Dinning mohiyati. «Din» arabcha so’z bo’lib, o’zbek tilida «ishonch», «ishonmoq» degan ma’nolarni anglatadi. Dinning mazmun va mohiyatini ilohiy-diniy va ilmiy nuqtai nazardan tushunish mavjud. Din ham boshqa ta’limot, qarash, nazariyalar singari tabiat, jamiyat, insonning mohiyatini, mavjudligi va yashashi kabi muammolarga ilohiyotdan kelib chiqqan holda javob berib kelgan.
Din inson e’tiqodi, ruhiy-ma’naviy dunyosi, his-tuyg’ulari, axloqiy va estetik tasavvurlari bilan bog’liq murakkab dunyoqarash bo’lib, u o’zicha Olloh nomidan hayot muammolarini yechib, unga javob berib kelgan. Agar biz barcha dinlarga nazar tashlasak ular foniy, o’tkinchi dunyo azob-uqubatlari va yovuzliklaridan qutulish, yaxshilik va ezgulikka, yuksak axloqiylikka intilish g’oyalari bilan sug’orilganligini ko’ramiz. Bulardan tashqari asrlar davomida din nafaqat insonlar hayotida, balki jamiyat ma’naviy, hattoki ayrim davrlarda siyosiy hayotida ham muhim rol o’ynab kelgan, ahamiyat kasb etgan. Hozirda mavjud barcha jahon dinlari umumbashariy qadriyatlarga tayanib inson va jamiyat axloqiy va ruhiy kamolotiga ta’sir o’tkazib kelganligi tufayli asrlar osha yashab kelmoqda.
Bunga mamlakatimiz va xalqimiz tarixida avval Zardushtiylik, moniylik, so’nggi o’n to’rt asr mobaynida islom dinining tutgan o’rni yaqqol dalil bo’la oladi. Diniy e’tiqod xudo, payg’ambar, farishta, iblis, shayton, avliyo, arvoh va boshqa xil ins-jinslar bilan bog’liq tushunchalargina bo’lib qolmay, balki asrlar davomida kishilar hayotida shakllanib kelgan turli urf-odatlar, ijtimoiy va oilaviy turmush normalarini belgilab beruvchi qonun-qoida, axloq kodeksi hamdir. Jamiyat va insoniyat tarixiy taraqqiyoti davomida din nima degan savolga turlicha javob berib kelingan. Diniy nuqtai nazarga ko’ra din-ilohiy, g’ayri tabiiy kuchlarga, xudoga, payg’ambarlarga, farishtalarga, muqaddas kitoblardagi bayonlarga, oxiratga, butun yaxshi va yomonlik, ezgulik va yovuzlik yaratganning irodasi bilan bo’lishiga ishonmoqlik, shayton va iblislardan saqlanishdir.
Qisqa qilib aytganda, din diniy nuqtai nazarga ko’ra, insonning muqaddas ilohiy kuch -Xudo mavjudligiga asoslangan ongli dunyoqarashi, hissiyoti, e’tiqod qilish va hatti-harakatlar majmuidir.Ilmiy dinshunoslik nuqtai nazardan din – tabiat, jamiyat, inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda tadiri insoniyatni bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan (tabiatdan) tashqarida bo’lgan, uni yaratgan, ayni zamonda insonlarga birdan-bir «to’g’ri», «haqiqiy», «odil» hayot yo’lini ko’rsatadigan va o’rgatadigan ilohiy qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak, qarash, ta’limotidir. Din–muayyan ta’limotlar, xis-tuyg’ular, toat-ibodatlar va diniy tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon bo’ladigan olam, hayot yaratilishini tasavvur qilishning alohida shakli, uni idrok etish usuli.
Din voqelikni, ijtimoiy hayotni, uning hodisalarini o’ziga xos tarzda in’ikos ettiruvchi ijtimoiy ong shakllaridan biridir. Yuqoridagilardan umumiy xulosa shuki, dinning nima ekanligi turlicha izohlansada, din insonning g’ayri-tabiiy kuchlarga ishonmoq tuyg’usidir, deb izohlasa bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |