Tayanch so’z va iboralar: davlat moliyaviy nazorati; budjet-moliya nazorati; soliq nazorati; bojxona nazorati;valyuta nazorati;pul muomalasi nazorati; taftish;tekshirish; dastlabki nazorat; joriy nazorat; yakuniy nazorat; yoppasiga nazorat; tanlov asosidagi nazorat; kompleks nazorat; mavzuli nazorat; muqobil nazorat.
Budjet nazoratining mazmuni, prinsiplari va ahamiyati
Har bir mamlakatning iqtisodiy va ma’naviy asosini davlat budjeti tashkil etadi. Uning holatiga qarab nafaqat davlatning iqtisodiy qudratiga, balki ijtimoiy rivojlanishiga ketadigan sarf-xarajatlariga ham baho berish mumkin. Davlat budjeti iqtisodiy siyosatning muhim vositasi hamda har qanday davlat moliya tizimining markaziy bo‘g‘inidir.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat budjeti nazoratini takomillashtirish muhim ahamiyatga molik masaladir. Rivojlangan mamlakatlarning deyarli barchasini o‘z domiga tortgan moliyaviy-iqtisodiy tanglikni keltirib chiqargan sabablardan biri davlat mablag‘ini haddan tashqari ko‘p, nazoratsiz sarflash ekani ayon bo‘lgan bir sharoitda bu muammo g‘oyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturida qat’iy tejamkorlik tizimini joriy etib, inqirozning salbiy oqibatlarini engillashtirish maqsadida budjet mablag‘laridan foydalanishni nazorat qilishning qat’iy choralari qo‘llanildi. Shuningdek, moliyaviy munosabatlarni tartibga solishda — soliqlar, tushumlar, bojlarning to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazorat tizimini joriy etishda davlatning rolini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rilayotgani o‘zini to‘liq oqlamoqda.
Mamlakat iqtisodiyoti va uning ajralmas qismi bo‘lgan budjet tizimi samarali amal qilishining zaruriy sharti bo‘lib budjet nazorati xizmat qiladi.
Budjet nazorati davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ustidan davlat moliyaviy nazoratining tarkibiy elementi bo‘lib hisoblanadi.
Bugungi kunda davlat moliyaviy nazorati ijtimoiy faoliyatning alohida bir sohasiga aylanib bormoqda. Davlat moliyaviy nazoratining ob’ekti bo‘lib boshqarishning barcha darajalarida moliyaviy resurslarning shakllanishi va ishlatilishidagi taqsimlanish jarayonlari maydonga chiqadi. Bu boradagi davlat moliyaviy nazorati avvalo davlat moliyaviy resurslaridan maqsadga muvofiq va samarali foydalanishni, davlat mulkidan oqilona foydalanishni ta’minlashga hizmat qilmog‘i lozim.
O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyaviy nazorati quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
dalat budjeti va davlatning maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining shakllanishi va ishlatilishi ustidan nazorat;
pul muomalasini tashkil etish ustidan nazorat;
davlat kredit resurslaridan foydalanish ustidan nazorat;
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyaviy nazoratiga quyidagicha ta’rif berish mumkin.
Davlat moliyaviy nazorati tegishli davlat hokimiyati organlarining hamda mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlarining davlat moliyaviy resurslarining shakllanishi, taqsimlanishi, maqsadga muvofiq va samarali ishlatilishi ustidan, shuningdek, davlat va mahalliy mulkdan qonuniy asosda foydalanish ustidan nazorat qilish yuzasidan moliyaviy huquq normalari bilan tartibga solinadigan maqsadli faoliyatdir. Bu faoliyatning asosiy maqsadi nazorat qilinadigan ob’ektlar faoliyatidagi kamchiliklarni topish va mansabdor shaxslarni jazolashdan iborat bo‘lib qolmasdan, balki bu kamchiliklarning oldini olish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, ogohlantirishdan iboratdir
Xozirgi kunda moliyaviy nazoratning muhim vazifalari sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin (22.1-rasm):