Soliq imtiyozlari Soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:
1) “O‘zbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar;
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar.
3) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi;
4) yolg‘iz pensionerlar. Yolg‘iz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogiron bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolg‘iz pensionerlar deb tushuniladi;
5) boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko‘p bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir;
6) Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar;
7) energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar - qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga.
Ushbu soliq imtiyozlari, bundan 5-bandda ko‘rsatilgani mustasno, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organda ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga beriladi.
Bunda mazkur soliq imtiyozlari soliq to‘lovchining tanlovi bo‘yicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin, bundan 7-bandda ko‘rsatilgan shaxslar mustasno.
Soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.
Soliq stavkalari Respublika hududlari kesimida bazaviy soliq stavkalari 1 kv. m uchun mutlaq o‘lchamda belgilanadi (bundan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari mustasno).
Soliq stavkalarini aniq miqdori quyidagi tartibda belgilanadi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i KenGESi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari 0,5 dan 2,0 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni qo‘llagan holda, ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan bazaviy soliq stavkalari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, soliq stavkalarini belgilaydi;
tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida belgilangan soliq stavkalariga Toshkent shahri uchun esa — ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan bazaviy soliq stavkalariga 0,7 dan 3,0 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni ularning hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, ko‘cha kesimida kiritadi.
Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarga soliq stavkasi qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining normativ qiymatiga nisbatan 0,95 foiz miqdorda belgilanadi.
Tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yer uchastkalari uchun yoxud uylar, dala hovli imoratlari, yakka tartibdagi garajlar va boshqa imoratlar, inshootlar yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilganda, shuningdek jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari egallagan yer uchastkalari uchun soliq jismoniy shaxslardan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash uchun belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha undiriladi hamda ushbu Kodeksning 436-moddasida ko‘rsatilgan imtiyozlar ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yoki uni obodonlashtirish amalga oshirilmagan taqdirda soliq uch baravar miqdorda to‘lanadi.
Yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida belgilanadi.