12.1-rasm. Byudjet jarayoni bosqichlari
Byudjet jarayonining davomiyligi yuqoridagi to‘rt bosqichning barchasidan iborat bo‘lib, odatda, bir byudjet yilidan ancha avval boshlanib (6-8 oy), byudjet yili tugagandan keyingi bir necha oyni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasida byudjet yili kalendar yilIga mos keladi va 1-yanvarda boshlanib 31-dekabrda tugaydi. Lekin dunyoning turli davlatlarida byudjet yili kalendar yilining turli davrlariga to‘g‘ri keladi. Bu, odatda, parlament sessiyalarini o‘tkazish davri, shu mamlakatda qaror topgan tarixiy an’analar, muhim sanalar bilan bog‘liq. Masalan, Fransiya, Germaniya, Italiyada byudjet yili 1-yanvardan, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanadada – 1-apreldan, Shvetsiya, Norvegiya, Pokistonda – 1-iyuldan boshlanadi.
Davlat byudjeti loyihasini tuzish
Byudjet jarayoni byudjetni rejalashtirishdan boshlanadi. Byudjetni rejalashtirish davlat moliyaviy siyosati talablariga muvofiqlashtirilgan moliyaviy rejalashtirishning muhim tarkibiy qismini tashkil qiladi. Bunday rejalashtirishning iqtisodiy vazifasi turli darajadagi byudjetlar va byudjetdan tashqari jamg‘armalarni tuzish va ijro etish jarayonida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning umummilliy dasturlari asosida yalpi ichki mahsulot va milliy daromad qiymatini moliya tizimi bo‘g‘inlari o‘rtasida markazlashtirilgan tarzda qayta taqsimlash proporsiyalarini to‘g‘ri belgilashdan iboratdir.
12.2-rasm. Byudjetni rejalashtirishning asosiy tamoyillari
Byudjetni rejalashtirish turli darajadagi byudjetlarni tuzish va ijro etish tartibi, uning me’yoriy-huquqiy bazasi va tashkiliy asosi tarzida byudjet jarayonini, shuningdek, mamlakat byudjetini tuzishning nazariyasi va metodologiyasi masalalarini ham o‘z ichiga oladi. Byudjetni rejalashtirish asoslari mamlakat Konstitutsiyasi va qonunlari bilan belgilanadi.
Davlat byudjeti loyihasini tuzish. Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining loyihasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari va moliya yili uchun mo’ljallangan makroiqtisodiy ko’rsatkichlar prognozi asosida tuziladi.
Davlat byudjeti loyihasini tuzish uchun mas’ul organlar O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, shuningdek, byudjetlar loyihalarini tuzish, Moliya vazirligi so’ragan axborot va ma’lumotlarni taqdim etishga taalluqli qismi bo’yicha – vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hisoblanadi.
Byudjet loyihasini tuzish quyidagilarni nazarda tutadi:
byudjet so’rovini tuzish tartibini yuborishni;
byudjet so’rovlarini hamda asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlar prognozlarini tayyorlash va taqdim etishni;
byudjet so’rovlarini ko’rib chiqish va jamlashni;
byudjetnomani ishlab chiqishni.
Byudjet so’rovi – kelgusi davr uchun byudjetdan ajratiladigan mablag’larni olishga bo’lgan ehtiyojni asoslashni nazarda tutuvchi hujjat bo’lib, kelgusi davr uchun byudjet buyurtmasini o’z ichiga oladi. Byudjet so’rovini tuzish tartibi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Byudjet buyurtmasi byudjet tashkiloti, byudjetdan mablag’ oluvchi yoki byudjet mablag’larini taqsimlovchi tomonidan tuziladi va tegishli moliya organiga byudjet so’rovini taqdim etish muddatidan kechiktirmasdan taqdim etiladi. Byudjet buyurtmasida o’tgan va joriy yillar uchun hamda kelgusi uch yil uchun byudjet tizimi byudjetlarining mablag’lari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar byudjet tasnifiga muvofiq aks ettiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili 15 aprelga qadar kelgusi davr uchun byudjet so’rovini tuzish tartibini:
O’zbekiston Respublikasining respublika byudjeti loyihasini tayyorlash uchun – respublika byudjetidan mablag’ bilan ta’minlanadigan byudjet mablag’larini taqsimlovchilarga;
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari loyihalarini tayyorlash uchun – Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga;
davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari loyihalarini tayyorlash uchun – davlat maqsadli jamg’armalarini taqsimlovchi organlarga yuboradi.
Bu organlar kelgusi davr uchun byudjet so’rovini tuzish tartibini olgandan so’ng uch ish kuni ichida tegishli byudjet so’rovlarini tuzish to’g’risida va ularni tayyorlash muddatlarini belgilash to’g’risida qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari yuqorida nomi keltirilgan organlar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinganidan so’ng uch ish kuni ichida kelgusi davr uchun byudjet so’rovini tuzish tartibini:
tegishli byudjetlar loyihalarini tuzish uchun – tuman va shahar hokimlariga;
byudjet so’rovlarini tuzish uchun – Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika byudjetidan, viloyatlarning viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahrining shahar byudjetidan moliyalashtiriladigan byudjet tashkilotlari hamda byudjet mablag’lari oluvchilarga yuboradi.
Tuman va shahar hokimlari kelgusi davr uchun byudjet so’rovini tuzish tartibini olgandan so’ng uch ish kuni ichida tegishli byudjetlar loyihalarini tuzish to’g’risida va ularni tayyorlash muddatlarini belgilash haqida qarorlar qabul qiladi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya bo’limlari yuqoridagi qarorlar qabul qilinganidan so’ng uch ish kuni ichida kelgusi davr uchun byudjet so’rovini tuzish tartibini tumanlar va shaharlar byudjetidan moliyalashtiriladigan byudjet tashkilotlariga va byudjet mablag’lari oluvchilarga byudjet so’rovlarini tuzish uchun yuboradi.
Byudjet so’rovlarini ko’rib chiqish tartibi va tegishli vakolatli organlarga taqdim etish muddatlari quyidagi chizmada ko’rgazmali ravishda aks ettirilgan (12.3-rasmga qarang):
Do'stlaringiz bilan baham: |