15–MA’RUZA
Mavzu: Farmatsevtik korxonalarda fuqarolar mudofaasi.
Reja:
Havfsizlik va favqulotdagi holatlar.
FM vazifalari, tuzilishi va bo‘limlari.
FVda boshqarish organlari.
FVda himoya vositalari va tamoyillari.
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari.
Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish maqsadida O‘zR Mudofaa vazirligi Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi negizida O‘zR Prezidentining 1996 yil 4 martdagi PF-1378 sonli Farmoni bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etildi.
Farmon bilan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, aholi hayotini va salomatligini, moddiy va ma’naviy qadriyatlarni muhofaza qilish, shuningdek tinchlik va harbiy davrlarda favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda ularning oqibatlarini tugatish hamda zararlarini kamaytirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish vazirlikning asosiy vazifalaridan biri deb belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda bir qator huquqiy-me’yoriy asoslarga tayaniladi. Bular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va favqulodda vaziyatlar vazirligining ko‘rsatma va buyruqlaridan iborat.
Asosiy Qomusimiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosini ham inson, uning qadr-qimmati, salomatligi tashkil etadi. Insonning hayoti, yashashga bo‘lgan xuquqi Konstitutsiya bilan muhofaza qilinadi.
Favqulodda vaziyatning o‘zi nima, undan aholi va hududlarni muhofaza qilish deganda nimani ko‘zda tutish lozim?
Favqulotda vaziyat – odamlar qurbon bo‘lishi, ularning sog‘ligi yoki atrof tabiiy muhitga zarar etishi, jiddiy moddiy talofatlar keltirib chiqarishi hamda odamlar hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan xududda yuzaga kelgan xolat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiya) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi, qabul qilgan qarorini uch kun mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tasdig‘iga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi.
Ushbu Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholi va hududlarni turli tusdagi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, sodir bo‘lgan taqdirda oqibatlarini bartaraf etish, aholi hayoti va salomatligini, moddiy va ma’naviy qadriyatlarni muhofaza qilish, shuningdek tinchlik va harbiy davrda favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda ularning oqibatlarini tugatish hamda zararlarini kamaytirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish vazirlikning asosiy vazifalari sifatida belgilandi.
Aholi va xalq xo‘jaligi ob’ektlarini muhofaza etishni ta’minlashga rahbarlik qilish respublikada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Favqulodda vaziyatlar vaziriga yuklatildi. Farmonning ushbu bandiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 11 dekabrdagi PF-2153 Farmoni bilan o‘zgartirish kiritilib O‘zbekiston Respublikasida aholi va xalq xo‘jaligi ob’ektlarini muhofaza etishni ta’minlashga rahbar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri belgilandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlarning hokimlari; vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda vazirlar, davlat qo‘mitalari va uyushmalar boshqaruvlari raislari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning direktor va boshliqlari aholi va xalq xo‘jaligi ob’ektlarini muhofaza etishga rahbar etib tayinlandilar.
Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng tashkil etilgan Favquolotda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifalaridan biri favqulotda vaziyatlarda aholi hayoti va sog‘ligini, moddiy va madaniy boyliklarini muhofaza qilishdan iborat.
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish –favqulotda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish choralari, usullari, vositalari tizimi, sa’iy harakatlari majmui.
Do'stlaringiz bilan baham: |