lgan dorilarini o‘zbilarmonlik bilan iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi.
Bemor gastroskopiya qilingach, ya’ni gastroskop apparati qizilo‘ngach orqali oshqozonga kiritilib, uning shilliq qavatlari holati sinchiklab ko‘rilganda gastritning ushbu hamda boshqa bir qancha turlarini aniqlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |