22.1-rasm. Davlat moliyaviy nazoratining muhim vazifalari1
Rasmda ko‘rsatilgan ro‘yxat bilan davlat moliyaviy nazoratining vazifalarini chegaralash mushkul. Chunki moliyaviy qonunchilikning o‘zgarishi bilan moliyaviy nazoratning vazifalari ham o‘zgaradi va aniqlashtiriladi.
Masalan, budjet islohotlarining dastlabki bsqichlarida davlat moliyaviy resurslarini maksimal darajada iqtisod qilish asosida budjet taqchilligining o‘rnatilgan darajasini ta’minlash ustidan qattiq nazorat olib borish davlat moliyaviy nazoratining muhim vazifalaridan biri bo‘lgan bo‘lsa, islohotlarning bugungi bosqichidagi davlat moliyaviy nazoratining vazifalaridan biri – ajratilgan mablag‘lardan maqsadga muvofiq samarali foydalanish, ularning iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlariga va ijtimoiy taraqqiyotning hal qiluvchi tarmoqlariga safarbar etilishi ustidan qat’iy nazoratni olib borishdan iborat bo‘lmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda oxirgi 10 yillar davomida budjet nazorati “Budjet tizimi to‘g‘risida”gi, “Davlat budjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risida”gi qonunlar asosida amalga oshirib kelindi. Ushbu qonunlar yurtimizda budjet qonunchiligining umumiy huquqiy asoslarini, davlat budjetining shakllanish va tuzilish printsiplari, uni ko‘rib chiqish, qabul qilish va bajarish tartibini belgilab berdi, shuningdek, unda davlat budjeti daromadlarining shakllanishi hamda sarflanishi, davlat budjeti mablag‘lari operatsiyalarini amalga oshirishda hisobga olish va hisobot, shuningdek, nazorat printsiplari mustahkamlab qo‘yildi. “Davlat budjeti g‘azna ijrosi to‘g‘risida”gi qonun esa davlat budjetini g‘aznachilik asosida ijro etish tartib-qoidalarini belgilab berdi. 2014 yilga kelib bu qonunlarni takomillashtirish talabidan kelib chiqqan holda “Budjet Kodeksi” qabul qilinib, 2014 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritildi.
Ushbu Kodeksning IX bo‘limi “Budjet tizimi budjetlarining ijrosini nazorat qilish” deb nomlangan bo‘lib, unda belgilab qo‘yilishicha, “Davlat moliyaviy nazorati budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining moliyaviy nazorat ob’ektlari tomonidan buzilishini aniqlash, bartaraf etish va ularga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladi”1.
Umumdavlat moliyaviy nazorati butun mamlakat miqyosida tegishli vakolatlarga ega bo‘lgan ixtisoslashgan davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Umumdavlat moliyaviy nazorati quyidagi nazorat turlarini qamrab oladi:
budjet-moliya nazorati;
soliq nazorati;
bojxona nazorati;
valyuta nazorati;
pul muomalasi nazorati.
Nazoratning bu turlari ichida alohida o‘rin egallaydigani budjet-moliya nazorati hisoblanadi. Budjet-moliya nazorati barcha darajadagi budjetlarning, davlatning budjetdan tashqari fondlarining shakllanishi, davlat moliyaviy resurslarining qonuniy va maqsadga muvofiq ishlatilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi. Nazoratning bu turini O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi, uning qoshidagi nazorat-taftish boshqarmasi, Moliya vazirligi G‘aznachiligi kabi ixtisoslashgan operativ boshqarish va nazorat organlari amalga oshiradilar.
Davlat moliyaviy nazorati (22.2-rasm):
Do'stlaringiz bilan baham: |