Bekmurodov To’ra
(1962-2020)
Darbandda o’qimishli, ziyoli oilalar juda ko’pchilikni tashkil etadi. Ayniqsa, cho’ponlar oilasidan ko’p bilimdonlar yetishib chiqqan. Shulardan biri sinfdoshim To’ra Bekmurodov edi. Bir sinfda o’qiganimiz bois uning zukkoligi, ayniqsa, fizika-matematika fanidan chuqur bilim sohibi ekanligni yaxshi bilar edim.
To’ra Darband qishlog’ida maktabni tamomlab Tojikiston politexnika institutining avtoyo’l fakultetini qizil diplom bilan tugatdi. So’ng Muzrabot tumanida Gagarin massivvidagi avtobazada dispetcher vazifasida ishlaydi. Shundan so’ng tadbirkorlik bilan shug’ullanib, 2021 yilda olamdan o’tdi. U rafiqasi Musaeva Lola bilan farzandlari: Mehrangez, Diana, Xolmurod, Bekmurodlarni komil inson qilib tarbiyaladi.
XUDDI AZIZXON KABI…
Jumaev Abdug’affor
(1962-2019)
Abdug’affor Qumqo’rg’onda dunyoga keldi. U yoshlikdan chaqqon va baquvvat bo’lib voyaga yetdi. O’z davrining mard polvonlaridan edi. Xuddi “Ufq”dagi Azizxon kabi. O’zining mehnatkashligi, odamlarni yaxshi ko’rishi, qadr-qimmaatni, mehrni avaylab-asrab, biron kishiga yomonlikni ravo ko’rmagan insonlardan edi u. Abdug’affor rafiqasi Cho’lliboeva Gulsara bilan farzandlari: Madina, Akmal, Farrux, Abutoliblarni kamolga yetkazdi.
YELKAMDAGI OG’IR YUK
Abdulloev Jumaqul
(1963-2021)
Mening eng yaqin do’stim, suhbatdoshim sinfdoshim bo’lgan J.Abduloev haqida xotira yozaman, deb o’ylamagan edim. Boshimda bunday sinov ham bor ekan. Hayot ekan bevaqt o’lim uni 58 yoshida oramizdan olib ketdi. Juma bilan bir ovulda Sangchilda birga katta bo’ldik. So’ng yoshlikdagi quvonchli kunlar ortda qoldi. Maktabni tugatib hammamiz har tarafga ketib qoldik.
Birov haydovchi, birov duradgor, birov o’qish bahona bir-birimizdan ajraldik. Juma Dushanbe shahriga o’qishga bordi. O’sha yili bilimdonligi, zukkoligi bois Politexnika institutiga o’qishga kirdi. O’sha paytda o’zida yo’q xursand edi. U maktab davridayoq matematika fanini chuqur o’rganishga kirishgan edi. Hammamizdan a’lo baholar bilan o’qir edi. Ustoz murabbiylar Jumaning o’qimishliligi, bilimdonligi, zukkoligidan qoyil qolar edi. U birgina matematika emas, boshqa fanlarni ham a’lo baholar bilan o’zlashtirar edi. O’qituvchilar bilan munozara qilib o’zining haqligini isbot qilar edi.
Do’stim o’qishni tamomlab bir muddat Dushanbe shahrida ishladi. Keyinchalik Termiz shahriga qaytib keldi. Bu yerda u turli tashkilotlarda mehnat qildi. Oxirgi ish joyi Darband qishlog’idagi kasb-hunar kolleji bo’ldi. U yoshlarning bilimdon bo’lishi uchun ikkinchi mutaxassislik diplomini ham olib, yoshlarga bilim ko’proq bilim berishga kirishdi. Yosh qishloqdoshlarining bilimli, o’qimishli bo’lishiga astoydil harakat qildi. Bilimdon o’quvchini boshiga ko’tarib yurishga tayyor edi u.
Biroq uzoq davom etgan xastalik oxir oqibat uning hayotiga nuqta qo’ydi. Uning vafoti yoru do’stlar qalbini larzaga keltirdi. Chuqur qayg’uga botdik. Na chora, o’lim haq. Do’stim hayotlik chog’ida ayoli Nuridinova Anorxol bilan farzandlari: Anisa, Adiba, O’g’ulshod, Sherali, Miralilarni kamolga yetkazishga ulgurdi.
TERMIZDAN DENOVGACHA…
Do'stlaringiz bilan baham: |