Dala tajriba uslubining asosiy elementlariga tajriba variantlari, paykallarning sathi va shakli, tajribadagi takrorliklar, tajribani qancha vaqt davom etishi, tajriba paykallarini joylashtirish usullari va hosilni uslubiy jihatdan hisobga olish kiradi.
Tajriba varianti deb, o’rganilayotgan o’simlik, uning navi, o’stirish sharoiti, parvarish qilish va boshqa agrotexnik tadbirlarni sinashga aytiladi. Qisqacha aytganda, variant so’zi farqlanish, o’zgarish, har xillik ma’nosini bildiradi. O’rganilayotgan tajriba variantlari taqqoslanadigan variant nazorat variant yoki standart deb ataladi. Tajriba variantlari bilan nazorat variantlari yig’indisi tajriba sxema (tuzilma)sini tashkil etadi.
Variantlar soni. Tajribaning maqsadi va mazmuniga qarab variantlar soni turlicha bo’ladi. Tajriba variantlari sonini 12-16 tadan oshirib yuborish odatda, tajribaning aniqligini pasaytiradi. Variant soni ko’payishi bilan tajriba o’tkaziladigan maydon kattalashadi. Maydonning kattalashuvi bilan tuproq unumdorligidagi har xillik hamda taqqoslanayotgan variantlar o’rtasidagi tafovut ortadi. Bularning hammasi tajribadagi xatoning ko’payishiga va tajriba aniqligining pasayishiga olib keladi. Shuning uchun variantlar miqdori ko’pi bilan 10- 12 va paykallar soni 60-64 tadan oshmasligi kerak.
Paykal sathi. Dala tajribasi ma’lum kattalikdagi va shakldagi paykallarda o’tkaziladi. Paykal ma’lum maydondagi xudud yoki uchastka bo’lib, unga o’rganiladigan va nazorat varianti joylashtiriladi.
93
Ekinlar bo’yicha paykallarning maqbul maydoni quyidagicha bo’lganda tajriba aniqligiga erishish mumkin: qator orasi ishlanadigan ekinlarda 100-250 m, g’alladoshlarda 50-100 m, zig’irda 25-50 m. Paykallarni kattalashtirish yoki kichraytirish mumkin.
Seleksiyada 0,5-2 m2 kattalikda, kichik nav sinashlarda esa 5-10 m2 kattalikdagi paykallarda tajribalar olib boriladi.
Yerga yaxshi ishlov berilganda tajribada yuqori aniqlikka erishiladi. Shuning uchun konkurs nav sinashlarda 50-100 m2 li va kamdan kam 200 m2 li maydonlarda tajriba o’tkaziladi.
Yerga ishlov berishning har qaysi paykalida alohida mashina va qurollardan foydalanishni talab etadigan usullarni o’rganishda uning kattaligi ba’zan 300 m2 gacha va hatto 1000 m2 gacha oshirilishiga to’g’ri keladi. Ishlab chiqarish sharoitida keng doirada o’tkaziladigan tajribalarda paykallarning kattaligi 100 dan 3000 m2 gacha va undan katta bo’ladi.
Paykalning shakli deyilganda, enining bo’yiga nisbati tushuniladi. Sug’oriladigan dehqonchilik sharoitida paykalning eng qulay shakli paykal ening bo’yiga nisbati 1:10 - 1:15 bo’lganligi ma’kul bo’lib, uzunchoq to’g’ri burchak bo’lishi kerak bo’lgan holda uzun tomoni nishablik bo’ylab joylashadi. Paykallarni bunday joylashtirishning sababi shundaki, ko’pchilik hollarda tuproqning unumdorligi uchastkaning nishabligi bo’ylab o’zgaradi.
Paykalning eni chigit (urug) ekiladigan seyalkaning asosiy ish eniga muvofiq bo’lishi kerak. Qator oralari 60 va 90 sm bo’lgan 4 qatorli va 8 qatorli chigit seyalkalarining ish eni yuqoridagiga mos ravishda 2,4 va 3,6 m, 4,8 va 7,2 m bo’ladi.
Tajribaning har qaysi paykalida eni bo’yicha seyalkaning to’liq borib-kelishidan hosil bo’lgan ma’lum sondagi qatorlar bo’lishi kerak. Bu bilan o’rganiladigan variantlar natijalarini o’zaro taqqoslashga katta sharoit yaratiladi.
Yerga ishlov berish tajribalarida paykallarning minimal kengligi kamida 8 qatorni tashkil etib, shundan 4 qatori hisobga olinadigan, 4 qatori himoya (paykalning har qaysi tomonidan 2 qatordan) hisoblanadi.
Har qaysi paykalda 8-12-16 qator o’simlik joylashtirish maqbul hisoblanadi. Paykallarning eni quyidagicha bo’lishi mumkin: qator orasi 60 sm bo’lganda 4,8 m - 8 qator, shundan 4 qatori hisobga olinadigan, 7,2 m - 12 qator, shundan 8 qatori hisobga olinadigan, 9,6 m - 16 qator, shundan 12 qatori hisobga olinadigan; qator orasi 90 sm bo’lganda 7,2 m - 8 qator, shundan 4 qatori hisobga olinadigan, 10,8 m - 12 qator, shundan 8 qatori hisobga olinadigan, 14,4 m - 16 qator, shundan 12 qatori hisobga olinadigan.
Paykalning uzunligi sug’orish egatining uzunligiga mos kelishi kerak. Paykal o’rtasidan o’qariqlar ochishga ruxsat etilmaydi. Agar takrorliklar yaruslar bo’yicha joylashtirilsa, o’qariklarni yaruslar o’rtasidan ochish kerak.
Tajriba takrorliklari (qaytariqlari). Paykalning katta-kichikligi, shakli va yo’nalishidan tashqari, tajriba aniqligini oshirishda ularning takrorlanishi ham katta rol o’ynaydi, ya’ni dala tajribalarining aniqligi ularni makonda (maydonda) va zamonda (ma’lum vaqt ichida) takrorlanishiga bog’liq. Dala tajribalari maydonda bir nechta takrorlikda bajariladi, ya’ni takrorlik deb bitta variantni maydonning masofasi bo’yicha bir necha marta takror-takror paykalchalarga joylashishiga aytiladi. Takrorliksiz qo’yilgan tajriba ma’lumoti noaniq bo’ladi. Tasodifiy xatoliklar nazariyasiga muvofiq tajribalar o’tkazilishi va takrorliklar soni ko’payishi bilan ijobiy va salbiy xatoliklar kelib chiqadi. Uni matematik statistika yo’li bilan aniqligini aniqlab bo’lmaydi. Shu sababli tajribaning qo’yilish sharoiti va joyidan qat’iy nazar variantlar bir necha marta takrorlanishi orqali tekshirilishi kerak. Bu esa tajribaning uslubiy jihatdan majburiy talabi hisoblanadi.
Binobarin, biror variantdagi o’simlik hosili to’g’risida aniq tushuncha hosil qilish uchun mazkur variantni paykalda bir necha marta takrorlash mumkin. Shuning uchun tajribaning takrorliklari dala tajribasining aniqligi va ishonchliligini oshirishda zaruriy usul
94
hisoblanadi. Bu esa sxemaning har qaysi variantida tajriba uchastkasining xilma xilligini to’liqroq bilib olishga imkon beradi.
Takrorliklar aniqlikni oshirishdan tashqari, tasodifiy xatoliklarni miqdoriy jihatdan aniqlashga imkon beradi, bu nazorat bilan taqqoslashga qaraganda tajriba variantlarini turli taqqoslashning matematik jihatdan to’g’ri ekanligini bilishga imkoniyat yaratadi.
Tajriba vazifalariga, tuproqning xilma-xilligiga, paykalning katta- kichikligi va tajriba qancha davom etishiga qarab, takrorlikning zaruriy soni aniqlanadi. Odatda, sug’oriladigan sharoitda doimiy (stasionar) uchastkalarda o’tkaziladigan agrotexnikaviy tajribalarni kamida 4 takrorlikda qo’yish kerak. Ba’zi hollarda unumdorligi va relyefi jihatidan bir xillashtirilgan maydonlarda, paykallar katta va tajriba variantlarining farqi kam bo’lganda tajribani 3 takrorlikda o’tkazish bilan cheklanish mumkin.
Tajribani vaqt bo’yicha takrorlash. Har qanday dala tajribasining natijasi yilning ob- havo sharoitiga juda ham bog’liq bo’ladi. Shuning uchun ko’pchilik hollarda ishonchli natija olish uchun tajribani maydonlarda takrorlash bilan bir qatorda yillar (zamon) bo’yicha ham takrorlash zarur.
Bu faqat tajriba xulosalarining ishonchliligini oshirib qolmay, balki ayrim quruq, nam yillarda o’rganiladigan usullarning nisbatan samaradorligi to’g’risida juda qimmatli, qo’shimcha ma’lumot olishga ham imkon beradi.
Tajribalar davomiyligiga ko’ra qisqa muddatli, ko’p yillik va surunkali (stasionar) guruhlarga bo’linadi. Qisqa muddatli tajribalarda 1 yildan 3 yilgacha biror bir ko’rsatkichning ta’siri va so’nggi ta’siri o’rganiladi. Ko’p yillik dala tajribalarning vaqt bo’yicha takroriyligi uch yildan kam bo’lmasligi kerak. Ko’pchilik hollarda dala tajribalarining natijalari har yili o’zgarib turadigan ob-havo sharoitiga bog’liq. Shu sababli bu xildagi tajriba bir necha yil davom ettiriladi. Bundan tashqari, ob-havoning ma’lum salbiy elementlari: qurg’oqchilik, kech yoki erta tushadigan qora sovuqlar, yuqori harorat, qor qoplamining kamligi va boshqalarga qarshi kurashga qaratilgan usullarni o’rganish mumkin. Tabiiyki, bular har yili takrorlanmaydi va bu ob-havoiing muayyan usuli uchun xarakterli bo’lgan ma’lumotlar to’planmasligi sababli tajriba yana davom ettiriladi. Almashlab ekishdagi tekshirishlar, turli agrotexnikaviy usullarni qo’llanishi natijasida gumus (chirindi) zaxirasining yoki tuproq unumdorliginiig o’zgarishi kabi sekin kechadigan hodisalarni kuzatish, o’g’itlar yoki yerga ishlov berish tizimini ishlab chiqish surunkali – stasionar tajribalar o’tkazishni talab etadi. Ko’pincha bunday tajribalar 50-100 yil va undan ortiq davom etadi.
Dala tajribasi oldiga qo’yilgan asosiy talablar nimalardan iborat.
Variant va takrorliklar orasida qanday farq mavjud.
Tajribani vaqt bo’yicha takrorlashni qanday tushunasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |