Qadimgi davrda tabiatga munosabat. Tabiatga nisbatan bunday munosabat asosan mil. av. I ming yillikning o‘rtalariga kelib shakllandi va nazariy tafakkur paydo bo‘lishi bilan sezilarli darajada o‘zgardi. Bu tafakkur o‘sha davrda dunyoqarashning alohida tarixiy shakli sifatida vujudga kelgan falsafaning uzviy va tarkibiy qismiga aylandi. Ilk antik faylasuflar, falsafaning bosh vazifasi ular kosmos sifatida tushungan dunyo nimadan iborat, degan savolga javob topish uchun tabiatni o‘rganishga harakat qilganlar.
Antik davrda tabiat insondan deyarli hamma narsada ustun bo‘lgan qudratli kuch bo‘lib qolishda davom etsa-da, lekin uni odamzot nazariy anglab yetishi natijasida tabiat muayyan qimmat kasb etdi va ko‘p jihatdan uyg‘unlik va barkamollik ideali sifatida idrok etila boshladi. Antik faylasuflarning ko‘pgina asarlari tabiatga hurmat ko‘rsatish g‘oyasi bilan sug‘orilgan bo‘lib, tabiat bilan murosai madora qilish va uning qonunlariga muvofiq yashashga chaqiradi, ayni shunday hayotni eng munosib va maqbul deb e'tirof etadi.
Umuman olganda, shunga o‘xshash tasavvurlarga qadimgi hind va qadimgi xitoy falsafasi namoyandalarining asarlarida ham duch kelish mumkin. Ular tabiatning umumiy qonunlarini bilishga harakat qilish, ularga qarshilik ko‘rsatmaslik va unga bo‘ysunish lozim, zero inson ularni o‘zgartirishga qodir emas, deb hisoblaganlar.
Markaziy Osiyoda ham tabiatni asrashga alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan “Avesto” kitobida suvga tupurish gunohligi, olov ilohiy mo‘jiza ekanligi, qabristonlarga, yo‘l bo‘yiga mevali daraxtlarni o‘tqazish mumkin emasligi haqidagi g‘oyalarning ilgari surilishi tabiat qadimgi davrlarda ham buyuk ne'mat sifatida e'tirof etilganligidan dalolatdir.
2.1. O‘rta asrlar va Uyg‘onish davrida tabiat muammosi.
Keyinchalik, xristian va islom dini dunyoqarashida, tabiat bilan birikishni nazarda tutuvchi bu yondashuv o‘rnini tabiatga bo‘lgan o‘zgacha munosabat egalladi. Natijada, tabiat yaratilgan, shu bois o‘tkinchi va o‘zgaruvchan deb talqin qilindi. Shu tariqa o‘lmas jonga ega Xudo o‘tkinchi tabiatdan ustun qo‘yildi. Bunday ustun qo‘yish natijasida odamlarning tabiiy kuchlar stixiyasiga qaramligi kamaymasa ham materiya va ruh nisbati ko‘proq ma'naviy inson va ruhsiz tabiiy olam tuzilishining turli pog‘onalaridan o‘rin oldi. Diniy aqidalar boqiy, ma'naviy asos – Xudo oliy darajada ruh foydasiga hal qilinadi. Bu hol ilohiy aqidalar falsafiy ta'limotlardan ustun qo‘yilgan va aksariyat odamlar dunyoqarashining negizini tashkil etgan o‘rta asrlar falsafasida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi.
Antik davrning ko‘pgina qadriyatlari va ideallari tiklangan Uyg‘onish davri san'at, estetika va go‘zallikka kuchli qiziqish bilan tavsiflanadi. Bu davrda tabiatga go‘zallik va ilhom manbai deb qarashga asoslangan yangicha munosabat yuzaga keldi. O‘z-o‘zidan ravshanki, mazkur mo‘ljal real borliqni faol o‘rganish va uni yanada teranroq tushunib yetishga yo‘naltirilgan. Bu davrda N.Kopernik, G.Galiley, N.Kuzanskiy, J.Bruno va boshqa mutafakkirlar rivojlantirgan kosmologik va naturfalsafiy, A.Jomiy, A.Navoiy ilgari surgan gumanistik g‘oyalar tabiatga bo‘lgan yangicha munosabat bilan bevosita bog‘liq va ma'lum darajada shu munosabatlardan kelib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |