2-mavzu: O‘ZBEKISTONNING SUV RESURSLARI VA SUG‘ORISH SUVI MANBALARI. SUVLARNING SIFATI VA SUG‘ORISH UCHUN YAROQLILIGI, SUG‘ORISH TURLARI VA NOO‘SUV DAVRIDAGI
SUG‘ORISHLAR.
Reja:
1.Sug‘orish va sug‘orish tarmoqlari qurilishi tarixi.
2.O‘zbekistonning suv resurslari va undan foydalanish shakllari. 3.Respublikamizdagi mavjud suv xo‘jalik majmuasi, suvdan foydalanish islohoti.
4. O‘zbekistonning sug‘orish suvi manbalari.
5.Suvlarning sifat darajalari.
6.Suv sifatining tuproq va o‘simliklarga ta’siri. Suv sifatini yaxshilash.
7.Sug‘orishning ahamiyati va turlari.
Tayanch so'z va iboralar: Iqlim, tuproq va suv manbalari, suv omborlari, sug'orish tarmoqlari, suv chiqarish inshootlari, kollektor-zovur tarmoqlari, selga qarshi inshootlarini loyixalashtirish, mikroiqlim, tuproq xossasi va sizot suvlar tartibi, yer tekislash, ihotazorlar barpo qilish, chuqur shudgorlash, yumshatish, tilmalash, ohaklash, gipslash, fosfogipslash, go'ng, lignin, maydalangan g'o'zapoya, organik chiqindilar, ilmiy asoslangan almashlab ekish, tuz ta'siriga chidamli ekinlar.
Sug'orish va sug'orish tarmoqlari qurilishi tarixi.
O'rta asrlar irrigatsiyasini rivojlanishida matematika,geometriya fanlari,arxitektura va qurilish texnikasi yutuqlari katta rol o'ynadi. Muhammad ibn Muso Xorazmiyning “ Kitob al-jabr val muqobala”,Abu-Abdullox Xorazmiyning “Mafatix al Ulum” kitoblarida irrigatsiya va irrigatsiya texnikasi xaqida so'z yuritiladi. IX-XII asrlarda akveduklar, suv ayirgichlar-ko'priklar,suv omborlari qurila boshlandi.
Sharqning ulug' allomasi Axmad al-Farg'oniy (milodning 798-865y.y.)Al- Fustat (xozirgi Qoxira) shaxri hududida Nil daryosidagi Ravzo orolida daryodagi suv sathini o'lchovchi miqyosni barpo qilgan. Ushbu gidrotexnik inshoot xozirgacha saqlanib qolgan.
1938-1942 yillarda xalq xashari yo'li bilan suv xo'jalik ob'ektlarining qurilishi avj oldi. Dastlab Langar (9 km), Lag'on (32 km), Ravot (18 km), Zandona (19 km), Bo'zsu, Qipchoq, Mayop (25km) kabi kanallar juda qisqa muddatlarda qurilib, ishga tushirildi.
1939 yilda Farg'ona vodiysida eng yirik gidrotexnika inshootlaridan biri–Katta Farg'ona kanali (270 km) xalq xashari yo'li bilan 45 kunda qurib bitkazildi. Qurilishda 160 mingdan ziyod mexnatkashlar ishtirok etishib, ja'mi 17,8 mln.metrt kub. xajmdagi tuproq ishlari bajarildi.
1966-1986 yillarda Markaziy Osiyoda suv sarfi 200 dan 500 m3/sek.gacha bo'lgan Qoraqum, Qarshi, Amu-Buxoro magistral kanallari kabi yirik suv xo'jalik ob'ektlari qurildi. Andijon, Chorvoq, Chordara, Tuya-Mo'yin, Norak va boshqa ko'pgina suv omborlarining qurilishi daryolar oqimini boshqarish imkonini berdi. Shu davrdv irrigatsiya soxasida bajarilgan katta qurilish ishlari regionda 3 million gektardan ortiq yangi yerlar o'zlashtirish va ja'mi sug'oriladigan dehqonchilik maydoni 9354 (shu jumladan O'zbekistonda 4020 )ming gektarga yetkazish va qadimdan sug'orib kelinayotgan yerlarning suv ta'minotini yaxshilashni ta'minladi. Sug'oriladigan yerlarda paydo bo'layotgan zovur suvlarini chiqarib tashlash maqsadida yirik magistral kollektorlar qurildi.
XX-asr boshlarida Amudaryoning quyi oqimida 69 mingdan ziyod chig'ir qo'llanildi, bitta chig'ir 2-3 gektar yerni sug'orish imkonini berdi.
O'zbekistonning suv resurslari va undan foydalanish shakllari.
Iqtisodiyot sohalari bo'yicha suv ishlatilishi:
maishiy xizmatga - 5,5 %,
energetika sohasiga - 0,2 %,
sanoat sohasiga - 1,5 %,
baliqchilik sohasiga-0,8 %,
qishloq xo'jaligida - 92 %.
O'zbekiston hududida shakllanadigan suv resurslari, km3.
Amudaryo xavzasi bo'yicha – 5,14 %.
Orol dengizi havzasi bo'yicha – 11,53 %.
Sirdaryo havzasi bo'yicha – 6,39 %.
Ja'mi – 23,06 %
O'zbekiston hududida iste'mol qilinadigan suv resurslari, km3.
Amudaryo havzasi bo'yicha – 38,91 %.
Orol dengizi havzasi bo'yicha – 43,81 %.
Sirdaryo havzasi bo'yicha – 17,28 %.
Sug'oriladigan yerlar salmog'i.
Respublikamizda yetishtirilayotgan qishloq xo'jalik mahsulotlarining asosiy qismi, ya'ni 97 foizi sug'oriladigan yerlardan olinmoqda. Bunday yerlarda ekinlar hosildorligi lalmi yerlardagiga qaraganda bir necha (xatto 10 va ortiq) marta yuqoridir: to'g'ri foydalanilganda yetishtiriladigan mahsulot miqdori bo'yicha 1 ga sug'oriladigan yer 6 – 7 gektar lalmikor yerga, 50 ga baland tog' va 100 ga cho'l yaylovlariga teng.
Aholi sonining o'sish su'ratlarini sug'oriladigan yerlarni kengaytirish su'ratlaridan ortib ketishi natijasida jon boshiga to'g'ri keladigan sug'oriladigan haydalma yer maydoni yildan – yilga kamayib, 0,35 gektardan 0,16 – 0,17 gektarga tushib qoldi. Bu ko'rsatkich Rossiyada – 0,67, Qozog'istonda – 1,54, Qirg'izistonda – 0,21 va Ukrainada – 0,59 gektarni tashkil etadi.
Respublikamizdagi mavjud suv xo'jalik majmuasi, suvdan foydalanish islohoti.
Umumiy suv sarfi 2500 m3/sek. bo'lgan 75 ta yirik kanal, umumiy xajmi 17,8 km3 (foydali hajmi 14,6 km3) bo'lgan 52 ta suv omborlari, 32,4 ming km. Xo'jaliklararo kanallar (shundan 9,4 km.ga beton to'shama yotqizilgan, 176,4 ming km xo'jalik (shu jumladan 133,6 ming km tuproq o'zanli, 37 ming km beton to'shamali, 25 ming km beton navli, 3,7 ming km yopiq zovurli) sug'orish tarmoqlari, 31 ming km xo'jaliklararo va 106,3 ming km (67,1 ming km ochiq va 39.2 ming km yopiq) xo'jalik kollektor – zovur tarmoqlari ishlatilib kelinmoqda. 3 mingta sug'orish quduqlari, 4800 dan ortiq vertikal zovur quduqlari, 24,6 mingdan ortiq kuzatuv quduqlarifaoliyat ko'rsatmoqda. Ekin maydonlarining 2,3 mln. gektari (53 %) nasos
stantsiyalari yordamida sug'oriladi.
Suvdan foydalanish islohoti.
- Irrigatsiya tizimlarini boshqarishning ma'muriy – hududiy printsipidan havza printsipiga o'tkazildi.
- Respublika bo'yicha 10 ta irrigatsiya tizimlari va 1 ta Farg'ona vodiysi bo'yicha birlashtirilgan dispecherlik Markaziga ega bo'lgan magistral kanallari tizimi boshqarmasi tashkil etildi (2018 yildan Vodiy magistral kanallar boshqarmasi).
- Fermer xo'jaliklariga xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash uchun suvdan foydalanuvchilar uyushmalari tashkil etish yo'lga qo'yildi (SFU lar 2010 yilda Suv iste'molchilari uyushmalariga aylantirildi).
- Suv resurslaridan mukammal foydalanishni ta'minlash uchun sohada bozor printsiplariga o'tish belgilandi. (Respublikaning barcha hududlarida tanlab olingan 2 tadan SIU larda bozor printsiplarini joriy etish bo'yicha eksperiment o'tkazilmoqda).
O'zbekistonning sug'orish suvi manbalari.
Markaziy Osiyodagi daryolarning to'yinish tavsifiga ko'ra quyidagi guruxlarga ajratish mumkin.
- Muz –qor erishi hisobiga to'yinuvchi: Amudaryo, Zarafshon, So'x, Isfayram, Isfara, Qashqadaryoning irmog'i Oqsuv, Oqbo'yra, Panj, Vaxsh, Bartang va boshqalar;
- Qor – muz erishi hisobiga to'yinuvchi: Norin, Qoradaryo, Sirdaryo, Qurshob, Chirchiq, Surxondaryo va boshqalar;
- Qor erishi hisobiga to'yinuvchi: Ohangaron, Qashqadaryo, Podshoota, G'ovasoy, Kosonsoy va boshqalar;
- Qor erishi va yomg'ir hisobiga to'yinuvchi: G'uzor, Keles, Jinnidaryo, Murg'ob, Tajang va boshqalar.
Ko'llar.
Amudaryo va Sirdaryo havzalarida (Orol dengizini hisobga olmaganda) umumiy maydoni 3705 km2 bo'lgan ja'mi 5367 ta ko'l mavjud. Orol dengizi, Issiqko'l, Sudoch`e, Iskandarko'l, Tuzkon,Dengizko'l, Aydarko'l kabi ko'llar shular jumlasidandir.
Soylar.
Soylar O'zbekistonning tog' va tog' oldi regionlarida keng tarqalgan. Ular ko'p holllarda sug'orish uchun rezerv hisoblanadi. Faqat Farg'ona vodiysining o'zidagina 6500 ga yaqin, Zarafshon daryosining o'rta oqimida 120 dan ortiq yirik va mayda soylar mavjud. Qashqadaryo, Surxondaryo, Chirchiq va boshqa daryolar havzalarida ham ko'plab soylar bor. Soy suvlari sug'orish, yaylovlarga suv chiqarishda keng foydalaniladi. Soylarning suv yig'ish maydoni nisbatan kichik – 100km2 gacha, ular yomg'ir, buloq suvlari va qor erishi hisobiga shakllanadi, uzunligi bir necha kilometrdan bir necha o'n kilometrgacha yetib boradi, mavsumiy va ko'p yillik suv sarfi tez – tez o'zgaruvchan va 0,002 – 0,1 m3/sek. ni tashkil etadi.
Suv omborlari.
Respublikada xozirgi kunda umumiy hajmi 17,8 km3 va foydali hajmi 14,6 mlrd. m3 bo'lgan 52 ta suv omborlaridan foydalanilmoqda. Ular yer usti suvlarining yillik oqimini 20 foizigacha boshqarish imkonini bermoqda. Yirik suv omborlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
Tuyamo'yin (umumiy hajmi 7,8 km3), Tallimarjon (1,5km3), Chorvoq (2,0 km3), Kattaqo'rg'on (0,9 km3), Farhod (2,0 km3), To'dako'l (1,2 km3), Andijon (1,75 km3) va boshqalar.
Kollektor – zovur suvlari.
Respublikamizda Farg'ona vodiysidagi sho'rlangan yerlardan eng ko'p – yiliga 13,2 – 15,4 mln. t., Mirzacho'l – qadimdan sug'orib kelinayotgan yerlari (4,9 – 5,3 mln. t) va Toshkent vohasidan (3,1 – 4,5 mln.t) nisbatan kam miqdorda tuz Xorazm va Toshxovuz (Turkmaniston) vohalaridan Sariqamish ko'liga 13,7 – 18,5 mln.t., Qoraqalpog'istondan 5 mln. t., Qashqadaryodan 1,3 mln.t. tuz kollektor – zovur suvlari bilan olib chiqib ketiladi. So'nggi vaqtlarda kollektor – zovur suvlarini yig'gich omborlarning umumiy hajmi su'niy suv omborlar hajmidan ortib ketdi.
Suvlarning sifat darajalari.
Suvning sifati uni aniq bir foydalanish (iste'mol qilish) turiga ko'ra tarkibi va
xususiyatiga qarab tavsiflanadi. Sanitariya me'yorlari bo'yicha organoleptik hamda umumiy sanitariya ko'rsatkichlari va shuningdek, undagi zararli moddalar miqdorlari belgilanadi. Shu ko'rsatkichlarning tahlili mazkur suvning ma'lum bir iste'mol turiga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini bildiradi.
Ifloslangan suv deyilganda, aniq bir suvdan foydalanish turi uchun antropogen faoliyat ta'sirida tarkibi o'zgargan suvlar tushuniladi. Suvni ifloslanganlik kriteriysi bo'lib uning organoleptik xususiyatlarini o'zgarishi va unda o'simlik, inson hamda hayvonlar uchun zararli bo'lgan moddalar mavjudligi hisoblanadi: ular ta'sirida suvda zaxarlilik, allergiyaga, inson va hayvon organizmlarida o'zgarishlarga sabab bo'luvchi xususiyatlar paydo bo'ladi. Bularning barchasi suv tarkibidagi har bir moddani ruxsat etiladigan eng kam miqdori(PDK)ni belgilash zaruriyatini keltirib chiqaragan.
Sug'orish suvlarining sifati birinchi navbatda ularning loyqaligi,tuz miqdori va
bakteriologik tarkibi bilan belgilanadi.
Daryo suvlarining tuz tarkibi va minerallashganlik darajasi harorat va biokimyoviy omillar, suv yig'ish havzasining geologik tuzilishiga bog'liq. Kam suv sarfli tog' daryolari tarkibida gidrokorbanat va kaltsiy ionlari ko'p bo'lsa, tog' oldi tekisliklaridagi daryolarda sul`fat ioni ko'p,quyi oqimda esa natriy, magniy va xlor ionlari miqdori orta boradi. Daryolarning sarfi ko'paygan(toshqin) davrda suvning minerallashganlik darajasi kamayadi va aksincha, sentyabrdan martgacha ortib boradi. Chunki bu davrda daryolar minerallashgan sizot suvlar evaziga ham ta'minlanadi. Sug'oriladigan yerlarning kengaytirilishi va sho'rlangan qo'riq yerlarning o'zlashtirilishi ko'p miqdorda kollektor – zovur suvlarini shakllanuviga olib kelmoqda va bu suvlarni ochiq suv havzalariga tashlanishi oqibatida ularning minerallashganlik darajasi ortib ketmoqda. Respublikada ifloslangan suvlarning vujudga kelishida sug'oriladigan dehqonchilikning ulushi 78 foizni, sanoat 18 va maishiy xo'jalik 4 foizni tashkil etmoqda.
Kanallar va sug'oriladigan yerlardan suvni fil`tratsiyaga ko'p miqdorda isrof bo'lishi sizot suvlar sathini ko'tarilishiga olib keladi va bu jarayonda ularning tarkibi tuzlar bilan boyiydi. Shuningdek, atmosferadagi tuz aralashmalari tabiiy suvlar sifatiga ham sezilarli ta'sir etadi.
Yer usti va yer osti suvlari qishloq xo'jaligida keng qo'llanilayotgan pestitsid va biogen moddalar bilan ham ifloslanmoqda.Tuproq bu moddalar bilan to'yinib, atrof muhitni ifloslantiruvchi manbaga aylanib qolmoqda.Aviatsiya yordamida ekinlarni ximikatlar bilan ishlov berishda qo'llanilayotgan moddalarning 20 – 40 foizigacha atmosferada tarqalishi aniqlangan.
Markaziy Osiyoda zovurlashtirilgan yerlarda qo'llanilgan azotli o'g'itning 20 foizi, fosforning 1 foizi, kaliyning 0,5 foizi sug'orish vaqtida oqova suvlar bilan chiqib ketiladi va ochiq suv manbalariga tashlab yuboriladi.
Suv manbalarining ifloslanishi natijasida uning kimyoviy tarkibi va fizikaviy xossalari (rangi, hidi va mazasi) o'zgaradi. Suv manbalarining organik moddalar bilan ifloslanishi undagi kislorodning keskin kamayishiga olib keladi.
Tabiiy suv manbalarini ifloslanishdan saqlashdagi asosiy tadbir – bu kollektor – zovur suvlaridan ekinlarni sug'orishda keng foydalanish orqali ularni ochiq suv havzalariga tashlashga yo'l qo'ymaslikdir. Suv sifatining tuproq va o'simliklarga ta'siri.
Suv tarkibidagi oqiziqlar tarkibida ma'lum miqdorda oziq moddalar ham bo'lib, ular tuproq unumdorligini oshirishda ma'lum rolni o'ynaydi. Misol tariqasida ko'rsatib o'tish mumkinki, Misrda Nil daryosining loyqa suvidan sug'orishda foydalanib,ekinlardan yetarlicha yuqori hosil olib kelinmoqda. Amudaryodagi oqiziqlar Karki shahri yonida yiliga 243 mln.t.ni tashkil etadiki, uning tarkibida kal`tsiy karbonat, kaliy va fosfor tuzlari kabi o'simliklar uchun zarur bo'lgan moddalar mavjud. Bunday suvlar bilan sug'orish natijasida bir vaqtda o'simliklarning oziqa moddalarga bo'lgan talabi ma'lum darajada ta'minlanadi.
Ekinlarni sug'orishda minerallashgan suvlardan foydalanish evaziga tuproqda ma'lum miqdorda tuz to'planishi ham kuzatiladi. Masalan, suv tarkibida 1,5 g/l tuz bo'lsa va mavsumiy sug'orish me'yori 5000 m3 /ga.ni tashkil etsa, sug'orish orqali xar gektar yerga 7,5 t.tuz kelib tushadi. Suv tarkibida natriy ionining ko'p bo'lishi tuproqning sho'rtoblanishiga sabab bo'ladi. Tarkibida xloridli tuzlar ko'p bo'lgan suvlar bilan sug'orish o'simlikka juda kuchli salbiy ta'sir ko'rsatadi: xloridli tuzlar 1 g/l. gacha bo'lgan suvlardan yengil tuproqlarda va 0,5 g/l.gacha bo'lgan suvlardan esa barcha tuproqlarda foydalanish mumkin.
Suv sifatini yaxshilash.
Tlabga javob bermaydigan sifatga ega suvlar foydalanishdan oldin qator
tadbirlar evaziga yaxshilanadi. Suv sifatini yaxshilash uning tarkibidagi moddalar miqdorini aniq bir iste'mol turi uchun yo'l qo'yiladigan darajaga yetkazish tushuniladi.Sug'orish uchun ishlatiladigan suvlarning sifati uning tarkibidagi tuzning miqdori va tarkibi, loyqaligi, shuningdek, unda patogen mikroblar mavjudligi bilan belgilanadi. Sug'orish uchun suvlarning yaroqliligini hisobga olishda uning tarkibidagi moddalar kontsentratsiyasi, tuproq xossalari, iqlim sharoyitlari va porvarish qilinayotgan ekinlarning biologik xususiyatlari aniqlanadi.
Minerallashganlik darajasini kamaytirish uchun bunday suvlar daryo (chuchuk) suvi bilan aralashtiriladi. Chiqindi suvlar mahsus inshootlarda sun'iy tozalashlardan o'tkaziladi. Loyqa oqiziqlardan tozalash maqsadida daryolardan suv olish qismida maxsus tindirgich – xovuzlardan foydalanilad
Sug'orishning ahamiyati va turlari.
Suv taqchilligi kuchli sezilayotgan so'nggi vaqtlarda respublika qishlok xo'jaligini taraqqiy ettirish, ekinlardan mo'l va sifatli hosil olishning asosiy omili bo'lgan suv resurslaridan yanada tejamli va unumli foydalanish, ekinlarni sug'orishga suvtejamkor texnologiyalarni joriy etish, sug'orishni mexanizatsiyalashtirish vositalarini qo'llash orqali sug'orish suvidan foydalanish koeffitsientini oshirish,suv birligiga yetishtiriladigan hosil miqdorini orttirish, suv isrofgarchiligini mumkin qadar kamaytirish, suv iste'molchilarida suvga bo'lgan ijobiy munosabatlarini shakllantirish, har qatra suvdan tejab-tergab foydalanish
sohadagi dolzarb masalalardan biri bo'lib qoldi.
Respublikamizning qurg'oqchil sharoitida noo'suv davrida quyidagi sug'orishlar keng qullanilib kelinmoqda: nam to'plash maqsadida sug'orish (zaxira suvi, yaxob berish), ekishdan oldin sug'orish va boshqalar.
Nam to’plash maqsadida sug'orish.
Respublikamizning tekislik mintaqasida, ayniqsa, janubiy mintaqalarida kuz, qish va erta bahor oylarida yog'in suvlarinig kam (120-200mm/yil) tushishi va bug'lanishning ko'p bo'lishi ekish davriga tuproqda namlikning yetarlicha to'planmasligiga va buning oqibatida urug'ning bir tekisda to'liq unib chiqmasligiga sabab bo'ladi. Bu holat, ayniqsa, sizot suvlari chuqurda joylashgan yerlarda kuchli kuzatiladi. Ushbu holatlarda tuproq namligining yetarlicha bo'lishini taminlash uchun nam to'plash maqsadida sug'orish (yaxob berish) o'tkazish maqsadga muvofiq. Bunday sug'orish natijasida tuproqning tabiiy namligi ortadi, ekishdan so'ng kiyg'os ko'chatlar olinadi, mavsum davridagi birinchi sug'orishni 5-6 kunga kechiktirib o'tkazishga sharoit yaratiladi, o'suv davridagi sug'orishlar soni kamayadi, paxta hosili 2-4 s/ga ortadi. Kuzgi bug'doydan yuqori hosil olishda bunday sug'orish muxim ahamiyatga ega. Bog' va uzumzorlarni beda va boshqa ko'p yillik ekinlarni nam to'plash maqsadida sug'orish xam foydali hisoblanadi. Nam to'plash maqsadida sug'orishlarni sizot suvlari yer yuzasiga yaqin 1-1,5 m joylashgan yerlarda o'tkazish
tavsiya etilmaydi.
Nam to'plash maqsadida sug'orishning samarasi uni o'tkazish muddati va me'yorlariga bog'liq: juda erta yoki kech muddatlarda o'tkazish kutilgan natijalarni bermaydi.
Sug'orishlar o'tkazilgan yerlarda begona o'tlar jadal unib chiqadi va ular kul'tivatsiya o'tkazilganda nobud bo'lib, o'suv davrida ularning miqdori keskin kamayib ketadi.
Qumoq va yengil qumok tuproqlarda sug'orishlar erta bahorda, ekish davrigacha yerning yetilishini hisobga olgan holda o'tkaziladi. Bunday yerlarda sug'orish yerni haydamasdan ham o'tkazilishi mumkin. Og'ir mexanik tarkibli tuproqlarda esa bunday sug'orish yer haydalgandan keyin o'tkaziladi.
Nam to'plash uchun sug'orishning qulay muddatlari bo'lib fevral va mart oyining boshlari hisoblanadi. Sug'orish maxsus olingan egatlar orqali yoki pol olib yoppasiga bostirib o'tkaziladi, mevali bog'larda esa eski egatlar yoki pollar orqali amalga oshiriladi.
Yengil mexanik tarkibli tuproqlarda 1,5-2 m li qatlamni namiqtirish uchun sug'orish me'yori 1000-1200 m3/ga, o'rtacha 1200-1600 va og'ir tuproqlarda 1800-2000m3/ga atrofida belgilanadi.
Qoraqalpog'iston respublikasi va Xorazm viloyatida kech qish va erta baxor oylarida o'tkazilgan sho'r yuvish ekish davrida tuproq namligining yetarli darajada bo'lishini ta'minlaydi.
Sug'orish o'tkazilgan yerlar yetilishi bilan suvning bug'lanishga sarfini kamaytirish maqsadida dalalarga yoppasiga borona yoki disk bosiladi.
Ekishdan oldin sug'orish.
Respublikamizning kuz, qish va erta bahor oylarida yog'ingarchilik kam (80-120 mm) bo'ladigan, ayniqsa janubiy xududlarida tuproqda yetarlicha nam to'planmaydi. Shuningdek, havo haroratining yuqori bo'lishi bug'lanishga suv sarfining ko'payishiga olib keladi. Buning oqibatida ekish davriga kelib tuproq namligi mo'tadil darajada bo'lmaydi va ekilgan urug'lar qiyg'os hamda bir tekisda unib chiqmaydi.
Janubiy iqlim mintaqasidagi paxta yetishtiriladigan yerlarda tuproq namligi CHDNS ga nisbatan 50-56 foizgacha kamayib ketadi. Chigit ekilgandan keyin urug' suvi berib, ularni undirib olish qator kamchiliklarga ega: uni o'tkazish juda murakkab va sermehnat; sug'orish natijasida tuproq ustida paydo bo'lgan qatkaloqni yumshatishda o'simliklarning bir qismi zararlanib, nobud bo'ladi; sug'orishda suvchining ish unumdorligi juda kam (smenada 0,5 gektargacha) va boshqalar. Shu sababdan bunday yerlarda ekinni ekishdan oldin sug'orish muxim ahamiyatga ega. Ekishdan oldin sug'orishdan asosiy maqsad - bu ekish davri uchun tuproqning
zaruriy namligini ta'minlash hamda urug'ni bir tekisda va qiyg'os undirib olish uchun qulay sharoit yaratishdir.
Surxondaryo viloyatida olib borilgan tadqiqot natijalari ko'rsatadiki, ekishdan oldin sug'orish o'tkazilmagan tuproqning namligi chigit ekish arafasida uning CHDNSga nisbatan 50-57% bo'lgan va chigitni undirib olish uchun urug' suvi berilgan. Ekishdan oldin sug'orilgan tuproqning namligi esa 75,4-80,2 foizni tashkil etgan. Sug'orish ta'sirida begona o't urug'lari ertaroq unib chiqqan va dalani ekishdan oldin yoppasiga ishlash orqali ular qirib tashlangan, ya'ni ekishdan oldingi sug'orish pravokatsion sug'orish vazifasini xam o'tagan. Bunday sug'orish birinchi sug'orishni kechroq muddatlarda o'tkazishga imkoniyat yaratgan. O'simlikning o'sib-rivojlanishi yaxshilanib, hosildorlik 38ts/ga.ni tashkil etgan. Ekishdan oldin sug'orilmagan yerlarda esa gektaridan 27ts.dan paxta xosili olingan.
Andijon viloyaatida ekishdan oldin sug'orishlarning begona o'tlarni yo'qotishdagi ahamiyatini o'rganish jarayonida quyidagi ma'lumotlar olingan:nam to'plash maqsadida qishda sug'orilgan yerlarning 1m2 da 20 mayda 27,6 dona begona o't bo'lsa, ekishdan oldin sug'orilgan yerlarda 22,4 va chigit suvi berilgan yerlarda esa 51,4 donani tashkil etgan, ya'ni begona o'tlar soni chigit suvi berilgandagiga nisbatan 2 marta kam bo'lgan. Bu esa o'simlikning o'suv davrida begona o'tlarga qarshi kurash (chopiq) xarajatlarining kamayishiga va paxta hosildorligining 6-7 s/ga ortishiga olib kelgan.
Ishlab chiqarish amaliyotida sug'orishlar ekishdan 10-12 kun oldin oralig'i 60 yoki 90 sm bo'lgan 16-18 sm chuqurlikda olingan egatlar orqali yoki pol olib yoppasiga bostirib o'tkaziladi.
Respublikamizning janubiy hududlarida olib borilgan tadqiqotlar ko'rsatadiki,
ekishdan oldin sug'orishning qulay muddati 25 mart - 5aprel` hisoblanadi. Sug'orish me'yori tuproqning mexanik tarkibi va namligiga bog'lik holda 0,7-1 m qatlamni namiqtirish uchun qumli, yengil qumok va o'rtacha qumok tuproqlarda 1000-1200 m3/ga, og'ir mexanik tarkibli bo'z tuproqlarda 1500-1600 m3/ga. ni tashkil etadi. Sug'orish o'tkazilgan dalalar yetilishi bilan yerni ekishga tayyorlash borona bosib yumshatishdan iborat.
Chigit suvi berish.
Sho'ri yuvilgan, nam to'plash uchun yoki ekishdan oldin sug'orilgan hamda bunday sug'orishlar o'tkazilmagan yerlarda namlikni saqlab qolish (bug'lanishga bo'ladigan suv isrofgarchiligini kamaytirish) maqsadida tuproqqa ekin ekkunga qadar doimiy ravishda ishlov berib turiladi. Bahorda dalani ekishga tayyorlash va ekish jarayonida tuproq ustki qatlamining qayta-qayta ag'darilishi, havo haroratining ko'tarilishi va shamol ta'sirida chigit ekiladigan qatlam haddan ziyod qurib ketishi mumkin. Agar chigit namligi yetarlicha bo'lmagan tuproqqa tushsa, unib chiqmaydi. Shu sababdan bunday yerlarga ekish tugallanishi bilan chigit suvi beriladi. Buning
uchun chigitni ekish bilan bir vaqtda 10-12 sm chuqurlikda egat olib ketiladi, so'ngra muvaqqat ariqlar olinib, sug'orish o'tkaziladi. Yengil mexanik tarkibli tuproqlarda sug'orish xar bir egat orkali, og'ir tuproqlarda esa egat oralatib o'tkazilishi mumkin.
Chigit suvi berish o'ta mas'uliyatli tadbir bo'lib, uni o'tkazish uchun tajribali suvchilar ajratiladi. Egatlardan suvning jildirab oqishi, bir egatdan boshqa egatga o'tib ketishi va ko'llashiga, pushtani suv bosmasligiga yo'l qo'ymaslik lozim. Aks holda pushtada qatkaloq paydo bo'lib, o'simliklarning nobud bo'lishiga sabab bo'ladi. Tuproqni ortiqcha namlash g'o'zada ildiz chirish kasalligini keltirib chiqaradi. Shu sababdan chigit suvi nisbatan kichik me'yorlarda, ya'ni tuproqning ustki 0-50 sm qatlamini namiqtirish hisobidan o'tkaziladi. Sug'orish me'yori yengil mexanik tarkibli tuproqlarda 600-700 va og'ir tuproqlarda esa 700-800 m3/ga bo'lishi lozim. Chigit suvi berilgan dalalar yetilishi bilan qator oralariga ishlov berishga kirishiladi, qatkaloq paydo bo'lsa rotatsion motigalar yordamida yumshatiladi.
Provokatsion sug'orish.
Begona o'tlar ko'p tarqalgan yerlarda ekish davrigacha begona o'tlarning unib chiqishini tezlatish maqsadida dalalar yengil-yelpi sug'oriladi va o'tlar unib chiqqandan so'ng yoppasiga kul`tivatsiya qilish yoki diskli borona bosish yo'li bilan ular qirib tashlanadi. Bunday sug'orishlar provokatsion sug'orishlar deb yuritiladi. Ayrim yerlarda sug'orishlar ekinlar xosili yigib olingandan so'ng o'tkaziladi. Sug'orish me'yori tuproqning ustki 25-30 sm.li qatlamini namiqtirish hisobidan tanlab olinadi.
Sovuq urishiga qarshi sug'orish.
Erta bahorda sabzavot ekinlari ko'chatlari ekilgandan so'ng yoki mevali daraxtlar ko'kara boshlaganda havo haroratining to'satdan pasayib ketishi ularni sovuq urishiga sabab bo'ladi. Bunday sharoitda unga qarshi sug'orish muhim ahamiyatga ega: sug'orish suvining harorati yuqori bo'lganligi tufayli havoning yerga yaqin qatlamining harorati 2-30S ga ortadi. Aerozol` yoki yomg'irlatib sug'orishlar havo haroratini “yumshatishda” boshqa usullarga qaraganda afzal hisoblanadi.
Shudgordan oldin sug'orish.
O'zbekistonning tekislik mintaqalaridagi sizot suvlari chuqur joylashgan yerlarda ekinlarning o'suv davrida sug'orishlar tugallanib, hosil yig'ib olingandan so'ng yog'inning deyarli tushmasligi oqibatida tuproqning ustki qatlamida, ayniqsa, ang'iz, yozda haydab buziladigan bedapoya va boshqa ko'p yillik o'tlardan bo'shagan dalalar tuprog'ida nam miqdori keskin kamayib ketadi. Bu hol yerga asosiy ishlov berishni qiyinlashtiradi: yer belgilangan chuqurlikda haydalmaydi, palaxsa kesaklar ko'chib, mayin shudgorlashga erishilmaydi. Paxta va boshqa ekinlar hosildorligi kuzgi shudgorning qay darajada o'tkazilganligiga bog'liq.
Yerni sifatli haydash uchun tuproq namligi CHDNS ga nisbatan 70-75 foizdan kam bo'lmasligi (to'liq nam sig'imiga nisbatan 40-60%) lozim. Buning uchun yoz oylarida shudgorlashdan 7-10 kun, kuzgi shudgorlashdan 10-12 kun oldin eski muvaqqat sug'orish tarmoqlari, yo'lak va cheklar orqali sug'orish o'tkaziladi. Sug'orish me'yorlari haydov qatlamini namiqtirish hisobidan belgilanadi: yengil tuproqlarda 700-800, o'rtacha 900-1000 va og'ir tuproqlarda 1000-1200m3/ga suv beriladi. Paxtazorlarda tuproq yetilishi bilan g'o'zapoya maydalanadi, o'qariqlar tekislanib, yerni haydashga kirishiladi. Bedapoyalarda yerning ustki qismi 5-6sm chuqurlikda ag'dargichi olingan plug bilan asosiy haydashdan 5-7 kun oldin haydaladi. Bunda bedaning ildizi kesilib, unuvchanligi yo'qoladi. Begona o'tlar ko'p tarqalgan yerlarda ang'iz shudgordan oldin lushchil`nik bilan 10-12 sm chuqurlikda yumshatiladi. Kuzgi ekinlarni ekishdan 15-20 kun oldin haydash samarali ekanligi bois ang'izni sug'orish muddati muvofiqlashtirilishi lozim.
Nazorat savollari:
1. Sug'orish va sug'orish tarmoqlari qurilishi tarixiga misollar keltiring.
2. O'zbekistonning suv resurslari va undan foydalanish shakllari qanay tashkil etilgan?.
3. Respublikamizdagi mavjud suv xo'jalik majmuasi, suvdan foydalanish islohoti nmalaran iborat?
4. O'zbekistonning sug'orish suvi manbalarini sanab o'ting.
5. Suvlarning sifat darajalari deganda nimani e'tiborga olinadi?
6. Suv sifatining tuproq va o'simliklarga ta'siri qanay? 7. Suv sifatini yaxshilash ishlari qanay amalga oshiriladi?
8. Sug'orishning ahamiyati va turlarini tushuntiring.
9. Nam to'plash maqsadida sug'orish qachon amalga oshiriladi?
10. Ekishdan oldin sug'orishning axamiyati nimadan iborat?
11. Chigit suvi berish deganda nimani tushunasiz?.
12. Provokatsion sug'orish nima sababdan amalga oshiriladi?
13. Nima sababdan shudgor oldidan sug'orish talab etiladi?
3-mavzu: O‘SIMLIKLARNING SUV REJIMI. QISHLOQ XO‘JALIGI EKINLARINI SUG‘ORISH REJIMI VA SUV ISTE’MOLI.
Reja:
1.Suvning o‘simlik hayotidagi ahamiyati. Transpiratsiya va uning axamyati. 2.O‘simlikning suvga munosabati. Suv va oziq moddalarning o‘zlashtrilishi. 3.O‘simliklarning suvga bo‘lgan umumiy extyoji. O‘simliklarning suv iste’mol qilish dinamikasi.
4. Ekinlarni sug‘orish rejimi tushunchasi. Sug‘orish soni va muddatlari. 5.O‘simlikning fiziologik ko‘rsatkichlariga ko‘ra sug‘orish muddatlarini belgilash. O‘simliklarning tashqi belgilariga ko‘ra sug‘orish muddatlarini belgilash.
6. Qishloq xo‘jaligi ekinlarining suv iste’moliga tashqi muhitning ta’siri. 7.Qishloq xo‘jaligi ekinlarining sug‘orish rejimlari. Qishloq xo‘jaligi ekinlarining sug‘orish me’yorlari.
Tayanch so'z va iboralar: Suvning o'simliklar hayotidagi ahamiyati, tuproq zarrachalari, suvda eriydigan tuzlar, makro va mikroelementlar, ishlab chiqarish chiqitlari, mikroorganizmlar, “jonli qon”, o'simlik turgor xloati, plazmoliz, transpiratsiya, transpiratsiya jadalligi, gigrofitlar, kserofitlar, mezofitlar, ustitsa aparatlari, ildiz orqali oziqlanish, «tuproq –o'simlik –atmosfera», o'simlik barglarining umumiy yuzasi.
Suvning o'simlik hayotidagi ahamiyati.
Suv – qimmatbaho tabiiy resurs u tabiatda doimiy aylanishda bo'lib, tuproq paydo bo'lishida ishtirok etadi, iqlim va ob - havoga sezilarli ta'sir etadi.
Suv – yaxshi eruvchi: unda qattiq, suyuq va gazsimon moddalar eriydi. Tabiatda toza suv yo'q – uning tarkibida turli – tuman moddalar: tuproq zarrachalari, suvda eriydigan tuzlar, makro va mikroelementlar, ishlab chiqarish chiqitlari, mikroorganizmlar mavjud.
Suv o'simliklar hayotida birinchi darajali ahamiyatga ega. Akademik A.N.Karpinskiy suvga “jonli qon” deb qaradi, yani suv hayot yo'q joyda uni yaratadi. Vaholanki, tirik organizmdagi biron – bir xujayrani suvsiz tasavvur etish qiyin. Masalan, makkajo'xori, boshoqli don ekinlari va pomidor tarkibida suv tegishlicha 70, 87 va 95 foizni tashkil etadi.Sitoplazmani 75 – 85 foizi suvdan iborat.
Suv o'simlik hayotidagi barcha jarayonlarda – fiziolgik, kimyoviy va biokimyoviy – bevosita ishtirok etadi. Suv molekulasidagi kislorod va vodorod organik moddalar sintezida “qurilish materiali” bo'lib xizmat qiladi. Suvni barglar orqali bug'lanishi – transpiratsiya natijasida o'simlik tanasining xarorati boshqariladi. Bunda o'simliklarining xarorati 5 – 7 gradusgacha pasayadi.
Suv o'simliklar hayotida mexanik vazifani ham bajaradi: suv bilan to'yingan o'simlik turgor xloatida, aks xolda – plazmoliz (so'ligan) xolda bo'ladi.
Xujayralarning suvsizlanishi oqsillar va o'simlik to'qimalarining butun biologik kompleksini qayta shakllanishiga olib keladi.
Transpiratsiya va uning axamyati.
O'simlik tuproqdan olgan suvning atigi 0,15-0,20 foizinigina o'zlashtiradi va qolgan qismini bargi va boshqa yer ustki organlari orqali bug'lanish-transpiratsiyaga sarflaydi. Transpiratsiya o'simlik xayotida muxum axamyatga ega: u tufayli o'simlik ildizi va unda erigan moddalarni o'simlikning yer ustki organlariga yetkazib beradi, mineral moddalar o'zlashtrilishini ta'minlaydi. Suvning bug'lanishi o'simlik xaroratini rostlaydi. Barg xaroratining 35 0S dan ortishi unda kechadigin fizilogik jarayonlar uchun noqulay xisoblanadi.
Sug'orish xisobiga tuproq namligini oshishi o'simliklar tomonidan suvni o'zlashtirilishini va oqibatda transpiratsiya jarayonini kuchayishigi xamda o'simlik barglari haroratini pasayishiga olib keladi (Lisagorov S D Ushkarenko V A 1981).
O'simliklar turi va navlarining biologik xususiyatlari, tuproq-gidrogeologik, iqlim sharoitlari, qo'llanilayotgan agrotexnik tadbirlar ta'sirida transpiratsiya jadalligi turlicha bo'ladi. 1g quruq moddaning shakllanishi uchun sarflanadigan suv birligi transpiratsiya koeffitsenti deyiladi. Makka jo'xori va oq jo'xorining transpiratsiya koefitsenti nisbatan kichik, bedada-446-1068, g'o'zada-280-640, sholida-250-810, birlikni tashkil etadi.
Xavoning yuqori xarorati va nisbiy namligining kamayishi, yoruqlikni yetarlicha bo'lmasligi, kuchli, ayniqsa issiq shamollar transpiratsiya koefitsentini ortishiga olib keladi. Sug'orish ta'sirida xavoning yerga yog'in qatlamining nisbiy namligi ortib, transpiratsiya jadalligi sezilarli darajada kamayadi. Lekin tuproq namligining yuqori bo'lishi transpiratsiya koeffitsentini oshishiga sabab bo'ladi.
O'simlikning suvga munosabati.
O'simlik turlari va ularning navlari suvga turlicha munosabatda bo'ladi, yani suvni xar xil miqdorlarda talab etadi.
Suvga bo'lgan talabiga ko'ra madaniy o'simliklar 3 guruxga bo'linadi:
1) gigrofitlar
2) kserofitlar
3) mezofitlar.
Suvga o'ta talabchan, transpiratsiyasi jadal kechadigan gigrofitlar hisoblanadi. Bunday o'simliklar jumlasiga, masalan, sholi kiradi, uning bark yaprog'idagi ustitsa aparatlari doimiy ravishda ochiq bo'lib ular orqali suvning transpiratsiyaga sarflanishi suv satxidan bo'ladigan bug'lanish miqdoriga deyarli yaqinlashib qoladi. Lekin sholining ayrim navlari urug'ini unib chiqishi va maysalanish davrida tuproqda ortiqcha nam bo'lmagan sharoitda yuqori xosil beradi.
Kserofitlar guruxiga qurg'oqchilikka chidamli o'simliklar kirib, atmosfera va tuproqda ro'y beruvchi, uzoq vaqt davom etuvchi qurg'oqchilikka yaxshi chidaydilar, ularning bargi kam yoki yaxshi rivojlanmagan suvni ortiqcha bug'lanishiga qarshi mumsimon g'ubor bilan qoplangan bo'ladi. Ildizlari tuproqning juda chuqur qatlamlarigacha yetib boradi va undagi suvni o'zlashtira oladi.
Mezofitlar guruxiga munsub o'simliklar suvga o'rtacha chidamli – tuproqda mo'tadil namlik bo'lishini talab etadi. Gigrofit va kserofit o'simliklarga nisbatan oraliq xolatga ega. Madaniy ekinlarning aksaryati ushbu guruxga taluqlidir. Ularni barg yaprog'ining so'rish kuchi gidrofitlarga qaraganda yuqori, lekin kserifit o'simliklarnikiga nisbatan kichikdir.
Suv va oziq moddalarning o'zlashtrilishi
O'simliklarning ildizlari yordamida suv va oziq moddalarni tuproq eritmasi shaklida o'zlashtrishi murakkab biologik jarayondir. A.V Peterburskiy (1875) tuproqdagi suv va oziq moddalarni o'simlik tomonidan tanlab o'zlashtirilishini ildiz orqali oziqlanish deb qaradi. Ildiz tizimi barglar singari mineral moddalarni murakkab organik moddalarga aylantirishda ishtirok etadi. Ko'pchilik o'simliklar (ildiz mevalar, tuganaklilar) oziq modda zaxirasini saqlaydi. Urug'ning unishi bilan bir vaqtda asosiy ildiz xam rivojlana boshlaydi, uning o'sishi davomida yon ildizlar, so'ngra ulardan ikkinchi, uchinchi va x.k tartibdagi ildizlar paydo bo'ladi.
O'sib rivojlanishning dastlabki davrida o'simliklarning ildiz tizimi yer ustki
organlariga qaraganda jadal shakllanadi. Ildiz tizimining rivojlanish tavsifiga ko'ra o'q ildizli va popuk ildizli o'simliklar farqlanadi. Tuproq eritmasini o'zlashtirishda 0,5-2 sm uzunlikdagi mayda ildizlarning axamiyati katta. Ularning o'sish nuqtasi g'ilof bilan undan yuqori qismi nozik so'rish tukchalari bilan qoplangan. Katta tartibdagi ildizlar o'zlashtirilgan suv va oziq moddalarni o'simliklarning yer ustki organlariga va, aksincha barg yaprog'ida shakllangan organik moddalarni quyi tartibdagi ildizlarga o'tishini taminlaydi.
Qishloq xo'jaligi ekinlarining hosildorligi uning ildiz tizimini qanday darajada rivojlanganligiga bevosita bog'liq: ildiz tizimini qanchalik kuchli rivojlangan bo'lsa, o'simlik suv va oziq moddalar bilan shunchalik yaxshi taminlanadi va buning oqibatida yuqori hosil shakllanadi (Petrov A.P .1974).
O'simliklarning suvga bo'lgan umumiy extyoji.
Sug'oriladigan dalalardan suv o'simliklari transpiratsiyasi va tuproq satxida
bo'ladigan bug'lanishga sarflanadi- ularning yig'indisi umumiy bug'lanish (ayrim manbalarda evapotranspiratsiya yoki suvga bo'lgan umumy extiyoj) deb yuritiladi. Dexqonchilik uchun bu ko'rsatkich g'oyat muxim axamyatga ega, chunki u o'simlik va tuproqning suv rejimi bo'yicha amaldagi xolatni aks ettiradi. Umumiy extiyojni ta'minlovchi manbalar bo'lib suvning tuproqdagi tabiiy zaxirasi, yog'in, sug'orish suvi va sizot suvlar hisoblanadi. Suvga bo'lgan umumiy exiyoj miqdori (m3/ga yoki mm hisobidagi suv qatlami qalinligi) tuproq namligi, o'simliklarning fiziologik xususiyatlari, meteorologik sharoit va agrotexnika darajasiga bog'liq xolda o'zgarib turadi.
Umumiy extiyojni aniqlash uchun so'ngi vaqtlarda «tuproq –o'simlik –atmosfera» tizimida issiqlik va nam almashinuvi dinamikasini tavsiflovchi tenglashtirishga asoslangan turlicha xisob usullaridan foydalanilmoqda.
Suvga bo'lgan umumiy extiyoj miqdori yilning ob-xavo sharoitlariga bevosita bog'iq: yil o'rtacha quruq kelsa uning ko'p yillik o'rtacha miqdori orta boradi va quruq kelsa eng katta miqdorni tashkil etadi.
O'simliklarning suv iste'mol qilish dinamikasi.
Suv o'simlik urug'ining nam shimishi va unib chiqishidan boshlab, mevasining pishish davrigacha to'xtovsiz talab etiladi.
Atoqli rus olimi P.I.Brounov o'simliklarning suv rejimini o'rganib ularning suvga munosabati bo'yicha shunday davrlarni aniqladiki, qaysiki bu davrlarda tuproqda yuzaga keladigan suv taqchilligi o'simlik xosildorligini keskin kamayib ketishiga olib keladi. Hosil organlarining shakllanishi fazalari boshlariga to'g'ri keluvchi bu davrni u o'simliklarning suvga munosabati bo'yicha kritik davri deb atadi.
O'suv davrida o'simliklarning o'sishi va rivojlanishi turlicha bo'lganligidan ularning suvga bo'lgan extiyoji ham ma'lum miqdorlarda farq qiladi: o'sib rivojlanishning dastlabki fazalarida nisbatan kam, meva tugishva meva organlarining kuchli o'sishi davrida eng ko'p xamda o'suv davrining oxirlarida nisbatan kamroq miqdorlarda suv talab etadi.
O'simlik rivojlanishning dastlabki fazalarida suv iste'mol qilish darajasining pastligini o'simlik barglarning kamligi va yaxshi rivojlanmaganligi, bu davrda haroratning nisbatan past va nisbiy namligining bir muncha yuqori ekanligi bilan izoxlash mumkin. Lekin transpiratsiya jadalligi, ya'ni barg yuzasi birligidan bo'ladigan bug'lanish yetarlicha katta bo'lishi mumkin. Chunki dastlabki rivojlanish fazalarida ust`itsa apparatlari orqalibo'ladigan bug'lanish bilan bir qatorda kutikulyar bug'lanish kuchaygan bo'ladi. Keyinchalik o'simlik barglarining umumiy yuzasi ko'payib, xavo haroratini ko'tarilishi va nisbiy namligini pasayishi, issiq shamollar ta'sirida tuproqdan suvni o'simliklar tomonidan o'zlashtirilishi va bug'lanishga sarfi ortib boradi. Ko'pchilik madaniy o'simliklarda meva va urug' ko'payish organlari bo'lganligi bois kritik davr gul va gul to'plami shakllanishining boshlanishiga to'g'ri keladi. G'o'zada bu davr gullash fazasining boshida, kartoshka va qand lavlagida tuganak va ildiz mevaning foal o'sishi, bodring pamidorda shonalash, boshoqli don
ekinlarida nay o'rash fazalarida va makkajo'xorida sulton chiqarish arafasida boshlanadi.
O'simliklar rivojlanishining barcha fazalarida namlik yetishmasligi hosilning pasayishiga olib keladi. Lekin ushbu fazalar bo'yicha suvning bir xilda yetishmasligi hosil miqdoriga turlicha ta'sir etadi. Masalan, g'o'zaning meva to'plash davrida sug'orishni kechiktirib o'tkazish hosilni keskin kamayib ketishiga sabab bo'ladi. Baxori boshoqli don ekinlarining kritik davrida suv bilan yetarlicha ta'minlamasligi otalik changlarini nobud bo'lishiga va shu tufayli puchdonlikga sabab bo'ladi.
Ekinlarni sug'orish rejimi tushunchasi.
Qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orish rejimi deyilganda, ma'lum bir aniq joyning tabiiy (iqlim, tuproq, gidrogeologik) sharoitlarini, yetishtirilayotgan ekinning biologik xususiyatlari va rivojlanish fazalarini hisobga olgan holda sug'orish sonini aniqlash, sug'orish me'yorlari (bir galgi va mavsumiy) va muddatlarini belgilash tushuniladi. Qabul qilingan sug'orish rejimi o'suv davri davomida o'simlik ildizi tarqalgan tuproq qatlamida ekin uchun qulay suv rejimini ta'minlamog'i lozim.
Mavsumiy sug'orish me'yori deyilganda 1 ga maydonga ekinning o'suv davri davomida beriladigan suv miqdori (m3/ga ) tushuniladi.
Qishloq xo'jaligi ekinlarining hisobiy sug'orish rejimini belgilashda mavsumiy sug'orish me'yori bir necha usullarda hisoblanib kelinmoqda.
Qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orish me'yori – bu 1 ga maydonga bir marta sug'orishda beriladigan suv miqdori bo'lib, u m3/ga hisobida aniqlanadi. Sug'orish me'yori tuproqning suv-fizik xossalari, joyning rel`efi, ekin turi, sug'orish usullari va ularni o'tkazish texnologiyasi kabi omillarga bog'liq holda turlicha miqdorlarda bo'ladi.
Hisobiy qatlam qalinligi (h, m) tuproqni aeratsiya zonasining litologik tuzilishi, gidrogeologik sharoit, o'simlik ildiz tizimining rivojlanganlik tavsifi va boshqa omillarga bog'liq holda har xil bo'ladi. Bu ko'rsatkich kartoshkaning o'suv davri boshlarida 0,25-0,3 m va oxirida 0,5-0,6 m.ga, boshoqli donli ekinlar uchun tegishlicha 0,4-0,5 va 0,7-0,8 m, ko'p yillik ekinlar – 0,5-0,6 va 0,8-0,9 m, qand lavlagi uchun 0,3-0,4 va 0,7-0,8 m.ga teng.
Yer yuzasi (tuproq ustidan) dan sug'orish jarayonida tuproqning chuqur qatlamlariga suvni singib ketishi va oqova tashlanishi (15-25 foiz) hamda yomg'irlatib sug'orishda atmosferaga bug'lanishini (6-25 foiz) hisobga olgan holda brutto hisobidan sug'orish me'yori (mbr) aniqlanadi. Buning uchun netto sug'orish me'yori (mng) suv isrofgarchiligini hisobga oluvchi
koeffitsentga ko'paytiriladi.
Sug'orish me'yori tuproqning chegaraviy dala nam sig'imi va kritik namligi hamda o'simlikning asosiy o'sib rivojlanish davrlari bo'yicha hisobiy qatlam qalinligiga bog'liq ravishda turlicha miqdorlarni tashkil etadi.
Sug'orish me'yori iqlim va ob- havo sharoitlari, tuproq va sizot suvlarning
sho'rlanganlik darajasiga bog'liq holda aniqlanishi lozim. Masalan, janubiy iqlim mintaqasida g'o'za tez-tez va katta me'yorlarda sug'orib turilsa, shimoliy iqlim mintaqasida, aksincha, kam sug'oriladi. Yengil mexanik tarkibli tuproqlarda ekinlar kichik me'yorlarda (600-700m3/ga) va og'ir tuproqlarda katta me'yorlarda (1000-1200m3/ga) sug'oriladi. Sho'rlangan tuproqlar sharoitida tuzlarni qisman yuvib, chuqur qatlamlarga tushirib yuborish uchun sug'orish me'yori 20-15 foizga oshiriladi:sho'rlanmagan yerlarda u 900-1000 m3/ga bo'lsa, sho'rlangan yerlarda 1100-1200 m3/ga.ni tashkil etadi.
Sug'orish me'yori bevosita sug'orish usullari va texnikasiga bog'liq holda turlicha miqdorlarda bo'ladi.
Sug'orish me'yori o'lchamlari sug'orish texnikasi elementlariga ham bog'liq bo'lib, ularni to'g'ri tanlash sug'orish suvidan tejamli va samarali foydalanish garovidir.
Sug'orish soni va muddatlari.
Ekinlar hosildorligi, uni erta yetilishi va mahsulot sifati sug'orish muddatlarini qay darajada to'g'ri tanlanganligiga ma'lum darajada bog'liqdir. Sug'orishlarni o'z muddatlarida o'tkazish tuproq namligini kritik darajadan yuqorida tutib turishga va bu esa o'simliklarni o'sib rivojlanishini qulay kechishiga imkon beradi.
Qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orishda quyidagi ko'rsatkichlar farqlanadi: sug'orish davomiyligi, mavsum davomiyligi va sug'orishlar orasidagi davr. Sug'orish davomiyligi bitta sug'orishni o'tkazishga sarflangan vaqt bo'lsa, mavsum davomiyligi birinchi sug'orishdan oxirgi sug'orishning yakunigacha bo'lgan davrdir. Mal'um bir sug'orishdan navbatdagi sug'orishgacha bo'lgan davr sug'orishlar orasidagi davr deb yuritiladi.
Sug'orish soni (n) o'rtacha sug'orish (m) va mavsumiy sug'orish (Mnt) me'yorlari bo'yicha quyidagi ifoda yordamida aniqlanadi:
n =Mnt/mo'rt
Sug'orish muddatlarini belgilash usullari
Qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orish muddatlarini bevosita belgilashning quyidagi usullaridan foydalaniladi:
- O'simlikning fiziologik ko'rsatkichlariga ko'ra belgilash (bargning so'rish kuchi, barg hujayra shirasining kontsentratsiyasi);
- O'simliklarning tashqi belgilariga ko'ra aniqlash (barg plastinkasi (yaprog'i) ning rangi va turgorlik holati, bosh poyaning o'sish va gullash sur'atlari).
O'simlikning fiziologik ko'rsatkichlariga ko'ra sug'orish muddatlarini belgilash.
Tuproq namligining kamayishi bilan barg yaprog'i hujayra shirasining kontsentratsiyasi va so'rish kuchi ortib boradi. Barglarning so'rish kuchi tuproq namligi kamayib, o'simlik tomonidan namning o'zlashtirilishi to'xtagunga qadar ortib boradi. Suv yetishmovchiligi oqibatida bu ko'rsatkichlarning ortishi o'simlik organizmida kechadigan qator fiziologik va biokimyoviy jarayonlarning izdan chiqishiga olib keladi va o'simlik hosildorligi keskin kamayib ketadi. Markaziy Osiyo sharoitida g'o'zaning sug'orish muddatlarini ushbu ko'rsatkichlar bo'yicha belgilash uslubiyati ancha keng o'rganilgan.
Barglarning so'rish kuchi tuproq namligiga, o'simlik yaruslarida joylashgan o'rniga, kunning ochiq yoki bulutligiga, shamolning tezligiga va havoning nisbiy namligiga bog'liq holda o'zgarib turadi. Shu sababdan barglarning so'rish kuchini aniqlash uchun bosh poyaning o'sish nuqtasidan 3-4-barglardan namunalarbulutsiz kunning eng issiq davri – soat 12 dan 14 gacha olinadi. Ulardan maxsus parma yordamida olingan barg doirachalari qandning suvdagi turli kontsentratsiyalardagi eritmasiga tushiriladi va shunga ko'ra barglarning so'rish kuchi aniqlanadi (Shardakov V. S., 1948).
Hujayra shirasining kontsentratsiyasiga ko'ra belgilash.
Ekinlarning sug'orish muddatlarini hujayra shirasining kontsentratsiyasi (HSHK)ga ko'ra aniqlash yanada soddaroq usul hisoblanadi. Bu usul ham tuproq namligi va HSHK o'rtasidagi korrelyatsion to'g'ri bog'liqlikka asoslangan.
HSHK ni aniqlash uchun barg namunalari barglarning so'rish kuchini aniqlash uslubidagi kabi olinib, alyumin stakanchalarga joylashtiriladi va hujayra qobig'ini yemirish uchun har bir stakanga 2-3 tomchidan toluol tomiziladi hamda stakan qopqog'i yopilib 20 minutga qoldiriladi. So'ngra shira ajratgich yordamida barglar shirasi siqib olinadi, ajralgan dastlabki shira tashlab yuboriladi. Navbatdagi shiradan bir necha tomchisi stol yoki qo'l refraktometri prizmasiga tomiziladi va ko'rish okulyari orqali HSHK aniqlanadi.
O'simliklarning tashqi belgilariga ko'ra sug'orish muddatlarini belgilash.
Barg yaprog'ining rangiga ko'ra belgilash. Ilmiy muassasalar tomonidan olib borilgan qator tadqiqotlar ko'rsatadiki, tuproq namligi kamayishi bilan o'simliklar tomonidan uni o'zlashtirilishi kamayib, HSHK orta boshlaydi va bu esa o'z navbatida barg yaprog'ining rangining o'zgarishiga olib keladi. Tuproq namligi mo''tadil darajada bo'lganda o'simlik suv bilan yetarlicha to'yingan, g'o'za barglari och yashil rangda bo'ladi. Tuproq namligi kamayishi bilan o'simlik suv taqchilligini seza boshlaydi va barg yaprog'ining rangi to'q yashildan qoramtir yashilga o'ta boshlaydi.
Gullash-meva to'plash davrida g'o'za barglarining yoppasiga to'q yashil rangga o'tib ketishligi tufayli ushbu usulni o'simlikning gullash davrigacha qo'llash mumkin.
Tuproq qanchalik unumdor yoki qanchalik ko'p mineral o'g'itlar qo'llanilayotgan bo'lsa, o'simlik barglari shunchalik yashil-to'q yashil rangda bo'ladi. Shu bois sug'orish muddatlarini belgilashda ushbu omil ham etibordan chetda qolmasligi lozim.
Barglarning turgorlik holatiga ko'ra belgilash.
Tuproq namligi o'simlik uchun mo''tadil darajada bo'lganda uning hujayralari suv bilan yetarlicha to'yingan- turgor holatida bo'ladi. Suv taqchilligi kamayib, plazmoliz (so'lish) kuzatiladi.
Asosiy poyaning o'sish sur'atiga ko'ra belgilash. P.P. Yazikov va M.B. Barakaev (1937) tomonidan ishlab chiqilgan ushbu uslub rivojlanish fazalariga muvofiq o'simlik asosiy poyasining o'sish sur'atlariga asoslangan. Tadqiqotchilar tomonidan markaziy iqlim mintaqasida g'o'zaning 108-F, S-4727, Toshkent-1, Toshkent-2 navlari ustida olib borilgan kuzatishlar ko'rsatadiki, shonalash fazasida ularning asosiy poyasi sutkasiga o'rtacha 0,3-0,5 sm o'sib, umumiy balandligi 14-18 sm ni tashkil etadi. Gullash fazasida esa bu ko'rsatkichlar tegishli ravishda 0.8-1.5 va 42-50 sm ga, o'simlikda 14-16 ta hosil shoxlari shakillanishi davrida 0,8-111.3 va 80-90 sm ga teng bo'ladi. Tuproq namligining kamayishi bilan asosiy poyaning sutkalik o'rtacha o'sish sur'ati kamaya boradi. Demak, tuproq namligini rostlash orqali o'simlikning o'sib rivojlanishini boshqarish mumkin bo'ladi.
Gullash jadalligi (sur'ati) ga ko'ra belgilash.
G'o'zani gullash –meva to'plash davrida sug'orish muddatlarini gullash jadalligiga ko'ra belgilash mumkin. Bunda g'o'za shoxlarida gullar orasining uzun yoki qisqa bo'lishi asos qilib olingan. G'o'zada dastlabki gul vujudga kela boshlaganda gullar orasi ancha uzun bo'ladi. Birinchi gul g'o'zada 8-9 ta hosil shoxi
shakllanganda paydo bo'ladi, yani u o'sish nuqtasidan 8-9 bo'g'in pastda joylashadi. Tuproq namligi yuqori bo'lganda gullashga nisbatan asosiy poya tezroq o'sadi, yani eng yuqoridagi gul bilan o'sish nuqtasi oralig'i uzaya boradi. Namlik kam bo'lsa, poyaning o'sishi sekinlashib, go'yoki gul o'suv nuqtasiga yaqinlasha boshlaydi. G'o'za keskin chanqatib qo'yilgan hollarda gullar tezlik bilan o'suv nuqtasiga yaqinlasha boshlaydi.
G'o'za barcha agrotexnik qoidalarga to'liq rioya qilingan holda sug'orib turilsa iyul` oyi o'rtalariga kelib o'suv nuqtasidan hisoblaganda 8-8,5 - shoxda gul paydo bo'ladi, iyun` oyi oxiri va avgust oyi boshlarida 7-7,5 , avgust oyi oxirlarida 5-5,5- shoxda gul paydo bo'ladi. O'sish nuqtasi va eng yuqoriga gul orasidagi vo'g'inlar soning qisqarishi suv taqchilligi yuzaga kelganligini, uzayishi esa tuproqning namligi yuqori darajada ekanligini bildiradi.
Gullash sur'atini aniqlash uchun 8-10 ga li dalaning dioganali bo'ylab 300-400-o'simlik kuzatiladi. Bunda o'simliklarning 10-20 % da asosiy poyaning o'sish nuqtasi va eng yuqoridagi gul orasidagi hosil shoxlarining yuqorida qayd etilgan ko'rsatkichlarga yetishi sug'orish muddati kelganligidan dalolat beradi.
Qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orishga ketadigan suv sarfi ekinlarning bargidan, tanasidan va tuproq yuzasidan bug'lantirilgan suv sarfi bilan belgilanadi. Ushbu umumiy bug'lanish suv iste'moli yoki evopotranspiratsiya deb ataladi.
Suv iste'moli qiymati iqlimiy shart-sharoitlardan yer yuzasiga tushadigan issiqlik energiyasi, tuproq nami, qishloq xo'jaligi ekinining turi va hosildorlik qiymatlariga bog'liqdir.
Sug'orma dehqonchilik amaliyotida qishloq xo'jaligi ekinlarining suv iste'molini aniqlashning quyidagi uch: to'g'ridan-to'g'ri dalada o'lchov olish, meteorologik va hisobiy usullari qo'llaniladi. Hisobiy usulda empirik koeffitsientlar bevosita kuzatuvlar natijasida aniqlanganligi uchun bu usul aniqroq usul hisoblanadi. Shunday aniqlash formulalaridan biri A. N. Kostyakov formulasidir:
E=K•X m3/ga,
bu yerda: YE–suv iste'moli, m3/ga;
K-suv iste'moli koeffitsienti;
X–loyihaviy hosildorlik, t/ga.
Sug'orish yordamida yetishtiriladigan qishloq xo'jaligi ekinlarining o'rtacha suv iste'moli quyidagi qiymatlarga tengdir: don ekinlarida 3000–4000 m3/ga, sholida – 12000 m3/ga, poliz ekinlarida 3000-10000 m3/ga, ko'p yillik o'tlarda - 8000–12000 m3/ga, g'o'zada - 6000-9000 m3/ga.
Qishloq xo'jalik ekinlarining o'rtacha suv iste'moli, m.kub. gektariga:
Don ekinlari 3000-4000
Sholi 12000-20000
Poliz 3000-10000
Ko'p yillik o'tlar 8000-12000
G'o'za 6000-9000
Qishloq xo'jaligi ekinlarining sug'orish rejimiga ta'sir etuvchi omillar:
Iqlim sharoiti: havo harorati, yog'in miqdori va uning yil oylari bo'yicha
taqsimlanishi; havo namligi va bug'lanishi; shamolning kuchi, yo'nalishi va takroriyligi.
Tuproq sharoiti: tuproqning mexanik tarkibi, suv–fizik xossalari, sho'rlanish xili va darajasi.
Gidrogeologik sharoitlar: yer osti suvlarining joylashgan chuqurligi va
minerallashganlik darajasi, rejimi.
Iqtisodiy–xo'jalik sharoitlari:
Agrotexnika, tuproq unumdorligi, ekinning hosildorligi.
Qishloq xo'jaligi ekinlarining turi.
Qishloq xo'jaligi ekinlarining biologik xususiyatlari.
Sug'orish usuli va texnikasi.
Qishloq xo'jaligi ekinlarining sug'orish rejimi deganda, o'simlikning biologik xususiyatlari, tabiiy va xo'jalik shart–sharoitlariga bog'liq holda belgilanadigan sug'orish me'yorlari, muddatlari va sonlarining jamlanmasi tushuniladi.
Mavsumiy sug'orish me'yori - hisobiy yilda rejalashtirilgan hosilni olish uchun vegetatsiya davrida 1 ga sug'orish maydoniga beriladigan suv hajmi, m3/ga.
Mavsumiy sug'orish me'yorining miqdori ekin turi va ekilish maydoniga qarab: g'o'za ekini uchun 5000-9000 m3/ga, ko'p yillik o't ekinlar uchun 2000-10000 m3/ga; makkajo'xori uchun 2000-5000 m3/ga; g'alla uchun 1000-5000 m3/ga; poliz uchun 2000-8000m3/ga bog' va uzum uchun 1500-7000 m3/ga belgilanadi.
Sug'orish me'yori - qishloq xo'jaligi ekinlarini bir marotaba sug'orish uchun 1 ga sug'orish maydoniga beriladigan suv hajmi, m3/ga.
Sug'orish me'yorining kattaligi sug'orish usuli va imkoniyatlari bilan ham belgilanadi.
Tomchilatib sug'orishda -50-300 m3/ga.
Yomg'irlatib sug'orishda - 600 m3/ga.
Yer ustidan sug'orishda -600-1500 m3/ga.
Faol qatlam
O'simlik ildizi orqali 90% oziqa oladigan qatlam u o'simlikni turi va rivojlanish fazasiga qarab o'zgaruvchan bo'ladi.
G'o'zada dastlab 30sm keyinchalik 1m
Ko'p yillik daraxtlarda 1,2m
Bug'doyda 20-40sm
Nam sig'imi
TNS-to'la nam sig'imi
CHDNS-chegaraviy dala nam sig'imi
KNS-kapillyar (nisbiy) nam sig'imi
MMNS-maksimal molekulyar nam sig'imi
Tuproqdagi nam sig'im CHDNS 60-70%ga tushganda tuproq kapillyar yo'llari orqali suvning harakatida uzilish vujudga keladi (sug'orish zaruriyati tug'iladi).
Nazorat savollari:
1. Suvning o'simliklar uchun ahamiyati qanday?
2. Transpiratsiya o'simlik xayotida qanday jarayonlarni amalga oshiradi?
3. O'simlikning suvga bo'lgan munosabatini tushuntiring.
4. O'simliklar tomonidan suv va oziq moddalarning o'zlashtrilishi qanay axamiyatga ega?
5. O'simliklarning suvga bo'lgan umumiy extyoji qanday xisoblanadi?
6. O'simliklarning suv iste'mol qilish dinamikasini tushuntiring.
7. Ekinlarni sug'orish rejimi deganda nimani tushunasiz?
8. Sug'orish soni va muddatlari qanday aniqlanadi?
9. O'simlikning fiziologik ko'rsatkichlariga ko'ra sug'orish muddatlarini belgilash qanday amalga oshiriladi?
10. O'simliklarning tashqi belgilariga ko'ra sug'orish muddatlari qanday aniqlanadi?
11. Qishloq xo'jaligi ekinlarining suv iste'moliga tashqi muhitning qanday ta'siri bor?
12. Qishloq xo'jaligi ekinlarining sug'orish rejimlari nimalarga bog'liq bo'ladi?
13. Qishloq xo'jaligi ekinlarining sug'orish me'yorlari qanday aniqlanadi?
14. Mavsumiy sug'orish me'yori nima?
15. Faol qatlam degana nima tushuniladi?
16. Nam sig'imi tushunchasini tushuntiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |