16–MA’RUZA
Mavzu: Farmatsevtik korxonalarda ishchilarni favqulotda hodisalar vaqtida havfsizligini ta’minlash.
Reja:
Tabiiy ofatlarning qisqacha tavsifi.
Zilzilalar, vulqonlar otilishi va boshqa tabiat hodisalari.
Tabiiy ofatlardan muhofazalanish yo‘llari.
Kimyoviy xavf ma’nbalari.
Radiatsiyaviy xavfli ob’ektlari.
Tabiiy ofatlar xaqida ma’lumot. Dunyoda shu davrga qadar tabiiy ofatlar doimiy ravishda bo‘lib keldi va bundan keyin xam yuz berishi extimollari ko‘p.
Fuqaro mudofaasi faqatgina urush sharoitida fuqarolarni mudofaasini ta’minlab qolmasdan, odamzod hayotida urushdan kam bo‘lmagan talofatlarga olib keluvchi tabiiy ofatlardan saqlanish chora-tadbirlari bilan ham shug‘ullangan. Bu ikkinchi masala hozirgi zamon sharoitida muhim ahamiyat kashf etmoqda.
Tabiiy ofat — bu tabiatda yuz beradigan favqulotdagi o‘zgarish bo‘lib, u birdan, tezlikda insonlarning mo‘tadil yashash, ishlash sharoitlarining buzilishi, odamlarning o‘limi hamda qishloq xo‘jaligi xayvonlarining, moddiy boyliklarning yo‘q bo‘lib ketishi bilan tugaydigan xodisalardir. Tabiiy ofatlar er kurrasida doimo uchrab turadigan, o‘z zararlilik darajasi va insoniyatga etkazgan zarari hamda vayronaliklari bilan va shuningdek, moddiy va ma’naviy boyliklarni yo‘qolishiga olib kelishini umuman jamlasak, ulardan keladigan zarar va odamlarning hayotdan ko‘z yumishiga olib kelish masshtabi bir qancha urushlardan kam emasligini kuzatish mumkin.
Er silkinishi va uning oqibatlari.
Tabiiy ofatlar ichida eng xavflisi va daxshatlisi bu — er silkinishidir. ZILZILA - bu erning ichki xarakatlari natijasida uning yuzasida paydo bo‘ladigan tebranish natijasida sodir bo‘ladigan er silkinishlaridir.
Er ostki zarbasining paydo bo‘lish o‘chogi, erning ostki qatlamidagi uzoq vaqt yig‘ilib qolgan energiyaning yuzaga otilib chiqish jarayoni tufayli yuzaga keladi. Er silkinishlarining paydo bo‘lgan joyi ZILZILA O‘CHOG‘I, uning markazi esa GIPOTSENTR deyiladi. Gipotsentrning er yuzidagi proeksiyasi EPITSENTR deyiladi. Gipotsentr va epitsentr oralig‘idagi masofa ZILZILANING CHUQURLIGI deyiladi.
Er silkinishi yuzaga kelish sabablariga ko‘ra qo‘yidagi guruhlarga bo‘linadi:
Tektonik zilzilalar;
Vulqon zilzilalari;
Ag‘darilish, o‘pirilish zilzilalari;
Texnogen (insonning muxandislik faoliyati bilan bog‘liq) zilzilalar.
VULQON ZILZILALARI So‘nmagan vulqonlarning harakati natijasida ham zilzila bo‘lib turadi. Bunday zilzila faqat vulqonli o‘lkalarga xos va uning kuchi 5-6 balldan oshmaydi.
Erning chuqur qismida harorat katta bo‘lishi tufayli hosil bo‘lgan magmalardan ajralib chiquvchi gaz va bug‘ni er ostidan dahshatli kuch bilan otilib chiqishidan kuchli zilzila ro‘y beradi. Markaziy Osiyoda harakatdagi vulqonlar yo‘q bo‘lganligi uchun bizning mintaqada vulqon zilzilalari bo‘lmaydi.
O‘PIRILISH ZILZILALARI Ohaktosh qatlamlari er osti suvi ta’siridan erib katta-katta chuqur g‘or hosil qilishi mumkin. Karst relefi keng tarqalgan o‘lkalarda yopiq karstlarning ba’zilari juda katta bo‘lib, ularning tepa qismi og‘irlik kuchi ta’sirida bo‘shliqqa o‘pirilib tushadi. O‘pirilgan joylarda ba’zan ko‘l yoki voronkasimon katta chuqurlik hosil bo‘ladi. Bunga Pomir tog‘laridagi Sarez ko‘lini misol qilib keltirish mumkin. O‘pirilish zarbasi natijasida er larzaga keladi.
Tektonik zilzilalar
Erning eng ustki qatlami uning qobig‘i deyiladi. Er qobig‘ining chuqurligi quruqliklarda asosan 30-50 km ni tashkil etib, ba’zi joylarda 70 km gacha boradi, okeanlarda esa 6-8 kmga boradi.
Keyingi qatlam mantiya bo‘lib, u 2900 km gacha davom etadi. So‘nggi qatlam 2900 km dan to erning markazigacha davom etib u yadro qatlamidir.
Er qatlamlarida doimo murakkab kimyoviy, fizikaviy jarayonlar to‘xtovsiz bo‘lib turadi. Bulardan birinchisi-solishtirma og‘irliklari og‘ir jinslarning doimo pastga, engil jinslarning yuqoriga bo‘lgan harakati. Ikkinchisi-radioaktivlik xossasi asosida bir jinslardan ikkinchisining hosil bo‘lishi yoki jinslarning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishi natijasida energiya ajralishidir. Bunday reaksiyalar sodir bo‘lishiga sabab, erning chuqur qatlamlarida juda katta bosim va issiqlik mavjuddir. Bu esa radioaktivlik xossasiga asosan bir jinslarning ikkinchisiga aylanishiga va issiqlik energiyasi ajralishiga olib keladi. Energiyaning saqlanish qonuniga asosan u yo‘qolib ketmaydi. Hosil bo‘lgan energiya erning ostida juda katta hajmdagi jinslarni harakatga keltiradi. O‘z navbatida bu kuchlar erning ustki qatlamlarini, er qobig‘ini xarakatga keltiradi.
Er silkinish kuchining xususiyatlari. Er silkinish kuchiga qarab quyidagi xolatlar kuzatiladi:
1 ball — sezilarsiz, fakatgina seysmik asboblar qayd qiladi;
2 ball — juda kuchsiz, uy ichida o‘tirgan ba’zi odamlar sezishi mumkin (deraza oynalari titraydi);
3 ball — kuchsiz, ko‘pchilik odamlar sezmaydi, ochiq joyda tinch o‘tirgan odam sezishi mumkin. Osilgan jismlar asta-sekin tebranadi;
4 ball — o‘rtacha sezilarli. Ochiq joyda, bino ichida turgan odamlar sezadi. Uy devorlari qirsillaydi. Ro‘zg‘or anjomlari titraydi, osilgan jismlar tebranadi;
5 ball — ancha kuchli. Xamma sezadi, uyqudagi odam uygonadi, ba’zi odamlar hovliga yugurib chiqadi. Idishlardagi suyuqlik chayqalib to‘kiladi, osilgan uy jixozlari qattiq tebranadi;
6 ball — kuchli. Hamma sezadi, uyqudagi odam uyg‘onadi, ko‘pchilik odamlar hovliga yugurib chiqadi.Uy hayvonlari betoqat bo‘ladi. Ba’zi hollarda kitob javonidagi kitoblar, ro‘zg‘or buyumlari javonlaridagi idishlar ag‘darilib tushadi;
7 ball — juda kuchli. Ko‘pchilik odamlarni qurquv bosadi, ko‘chaga yugurib chiqadi, avtomobil haydovchilari xarakat vaqtida xam sezadi, uy devorlarida yoriqlar paydo bo‘ladi, hovuzlardagi suv chayqaladi va loyqalanadi.
8 ball — emiruvchi. Xom g‘ishtdan qurilgan imoratlar butunlay vayronaga aylanadi, ancha pishiq qilib qurilgan imoratlarda xam yoriqlar paydo bo‘ladi, uy tepasidagi murilar yiqiladi, ba’zi daraxtlar butun tanasi bilan yiqiladi, sinadi, tog‘lik joylarda qulash, surilish hodisalari yuz beradi.
9 ball — vayron qiluvchi. Er qimirlashiga bardosh beradigan qilib qurilgan imorat va inshootlar ham qattiq shikastlanadi. Oddiy imoratlar butunlay vayron bo‘ladi, er yuzasida yoriqlar paydo bo‘ladi, er osti suvlari sizib chiqishi mumkin.
10 ball — yakson qiluvchi. Xamma imoratlar yakson bo‘ladi. Temir yo‘l izlari to‘lqinsimon shaklga kelib bir tomonga qarab egilib qoladi, kommunal quvurlari uzilib ketadi, cho‘kish hodisalari yuz beradi. Suv xavzalari to‘lqinlanib qirg‘oqqa uriladi, qoyali yon bag‘rlarda surilish xodisalari sodir bo‘ladi.
11 ball — fojiali. Xamma imoratlar deyarlik vayron bo‘ladi, tug‘onlar yorilib ketadi, temir yo‘llar butunlay ishdan chiqadi, erning ustki qismida katta-katta yoriqlar paydo bo‘ladi, er ostidan balchiqlar ko‘tarilib chiqadi, surilish, qulash xodisalari nixoyasiga etadi.
12 ball — kuchli fojiali. Erning ustki qismida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Xamma imoratlar butunlay vayron bo‘ladi, daryolarning o‘zani o‘zgarib sharsharalar paydo bo‘ladi, tabiiy tug‘onlar vujudga keladi.
Er silkinish oqibatlarini tugatish chora-tadbirlari.
Er silkinishining oqibatlarini tugatishda ishga yaroqli xar bir kishi ishtirok etishi zarur va quyidagi ishlar birlamchi xisoblanadi:
* Er tagida, buzilgan va yonayotgan uyda qolgan odamlarni qutkarish;
* Ishlab chiqarish, kommunal energetik tizimlarda sodir bo‘ladigan avariyalarning oldini olish va to‘g‘rilash ;
* Buzilgan uylarni, inshootlarni tiklash;
*Talafot ko‘rganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish shaxobchalarini tayyorlash;
* Er silkinish o‘chog‘ida suv ta’minotini tiklash. Albatta, mana shu ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan xar bir odam extiyot choralarini ko‘rgan xolda, kerakli joylarda shaxsiy ximoya vositalardan foydalanishlari zarur. Xech qanday o‘zboshimchalik, belgilanmagan chora-tadbirlar va xatti xarakatlarni amalga oshirish man etiladi.
Aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, zilzila xavfi bo‘lgan rayonlarda zilzila bo‘lish vaqtini oldindan bilish va uning bo‘lishini aholiga o‘z vaqtida etkazish va zilzila vaqtida u erdan chiqib ketish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda sarosimaga tushmasdan sovuqqonlik bilan harakat qilish, ya’ni eshiklar oralig‘iga yoki mustahkam va baquvvat mebellar bo‘lsa, ularning tagida zilzila oqibatlarini va tugallanishini kutib turish zilziladan omon saqlanishning asosiy yo‘li hisoblanadi. Bu xududda joylashgan sanoat korxonalari va energetika tarmoqlarini ishini avariyani oldini olishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizimlar yordamida energiya tarmog‘ini o‘chirishni ta’minlovchi vositalar oldindan tayyorlab qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |