Tashish. DSt 17768-90 ga asosan.
Saqlash. Salqin, yorug’likdan himoyalangan joyda.
Yaroqlilik muddati. 4 yil.
Asosiy farmakologik guruhi. Yurak qon-tomir sistemasiga ta’sir qiluvchi vosita.
Ilova. Quyidagi farmakopeya maqolasida keltirilgan reaktivlar, titrlovchi eritmalar va indikatorlar DF XI, 2-nashrning tegishli bo’limlarida keltirilgan.
Biofarmatsiya. Biologik samaradorlik va uni aniqlash. Ibuprofen tabletkasi misolida.
Biofarmatsiyaning asosiy vazifasi dorilarning biosamaradorligini oshirish, shu bilan birga ularning zaharliligini va qo‘shimcha ta’sirini kamaytirishdir. Dorilarning biosamaradorligiga fiziologik, biokimyoviy va farmatsevtik omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ulardan biz uchun eng muhimi farmatsevtik omillardir. Ularga dorishunos bevosita ta’sir ko‘rsata olishi mumkin. Hozirgi vaqtda biofarmatsevtik tadqiqotlar bir necha yo‘nalishda olib boriladi. Ular farmatsevtik omillarning ta’sirini, dorilarning so‘rilishini va xarakatlanishini, biotransformatsiyasini, dori moddalarining organizmda taqsimlanishini va ajralib chiqishini, preparatlarni biologik o‘zlashtirish imkoniyatlarini va ularni aniqlash usullarini yaratishni, hamda preparatlarning farmakokinetikasini, ya’ni qonda yoki boshqa suyuqliklardagi miqdorini aniqlash usullarini o‘rganadi.
“Farmatsevtik omillar” tushunchasi preparatlarni tayyorlashdagi barcha jarayonlarni o‘z ichiga olmasdan, faqat dori moddaning terapevtik faolligiga ta’siri aniqlangan omillarnigina o‘z ichiga oladi. Farmatsevtik omillar orasida yordamchi moddalar, ularning tabiati va miqdori, dori moddaga ko‘rsatadigan ta’sirining murakkabligi va muhimligi jihatidan qolgan barcha omillardan ajralib turadi. Deyarli barcha preaparatlarning tarkibida yordamchi moddalarning mavjudligi, ularning naqadar muhimligidan dalolatdir. YOrdamchi moddalar biofaol moddalarning o‘ziga xos tarkibiy qismi bo‘lib, u bilan doim aloqada bo‘ladi. Preparatlarning qo‘llanilishida yordamchi moddalar dori modda – organizm tizimiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ular dori modda ta’sirini pasaytirishi, susaytirishi yoki turli sabablarga ko‘ra uni o‘zgartirishi mumkin. Masalan, amfetaminning tabletkasi, draje, granula, suspenziya yoki qiyomini tayyorlashda yordamchi modda sifatida karboksimetilsellyuloza qo‘llanilsa preparatning so‘rilishi butunlay yo‘qoladi. Shunday xodisani yordamchi modda sifatida tarkibiga jelatin qo‘shilgan sulfadimezin tabletkasida ham ko‘rish mumkin. Fenobarbitaldan PEO-4000 yordamchi moddasi bilan tayyorlangan shamcha va tabletkada suvda qiyin eriydigan kompleks birikma xosil bo‘ladi, natijada fenobarbitalning organizmga so‘rilishi yomonlashadi. Agar shunday dori turlari natriy barbital yoki boshqa barbituratlar bilan tayyorlansa, ishlatilgan PEO-4000 dorilar ta’siriga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Sut qandi, bentonit, faollashtirilgan ko‘mir ishtirokida tayyorlangan atsetilsalitsil kislotasi, strixnin nitrat, apomorfin gidroxlorid dori turida ham so‘rilishning keskin kamayishi va terapevtik unumdorligining susayishi kuzatilgan. PVP ishtirokida tayyorlangan levomitsetin tabletkasining mikroblarga qarshi faolligi keskin kamaygan va aksincha salitsilamid, prednizalon kabi dorilarning so‘rilishi va terapevtik samaradorligi oshgan. Tabletkalarning biofarmatsevtik xususiyatlarini takomillashtirish usullaridan yana biri bu dori preparatlarini siklodekstrin ishtirokida yaratish hisoblanadi. Masalan, to‘ldiruvchi sifatida -siklodekstrindan foydalanib tayyorlangan digoksin va kavintonning parchalanishini keskin ravishda yaxshilangan, -siklodekstrin bilan tayyorlanagan salitsil kislotasi va diazolin tabletkasining parchalanish tezligi, biosamaradorligi oshgan, shuningdek oshqozon devorlarini qitiqlash xususiyatlarini ancha kamaytirgan. Shuningdek -siklodekstrin ishtirokida oddiy salibum o‘simligidan ajratib olingan flavonoidlar yig‘indisidan iborat salibor preparatidan tabletkalar olingan va uning biosamaradorligi o‘rganilgan. Ba’zan preparatlarning biosamaradorligini oshirish va dori moddaning organizmdagi konsentratsiyasini ma’lum vaqt oralig‘ida bir me’yorda ushlab turish uchun tabletkalarni tayyorlashda shunday yordamchi moddalar qo‘shiladiki, ular dori moddaning ajralib chiqish tezligini sekinlashtiradi. Masalan, salbutomol tabletkasining uzoq muddat ta’sir etuvchi turi ishlab chiqilgan bo‘lib, yordamchi modda sifatida akril smolasidan foydalanilgan.
Bularning hammasi yordamchi modda turi, miqdori, kiritish usuli dori moddaning faollik darajasi va biosamaradorligiga ta’sir etishini ko‘rsatadi. YOrdamchi moddalarning biofaol moddalar so‘rilishiga ta’siri nafaqat tabletkalarda, shuningdek turli farmakologik guruhlarga mansub dori modda saqlovchi shamcha, surtma va eritmalarda ham o‘rganilgan.
Demak, har bir dori modda uchun ishlatiladigan yordamchi modda biofarmatsevtik nuqtai nazaridan baholangan bo‘lmog‘i lozim.
Biofaol moddalarning fizik-kimyoviy xossalari nafaqat texnologik, shuningdek biofarmatsevtik nuqtai nazardan ham katta ahamiyatga ega. Masalan, sulfadimetoksin, digoksin va atsetilsalitsil kislota kukuni zarrachalarining maydalanib borishi bilan, ularning shamcha va tabletkalardan so‘rilish darajasi va tezligini oshirib boradi. Sulfadimezin kukunida esa o‘lchami 10 mkm dan kichik bo‘lmagan zarrachalarning mavjudligi uning so‘rilishiga salbiy ta’sir qiladi.
Dori turini tayyorlashdagi texnologik jarayonlar ham dorilarning turg‘unligi, sifati va biosamaradorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Nam donadorlash usuli qo‘llanilganda ayrim dorilar faolligining pasayishi tajribalar asosida isbotlangan. Masalan, rauvolfiya alkaloidini donadorlashda spirt va suv bilan namlanganda alkaloidni miqdori kamaygan. Tritritsin va neomitsinni donadorlashda NaKMS eritmasi ishlatilsa, ularning terapevtik unumdorligi ancha pasayadi va hakozo. To‘g‘ridan-to‘g‘ri presslab olingan tabletkalardagi dori moddalarning so‘rilish tezligi ko‘pincha donadorlash orqali olinganga nisbatan yuqori ekanligi amaliyotda tasdiqlangan.
Shunday qilib, farmatsevtik omillarni o‘rganish amaliy ahamiyatga ega, chunki me’yoriy texnik hujjat va adabiyotlarda keltirilgan tarkib va texnologiyaning to‘g‘riligi, biofarmatsevtik nuqtai nazardan baholanishi keltirilmagan. Ular to‘liq samara bermay, nobioekvivalentlikka sabab bo‘lishi mumkin.
1974 yilda biosamaradorlik “testi” Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining 17-assambleyasi tomonidan qabul qilindi va shu tashkilotning tavsiyasi bilan bu test in vitro tajribalarida olib boriladi. So‘rilish tezligi preparatning suyuqlikda maksimal konsentratsiyasining hosil bo‘lish vaqti bilan ifodalansa, so‘rilish darajasi esa, dori moddani tekshirilayotgan va andoza dori turidan so‘rilgan miqdorining nisbati bilan belgilanadi. Ammo bu ko‘rsatkichlar so‘rilish to‘liq bo‘lganligi yoki bo‘lmaganligini ifodalab bera olmaydi. Bunda farmakokinetik taxlil yordam beradi. Farmakokinetik tahlil farmakoterapevtik va farmatsevtik omillarni to‘g‘ri tanlashga imkoniyat beradi. Biosamaradorlik testi tirik organizmlarda olib boriladi va aniqligi bilan ajralib turadi, ammo ular murakkab va uzoq vaqt talab qilganligi uchun ishlab chiqarishda kam qo‘llaniladi. Buning uchun Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasi bilan biosamaradorlikni nistrumental – in vitro usuli qo‘llanila boshlandi. In vitro usullari orasida eng ko‘p qo‘llaniladigani dializ, “aylaniladigan kajava” va “aylanadigan kolba” usullaridir. “Aylanadigan kajava” usuli qattiq dori turlaridan biofaol moddaning ajralib chiqishini o‘rganishga qaratilgan, XI-DF ga rasmiy usul sifatida kiritilgan. In vivo va in vitro tajribalari asosida olingan ko‘rsatkichlarning bir-biriga mos kelishini bilish uchun ularning korrelyasiya koeffitsientini aniqlash lozim bo‘ladi. Korrelyasiya koeffitsienti qanchalik birga yaqin bo‘lsa, olingan natija shunchalik ijobiy hisoblanadi va bunday holatda korxona sharoitida ishlab chiqarilgan tabletkaning biosamaradorligi in vitro usuli bilan baholansa etarli bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |