XVIII va XIX asrning birinchi yarmida adabiy jarayon quyidagi uch yo`nalishda mavjud bo`lganligini ko`rish mumkin. Birinchi yo`nalish saroy doirasida, ikkinchi yo`nalish unga qarama-qarshi yo`nalishda va uchinchi yo`nalish-bu azaliy an‘analarga sodiq qolgan va uning rivojlanishiga ulkan hissa qo`shgan ijodkorlarning faoliyati shaklida mavjud bo`lgan.
Birinchi yo`nalishda ijod qilgan shoirlar asosan hukmdor va yirik mulk egalari madhi bilan shug`ullanganlar. Ikkinchi yo`nalishda ijod qilgan shoirlar esa o`z asarlarida ko`proq xalqni talash evaziga boylik orttirayotgan, xalqqa zulm o`tkazayotgan amaldorlar va boylarni tanqid ostiga oladilar. Xalqning ylarga bo`lgan noroziliklari hamda g`azabini tasvirlab beradi. Masalan bu davrda ijod etgan Muhammad Sharif Gulxaniy, Maxmur, G`oziy kabilarning asarlari xalqning nochor ahvoli, boy-badavpat kishilarning, amaldorlar, riyokor ruhoniylarning qilmishlarini tasvirlab beradi.
Uchinchi yo`nalish - azaliy an‘analarni davom ettirgan ijodkorlar o`z asarlari orqali o`tgan asrlar davomida shakllanib va rivojlanib kelayotgan poetik ijodning hali noma‘lum bo`lgan qirralariga qo`l urib, o`zlarining lirik g`azallari bilan inson ruhiy kechinmalarining sahifalarini ochib beradilar. Bu an‘anaga sodiq qolgan shoirlar har uchchala xonlik hududida o`ziga xos ijodiy-badiiy jarayonni vujudga keltira olganlar. Bu davrda Qo`qon xonligida "Amiriy" taxallusi bilan g`azallar bitgan Qo`qon xoni Umarxon, uning rafiqasi, "Nodira" tahallusi bilan ijod qilgan Mohlaroyim, shuningdek o`z davrining mashhur shoirlari sanalgan Uvaysiy, Mahzuna, Mahmur, Mushtariy, Fazliy Namangoniy kabilar ijod etganlar.
Buxoro amirligi hududida esa "Malik ush-shuaro" nomini olgan Mushfiqiy, Shaxrisabzda ijod qilgan Hiromiylar o`z davrining yirik iste‘dod egalari bo`lganlar. Xiva xonligida Munis Xorazmiy va Ogahiylar mashhurlikda tengi bo`lmagan shoirlar edi. Munis nafaqat o`zining lirik g`azallari bilan dovrug` taratgan, balki hokimiyat uchun kurashib, xalq boshiga og`ir kunlarni solayotgan, ko`plab kulfatlarning sababchilari bo`lgan hukmdorlar va boylarni tanqid ostiga oladi.
Ogahiy she‘riyati esa o`zining xalqchilligi, fikrlar nafisligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi.
Bundan tashqari Ogahiy tarixchi olim sifatida ham mashhur bo`lgan. U XIX asrda Xiva xonligi va uning atrofidagi davlatlar tarixini yoritib beruvchi "Zubdat ut-tavorix", "Riyoz ud-davla", "Jomiy‘ ul-voqeoti Sultoniy" nomli tarixga oid asarlar ham yozadi. Shuningdek Ogahiy ko`plab tarixiy asarlar, masalan, Muhammad Mahdixonning "Nodirnoma", Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma", Muhammad Yusuf Munshiyning "Tazkirrai Muqimxoniy", Nizomiddin Ahmad Hiraviyning "Tabaqoti Akbarshohiy", Rizoqulixon Hidoyatning "Ravzat us-safoi Nosiriy" kabi asarlarni; Nizomiy Ganjaviyning "Xaft paykar", Sa‘diy Sheroziyning „Guliston", Husrav Dehlaviyning Hasht bixisht", Muhammad Vorsining „Zubdat ul hikoyat", Abdurahmon Jomiyning "Yusuf va Zulayho", „Solomon va Ibsol", "Bahoriston", Badriddin Hiloliyning "Shohu gado", Vosifiyning "Badoe‘ ul-vaqoe‘" asarlarini, falsafiy-ahloqiy mavzudagi Kaykovusning "Qobusnoma", Mahmud Baljuvoniyning „Miftoh ul-tolibin", Husayn Voiz Koshifiyning „Ahloqi Muhsiniy"asarlarini o`zbek tiliga tarjima qiladi.
XVIII asr va XIX asrning birinchi yarmida yirik shaharlardagi madrasalarda tilshunoslik, tarix, geografiya, adabiyot, mantiq, matematika, astronomiya fanlari o`rganilsa-da, diniy ta‘limotning ustunligi bois, mazkur fanlarga bo`lgan munosabat ancha past darajada bo`lgan.
Xulosa qilib aytganda uchta xonlikning vujudga kelishi eng avvalo hududiy va milliy parchalanishning yaqqol namunasi bo`lgan. Bu parchalanish XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab milliy va ma‘naviy, iqtisodiy va siyosiy qaramlikning vujudga kelishiga olib keldi. Diniy mahdudlikning kuchayishi ma‘naviy turg`unlik va tanazzulning kuchayishiga sabab bo`ldi. Xullas milliy parokandalik Markaziy Osiyo xalqlari boshiga iqtisodiy, siyosiy va ma‘naviy qaramlik olib keldi. Markaziy Osiyoni bosib olish payida bo`lgan rus bosqinchilarining deyarli bir yarim asrlik orzulari ushaldi.
XIX asrning 50 -yillariga kelib Turkiston har tomonlama inqirozga uchragan hudud edi. Bu tanazullik tashqi bosqinlar ta‘sirida emas (antik grek -rim madaniyatining inqirozga uchragani kabi emas), banki asta -sekinlik bilan o`zaro feodal urushlar orqali pishib yetildi. Bu inqiroz o’lkani Chor imperiyasi tomonidan istilo qilinishini tezlashtirdi va imkon yaratdi.
Rossiya imperiyasining Turkiston boyliklariga havasi Pyotr I davridan boshlangan bo`lib, bosqinga tayyorgarlik 1,5 asr davom etdi. Rossiya qo`shinlari dastlab, 1853 - yilda Qo`qon xonligiga qarashli yerlarga bostirib kelishadi. 1876 yilga kelib xonlik tugal istilo qilinadi. 1866-1868 yillarda Buxoro amirligi vassal bo`lib qoldi. 1873 - yili Xiva xonligi bosib olindi va chor imperiyasiga tobe bo`lib qoldi.
Ko`p yillar davomida Rossiya imperiyasining Turkistondagi bosqini, "Ixtiyoriy qo`shilish", "O`lkaga madaniyat olib kelish" ma‘nosida tushuntirildi. 1869 yilda hali o`lka to`la bo`ysundirib olinmasdanoq yozilgan maqolalardan birida "Rossiyaning Turkistonga yurishidan maqsad - bundagi davlatlarning madaniyatini rivojlantirish va savdo-sotiqni gullab-yashnatish ekanligi", baxona qilingan.
CHor Rossiyasi Turkiston xalqining milliy madaniyati, ma‘naviy merosi, tarixiy yodgorliklariga bo`lgan munosabatlarida ham istilochilik va talonchilik siyosatini yurgizdi.
Turkiston general-gubernatori fon Kaufman butun islom dunyosining nodir muqaddas kitobi, madaniy va tarixiy boyligi VII asr yodgorligi bo`lmish "kufiy" xatida yozilgan "Usmon Qur‘oni" ni Samarqanddan oldirib kelib, o`z nomidan (1869 y.) Rusiya Maorif vazirligiga junatadi. Zarafshon okrugi boshligi general Abramov esa Kitob begi Jo`rabek Qalandarqori kutubxonasini musodara qilib, undagi 97 ta nodir qo`lyozmani Peterburgga jo`natadi.
Xiva bosqinida xon kutubxonasidagi 300 dan ortiq qo`lyozma arab, fors, tojik tilidagi asarlar qo`lga kiritildi. Xonning taxti esa 1874 yili Moskvadagi qurol-aslaha palatasiga topshirildi. Devonbegi Matmurodning uyidan ikki sandiq nodir buyum nafis san‘at asarlari bo`lmish tilladan yasalgan zargarlik buyumlari tortib olindi. Qanchadan - qancha qurol - aslaha, chinni idishlar, go`zal gilamlar, kiyimlar olib ketildi. Qo`qon istilosida esa xon kutubxonasiga tegishli 130 dan ortiq qo`lyozma esa musodara qilindi.
1883 - yil Buxorodan Peterburgga - Ermitajga jo`natilgan buyumlar ichida 1168 qadimiy oltin, kumush tangalar bo`lib, bular bugungi Markaziy Osiyo hududida Baktriya davridan XVII asrgacha hukmdorlik qilgan 30 dan ortiq sulolalarga tegishli bo`lgan buyumlar edi. A. Yassaviy masjidiga qarashli ulkan qozon va shamdon asosi ham olib ketildi. Amir Temur maqbarasining naqshin bezakli darvozasi, maqbara peshtoqidagi yozuvli lavhalar ham olib ketildi. Afrosiyob va boshqa arxeologik topilmalardan topilgan buyumlar ham imperiya markaziga jo`natildi.
Turkistonda 1867 yildan 1917 yilgacha 15 dan ortiq turli ilmiy jamiyat va to`garaklar tashkil egilgan. Bularning birinchi galdagi vazifasi o`lka moddiy va ma‘naviy merosini qidirib topish, tartibga solish va Rossiya markaziga jo`natishdan iborat bo`lgan. Shunday qilib, chor Rossiyasi Turkistonni bosib olgach, o`lka xalqlarining milliy mulki bo`lgan xon saroyidagi kutubxonalarni, arxivlarni, shaxsiy qo`lyozmalarni, xazinalarni, tangalarni, muhrlarni, qoliplar, nishonlar va mahalliy hunarmandlarning yuksak mahorati namunalari bo`lmish asori - atiqalarni o`marib ketadilar. Bular hozir Rossiya va Yevropa muzeylarini bezab turibdi.
CHor hukumatining Turkiston o`lkasiga "madaniyat olib keluvchilik" missiyasini uning qadimiy arxitektura binolariga nisbatan tutgan munosabatidan ham bilsa bo`ladi. Chor bosqini va hukmronligi davrida juda ko`plab tarixiy obidalar, minoralar, masjid va madrasalar xarobaga aylandi. Obidalar bilimdoni V.L.Vyatkin Turkiston general-gubernatori A. V. Samsonovga Ulug`bek madrasasi, Bibixonim masjidi va boshqalarni ta‘mirlash masalasini so`raganda, "Bular qanchalik tez vayron bo`lsa, Rusiya davlatchiligi uchun shuncha yaxshi bo`ladi", degan javobni oladi.
Gubernatorning ad‘yutanti esa, "bu eski - tuskilarni artileriya bilan to`pga tutishga tayyor" ekanligini aytadi.
Yangi uyg`onib kelayotgan bozor munosabatlari yevropacha madaniyat shakllarini taqozo etar edi. Natijada, o`lkada turli madaniy va texnik muassasalar yuzaga keldi. Turkistonning yirik va asosan ruslar yashaydigan yangi shaharlarida kasalxona, vetirinar-feldsherlik punktlari, ambulatoriyalar, telefon aloqasi, pochta, telegraf yuzaga keldi. Kontsert zallari, teatr ochildi. Toshkent va Samarqandda ommaviy kutubxonalar, klublar va vistavkalar tashkil etildi. Mutaxassis kadrlarga bo`lgan ehtiyoj o`tgan asrning 80-90 yillarida o`lkada bir necha hunar-texnika, kommertsiya, agranomiya maktablarining ochilishiga olib keldi. Ammo taraqqiyotning bu elementlari ruslar yashaydigan yangi shaharlarda, "evropalik" lar uchun mo`ljallangan edi.
Istilochilar o`lkada madaniyatning rivojini emas, balki uni jaholatda ushlash uchun intildilar. "Rossiya Turkistonning madaniy va canoat qoloqligidan manfaatdor edi". Lekin jamiyatning tabiiy - tarixiy rivojlanish jarayonini to`xtatib bo`larmidi?
Chor Rossiyasi hukmronligi davrida Turkiston madaniy hayotidagi o`zgarishlardan biri bu bosmaxonalar tashkil topgani bo`ldi. 1868 yilda Toshkentda, 1878 - 1879 yillarda Samarqand, Xivada, Andijonda, Qo`qonda, Kogonda va boshqa shaharlarda tipografiya va litografiya usulidagi bosmaxonalar ochildi. Natijada, qo`lyozma holida tarqalib kelgan asarlarni tez va ko`p nusxada bosib nashr etish imkoniyati tug`ildi. Ushbu bosmaxonalarda o`zbek xalqining mashhur shoirlari, adiblari: Navoiy, Bedil, Fuzuliy, Sa‘diy, Xofiz Sheroziy, Mashrab, Munis, Furqat, Muqimiy va yosh shoirlarning yangi qo`lyozmalari bosilib, keng tarqatila boshladi. Shuningdek, diniy va ahloqiy asarlar tez-tez chop etila boshlandi.
Qadim Turkiston o`lkasida birinchi bor gazeta nashr etila boshlandi. Dastlabki gazeta - Turkiston general gubernatorligining nashri bo`lmish "Turkestanskie vedomosti" 1870 yil 28-alreldan chiqa boshladi. 1871 yildan unga ilova sifatida o`zbek tilida "Turkiston viloyati gazetasi" ham chiqarila boshlandi. Furqat va Sattorxonlarning publitsist, adib va ma‘rifatparvar sifatidagi faoliyatiga ushbu gazetaning ta‘siri katta bo`ldi.
O`lkada tarix, manbashunoslik, arxeologiya va asori-atiqalar bilan shug`ullanuvchi mutaxassislar yetishib chiqdi. Masalan, samarqandlik Mirzo Qosimov, Abu Sayd Maxsum, Mirzo Abdulla Buxoriy, toshkentlik savdogar Akram Asqarov, etnograf Shohimardon Ibrohimov, arxeolog olim Turdi Mirg`iyosov shular jumlasidandir. Noyob qadimgi tangalar va arxeologik yodgorliklarni to`plashda ularning xizmati kattadir. Akrom Asqarov Parijdagi Ilmiy arxeologiya jamiyatining a‘zosi bo`lgan va Rossiya Imperator Apxeologiya jamiyatining kumush medali bilan taqdirlangan edi.
Chor bosqinidan keyingi Turkistoni madaniy muhitida tarixnavislar maktabi ham alohida o`rin tutadi. Xususan, Qo`qonlik Avaz Muhammad Attor Huqandiy ("Tarixi jahonnomai") farg`onalik tarixchi Niyoz Muhammad Huqandiy ("Tarix-i Shohruhiy"), Junaidxon o`g`li Turaqurg`oniy ("Tarixi Farg`ona"), toshkentlik tarixchi Muhammad Solih ("Tarixi jadidayi Toshkent"), buxorolik tarixchilar Mirzo Abduazim Somiy Bo`stoniy ("Tuhfayi shohiy"), Mirza Salimbek ibn Muhammad Rahim ("Tarixi Salimiy") va xorazimlik solnomachi Muhammad Yusuf Bayoniylar ("Shajarai Xorazmshohiy", "Xorazm tarixi") shular jumlasidandir. Bu tarixchilarning asarlarida Turkistonni ruslar tomonidan istilo qilinishi, jazo otryadlari tomonidan tinch aholining qatl - qirg`in qilinishi haqqoniy bayon qilingan.
XIX asr so`nggi choragida Turkistonda ma‘rifat va maorif haqida gap ketganda, sho`ro davri ilmiy va ommaviy adabiyotlarida xalqimiz savodxonlik darajasi asossiz ravishda pasaytirilib, bu bilan uning tarixiy o`tmishi kamsitildi va milliy g`ururga ziyon yetkazildi. "Xalq inqilobga qadar savodsiz edi", "Turkiston aholisi deyarli butkul savodsiz bo`lib, o`qishni biladigan kishilar 2 foizdan oshmagan", - degan fikr ustivor bo`lib keldi.
O`sha davr voqealigining bevosita guvohi bo`lgan rus ziyolilarining fikrlari yuqoridagi ta‘riflarga bugunlay ziddir. A.Middendorf "Ocherki ferganskiy dolin" (SPB, 1882 g.) kitobida: "Farg`onada hamma o`qish va yozishni bilishini nazarda tutsak, tub joy aholisi uchun zarur qo`llanmalar nashr etilishi bilanoq taraqqiyot juda tezlashib ketadi" deb yozgandi. Boshqa bir rus ziyolisi S.Gramenitskiy: "Mahalliy xalqqa shu joyning xat-savodini o`rgatish ishi Turkiston o`lkasida juda qadim davrlardayoq g`oyat keng tarqalgan. O`lka bosib olingach, ruslar bu yerda juda ko`p maktab borligini ko`rdilar...", - deb yozgandi.
Chor imperiyasi o`lkada milliy ma‘rifat va madaniyatning o`sishiga, milliy ruhni saqlab qolgan holda Yevropa madaniyati yutuqlaridan foydalanishga qaratilgan intilishlarning oldini olishga, hamda tub joy aholini ruslashtirish orqali kelajakda ruslar bilan qo`shib yuborish siyosatini yurgizdi. Maorif sohasida esa "Turkiston o`lkasidagi davlatga qarashli maktablarda musulmon tili ham, musulmon dini ham o`qitilmasligi kerak" ligi asos qilib olindi.
Shu maqsadda o`lkada rus-tuzem maktablari ochila boshlandi. Rus-tuzem maktablarining asl maqsadidan qat‘iy nazar, bo`lg`usi O`zbekistan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida katta o`rin egallagan ziyolilar shu maktablarda tarbiyalandilar.
XIX asrning 80-yillarida Turkistonda madaniy hayot sohasida millim ziyolilarning shakllanish jarayonida yangi -ma‘rifatparvarlik oqimi yuzaga keldi. Bu oqimning eng yaxshi nakillari feodal qoloqlikka, jaholatga, ijtimoiy zulmga qarshi chiqdilar, uni tanqid qildilar. Turkiston ma‘rifatparvarligi oqimining ko`zga ko`ringaq vakillari Sattorxon Abdulg`afforov (1843 -1902), Ahmad Donish (1827 - 1897), Berdaq ( 1827 - 1900), Furqat (1858 - 1909), Muqimiy ( 1859 - 1903), Dilshod Barno (1800 - 1906), Zavqiy (1853 - 1921), Anbar Otin (1870 - 1915) va boshqa ma‘rifatparvarlar o`z asarlarida xalqni fan-texnika yutuqlaridan bahramand bo`lishga chaqirdilar. Real voqealikni ijtimoiy-siyosiy hayotdagi adolatsizliklarni, jaholatni tanqid qildilar.
Chor imperiyasining mustamlakachilik harakati, mahalliy bozorlarga egalik qilishi, o’lkaga yevropacha madaniyat va taraqqiyotning kirib kelishiga to’sqinlik qilishi, Ismoil Gaspirinskiy boshliq Rossiya musulmonlari - ma‘rifatparvarlarining faoliyati, hamda qo`shni Sharq mamlakatlaridagi mustamlakachilikka qarshi ko`tarilgan milliy - ozodlik harakati ta‘sirida Turkistonda mahalliy burjuaziya va ziyolilarning birlashuvi va tarixda jadidchilik harakati deb nom olgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma‘rifiy oqimining yuzaga kelishiga sabab bo`ldi.
Turkistonda jadidchilik harakati "Usuli jadid" maktablari tashkil etish bilan boshlandi. Undan matbuotga, teatr san‘ati va dramaturgiyaga, "milliy romanchilik" - yangi adabiyot yaratishga o`tildi. Tatar ma‘rifatparvari I. Gaspirinskiy asos solgan "usuli jadid" maktabida o`qitish quruq yodlashdan iborat bo`lgan harf asosida emas, balki nutq tovushlariga asoslangan bo`lib, bu maktablarda tabiiy va ilmiy fanlarga katta e‘tibor berilar edi.
Yangi usul maktablari o`tgan asrning oxirlarida Turkistonning turli shaharlarida yuz ocha boshladi. Buxoroda Mulla Jo`raboy tomonidai 1900 yilda, Samarqandda Siddiqiy Ajziy tomonidan 1901 yilda, Toshkentda Munavvar Qori tomonidan 1901 yilda, A. Avloniy tomonidan 1904 yilda ochilgan yangi usul maktablari bu faoliyatning debochasi bo`ldi. Shunga muvofiq, Saidrasul Aziziy, Munavvar Qori, A. Avloniy, Behbudiy, Sayid Rizo Alizoda, S. Ayniy, Hamza, A. Fitrat kabi jadidchilik harakatining ilg`or vakillari yangi darsliklar yaratdilar va maorifga asos soldilar.
Turkistonning ilg`or ziyolilari va savdo ahli Misr, Hindiston, Afg`oniston, Turkiya, Boku, hamda Rossiya musulmonlari chiqaradigan gazeta va jurnallarga obuna bo`lib va bu vaqtli nashrlarda o`z maqolalari bilan ishtirok etib matbuot ishiga qizg`in aralasha boshladilar. Ular matbuotning juda katta ma‘rifat tarqatuvchilik ahamiyatini tushunib. 1905 yili o`zlarining "O`rta 0siyoning umrguzaronligi", 1906 yildan boshlab "Taraqqiy" degan dastlabki gazetalarini chiqara boshladilar. Munavvar Qori 1906 yili "Xurshid", A. Avloniy 1907-1908 yillarda "Shuxrat", Behbudiy 1912 yili "Samarqand" gazetasiga va "Oyna" jurnaliga asos soldi. Shu tariqa o`lkada "Kengash", Sidoy Turkiston", "Sadoy Farg`ona", "Najot", "Hurriyat", "Turon", "Ulug` Turkiston" kabi gazeta va jurnallar chiqa boshladi. Buxoro amirligida 1912 yili dastlab, fors tilida "Buxoroi Sharif" gazetasi, so`ngra o`zbek tilida "Turon" gazetasi chiqa boshladi. Shunday qilib jadidlar o`lka
madaniy - ma‘rifiy hayotida juda katta ta‘sir ko`rsatgan milliy matbuotga asos soldilar.
Ana shu yillarda o`zbek realistik teatrining tug`ilishi va shakllanishida Ozarbayjon va Qozon teatrlarining ta‘siri yuqori bo`ldi. 1911 yili Behbudiy "Padarqush yoki o`qimagan bolaning holi", Abdulrauf Samadning "Mahramlar" pe‘salari o`zbek dramaturgiyasini boshlab berdi. O`zbek teatri esa shu asarlarni ijro etishni boshladi. Behbudiy 1913 yilda Samarqandda havaskor teatr truppasini tashkil etdi. Bu gurux 1914 yilda Qo`qonda, Andijonda, Buxoroda, Kattaqo`rg`onda o`z gastrollarini o`tkazdi. Shu paytda Toshkentda A. Avloniy o`z teatr guruhini ochdi. 1914 - 1915 yillarda Namangan, Andijon, Kattaqo`rg`on va Turkistonning boshqa madaniy shaharlarida ham teatr guruxlari yuzaga keldi. Farg`onada teatr ishiga Hamza Hakimzoda Niyoziyning ta‘siri ulkan bo`ldi.
Asrimiz boshlarida o`zbek madaniyati yangi o`zbek adabiyoti yuzaga keldi. 1916 yilda Toshkentga kelgan A. N. Samoylovich Turkistonda yangi adabiyot yuzaga keldi, uning markazi Samarqandda bo`lib, yosh adabiyotning bosh ilhomchisi Behbudiydir, deydi va yangi adabiyotdan namunalar keltiradi: "Padarqush" (Behbudiy), "To`y (N. Qudratulla), "Baxtsiz kuyov" (A.Qodiriy), "Axloq", "Juvonmarg" (A. Badriy), "Ko`knori", "Eski maktab – yangi maktab" (Xoji Muin) va boshqalar. Buxoroda esa A.Fitratning "Munozara", "Bayonoti sayyohi hind", "Rahbar najot" nasriy asarlari va inqilobiy ohangda "Sayha" she‘rlar to`plami keng tarqaldi. Cho`lponning "Do`xtir Muhammadiyor" (1914), A. Qodiriyning "Uloqda" (1916) hikoyalari hikoyanavislikning eng yaxshi namunalari bo`lgan bo`lsa, endi romanchilikka ehtiyoj kuchaydi. Cholpon "Adabiyot nadur" (1914) maqolasida yangi adabiyotning yo`nalishini ko`rsatib berdi. Romanchilikning ilk asoslarini Mirmuhsin Shermuhammedov ("Farzandsiz Ochildiboy", 1914 y), Hamza ("Yangi saodat yoxud milliy roman" 1915), A. Qodiriy, A. Fitratlar qo`yishdi.
Albatta, yaratilgan bu asarlar hali roman bo`lmay, balki roman yaratish yo`lidagi tajribalar edi. Asrimiz boshidagi, asosan, jadidlar boshchiligidagi ijtimoiy - siyosiy, madaniy - ma‘rifiy oqim tarafdorlari millatni yevropacha ilm - fanni o`rgatishga, tillarni bilishga, milliy mutaxassislar tayyorlashga, savdo - sotiqni rivojlantirishga, chet ellarga chiqishga da‘vat etadilar. Millat ma‘rifatli bo`lmas ekan, o`zligini anglamaydi, o`zligini anglamas ekan, mustaqillikka erisha olmaydi. Jadidlar ma‘rifat va madaniyat orqali Turkistonni ozodlikka, mustaqillikka erishish uchun harakat qiladilar.
Chor hukumati o`lkaga madaniyat olib kelmadi balki milliy madaniyat va taraqqiyotning rivojiga to`g`anoq bo`lib qoldi. U ilg`or ziyolilarni, ma‘rifatparvarlarni ta‘qib ostiga oldi. Shu sababdan Furqat umrini oxirigacha yurtidan chetda, xorijda yashashga majbur bo`ldi. Chor maorifchilari o`lkada yangi usul tarqatuvchi jamiyatlarni turli siyosiy ayblar bilan yopib qo`yishar edi. Qisqasi, Chorizm siyosati Turkistonni mustamlakachilik zanjirida tutib turish uchun uni jaholat va qoloqlikda tutib turishga intildi va kurashdi.
Chor hukumatining "Sharqqa nisbatan buyuk madaniylashtiruvchilik xizmati" nimalardan iborat bo`ladi? Bu haqda I. Gaspirinskiy 1881 yildayoq "Rus musulmoni" asarida: "Xo`sh bu xizmat nimada namoyon bo`ladi? Uning ma‘nosi qozini uezd boshlig`iga, noibni pristavka, beklarni oblastu guberniya, ipak to`nni dvoryanin yoqasiga almashtirib qo`yishdan iborat bo`ldi" - deb yozgan.
1917 yil Oktyabr tuntarilishidan keyin Turkiston general - gubernatorligida TASSR, 1920 yilda Buxoro va Xiva xonlik tizimi tugatilib, Xalq Sho`rolari respublikasi tashkil etildi. Yangi respublikalarda fan - madaniyat va maorif sohasida ba‘zi bir jiddiy qadamlar ko`yila boshlandi. Xususan, RSFSR XKS ning 1919 yil 26 dekabrdagi "Aholi o`rtasida savodsizlikni tugatish to`g`risida" gi dekreti katta ahamiyatga ega bo`ldi. Unda 8 yoshdan 50 yoshgacha bo`lgan aholining o`zi hohlagan tilda ta‘lim olishi ta‘kidlangandi.
Moskva va Petrograd universitetlari va Temiryazev qishloq xo`jalik akademiyasi bazasida Turkiston davlat universitetining Tashkiliy Komiteti tuzildi. 1920 yil 20 sentyabrda esa TurkDU ochildi.
O`zbekistonda 1927 yildan 1940 yilgacha o`rta maxsus o`quv yurtlarining soni 41 tadan 98 ga ko`paydi Unda o`qiydiganlar esa 7,1 mingtadan 25,1 mingtaga oshdi. Shu yillar ichida Oliy o`quv yurtlari studentlarining soni 3,8 mingdan 19,1 minggacha ko`paydi. 1940 yilga kelib respublikada 75 ta ilmiy-tekshirish muassasalari bor edi.
1920 yillar boshida ko`plab talantli yoshlar F. Xo`jaev, A.Fitrat tashabbusi bilan Germaniyaga o`qishga yuborildi. 1924 yil Buxoro, Xiva va TASSR birlashib, O`zbekiston SSR tashkil topdi. Shu yili juda ko`p iqtidorli yigit-qizlar Moskvaga o`qishga jo`natildi. San‘atkor yoshlardan M. Uyg`ur, Ye. Bobojonov, A. Xidoyatov, S. Tabibullaev, S. Eshonturaeva, bo`lg`usi kompozitorlardan M. Ashrafiy, M.Burxonov va boshqalar shular jumlasidandir.
20 - 30 yillar o`zbek professional teatrining rivojlanish va shakllanish davri bo`ldi. 1928 yilda Respublikada 6 teatr bor bo`lgan bo`lsa, 1938 yilda 36 teatr faoliyat yurgizayotgan edi. O`zbek Teatri rivojida Hamza teatrining o`rni juda katta bo`ldi. 1936 yil esa Toshkent Davlat Konservatoriyasi tashkil etildi. Birinchi o`zbek muziqali dramasi R. Glierning "Gulsara", opera janrida "Buron" (1939), "Layli va Majnun" (1940) yuzaga keldi.
1932 yilda O`zbekiston Rassomlar Soyuzi tashkil topdi. Rassomlar soyuzi tarkibida U. Tansiqboev, I. Ikromov, M. Musaev, I. Belkov, V. Ufimtsev, L. Abdullaev, S. Abdullaev, X. Nasritdinov, R. Ashurov kabi rassomlar yetishib chiqdilar.
RKP (6) MK ning 1927 yil 14 yanvardagi "Sovet Sharqidagi ayollar klubining vazifalari haqida" qarori o`lkada xotin - qizlarni paranjidan qutulish harakatini boshlab berdi. Garchi bu faoliyat shoshma-shosharlik, kompaniyachilik bilan olib borilgan bo`lsa-da, ayollarni davlat va jamoat ishlariga tortishga asos bo`lib xizmat qildi.
Matbuot shiddat bilan rivojlandi. TASSR davridayoq milliy tilda 60 dan ortiq gazeta-jurnallar chiqarildi. Respublikada kino san‘ati yuzaga keldi. O`zbek kino san‘atining asoschisi xorazmlik Xudoybergan Devonov bo`lib, u inqilobgacha fotograf va kino operatori sifatida ishlagan edi. 1925 yilda O`zbekistonda "O`zbekfilm" kinostudiyasi tuzildi. Unda bo`lg`usi talantli kinorejissyor va kinoaktyorlar. N. Ganiev, K. Yormatov, S. Xujaev, M. Qayumov, Yu. A‘zamov, Ye. Bobojonov, A. Ismatovlar dastlabki qaldirg`ochlar bo`lishdi.
Xuddi ana shu yillarda o`zbek milliy madaniyati rivojining o`ziga xos hususiyatlari haqida fikr yuritgan faylasuf A. Erkaev shunday yozadi. "Bu borada o`zbek fan - madaniyatini Xorijiy qo`shni mamlakatlarning birontasi bilan ham taqqoslash mumkin emas. Na Indoneziya, na Bangladesh, na Pokiston, na Misr va na Eron ilm-fan, san‘at va fundamental tadqiqotlar rivojlanish darajasi bo`yicha O`zbekistonga teng kelolmaydi. Axir ularning o`tmish tarixi biznikidan kam emasdi"
Qolaversa, olim ta‘kidlaganidek, - "..arab imlosidan o`zbek xalqi qariyb 1100 yildan oshiq foydalanib keldi. Shu davr ichida xalqining savodsizligi 20 foizdan oshmadi... Lekin 1940 yilda o`zbek xalqining savodxonlik darajasi 90 foizga yetdi".
Sovetlar davrida O`zbekiston fan - madaniyati, sanoat va shahar qurilishi kabi madaniy jarayondagi rivojlanish o`ziga xos ziddiyatli edi. Bunday siyosat natijasi ularoq milliy qadriyatlar, milliy ong, milliy ruhni tarbiyalovchi manbalar siquvga olindi. "Millatlarni qo`shib yuborish - yagona sovet xalqini yuzaga keltirish", buning uchun ruslashtirish siyosatini amalga oshirish bu davr madaniy siyosatining asosiy maqsadiga aylandi. Oktyabr tuntarishidan keyingi yillarda o`zbek alifbosi uch marta o`zgardi. Arab alifbosidan lotinchaga, undan rus alifbosiga o`tildi. Natijada oddiy xalq uch marotaba savodsiz bo`lib qoldi.
Xalqimiz tarixining qariyb bir ming uch yuz yili arab imlosida bitilgan ma‘naviyati va madaniyatidan bebahra etildi. Qolaversa, Al-Xorazmiy, al-Farg`oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ulug`bek, A. Navoiy va boshqa minglab qomusiy aql egalari o`zlarining jahonni lol qoldirgan buyuk asarlari arab imlosida edi.
20-30 yillarda dinga qarshi kurash shiori ostida arab imlosida bitilgan nodir ilmiy-falsafiy, tarixiy-adabiy asarlar ham qatag`on qilindi - o`tga tashlandi, ko`mildi, suvga oqizildi. Uyida shunday kitoblar saqlagan kishilar millatchi va "Xalq dushmani" sifatida qatagon qilindi.
Chor imperiyasi davrida ham u qadar jur‘at etilmagan diniy e‘tiqodni, madaniy merosni, tarixiy obidalarni quvg`in va yo`q qilish Sovet davrida amalga oshirildi. Madaniy merosga bo`lgan vahshiylik shu darajaga borib yetdiki respublikamizdagi ko`pchilik shahar va qishloqlarda masjid va madrasalar, juda ko`plab tarixiy obidalar, yodgorliklar o’ylamay-netmay buzib tashlangan. Ular toptalib, xo`jalik binolariga aylantirilgan. Hatto 1966 yilda Toshkentning Chorsu dahasidagi Jomiy masjidi odamlar ko`z o`ngida buzib tashlangan.
1937-38 yillar O`zbekiston ziyolilari uchun ofat yili bo`ldi. Minglab partiya va davlat arboblari fan va madaniyat, adabiyot va san‘at ahllari qatag`on qilindi. Muhtaram yurtboshimiz I. Karimov iborasi bilan aytganda: "Feodalizm sarqitlariga qarshi kurash shiori ostida 30-40 yillarda va 50 yillarning boshlarida o`zbek xalqining ko`p asrli madaniy merosi, an‘ana va urf-odatlarini saqlash va boyitishga harakat qilgan O`zbekiston fani va madaniyatining bir qancha taniqli arboblari, jumladan, A. Qodiriy, U. Nosir, Oybek, Shayxzoda, Shukrullo, Shuhrat, Turob To`la va boshqalar millatchilikda ayblanib, qatag`on qilindilar. Bundan maqsad millatning tarixiy va madaniy merosidan, millatning jon tomiridan xalqimizni bebahra qoldirish edi. Qatag`on mashinasi o`nlab yillar davomida tinmay ishlab keldi. 80-yillarning o`rtalarida "Paxta ishi", "O`zbeklar ishi" to`qib chiqarildi, o`zbek xalqi nomiga tuxmatlar qilindi.
Hayriyatki, xalqimiz, millatimiz o`zligini anglab, milliy g`urur tuyg`usi kuchayib tengligi va erkinligi uchun kurash harakati 1991 yil 30 - avgustga kelib O`zbekiston Respublikasining mustaqiligini e‘lon qilish bilan tugadi.
Mustaqil O`zbekistonda madaniy meros va qadriyatlar tiklanmoqda. Qatag`on qilingan adiblarimiz, san‘atkorlar nomlari, asarlari qayta hayot yuzini ko`rmoqda. Uning o`z davlat tili. Davlat gerbi, bayrog`i, gimni bor. BMT ning teng a‘zosi sifatida, adolatli demokratik jamiyat sari, yuqori madaniyat va taraqqiyot sari ildam qadam tashlamoqda. Bundan tashqari ana o`sha yillari o`zbek milliy ma‘naviy merosini o`rganishga doyr ham bir qator ijobiy ishlar yo`lga qo`yildi. Bu o`rinda xalqimizning qadimgi va o`rta asrlar davri madaniyatining ulug` allomalari bo`lgan Farobiy, Beruniy, Ibn Sino. Ahmad Yugnakiy, Mahmud Qoshg`ariy, Yusuf Xos Xojib, Atoiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Muhammad Solih kabilarning asarlari bir muncha to`la holda nashr etildi. O`zbek milliy musiqasining qomusiy asari bo`lgan "Shoshmaqom" to`planib chop etildi. Milliy san‘atimiz va madaniyatimiz xalq hunarmandchiligi tarixini o`rganish bo`yicha bir qator arxeologik izlanishlar olib borildi va bu borada dunyo ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirildi.
Albatta, yuqorida ta‘kidlangan ishlarni qayd etish bilan sovet hokimiyati yillaridagi madaniy siyosatni yoqlash yoki uni tartib etish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Chunki, o`sha davrda madaniyat sohasidagi barcha ishlarga rahnamolik qilgan madaniy siyosatning o`zi nihoyatda murakkab bo`lish bilan bir qatorda o`ta makkorlik bilan olib borilgan edi. Zero, bu borada o`zbek xalqi tarixiga nazar tashlaydigan bo`lsak, sovet hokimiyatining dastlabki kollektivlashtirish davridan boshlab, Stalin shaxsiga sig`inish yillari avj olgan qatag`onchilikdan tortib, "rivojlangan sotsializm" davridayoq (aslida turg`unlik yillari bo`lgan) uyushtirilgan "O`zbek ishi" deb ataluvchi ma‘naviy terroristik kompaniyachilikning qanchadan-qancha jabru-sitamlarini bu xalq ko`rmadi.
Bu davr madaniy jarayoniga xos xufiyona makkorlik hususiyati shunda ediki, o`sha kommafkuraning sinfiylik va partiyaviylik g`oyalariga asoslanuvchi baynalmilallik shiori ostida barcha millatlar madaniyatini o`z tarixiy va ma‘naviy zaminlaridan begonalashtirish, eng muhimi, bu davr madaniy siyosatida qardoshlik va birodarlik niqobi ostida go`yo ularga g`amxo`rlik qilingandek shunday bir munofiqona ish yuritildiki, uning asli zaminida milliy madaniyatlar rivoji emas, aksincha "shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat" yaratish shiori ostida rus markaz madaniyati maddohchiligi, ya‘ni (Rusotsentrizmga xos), "yagona sovet madaniyati" ni yaratish g’oyasini ilgari surardi. Sho`rolar davriga xos ana shunday sharoitda bu tuzum vositachilari ko`plab sohalar kabi bugun madaniy jarayonni ham o`sha davr manfaatlariga nisbatan o`ta sadoqatli bo`lishga da‘vat etdilar. Qolaversa, ana shu maqsad yo`lida jamiyat va inson ongini, ma‘naviy dunyoqarashini, ahloqiy estetik idrok va hissiyotlarini, diniy e‘tiqodlarini moslashtirish uchun barcha vositalardan foydalanishga hamma imkoniyatlar yaratildi. Ochig`ini aytganda, sho`rolar madaniy siyosatida ham yopiq - yashirin ko`rinishdagi ma‘naviy terroristik siyosat amalga osha boshladi. Bu siyosatning asosiy printsipiga aylangan "shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat" yaratish istagi yo`lida xalqimizning milliy g`ururi toptaldi, adabiyoti, san‘ati, tili, urf-odatlari, diniy e‘tiqodlari kamsitildi, izzat-nafsi yerga urildi. Eng achinarlisi, qonxo`rlik va bosqinchilik siyosatini avj oldirgan Turkiston general gubernatori M.Skobelevning- "Millatni yo`q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, san‘atini, tilini yo`q qilsang bas, tez orada o`zi tanazulga uchraydi" degan yaramas bashoratlari sho`rochilikning hayot normasiga aylandi.
Sho`rolar davri o`zbek milliy madaniyati rivojining o`ziga xos hususiyatlarini tahlil etarkanmiz, bu davr madaniy siyosatidagi quyidagi hususiyatlar ko`zga tashlanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |