101
Adabiyotni sharxlash yoki mazkur masalaning tarixi va hozirgi paytdagi holatini
o’rganish hamda uni qisqacha taxlil qilish ilmiy ishga xulosa chiqarishga yordam beradi.
Adabiyotlar sharxi – bu Vatan va xorijiy ilmiy asarlarni tadqiqot masalalari bo’yicha
obyektiv va tanqidiy taxlil qilishdir. U mantiqiy, navbatli, taxlil qilinayotgan materiallar
yuzasidan tanqidiy fikr mulohazalarni o’z ichiga olishi va unda muallifning boshqa
tadqiqotchilar ilmiy ishining natijalariga bo’lgan munosabati yoritilishi zarur.
Adabiyotlar sharxi tadqiqotchiga u yoki bu masalaning qay darajada yechilganligi,
nimalar hali ilmiy asosda hal qilinmaganligi haqida ma’lumotga ega bo’lishga imkon beradi.
Natijada qilinadigan ishning yo’nalish rejasi aniqlanadi.
Adabiyotlarni sharxlashda tadqiqotchi masalaning xo’jalik ahamiyati, biologik
xususiyati, yetishtirish texnologiyasi va shu kabi masalalarga berilib ketmasdan, manbalarda
keltirilgan ma’lumotlarga o’zining shaxsiy fikrini berishga katta e’tibor berishi zarur.
Adabiyotlar sharxini yoritishda takrorlanishlarga yo’l qo’ymasdan obyektivlikka, ta’riflash
to’liqligiga, mantiqiylikka rioya qilish kerak.
Adabiyotlarni sharxlashda asosiy e’tiborni monografiyalar, jurnallar, ilmiy hisobotlar,
dissertasiya avtoreferatlariga, Respublika davlat fan va texnika qo’mitasining
axborotnomalariga va boshqa birlamchi manbalarga qaratish zarur.
Ilmiy adabiyotlar ilmiy qiziqish va tadqiqot mavzusi bo’yicha zarur axborotlarni olish
uchun tahlil etiladi. Notanish atamalar va tushunchalar alohida qayd etiladi, zarur savollarga
javob izlanadi, ko’chirib olinadi hamda qalam bilan chizilib alohida belgilar qo’yiladi.
Sharxda manbalarning havola qilinishida ilmiy adabiyotlarda qabul qilingan
qoidalarga rioya qilgan holda, ya’ni muallif familiyasi, ismi va sharifining bosh harfi, nashr
yili yozilishi kerak.
Ish gipotezasini yaratish (ilmiy ishni faraz qilish) dala tajribasini rejalashtirishdagi eng
qiyin masaladir. Chunki, tajriba natijasining ishonchliligi va oldiga qo’yilgan maqsadning
nechog’lik to’g’ri hal etilishi tajribani rejalashtirishdagi dala tajribasiga mos rasional
sxemaning ish gipotezasida qanchalik to’g’ri turganligiga bog’liq. Ish gipotezasi
hodisalarning rivojlanishi haqidagi ilmiy taxmin bo’lib, u tajribadan kutilgan natijalarga
asoslanadi. Ish gipotezasi deyilganda bo’lajak ilmiy ish yakunini aniqlashda o’tmishda
qilingan tajribalarga suyangan holda taxminiy fikr yuritish tushuniladi. Faraz qilishda
tadqiqotchi nazariyaga asoslangan holda yangilik sari intilishi, yangi maqsad va usullarni
qidirishi va ularning ichidan samaradorlikka ega bo’lganlarini ajrata olish qobiliyatiga ega
bo’lishi kerak.
Faraz qilish nazariy shart - sharoitga mos kelishi, mantiqiy soddalikka va tekshira
bilish asosiga ega bo’lishi kerak. Bilishning rivojlanishi bilan faraz qilishning asosi
tasdiqlanishi yoki inkor etilishi mumkin. Nazariya esa ilmning rivojlanishi asosida o’sadi yoki
ma’lum vaziyatni saqlaydi va u yoki bu shaklda inson yordamida absolyut haqiqatga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: