Dinning ibtidoiy shakllari. Totemizm, shamanizm, fetishizm, animizm.
Totemizm (amerika hindulari tilida: ”O, totem”, ya’ni “uning urug’i” degan iboradan olingan) diniy tasavvurlarning eng qadimgi shakli bo’lgan. Bunda ayrim hayvonlar, o’simliklar orasida g’ayritabiiy aloqa, yaqinlik, qon-qarindoshlik bor deb faraz qilingan. Ana shunday hayvon yoki o’simliklardan biri urug’ yoki qabila uchun totem, ya’ni muqaddas homiy deb qabul qilingan. Totemga keyinchalik yomg’ir, quyosh, oy, shamol, chaqmoq va hokazolar ham kiritilgan.
Totemizmda odam o’lgach, o’z totemiga aylanadi yoki aksincha-o’z totemidan yana qayta inson bo’lib tug’iladi deb tasavvur qilinadi.
Totemlar e’zozlangan, ularni o’ldirish, otish, ovlash, ovqat sifatida yeyish, behurmat qilish ta’qiqlangan. Natijada tabu-taqiqlash, man qilish tizimi vujudga keldi. Masalan, hindlarda sigir, ilon, maymun, fil, Avstraliyada kenguru va boshqalar hozir ham muqaddas hayvonlar deb e’zozlanadi.
Animizm (lotincha “anima”- “jon, ruh” degani) ruhlarning borligiga ishonch, inson, hayvonot, o’simlik va hatto jonsiz jismlarda ham ruh, ong va tabiiy qudrat bor deb hisoblovchi ilk din shakllaridan biridir. Animizm qadimgi diniy tasavvurlarning eng yuksak shakli bo’lib, ruhlar tabiiy hodisalarni boshqaradilar deb tushunilgan.
Animizmda jon tanadan chiqib ketadi, ammo o’lmaydi, balki abadiy yashaydi deb hisoblanib, abadiy ruh to’g’risida ilk tasavvur paydo bo’lgan. Ba’zilar ajdodlarining ruhlari tiriklar yashaydigan joyda yashashadi, biroq ularni faqat tushda ko’rish, gaplashish mumkin, deb o’ylaganlar. Ayrimlar marhumlarning ruhlari yangi tug’ilgan chaqaloq tanasiga o’tadi, deb faraz qilganlar. Ba’zilar esa ajdodlarning ruhlari maxsus joylar: “o’liklar diyori”-yer ostida yashaydilar, deb hisoblaganlar.
Keyinchalik esa o’lganlarning ruhlari osmonda yashaydi, degan tasavvur paydo bo’lgan.
Qadim Turkistonda marhumning jonini, ruhini “arvoh” deb atashgan. Animizmda arvoh marhumni tashlab uzoqqa ketmaydi, qabrdan tashqariga chiqadi, deb o’ylashgan. Shuning uchun qadimgi zamonlarda arvohning yer yuziga chiqishi uchun go’rni teshib qo’yishgan yoki mozor oldida arvoh uyi qurganlar. Animism totemizm bilan deyarli bir vaqtda shakllangan.
Fetishizm (portugalcha “fetisho”, fransuzcha “fetish”, “sehrli narsa” degani) narsalarni g’ayritabiiy deb ishonish hamda ularga sig’inishni anglatadi.
Bunda fetish - tosh, tayoq, daraxt, birorta narsa, moddiy buyumlar bo’lishi mumkin. Ya’ni fetishizm jonsiz jismlarga sig’inish demakdir. Bunday buyumlar keyinchalik tumor, sanam, but kabilar ham bo’lgan, ular hozir ham uchrab turadi.
Bizda hozir ham sedana, tasbeh, munchoq, qalampirmunchoq, isiriq, ko’ztikan, piyoz, sarimsoq, qora murch, daraxtlardan yong’oq, chinor, anjir, jiyda, archa va boshqalar tabarruklashtirilgan, timsollashtirilgan, muqaddas sanalgan. Bu esa fetishizmning bizgacha yetib kelgan qoldig’i, sarqiti bo’lib, umuman olganda, har bir dindagilarning e’tiqodlarida hozirgacha yashab keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |