Ta’lim texnologiyasini loyihalash va ishlab chiqish tartibi
O’quv maqsadlarini belgilash
Maqsadni belgilash
Maqsadni belgilash – texnologiyalashtirishning asosiy omili hisoblanib, pedagogik texnologiyani loyihalashtirish, o’quv jarayonini tuzish hamda tashkillashtirish shundan boshlanadi.
An’anaviy o’quv jarayonida biz ko’proq o’qituvchining mahoratiga suyanib samaraga erishishga harakat qilamiz. Buning uchun esa pedagog ma’lum tajriba orttirgan bo’lishi talab etiladi. Pedagogik texnologiyaning asosi esa proektlashtirishdir. Ana shu aniq proektlashtirilgan dastur pedagogga samarali natijaga erishish imkonini tug’diradi. Bunday proekt asosida ish olib borayotgan pedagog katta pedagogik tajribaga ega bo’lmasa-da, yuqori samaraga erisha oladi. Biz bilamizki, pedagogik texnologiya bu avvalom bor aniqlikka ega bo’lgan va qat’iy, ilmiy loyihalashtirilgan jarayondir. O’quv jarayonini tashkil etishdagi birinchi qadam bu o’quv maqsadlarini aniqlash hisoblanadi. Bugungi kunda biz darsning maqsadini qanday belgilaymiz? – degan savol albatta hammani qiziqtiradi. Biz bugungi kunda darsning maqsadini umumiy holda belgilaymiz va shuning uchun ham erishgan natijamizni baholashda qiynalamiz. Bunday umumiy maqsadni belgilash pedagogik texnologiyani qoniqtira olmaydi. Pedagogik texnologiyalar dars maqsadini belgilashda ham aniqlik bo’lishini talab etadi. Aniq maqsadlarni belgilash nazorat va baholash ishini engillashtiradi va bu jarayonga oydinlik kiritadi. Shuning uchun ham pedagogik texnologiyalarni qo’llashdagi birinchi qadam bu aniqlashtirilgan maqsadlarni ishlab chiqishdir degan xulosani beradi. Pedagogik texnologiyalarning ishlanishida asosiy e’tibor oxirgi natijaga qaratilgan bo’ladi va qo’yidagi izchillikda ishlab chiqiladi:
1. Aniqlashtirilgan o’quv maqsadlarini ishlab chiqish va ularni guruhlarga ajratish.
2. O’quv maqsadlarini nazorat ishi va test vazifalariga o’tkazish.
3. Maqsadga erishish yo’lini va usullarni tanlash.
4. Natijani baholash va o’zlashtirish darajasini aniqlash.
5. Dasturli ta’lim.
Demak, pedagogik texnologiyalar an’anaviy ta’limdan tubdan farq qilgan holda tuziladi. U o’zaro yopiq tsiklni va o’zaro izchil bog’liqlikni taqozo etadi. Aniqlashtirilgan maqsadlar pedagogga nazorat ishini belgilashda, baholashda va usullarni aniqlashda katta imkoniyatlar yaratadi. Barcha etaplar bir maqsadga bo’ysunadi va yuqori natijani kafolatlaydi.
An’anaviy ta’lim esa quyidagi izchillikda tashkil etiladi:
Umumiy maqsadni aniqlash.
Usullarni aniqlash
Nazorat ishini belgilash.
4. Baholash.
An’anaviy ta’lim tizimida va o’quv jarayonida umumlashtirilgan o’quv maqsadlari belgilanadi. Masalan: ekologik madaniyatni shakllantirish, suv havzalarini muhofaza qilish haqida tushuncha hosil qilish. Ko’rinib turibdiki bunday qo’yilgan maqsad mavhum xarakterga ega, chunki tushuncha turli darajada hosil qilinishi mumkin. Bunday maqsadni tekshirish va baholash ham muammoli. Bunday maqsadni belgilash ishda noaniqlikni vujudga keltiradi. Natijada o’zlashtirish samaradorligi ham pasayadi. Bunday tizim pedagogik texnologiyani qoniqtira olmaydi (M. V. Klarin tizimi).
AqSh va Angliyada o’qituvchi va talabalar uchun alohida aniqlashtirilgan maqsad rejalari tuzish qabul qilingan. O’qituvchilar uchun tushuntirish, ko’rgazmali qurollardan foydalanish, o’rgatish kabilar nazarda tutilsa, talabalar uchun esa, talaba dars oxiriga borib nimani bilishi, ishlay olishi, qo’llay olish kerak degan yo’nalishda tuzilgan. Darsdan oldin bilmagan va dars davomida o’rganib, uni qo’llay oladigan vazifalar belgilangan. Talabalar ushbu mavzuni o’rganishda ulardan nimalarni bilish va bajara olish talab etilayotganini aniq biladilar va dars davomida ana shu momentlarga o’z diqqatlarini ko’proq qaratadilar. Har bir qo’yilgan maqsadni erishganlik darajasini me’yorlarni ishlab chiqish shart. Har bir qo’yilgan maqsad alohida o’z mazmuniga xos ravishda tekshiriladi va natijalar tahlil qilinib xulosalar chiqariladi. Buning uchun hozirda identifikatsiya (uchebno’x tseley) ya’ni aniqlashtirilgan maqsadlarni ishlab chiqish zarur. Umumiy maqsadlarni esa tekshirish qiyin va bunda har bir o’qituvchi o’z tushunchasidan kelib chiqqan holda tekshirish ishlarini tashkil etadi. Umumiy maqsad o’qituvchi nimaga erishmoqchi ekanligini aniq ko’rsata olmaydi, talabada esa umumiy tushunchalar hosil qilishgagina xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |