Bog'liq УУК Давлат бюджети 2017 2018 бошка йуналишларга (4)
15.2. Ta’lim tizimida jon boshiga qarab moliyalashtirishni tadbiq etishning ilk tajribalari
O‘tish iqtisodiyotidagi ko‘pchilik mamlakatlar kabi, O‘zbekiston ta’lim tizimida mablag‘larni jalb qilish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirishdagi muammolar bu muassasalarda budjet mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashning qaror topgan an’anaviy tartiblari bilan bog‘liq, xususan:
maktablar o‘z budjetini (xarajatlar smetasini) sinflar soni, o‘quv soatlari soni, kvadrat-metrlarda hisoblanuvchi yer maydoni hajmi kabi natural va qiymat me’yorlari asosida, ish natijalariga bog‘liq bo‘lmagan tarzda o‘tgan davr ko‘rsatkichlari asosida ishlab chiqadi;
maktab tomonidan hisoblab chiqarilgan budjet mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyoj mahalliy moliya organlari tomonidan ko‘rib chiqib tasdiqlash chog‘ida mahalliy budjet imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda korrektirovka qilinadi;
natijada ta’lim muassasasiga ajratiladigan haqiqiy mablag‘lar hajmi odatda maktab tomonidan hisoblangan ehtiyoj hajmidan ancha past bo‘ladi;
har bir maktab uchun tasdiqlangan budjet smetaning xarajat moddalari bo‘yicha qat’iy taqsimlangan holda beriladi;
xarajatlarning G‘aznachilik organlari orqali to‘lash tartibi ham mablag‘larning bir moddadan boshqasiga o‘tkazilishini cheklaydi.
Bunday moliyalashtirish tizimining oqibati maktablarni boshqarish jarayonida mustaqillikning cheklanib qolishida namoyon bo‘ldi – maktab tuzilishini va uning xodimlari tarkibini tartibga soluvchi me’yorlar, shuningdek, qat’iy moddalar bo‘yicha mablag‘larning ajratilishi maktablarga mablag‘larni qayta taqsimlashda etarli qayishqoqlikni bermaydi, shuning uchun ular ta’lim samaradorligi, sifati va natijalarini oshirish maqsadida o‘z resurslarini boshqarishni yaxshilashda cheklangan imkoniyatlar va juda kichik rag‘batlantirish dastaklariga ega. Hattoki mablag‘larni tejashga erishilsa ham, bu sinflarni birlashtirish yoki o‘qituvchilar yuklamasini ko‘paytirish tufayli bo‘lib, keyingi yillarda esa maktab kamroq mablag‘ oladi.
Bu va shu kabi budjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash tartiblari maktab ma’muriyatining “harakat erkinligi”ni cheklaydi, uzoq muddatli strategik vazifalarning bajarilishini ta’minlamaydi. Mazkur vaziyat O‘zbekiston hukumatini ham ta’limga ajratilayotgan budjet mablag‘larini taqsimlashning jon boshiga moliyalashtirish tamoyiliga asoslangan “pul o‘quvchining ortidan boradi”gan muqobil va shaffof mexanizmini ishlab chiqish va tadbiq etishga undadi.
Maktab ta’limini boshqarish va moliyalashtirish tizimidagi islohotlarning muhimligi va zarurligini chuqur angab etgan holda, 2005 yilda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tajribaviy loyihani boshlash haqidagi qaror qabul qilingan edi. Tajribaviy loyihaning maqsadi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi ta’lim muassasalari darajasida ta’lim budjetini shakllantirish hamda resurslarni boshqarishning muqobil mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba o‘tkazish hisoblanadi.
Tajriba natijalari va olingan saboqlar ta’limni moliyalashtirish sohasida milliy siyosatni ishlab chiqishda qo‘llanilishi ko‘zda tutildi. Ushbu tajribaviy loyiha xalqaro rivojlanish bo‘yicha AQSh Agentligining texnik va moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Xalq Ta’limi Vazirligi va boshqa manfaatdor tomonlar tomonidan amalga oshirildi.
Tajribaviy loyihani haqiqatda amalga oshirish 2005 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining 2005 yil 20 yanvardagi “2005 yilda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida umumta’lim muassasalarini jon boshiga qarab moliyalashtirish usulini takomillashtirish bo‘yicha tajriba o‘tkazish to‘g‘risida”gi 18/1 sonli Qarori bilan boshlandi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 noyabrdagi 251-son Qarorining qabul qilinishi (bu Qaror bilan “Maktab ta’limini rivojlantirish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari (TER) ishlab chiqildi), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentyabr 414-son Qaroriga o‘zgartirishlar kiritilishi, bosqichma-bosqich davlat budjeti ijrosining g‘aznachilik tizimiga o‘tilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonining e’lon qilinishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 12 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozlari va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-744-son Qarorining, 2009 yil 12 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozlari va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-1245-son Qarorining qabul qilinishi bilan umumta’lim maktablarining moliyaviy masalalarida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar ta’lim muassasalarining maqomi, xarajatlarini rejalashtirish va to‘lovlarini amalga oshirish, xarajatlar smetalarini tuzish va tasdiqlash, hisob va hisobotni yuritish, o‘quvchi soniga ko‘ra o‘rnatilgan bazaviy normativlar asosida muassasa budjetini rejalashtirish masalalariga taalluqli bo‘lib, ta’lim tizimini bosqichma-bosqich jon boshiga moliyalashtirish tizimini joriy etishga shart-sharoit yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Jahon banki yordamida amalga oshirilayotgan Investitsion loyihaning komponentlaridan biri “Ta’lim sohasida moliyalashtirish, budjetni tuzish, boshqarish tizimlarini va buxgalteriya hisobini takomillashtirish” deb ataladi. Ushbu komponentning umumiy vazifasi “dasturning ikkinchi bosqichi davomida Buxoro viloyatida jon boshiga (o‘quvchi soniga) moliyalashtirishni tadbiq etishda tayanch bo‘lib hisoblangan jon boshiga (o‘quvchi soniga) moliyalashtirish formulasini ishlab chiqish, tadbiq etish rejasini ishlab chiqish, o‘quv kurslari uchun materiallar tayyorlash va boshqa zarur huquqiy va institutsional shart-sharoitlarni yaratishdan”1dan iboratdir.
Mazkur Loyihani amalga oshirish doirasida Moliya vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining 2008 yil 14 martdagi 24/8-son Qo‘shma Qarori ishlab chiqildi va qabul qilindi, ushbu qarorga muvofiq, Buxoro va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahri umumta’lim muassasalari o‘z budjetlarini xarajatlarning bazaviy me’yorlari asosida rejalashtirish tartibiga o‘tdilar.
O‘zbekistonda ta’lim sektorida jon boshiga moliyalashtirish usulini bosqichma-bosqich va barcha hududlarda joriy etish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Barcha umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida bir nafar o‘quvchiga (tarbiyalanuvchiga, talabaga) mo‘ljallangan xarajatlarning bazaviy normativlarini joriy etish shartlarini qat’iy belgilovchi hukumat qarorlarining qabul qilinishi ushbu yo‘nalishdagi muhim qadam hisoblanadi. 1-jadvalda mamlakatimizda jon boshiga qarab xarajatlarni rejalashtirish tadbirlari xronologiyasi keltirilgan.
2010-2011 yillarda o‘rta maxsus, kasb-hunar hamda oliy o‘quv yurtlari o‘z xarajatlarini bir nafar talabani (o‘quvchini) o‘qitish xarajatlarining bazaviy normativlaridan kelib chiqib normativ rejalashtirish tizimiga o‘tdilar. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining 22.03.2011 y. № 25/№ 08-son Qo‘shma Qarorining qabul qilinishi va 2011 yil uchun bir nafar o‘quvchini o‘qitish xarajatlarining bazaviy normativlaridan kelib chiqib o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari xarajatlarini normativ rejalashtirish to‘g‘risidagi Nizomning tasdiqlanishi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari budjeti mablag‘lari miqdorini jon boshiga moliyalashtirish asosida aniqlash borasida navbatdagi qadam bo‘ldi.