Davlat byudjeti profitsiti –
muayyan davrda O’zbekiston Respublikasining davlat byudjeti daromadlarining uning xarajatlaridan oshib ketishi
Davlat byudjeti taqchilligi –
muayyan davrda O’zbekiston Respublikasining davlat byudjeti xarajatlarining uning daromadlaridan oshib ketishi.
Davlat byudjeti daromadlarining byudjet xarajatlaridan oshish holati yuzaga kelganda, byudjet profitsiti paydo bo’ladi. Byudjet profitsiti, odatda, davlatning qarz majburiyatlarini to’lashga va likvidli mablag’larini ko’paytirishga jalb etiladi.
Mustaqillik yillarida davlat byudjet siyosatining eng muhim vazifasi iqtisodiyotni barqarorlashtirish doirasida byudjet taqchilligining ortib borayotgan sur’atini jilovlashdan iborat bo’ldi. Bu vazifaning hal etilishi natijasida o’ta muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan joriy xarajatlargagina mablag’larni ajratish yo’lidan borildi va taqchillikning eng maqbul darajasi ta’minlandi. Islohotlarning 2-bosqichi yakunlariga kelib, byudjet taqchilligini yo’l qo’yilgan eng kam darajasi (YaIMning 3-3,5 foizi) doirasida cheklashga erishildi. 2000-2004 yillar davomida byudjet taqchilligi darajasi YaIM ning 1-1,2 foizidan oshmadi. 2005 yildan 2008 yilgacha 0,1-1,5 foiz profitsit bilan ijro qilingan bo’lsa, 2009 yildan 2016 yillargacha bo’lgan davrda Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining ta’sirida davlat byudjeti YaIM ga nisbatan 0,1-0,4 foiz darajasida bo’lmoqda.
1 1.1-rasm. O’zbekiston Respublikasida davlat byudjetining holati
Dunyoning ko’pgina mamlakatlarida har yilgi taqchillikning va tez o’sib boruvchi davlat qarzining mavjud bo’lishi kuzatiladi. 70-yillar boshlariga kelib, byudjet taqchilligining YaIMga nisbatan foiz hisobida o’sgan davlatlar bu ko’rsatkich pasaygan mamlakatlarga nisbatan ko’pchilikni tashkil etgan. AQSHda Ikkinchi jahon urushi yillarigacha byudjet taqchilligi bo’lmagan, faqat urush yillarida davlat byudjetida taqchillik yuzaga kelgan.
Sobiq Ittifoqda ma’muriy-buyruqbozlik yillarida davlat byudjeti taqchilligi uzoq vaqtlargacha mustaqil iqtisodiy kategiriya sifatida tan olinmagan. Davlat byudjetini shakllantirishda moliyaviy resurslarga bo’lgan talabdan kelib chiqqan holda, ularni moliyalashtirish uchun mablag’lar qidirib topilardi va shu asosda davlatning moliyaviy manfaatlari ta’minlanardi. Rejali iqtisodiyot ma’lum davrlargacha hech qanaqa larzalarsiz, bir tekisda ma’muriy-buyruqbozlik asosida rivojlanib borishi daromadlar va xarajatlar orasida “kasallik” alomatlarini aniq ko’rsatmadi. Ammo, keyingi davrlarda (80-yillarning oxiriga kelib) sobiq Ittifoqda byudjet taqchilligi holati yuzaga chiqa boshladi. Dastlabki yillardagi byudjet taqchilligi jamg’arma kassalardagi aholiga tegishli bo’lgan mablag’lar, uzoq muddatli hayot sug’urtasi badallarining o’sishi va aholi o’rtasida davlatning ichki yutuqli zayom obligatsiyalarini chiqarish (sotish) hisobiga qoplab borildi. Bu turdagi qarzlar oldindan mavjud bo’lgan resurslarni qayta taqsimlash asosida amalga oshirilganligi uchun moliyaviy-moddiy balansning buzilishiga olib kelmadi, ammo bu jarayon davlat qarzlarining o’sishiga olib keldi. 1986-yilda byudjet taqchilligining juda tez sur’atda o’sib ketishi (45,5 mlrd. rubl) Ittifoq moliya tizimining parokandalik holatini boshlab berdi.
Ammo byudjet taqchilligini favqulodda, mustasno hodisa deb qarab bo’lmaydi. O’zining tarixiy va iqtisodiy rivojlanishining u yoki bu bosqichida byudjet taqchilligiga duch kelmagan davlat bo’lmasa kerak. Masalan, AQSH da federal byudjet keyingi yarim asr mobaynida faqat 1969-yildagina taqchilliksiz ijro etilgan.
Taqchillikning hajmi:
milliy valyutada absolyut summada;
mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmiga nisbatan;
milliy daromad hajmiga nisbatan;
byudjet daromadlari va xarajatlariga nisbatan foizlarda aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |