Mavzuning dolzarbligi. Mustaqillikka erishgandan keyin mamlakatimizning turli jabhalarida jamiyat taraqqiyotida ijobiy o‘zgarishlar o‘z natijasini bermoqda. Jumladan, filologiya sohasidagi o‘zgarishlar, xususan, tilshunoslikda o‘zbek tili grammatikasini sistem-struktur, ya’ni tilga substansial hodisa sifatida yondashuv olimlarning diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bunda tilshunosligimizda rus tilshunosligi qoliplari asosida shakllangan va rivojini kutayotgan masalalar yangi qolip asosida o‘rganila boshlandi. Tilni yangi sistem-struktur metod asosida o‘rganish uning barcha sohalarida, shu jumladan, so‘z yasalishi tizimida ham o‘z natijasini bermoqda.
Mazkur kurs ishimiz ham an’anaviy hamda yangicha qarashlarga tayangan holda o‘zbek tilining so‘z yasalishi tizimini atroflicha o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bunda so‘zni qo‘shish orqali, ya’ni kompozitsiya usullarida so‘z yasalishi misollar yordamida dallilab beriladi. Shuningdek, hozirgi kunda so‘z yasalishi haqidagi munozarali qarashlar, bu asosda hosil qilingan qo‘shma so‘zlar esa aslida so‘z birikmasi ekanligi, nutqiy vaziyat bilan bog‘liq shunday ishlatilishi kabi munozaralar ham kuzatuvga olindi. Mana shu jihatlar hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘z yasalishi, jumladan, so‘z qo‘shish usuli bo‘yicha mavzuning dolzarb ekanligidan dalolat beradi.
Mavzuning o‘rganilish darajasi. Tilshunoslikda so‘z yasalishi sohasi ancha yillardan beri o‘rganilib kelingan. O‘zbek tilida ham so‘z yasalishi bo‘yicha olimlar tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bu ishlarda so‘z yasash tiplari, strukturasi, so‘z yasash qoliplari, so‘z turkumlarida so‘z yasalishiga doir tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, o‘zbek tilida so‘z yasalishi bo‘yicha o‘zbek tili grammatikasida, turli darslik va qo‘llanmalarda, H.Ne’matov, A.G`ulomov, R.Rasulov, A.Hojiyev, Sh.Shahobiddinova, A.Berdialiyev, J.Muxtorov, Sh.Rahmatullayev, A.Nurmonov, N.Mahmudov, Sh.Mirzaqulov, Z.Akobirova, Q. Zokirov, H. Jamolxonov kabi olimlarning qarashlari mavjud.O‘zbek tili so‘z yasalishi bo‘yicha ayniqsa A.Hojiyevning xizmatlari beqiyosdir. Bu borada uning bir qancha ilmiy asarlari yuzaga kelgan. Maktab darslik va qo‘llanmalarida olimlar o‘zbek tilida so‘z yasalish usullarini beshta deb ko‘rsatsalar, ayrimlari uchta, ba’zi ishlarda hatto ikkita deb ko‘rsatiladi. Masalan, affiksatsiya (morfologik) usuli, kompozitsiya (sintaktik) usul, abbreviatsiya (so‘zlarni qisqartirish) usuli, turkumdan turkumga ko‘chish (semantik) usuli, so‘zlarni takrorlash usuli kabi. Bular asosida yangi so‘z yasash hodisasi rus tili qoliplari asosida shakllanganligi ta’kidlanib, hozirgi kunda ayrim olimlar kompozitsiya usulida so‘z yasalish hodisasi mavjud ekanligini inkor etayaptilar. Bu haqda A.Hojiyevning maxsus qo‘llanmasi e’lon qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |