FALSAFIY TAFAKKUR VA TARIX FANLARI RIVOJI
Bu davr madaniyatining xarakterli jihatlaridan biri-o`tmish falsafiy merosini o`rganish, ilmiy-tabiiy bilimlarni o`zlashtirishga bo`lgan qiziqish bilan cheklanganlik, falsafa va adabiyot orqali insonparvarlik g`oyalarini ilgari surish bo`lgan.
Albatta bu davr ijtimoiy-falsafiy ta‘limotlarida ilk Ug`onish davridagi singari umumjahon falsafiy tafakkur taraqqiyotiga ulkan hissa bo`lib qo`shilgan asarlar vujudga kelmagan. Forobiy, Ibn Sino singari falsafiy tafakkur egalari ko`zga tashlanmaydi. Lekin o`tmishning, ayniqsa, ilk Uyg`onish davri va Temuriylar davrining buyuk faylasuflari asarlariga sharhlar, izohlar yozish davom etib, Mirzajon Sheroziy, Yusuf Qorabog`iy, Muhammad Sharif Buxoriy, Inoyatullo Buxoriy va Husayn Xalholiy singari faylasuflar yetishib chiqadilar. Ularning ko`pchiligi qadimgi Yunon, hind va islom falsafasi bilan chuqur tanishadilar, ularni puxta o`zlashtirib oladilar.
Shayboniylar va Ashtarxoniylar davri madaniyatining yana bir muhim hususiyatlari - tarixnavislik fanining rivojlanganligidir. Buning boisi, birinchidan, millatning shakllanish jarayoni, milliy o`zlikni anglashga, ikkinchidan, o`zi mansub bo`lgan xalq, elat yoki urug`ning kelib chiqishi, ularning, til, e‘tiqod, ruhiyat birligi, xalq tarixida ro’y bergan hodisalarni yoritishga bo`lgan intilishning kuchaya borishi, boshqa urug`lar, elatlar bilan aloqasi va boshqa jihatlarini bilishga, uchinchidan, milliy ong, milliy g`urur va millatparvarlikning shakllana borishi natijasidir. XVI asrdan boshlab Markaziy Osiyoda yashayotgan turli xalqlar, elatlar va urug`larning tarixini yorituvchi asarlar yaratish an‘anaga aylana boradi. Masalan, Shayboniylar davrida tarixga oid quyidagi asarlar vujudga keladi. Muallifi noma‘lum bo`lgan "Tavorixi guzidayi Nusratnoma". Mulla Shodiyning, "Fatxnoma", Binoiy va Muhammad Solihlarning, "Shayboniynoma" lari, Abdulloh Nasrullohiyning "Zubdat al asor", Fayzulloh Ro`zbixonning "Mehmonnomai Buxoro", Zayniddin Vosifiyning „Badoe ul-vaqoe‘", Hofizi Tanish Buxoriyning "Abdullanoma" va boshqa asarlar yoziladi.
Ashtarxoniylar davrida ham tarixnavislik fani rivojlanadi. Bu davrda tarixga oid Mahmud ibn Valining "Bahr al asror", Abulg`ozixonning "Shajarai turk" va "Shajarai tarokima", Xoja Samandar Termiziyning "Dastur al mulk", Muhammad Yusufning "Muqimxon tarixi", Abdurahmon Tolening, "Abulfayzxon tarixi", Hojamqulixon Balxiyning "Qipchoqxon tarixi", Ashtarxoniy shahzoda Mir Muhammad Salimning, "Silsilai as-salotin" kabi asarlari yoziladi.
Ashtarxoniy hukmdorlardan Subxonqulixon davrida fan taraqqiyotida ozgina bo`lsada siljish ro`y beradi. Masalan, Mulla Tursun Faroziy, Mulla Ne‘mat Samarqandiylar matematika, astronomiya va geometriya bo`yicha, Abdulla Ofarinketiy, Ali Buxoriy, Mulla Rahmat Samarqandiylar musiqashunoslik bo`yicha faoliyat ko`rsatadilar.
Subxonqulixon o`z davrining mashhur tabiblaridan bo`lib, fuqaroning sog`ligini saqlash ishiga alohida e‘tibor beradi. U Markaziy Osiyoning issiq iqlimi sharoitida aholi o`rtasida ich ketish kasalligining ko`payishini yaxshi bilgan. Shu sababdan bahorning oxiridan to kech kuzgacha novvoylar uchun maxsus farmoyish chiqarib, nonning yuziga kunjut sepishlarini qattiq nazorat ostiga oladi.
Subxonqulixon 1697 yilda Buxoroda 18 hujrali "Dor ush-shifo" nomli madrasa-kasalxona qurdiradi. Bu maskan qoshida tashhisxona, dorixona, kutubxona va boshqa yordamchi binolari mavjud bo`lgan. "Dor-ush-shifo" xarajatlariga vaqf mulklaridan keladigan 40 ming tanga ajratilgan.
Subxonqulixon o`z saroyiga tabiblarni yig`ib, tabobat borasida ilmiy anjumanlar tashkil etib turgan. Bu anjumanlarda o`sha davrda keng tarqalgan kasalliklar va ularni bartaraf etish yo`llari, tabobatga oid yangiliklar tinglangan. Subxonqulixonning o`zi tabobatga oid ikkita asar yozgan. Bu asarlar o`zbek tilida yozilgan bo`lib, ularning birinchisi „Subxon tibbiyoti" deb nomlangan va unda turli xil kasalliklarni aniqlash hamda davolash yo`llari tushunarli tarzda tasvirlab berilgan. Ikkinchi asari 8 qismdan iborat bo`lib, „Subxonning xayotbaxsh tibbiyoti" deb yuritilgan. Asarning har qismida dorilarning sifatli tayyorlanishi va ishlatilishiga oid masalalar yoritilgan. Bu asar ham o`zbek tilida yozilgan. Uning o`zi bu hususda shunday deb yozadi: „O`tmishdagi tabiblar bizga arab va fors tillarida yozilgan asarlar qoldirganlar. Men turk /o`zbek/ tilida yozilgan tibbiy kitob uchratmadim. Mahalliy aholi arab va fors tilida yozilgan kitoblardan foydalana olmaydi. Shuning uchun men o`z kitoblarimni turk /o`zbek/ tilida yozdimki, undan o`zimizning odamlar foydalansinlar".
Xullas, bu davrda Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotgan turli xil etnik guruhlarning kelib chiqishi, tili, urf-odatlari, moddiy hayot shart-sharoitlari hamda taxt tepasida turgan hukmdorlar sulolalari, ularning davlat tepasiga kelishi, zafarli yurishlari va taqdiri to`g`risidagi turli xil tarixiy asarlar yuzaga keladi.
Bu davr adabiyotining asosiy hususiyati - adabiy jarayonda o`sha davr hukmdorlari ta‘sirining sezilib turganligi bilan harakterlanadi. Hukmdorlarning o`zlari she‘riy, nasriy va tarixiy asarlar yaratishga bo`lgan intilishlari bilan ko`zga tashlanib turganlar. Bu holat Shayboniylar, Ashtarxoniylar va hatto, rus istilosigacha bo`lgan hukmdorlarning deyarli barchasiga xos bo`lgan hususiyatdir. Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdulazizxon, Subxonqulixon, Abulg`ozixon, Qo`qon xoni Umarxon, Xivaning so`nggi xonlaridan Muhammad Rahimxon /Feruz/ va boshqalarning she‘riyat, nasr va tarix sohalarida qalam tebratganlari fikrimizning dalilidir.
She‘riyatda qalam tebratgan hukmdorlardan biri Muhammad Shayboniyxonning o`zidir. U o`z umrining ko`p qismini jangu-jadalda o`tkazsa-da, ilm-fan va san‘atga qiziqishi ancha baland bo`lgan. U yaxshi ta‘lim-tarbiya olgan. Natijada iste‘dodli shoir, musavvur, musiqachi va xushovozli qiroatxon bo`lgan.
Muhammad Shayboniyxondan bizgacha bir nechta o`zbekcha g`azal, ruboiy va "Bahr ul xudo" nomli doston yetib kelgan. Tarixiy ma‘lumotlarga ko`ra, bulardan tashqari Shayboniyxondan o`z o`g`li Temur Sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitob ham qolgan bo`lib, bu kitob Turkiyada saqlanadi.
Shayboniyxon temuriylar sulolasining an‘analarini davom etgirib, ilm-fan, san‘at va adabiyot ahllarini o`z saroyiga to`playdi. O`z davrining Muhammad Solih, Binoiy kabi yetuk so`z ustalari Shayboniyxon saroyida faoliyat ko`rsatadilar. Shayboniyxonning o`zi ham "Shaboniy", "Shayboniy" taxalluslari bilan g`azallar bitgan. Mana uning g`azallaridan biri.
Do'stlaringiz bilan baham: |