«Sohil yoqalab chopayotgan olapar»
Uning “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasini ilk bor o‘qiganimda o‘zimni xuddi Oxoto dengizi sohillarida yurgandek his etgandim. Keyin Oqsoqol O‘rxon, Emrayin, Milxun va ochiq dengizga birinchi bor chiqayotgan, tag‘inam ov uchun chiqayotgan Kirisk bilan bitta qayiqda edik. Asarni o‘qish asnosida nimagadir Kirisk g‘oyib bo‘lib qoldi. Hali etni junbushga keltiradigan asar voqealariga start berilmagan, kulminatsiyagacha biroz bor. Keyin bilsam, Kirisk... menga aylanib qolgan ekan. Ya'ni men o‘zimni Kirisk ruhiyatida yashay boshlaganimni sezib qoldim.
Asar voqealari o‘quvchini tezda o‘ziga jalb etadi. Ochiq dengizda yo‘ldan adashgan qayiq, kun bilan tunning yo‘qolgan farqi, qahramonlar chekayotgan tashnalik va ochlik azobi, ertangi kunga bo‘lgan umidning so‘nishi... bularning bari o‘quvchi ruhiyatida “yashay” boshlaydi. Aslida haqiqiy yozuvchi qalamga olgan tuyg‘u-tushunchalarini kitobxon qalbida-da “yashata olsa”, bir lahza bo‘lsa-da, uni asar voqealari atmosferasidan ko‘krak to‘ldirib nafas olishiga erisha olsa, u o‘z maqsadiga yetgan bo‘ladi. Yo‘qsa, uvol bo‘lgan so‘z-u, yo‘qotilgan vaqtga achinishdan bo‘lak chora qolmaydi.
“Sohil yoqalab chopayotgan olapar” adibning boshqa asarlariga qaraganda ancha og‘ir o‘qiladi. Chunki uning bosh qahramoni Kirisk birin-ketin yaqinlaridan ajraladi. Avvaliga bobosi, keyin amakisi, so‘ngra esa otasi aynan tabiiy ofat yo kasallik, falokat yoki dushman bilan olishuv natijasida emas chorasizlikdan, bundan ortiq so‘ngsiz azob-uqubatga mubtalo bo‘lmaslik, yanayam boshqacha aytganda, o‘n gulidan bir guli ochilmagan, hali hayot atalmish buyuk ne'matni yaxshi anglamagan Kirisk uchun o‘zlarini qurbon qiladi. Albatta, buni ko‘rib-bilib, yurakdan o‘tkazib hech bir chora topolmayotgan jajji Kirisk uchun bundan-da ortiq azob-uqubat, bundan-da ziyoda g‘am-qayg‘u bo‘lmaydi. Alaloqibat u dengiz bag‘rida qayiqdagi barcha yaqinlaridan ajraladi. So‘ng zaxirasidagi bor ichimlik suvi va yegulik ham tugaydi. Asarning eng qimmatli joyi shundaki, mana shu lahzada endigina ochiq dengizga chiqib ko‘rgan, dengizda yuragidan o‘tkazgan qayg‘ulari shu kungacha ko‘rgan quvonchlarini yamlab ketadigan Kirisk har qancha qiyin bo‘lmasin jamiki chekiladigan azoblardan bira to‘la qutulib qo‘ya qolishdan tiyiladi.
“Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!” — onasi o‘rgatgan mana shu ajoyib so‘zni bola tinmay takrorlay boshladi: “Ko‘k sichqon, suvingdan ber! Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!” Garchi hech qanday mo‘'jiza yuz bermasa ham bola hadeb yalinib-yolvorib ko‘k sichqonni chakiraverdi. Endi bu — bolaning umid-ishonchi va tashnalikka qarshi birdan-bir chorasi bo‘lib qoldi...
Aynan onasi o‘rgatgan mana shu qo‘shiq bolaning tirik qolishiga umid beradi. U cheksiz azoblar girdobida qolsa-da o‘zidagi metin iroda, Yaratgan omonatiga xiyonat qilmaslik, ertangi kunga bo‘lgan ishonch bilan yashay oldi. Mana shu xislat hayotning kichikdan kichik, maydadan mayda qiyinchiligiga duch kelib, “oh-voh” qilayotgan bugungi kun yoshlari uchun har tomonlama namuna bo‘la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |