Аntropogen omillar – inson faoliyati bilan bog‘liq omillar bo‘lib, ularga boshqa tirik organizmlarning yashash muhitlariga va bevosita ularning hayotiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi inson faoliyati turlari (atrof-40 muhitning ifloslanishi, hayvon hamda baliqlarni ovlash, o‘rmonlarni kesish, yerga ishlov berish, foydali qazilmalarni qazib olish va b.) kiradi.
Birga yashayotgan organizmlar hayotida bitta ekologik omil turlicha ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, ochiq yerlarda yashaydigan yirik hayvonlar uchun kuchli shamol salbiy ta’sir ko‘rsatsa, uyalariga va qor ostiga yashirinadigan mayda hayvonlarga bu omil katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Tuproqning mineral tuzlar tarkibi o‘simliklar uchun muhim omil hisoblansa-da, Yer yuzida yashaydigan hayvonlar uchun bu omil ahamiyatga ega emas.
Muhitning ba’zi ko‘rsatkichlari, turlarning evolutsiyasida uzoq davr mobaynida nisbatan doimiy holatda o‘zgarmasdan qoladi. Masalan, Yerning tortish kuchi, quyosh doimiyligi, okean suvlarining tuz tarkibi, atmosferaning xususiyatlari kabi omillar nisbatan o‘zgarmasdir.
Ko‘pchilik ekologik omillar – harorat, namlik, shamol, yog‘ingarchilik miqdori, oziq miqdori, yirtqichlar va parazitlar soni kabilar o‘zgaruvchan omillar hisoblanadi. Bu omillarning o‘zgaruvchanlik darajasi muhitning xususiyatlari bilan bog‘liq. Masalan, quruqlikda tez-tez o‘zgarib turadigan havo harorati okean qa’rida va g‘orlarning tubida deyarli o‘zgarmaydi. Yirtqich sutemizuvchilar tanasida parazitlik qiladigan organizmlar uchun oziq zaxirasi yetarli bo‘lsa, erkin yashovchi yirtqichlar uchun oziq zaxirasi o‘ljasining soniga bog‘liq bo‘ladi.
Muhit omillarining organizmlarga ta’sir etish qonuniyatlari. Ekologik omillar xilma-xil bo‘lishiga qaramay ularning tirik organizmlarga ta’sir etish xarakterida, ekologik omillarning ta’siriga tirik organizmlarning javob reaksiyalarida bir qator umumiy qonuniyatlarni aniqlash mumkin.
Har bir tirik organizm muhit omillariga nisbatan o‘ziga xos moslanishlarga ega bo‘lib, omillarning ma’lum me’yorda o‘zgarishlari doirasida normal hayot kechirishi mumkin (9-rasm).
Muhit omilining yetishmasligi ham, me’yordan ortib ketishi ham tirik organizmlar hayot faoliyatining o‘zgarishiga olib keladi. Ekologik omilning organizm hayot faoliyatiga ko‘rsatadigan ta’sirining eng qulay chegarasi biologik optimum yoki optimum zonasi deyiladi.
Optimum zonasidan og‘ish, ya’ni chetga chiqish noqulay hayot zonasi (pessimum zona)ni belgilaydi. Og‘ish qanchalik kuchli bo‘lsa, omilning organizmga noqulay ta’siri ko‘proq namoyon bo‘ladi. Har qanday organizm ekologik omilning eng yuqori – maksimum va eng quyi – minimum chegaralari doirasi – chidamlilik chegaralari doirasidagina hayot kechira oladi, omilning bu chegaradan og‘ishi organizmning nobud bo‘lishiga olib keladi.
Ekologik omil ko‘rsatkichlarining tirik organizmlar yashashi mumkin bo‘lgan chidamlilik chegaralari doirasi tolerantlik (lot. «tolerantia» – sabr-toqat) zonasi deb ham yuritiladi.
Har bir tirik organizm uchun ma’lum ekologik omilning muayyan ko‘rsatkichlardan iborat maksimumi, optimumi va minimumi mavjud. Har bir turning muayyan ekologik omilga nisbatan chidamlilik chegarasi mavjud. Masalan, uy pashshasi +7°C dan past va +50°C dan yuqori haroratlarda yashay olmaydi, bu tur uchun +23+25°С optimal harorat hisoblanadi. Odam askaridasi esa, faqat odam tanasi haroratidagina yashay oladi.
Omilning ma’lum ta’sir kuchi bir tur uchun optimal bo‘lsa, boshqa tur uchun maksimal yoki minimal, uchinchi tur uchun esa, chidamlilik chegarasi doirasidan chetga chiqishi mumkin.
Nemis olimi Yustus Fon Libix madaniy o‘simliklarning hosildorligi tuproq tarkibida kam miqdorda bo‘ladigan mineral moddalarga bog‘liqligini aniqladi.
Olim sharafiga ushbu qonun «Libix bochkasi» sifatida ifodalanadi. Bochkaga qancha suv solinsa ham u bochka devorining eng past yeridan (10-rasm) toshib chiqaveradi, ya’ni bochka devori boshqa qismlari balandligining ahamiyati yo‘q.
Libixning minimum qonuni yoki cheklovchi omil qonuni quyidagicha: «organizm (yoki ekosistema)ning yashab qolishini optimum chegarasidan eng ko‘p og‘adigan ekologik omil belgilaydi». Shuning uchun ham tur yoki ekosistemalar holatini ekologik jihatdan tahlil qilish va uning kelajakdagi holatini oldindan aytib berish uchun uning eng nozik va zaif jihatini aniqlash muhim hisoblanadi.
Tirik organizm, tur, jamoaning hayotiy faoliyati va rivojlanishini susaytirib yoki to‘xtatib qo‘yadigan omil cheklovchi omil deb ataladi. Masalan, tuproqda biron-bir mikroelementning yetishmasligi o‘simlik rivojlanishining susayishiga va hosildorlikning pasayishiga olib keladi. Shu o‘simliklar bilan oziqlanuvchi hasharotlar oziq yetishmasligi tufayli hobud bo‘ladi. Hasharotlar sonining kamayishi esa o‘z navbatida shu hasharotlar bilan oziqlanuvchi entomofag – yirtqich hayvonlar, hasharotlar, suvda hamda quruqlikda yashovchilar (amfibiyalar), sudralib yuruvchilar, qushlar, sutemizuvchilarning yashab qolishi va ko‘payishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Cheklovchi omillar har bir turning tarqalish arealini belgilaydi. Masalan, ko‘pchilik o‘simlik va hayvon turlarining shimol tomonga tarqalishini haroratning pastligi, yorug‘likning yetishmovchiligi cheklasa, janub tomonga tarqalishini esa namlikning tanqisligi cheklaydi.
Tirik organizmlarning hayotiy faoliyati va rivojlanishini ekologik omilning nafaqat minimum chegarasi, balki maksimum chegarasi ham susaytirishi mumkin.
Turning muayyan ekologik omilga nisbatan chidamlilik chegaralarining kengligi shu omilga «evri» so‘zini qo‘shish orqali ifoda etiladi.
Keng ko‘lamda o‘zgaruvchan muhit sharoitida yashashga moslashgan yoki chidamlilik chegaralari doirasi keng bo‘lgan o‘simlik va hayvonlar evribiontlar (yunoncha «eurys» – keng, «biontos» – yashovchi) deyiladi. Masalan, kosmopolit turlar muhitning o‘zgaruvchanligiga keng doirada moslanuvchan bo‘ladi. Kosmopolitlar – keng tarqalgan, ya’ni Yer yuzining juda katta hududlarini egallagan turlardir. Masalan, kalamushlar, suvaraklar, pashshalar, burgalar kosmopolitlar sanaladi.
Muhit omillarining keng doirada o‘zgarishiga turning bardosh bera olmasligi yoki chidamlilik chegaralari doirasi torligi tegishli omilga «steno» so‘zini qo‘shish orqali ifoda etiladi. Nisbatan doimiy muhit sharoitida yashashga moslashgan, harorat, namlik, atmosfera bosimi kabi omillarning tor ko‘lamda o‘zgarishigagina bardosh bera oladigan o‘simlik va hayvonlar stenobiontlar (yunoncha «stenos» – tor, cheklangan, «biontos» – yashovchi) deb yuritiladi. Masalan, Janubiy Amerikada yashovchi kolibrilar ma’lum bir turdagi o‘simlik nektari bilan oziqlanadi. Shuning uchun bu qush turining areali tor bo‘lib, aynan shu o‘simlikning areali bilan belgilanadi. Avstraliyada yashovchi xaltali ayiq – koala faqat evkalipt daraxtida yashab, uning bargi bilan oziqlanadi.
Tirik organizmlar har bir omilga nisbatan alohida moslashadilar. Organizmlarning alohida bir omilga nisbatan chidamlilik darajasining yuqori bo‘lishi, uning boshqa omillarga ham chidamli ekanligini anglatmaydi. Masalan, havo haroratining vaqtinchalik pasayishiga bardoshli, bu vaqtda karaxt holatga o‘tadigan ayrim mayda hasharotlar havo namligining keskin pasayishini ko‘tara olmay, tez nobud bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |