Reja:
Ilmiy ishni rejalashtirish. Dala tajribasini tashkil qilishga 1) ilmiy ishni rejalashtirish; 2) tajriba uchastkasini tanlash, o’rganish va tayyorlash; 3) tajriba o’tkazish uslubini ishlab chiqish va uni o’tkazish texnikasi kiradi.
Ilmiy ishni rejalashtirish ilmiy izlanishdan boshlanib, agrotexnik ma’lumotlar to’plash, ularni taxlil qilish va ishlab chiqilgan tadbirlarni ishlab chiqarishda qo’llanilish darajasiga yetkazish bilan tugallanadi.
Bularni amalga oshirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
tajriba mavzusini tanlash, ishning maqsadi, vazifasi va obyektini aniqlash;
mazkur masalaning tarixi va hozirgi paytdagi holatini o’rganish hamda uni qisqacha taxlil qilish;
ish gipotezasini yaratish (ilmiy ishni faraz qilish);
ilmiy ish dasturi va uslubini tuzish.
Tajriba mavzusini tanlash, ishning maqsadi, vazifasi va obyektini aniqlash. Ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish dolzarb mavzuni tanlashdan boshlanadi. Mavzu – bu ilmiy xodim uchun vazifa bo’lib, xodisalarni tekshirish orqali yechiladigan muammodir (A.S.Molostov, 1966). U yoki bu muammoni muvaffaqiyatli yechish yoki hal qilish, tekshiruvchining o’z oldiga vazifa va maqsadni to’g’ri qo’yishi hamda mavzuni aniq tanlashga ko’p jihatdan bog’liqdir.
Mavzu - fanda hal etilmagan, ya’ni hal etish mexanizmi yaratilmagan dolzarb masaladir. Mavzu mazkur yo’nalishning rivojlanishi, fan texnika va texnologiya, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishning talabi bo’lib, bundan tashqari, uni tanlashda muntazam yoki favqulodda kuzatilgan hodisalarni, o’tgan ishlarni yangi sharoitda, yangi usul va obyekt asosida o’rganishga rioya qilish kerak. Ilmiy ish mavzusi aniq, ma’lum doirani o’z ichiga olishi, ishning mohiyati va mazmuniga mos kelishi, dolzarb hamda muayyan ilmiy masalani yechishga yo’naltirilgan bo’lishi kerak.
Mavzu aniq va qisqa bo’lishi lozim (odatda, o’nta so’zdan oshmasligi lozim). Tanlangan mavzu institutning ilmiy rejasiga mos bo’lishi lozim. Doktorlik va nomzodlik dissertasiyalari mavzularini tanlashda ilmiy rahbar, kafedra a’zolari va tadqiqotchi ixtisoslik shifriga qarab, tanlanayotgan mavzu qanchalik ilmiy, uslubiy hamda amaliy jihatdan dolzarb ekanligi va izlanayotgan ixtisoslikning aynan qaysi bo’lim va bandlariga mos kelishini aniqlangandan so’ng mavzuni kafedrada va fakultet kengashga xulosa berishga taqdim etiladi. Ijobiy baholangan mavzu institut Ilmiy kengashiga tasdiqlashga berishi. Keyin mavzuni OAK byulleteniga chop etishga yuborish lozim. Uning uchun tadqiqotchi OAK talablaridan kelib chiqib mavzuni tanlashga asosnoma tayyorlaydi.
Tadqiqot ishining maqsadi uning mavzusiga mos ravishda bog’langan, aniq ifodalangan bo’lishi lozim. Tadqiqot vazifasi esa qo’yilgan maqsadga erishish uchun tadqiqotchi tomonidan belgilangan tadqiqot jarayonida yechiladigan vazifalar majmuidan iborat bo’lib, vazifalar mos ravishda qo’yilgan maqsadni amalga oshirishga qaratiladi.
Tadqiqot obyekti va predmeti aniqlanadi, ishning rejasi ishlab chiqiladi va tadqiqot obyekti haqida zaruriy axborotlar to’planadi. Tadkikot obyekti deganda urganilayotgan omil, xodisa va jarayonlar tuplami tushuniladi.
100
Adabiyotni sharxlash yoki mazkur masalaning tarixi va hozirgi paytdagi holatini o’rganish hamda uni qisqacha taxlil qilish ilmiy ishga xulosa chiqarishga yordam beradi.
Adabiyotlar sharxi – bu Vatan va xorijiy ilmiy asarlarni tadqiqot masalalari bo’yicha obyektiv va tanqidiy taxlil qilishdir. U mantiqiy, navbatli, taxlil qilinayotgan materiallar yuzasidan tanqidiy fikr mulohazalarni o’z ichiga olishi va unda muallifning boshqa tadqiqotchilar ilmiy ishining natijalariga bo’lgan munosabati yoritilishi zarur.
Adabiyotlar sharxi tadqiqotchiga u yoki bu masalaning qay darajada yechilganligi, nimalar hali ilmiy asosda hal qilinmaganligi haqida ma’lumotga ega bo’lishga imkon beradi. Natijada qilinadigan ishning yo’nalish rejasi aniqlanadi.
Adabiyotlarni sharxlashda tadqiqotchi masalaning xo’jalik ahamiyati, biologik xususiyati, yetishtirish texnologiyasi va shu kabi masalalarga berilib ketmasdan, manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga o’zining shaxsiy fikrini berishga katta e’tibor berishi zarur. Adabiyotlar sharxini yoritishda takrorlanishlarga yo’l qo’ymasdan obyektivlikka, ta’riflash to’liqligiga, mantiqiylikka rioya qilish kerak.
Adabiyotlarni sharxlashda asosiy e’tiborni monografiyalar, jurnallar, ilmiy hisobotlar, dissertasiya avtoreferatlariga, Respublika davlat fan va texnika qo’mitasining axborotnomalariga va boshqa birlamchi manbalarga qaratish zarur.
Ilmiy adabiyotlar ilmiy qiziqish va tadqiqot mavzusi bo’yicha zarur axborotlarni olish uchun tahlil etiladi. Notanish atamalar va tushunchalar alohida qayd etiladi, zarur savollarga javob izlanadi, ko’chirib olinadi hamda qalam bilan chizilib alohida belgilar qo’yiladi.
Sharxda manbalarning havola qilinishida ilmiy adabiyotlarda qabul qilingan qoidalarga rioya qilgan holda, ya’ni muallif familiyasi, ismi va sharifining bosh harfi, nashr yili yozilishi kerak.
Ish gipotezasini yaratish (ilmiy ishni faraz qilish) dala tajribasini rejalashtirishdagi eng qiyin masaladir. Chunki, tajriba natijasining ishonchliligi va oldiga qo’yilgan maqsadning nechog’lik to’g’ri hal etilishi tajribani rejalashtirishdagi dala tajribasiga mos rasional sxemaning ish gipotezasida qanchalik to’g’ri turganligiga bog’liq. Ish gipotezasi hodisalarning rivojlanishi haqidagi ilmiy taxmin bo’lib, u tajribadan kutilgan natijalarga asoslanadi. Ish gipotezasi deyilganda bo’lajak ilmiy ish yakunini aniqlashda o’tmishda qilingan tajribalarga suyangan holda taxminiy fikr yuritish tushuniladi. Faraz qilishda tadqiqotchi nazariyaga asoslangan holda yangilik sari intilishi, yangi maqsad va usullarni qidirishi va ularning ichidan samaradorlikka ega bo’lganlarini ajrata olish qobiliyatiga ega bo’lishi kerak.
Faraz qilish nazariy shart - sharoitga mos kelishi, mantiqiy soddalikka va tekshira bilish asosiga ega bo’lishi kerak. Bilishning rivojlanishi bilan faraz qilishning asosi tasdiqlanishi yoki inkor etilishi mumkin. Nazariya esa ilmning rivojlanishi asosida o’sadi yoki ma’lum vaziyatni saqlaydi va u yoki bu shaklda inson yordamida absolyut haqiqatga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |