Harorat ekologik omil sifatida tirik organizmlar hayotida muhim o‘rin tutadi, hayvon va o‘simliklar hayotida moddalar almashinuvi, biokimyoviy va fiziologik jarayonlarning sodir bo‘lishi va tezligiga ta’sir qiladi. Tirik organizmlarning Yer shari bo‘ylab tarqalishida, ularning xulq-atvori, xatti- harakatlarining namoyon bo‘lishida harorat katta rol o‘ynaydi.
Harorat sutka davomida yil fasllari bilan bog‘liq holda mavsumiy hamda geografik zonallik jihatdan o‘zgaruvchan omildir. Tirik organizm uchun haroratning chidamlilik chegarasi oqsillar, hayotiy muhim fermentlar faoliyatining buzilishiga – denaturatsiyasiga olib keluvchi harorat bilan belgilanadi.
Harorat 0°C dan pasayganda suvning muzlashi tufayli muz kristallari hosil bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida hujayra membranasining shikastlanishiga hamda hujayraning nobud bo‘lishiga olib keladi.
Turli organizmlar normal hayot kechirishi mumkin bo‘lgan harorat o‘rtacha 0°C dan +50°C gacha hisoblanadi. Ammo sayyoramizda organizmlar hayot faoliyati katta harorat diapozonida kechadi. Quruqlikda eng minimal harorat –70°C, maksimal harorat +55°C, dengizda minimal harorat +3°C, maksimal harorat +35°C ga teng bo‘lsa, chuchuk suvda esa qishda +5°C dan +7°C gacha, yoz oylarida +20°C dan +35°C gacha, geotermal (yunoncha «geo» – yer, «terme» – issiq) suv manbalarida +25°C dan +90°C gacha bo‘ladi.
Ba’zi organizmlar, masalan, ayrim bakteriyalar, ko‘k-yashil suvo‘tlar issiq suv havzalarida, yopishqoq lishayniklar sporalari, cho‘l o‘simliklarining urug‘lari, vegetativ organlari qizib yotgan tuproqqa bardoshlidir.
O‘ta sovuq haroratga chidamli o‘simlik va hayvon turlari ham mavjud. Ayrim suvo‘tlar, chuvalchanglar, molluskalar, qisqichbaqasimonlar, baliqlar, kurakoyoqli sutemizuvchilarning hayotiy faoliyati 0°C dan +2°C da kechadi.
Termoregulatsiya jarayoni usullariga hamda harorat omiliga moslanish darajasiga ko‘ra organizmlar ikki guruhga: poykiloterm (sovuqqonli) va gomoyoterm (issiqqonli) organizmlarga ajratiladi.
Poykiloterm organizmlar (yunoncha «poykilos» – o‘zgaruvchan, «therme» – issiqlik) – tana harorati tashqi muhit haroratiga bog‘liq ravishda o‘zgaruvchi organizmlardir. Ularga umurtqasiz hayvonlar, baliqlar, suvda hamda quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar kiradi. Ular tana haroratini doimiy holatda saqlay olmaydi. Atrof-muhit haroratining ko‘tarilishi, bu organizmlarda boradigan fiziologik jarayonlar – moddalar almashinuvi, nafas olish, qon aylanish tezlashishiga sabab bo‘ladi, organizmning o‘sish, rivojlanish va ko‘payish sur’ati ortadi. Haroratning pasayishi organizmlarda moddalar almashinuvining sustlashishi, ayrim turlarning karaxt holga kelishi, uyquga ketishi, ba’zi hollarda nobud bo‘lishiga olib keladi.
Gomoyoterm organizmlar (yunoncha «gomoyos» – o‘xshash, bir xil, «therme» – issiqlik) – tana haroratini tashqi muhit haroratiga bog‘liq bo‘lmagan holda nisbatan doimiy holatda saqlashga moslashgan organizmlardir. Ularga qushlar va sutemizuvchilar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |