Qiziqarli faktlar
Men shtatining Bransuik shahridagi Bicher-Stouning ushbu asarni yozgan uyi АQShning diqqatga sazovor joylari ro‘yxatiga kiritilgan;
Insoniyat tarixida muhim rol o‘ynagan adabiy qahramonlarga bag‘ishlangan “101 ta mavjud bo‘lmagan nufuzli shaxs” kitobining ro‘yxatida Tom amaki 11-o‘rinni egallagan;
Insonlar o‘rtasidagi teng huquqlilik g‘oyasi sababli asar Nikolay Rossiyasida taqiqlangan;
“Tom amakining kulbasi” XIX asrning Injildan keyingi eng ko‘p sotilgan kitobi hisoblanadi.
Jinoyat huquqi haqida o‘ylar. “Jinoyat va jazo” romani haqida
Fleshbek
Ushbu romanni ilk bor maktab paytimda o‘qib ko‘rganman. Maktab dasturida o‘tilgan davrdanoq rus adabiyotining buyuk namoyandasi Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy eng sevimli mualliflarimdan biriga aylangandi. Romandagi o‘ziga xos rutubatli, qo‘rqinchli tushkun olam va bunga XIX asr koloritini qo‘shib tasavvur qilganingizda qishning uzun tunlarida o‘qish uchun juda maroqli bo‘lishini his etasiz.
Roman haqida
“Jinoyat va jazo” — 1865—1866-yillarda Fyodor Dostoyevskiy tomonidan yozilgan ijtimoiy-psixologik, ijtimoiy-falsafiy roman. Dastlab 1866-yilda “Russkiy vestnik” jurnalida nashr etilgan. Bir yil o‘tgach, alohida nashr chop etilib, jurnal tarkibi bilan taqqoslaganda uning tuzilishi biroz o‘zgartirildi; bundan tashqari, muallif kitob versiyasiga bir qator qisqartirishlar va uslubiy o‘zgartishlar kiritgan. 1880-yillarda asar fransuz, nemis, shved, ingliz, polyak, venger, italyan, norveg va fin tillariga tarjima qilingan. Asar jahon adabiy jarayoniga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Romanda sobiq talaba Rodion Romanovich Raskolnikov tomonidan sodir etilgan jinoyat va uning oqibatlari haqida hikoya qilinadi.
Syujet
1860-yillar. Sankt-Peterburgning kambag‘allar yashaydigan qismi. Yoz oqshomi. Sudxo‘r kampir Alyona Ivanovnani o‘ldirishni rejalashtirayotgan sobiq talaba Rodion Romanovich Raskolnikov kampirga oxirgi qimmatbaho narsasini garovga topshirib keladi. Qaytib kelayotib, u arzon qovoqxonalardan biriga kiradi, u yerda tasodifan ishdan haydalgan amaldor Marmeladov bilan uchrashadi. U kasalligi, qashshoqligi va piyonistaligi sabab xotini Katerina Ivanovna birinchi nikohidan bo‘lgan qizi Sonyani pul topish uchun ishratxonaga ishga yuborganini aytadi.
Ertasi kuni ertalab Raskolnikov qishloqdagi onasidan xat oladi; xatda singlisi Dunya pomeshchik Svidrigaylovning uyida qanday azoblar chekkani tasvirlangandi. Xatdan u Dunyaning nikohi munosabati bilan onasi va singlisi yaqinda Sankt-Peterburgga kelishi to‘g‘risida bilib oladi. Kuyov tadbirkor Lujin bo‘lib, u nikohni sevgiga emas, kelinning qashshoqligi va qaramligiga qarab qurmoqchi edi. Ona esa Lujin o‘g‘liga universitetni tugatishda moliyaviy yordam beradi deb umid qilardi. Sonya va Dunya yaqinlari uchun qilgan qurbonliklari haqida mulohaza yuritib, Raskolnikovda yaramas, yovuz sudxo‘r kampirni o‘ldirish niyatini kuchaytiradi. Darhaqiqat, uning puli tufayli yuzlab, minglab yoshlar azob-uqubatdan xalos bo‘lishi mumkin. Ammo qahramonning qonli zo‘ravonlikka nisbatan nafrati bolaligini eslatgan tushidan keyin yana ko‘tariladi: o‘shanda bolaning yuragi o‘limga mahkum qilingan qirchang‘i otga achinib ketgan edi...
Shunga qaramay, Raskolnikov nafaqat kampirni, balki kutilmaganda uning xonadonga qaytib kelgan mehribon, muloyim singlisi Lizavetani ham bolta bilan chopib o‘ldiradi. O‘g‘irlangan narsalarni tasodifiy joyga yashiradi.
Ko‘p o‘tmay Raskolnikov dahshat bilan o‘zi va boshqa odamlar orasida begonalashuvni his qiladi. U universitetidagi o‘rtog‘i Razumixin bilan bo‘lgan suhbatda kampirni o‘ldirganlikda gumon qilinib, oddiy qishloq yigiti bo‘lgan rassom Mikolka hibsga olinganini aniqlaydi. Jinoyat haqidagi suhbatlarga og‘riqli munosabatda bo‘lib, uning o‘zi ham boshqalarda shubha uyg‘ota boshlaydi.
Raskolnikovnikiga tashrif buyurgan Lujin qahramonning yashash joyini ko‘rib hayratlanadi. Ularning suhbati janjalga aylanib, aloqalarni uzilishi bilan tugaydi. Raskolnikov ayniqsa Lujinning “oqilona egoizm” nazariyasi va o‘zining “odamlarni chopish mumkin...” degan “nazariyasi” o‘rtasidagi amaliy xulosalar yaqinligidan xafa bo‘ladi.
Peterburg atrofida daydib yurgan Raskolnikov dunyodan ajralib qolishidan azob chekadi va ko‘chada arava bosib ketgan Marmeladovni ko‘rib qolganida jinoyatini tan olishga ham tayyor bo‘ladi. Rahmi kelganidan Raskolnikov oxirgi pulini o‘layotgan odamga sarflaydi: uni uyga olib borishadi, doktor chaqirishadi. Raskolnikov Marmeladovning xotini Katerina Ivanovna va qizi Sonya bilan tanishadi. Sonya otasi bilan fohishalarga xos bo‘lgan yorqin libosda xayrlashadi. Bu qilgan yaxshi ishi tufayli Raskolnikov jamiyatga, qisqa muddat bo‘lsa-da, qo‘shila oladi. Biroq xonadonida onasi va singlisini uchratib, to‘satdan ularning sevgisi uchun “o‘lik” ekanini anglab yetadi va ularni uyidan haydab chiqaradi. U yana yolg‘iz, ammo unga o‘xshab “chegara chizig‘i”ni xatlab o‘tgan Sonya bilan yaqinlashishga umidi bor edi.
Raskolnikovning yaqinlariga Razumixin g‘amxo‘rlik qiladi, u chiroyli Dunyaga oshiq bo‘lib qoladi. Bu orada xafa bo‘lgan Lujin Dunyani tanlashga majbur qiladi: yo u yoki akasi.
Ba’zi tanishlarning shubhalarini yo‘qotish uchun o‘ldirilgan kampirga garovga qoldirilgan narsalar taqdirini bilish bahonasida Raskolnikov kampirning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov olib borayotgan Porfiriy Petrovich bilan uchrashishni so‘raydi. Petrovich Raskolnikovning yaqinda gazetada e’lon qilingan jinoyatchilik haqida yozgan maqolasini eslaydi va muallifdan “ikki toifadagi odamlar” haqidagi “nazariyasini” tushuntirib berishini so‘raydi. Aniqlanishicha, “quyi tabaqa” odamlar o‘z turlarini ko‘paytirish uchun shunchaki materialdir, aynan ular uchun qat’iy axloqiy qonunlar kerak va ular itoatkor bo‘lishi kerak. Bular “titroq mavjudotlar”dir. “Yuqori tabaqa” odamlar esa boshqacha tabiatga ega bo‘lib, hatto “quyi” ko‘pchilik uchun ilgari o‘rnatilgan axloqiy me’yorlarni bosib o‘tishga haqli, masalan, kerak bo‘lsa, birovning qonini to‘kishi mumkin. Ushbu “jinoyatchilar” keyinchalik “yangi qonun chiqaruvchilar”ga aylanadi. Aqlli va zehni o‘tkir Porfiriy Raskolnikovda yangi Napoleon deb da’vo qilsa bo‘ladigan mafkuraviy qotilni ko‘radi. Biroq tergovchi Rodionga qarshi hech qanday dalilga ega emas – va u yigitdagi mehr tabiati, aql xatolarini yengib o‘tib, uni o‘z qilmishlariga iqror bo‘lishiga olib kelishiga umid qilib, qo‘yib yuboradi.
Dunyaning ortidan Sankt-Peterburgga kelgan, yaqinda vafot etgan rafiqasining o‘limida aybdor bo‘lgan Svidrigaylov Raskolnikov bilan uchrashadi va ularning “loyi bir joydan olingan”ini sezadi. Rodion singlisini xafa qilgan bu insondan qanchalik jirkanmasin, uning sodir etgan jinoyatlariga qaramay, hayotdan zavq olib yashash qobiliyatiga ega ekani Rodionning e’tiborini tortadi.
Lujin xasislik qilib, Dunyani onasi bilan birga joylashtirgan arzon xonalardan birida e’tiborga molik voqea sodir bo‘ladi. Lujinni Raskolnikov va Sonyaga tuhmat qilishda ayblashmoqda. Raskolnikov go‘yoki bechora onasi uni o‘qishi uchun fidokorona yig‘ib jo‘natgan pulni Sonyaga “xizmatlari” uchun bergan emish. Qarindoshlar yigitning pokligi va oliyjanobligiga ishonadi hamda Sonyaning taqdiriga hamdardlik bildiradi. Sharmandalarcha quvg‘in qilingan Lujin opasi va onasi oldida Raskolnikovni sharmanda qilish yo‘lini izlamoqda.
Raskolnikov bu orada yaqinlaridan yana begonasirash alomatini his qilib, Sonyaning oldiga keladi. Injildagi “zino qilma” amrini buzgan bu ayolni chidab bo‘lmas yolg‘izlikdan qutulish uchun najot deb biladi. Ammo Sonya yolg‘izlik alamini bilmas edi. U, suhbatdoshidan farqli o‘laroq, boshqalarni o‘zi uchun emas, o‘zini boshqalar (uydagi och opa-singillari) uchun qurbon qilgan edi. Yaqinlariga bo‘lgan sevgi va hamdardlik, Xudoning marhamatiga ishonish uni hech qachon tark etmadi. U hayotida ham mo‘jiza sodir bo‘lishiga umid qilib, Rodionga Iso tomonidan Lazar tiriltirilishi haqidagi Injil oyatlarini o‘qib beradi. Rodion esa “butun chumoli uyasi” ustidan hokimiyat o‘rnatish haqidagi “napoleoncha” g‘oyasi bilan qizni o‘ziga jalb qila olmaydi.
Fosh bo‘lish istagi va qo‘rquvidan qiynalgan Raskolnikov garovga qo‘ygan narsasi haqida qayg‘urayotganday yana Porfiriyning oldiga keladi. Jinoyatchilarning psixologiyasi haqidagi mavhum suhbat oxir-oqibat yigitni asabiy tushkunlikka olib keladi va u o‘zini tergovchiga deyarli topshiradi. Lekin uni kampirni o‘ldirishda ayblangan bo‘yoqchi Mikolka kutilmaganda jinoyatni tan olgani saqlab qoladi.
Marmeladovlarning xonasida xotirlash marosimi o‘tkaziladi; marosim davomida Katerina Ivanovna uy egasini haqorat qiladi. U bolalari bilan darhol chiqib ketishini aytadi. To‘satdan o‘sha uyda yashaydigan Lujin kelib qoladi va Sonyani yuz rubl pul o‘g‘irlashda ayblaydi. Qizning “aybi” isbotlanadi: pul peshbandining cho‘ntagidan topiladi. Sonya atrofidagi odamlar nazarida fohishadan tashqari endi o‘g‘ri ham bo‘lib ko‘rinadi. Ammo to‘satdan Lujinning o‘zi pulni Sonyaning cho‘ntagiga jimgina solib qo‘yganini ko‘rgan guvoh topiladi. Tuhmatchi sharmanda bo‘ladi va Raskolnikov Lujinning qilmishi sabablarini tinglovchilarga tushuntiradi: u Dunya oldida akasi va Sonyani kamsitib, kelinni o‘ziga qaytarishga umid qilmoqda edi.
Rodion va Sonya xonadonga boradi, u yerda yigit qizga kampir va Lizavetani o‘ldirganini aytib beradi. Qiz Rodionga aybni ixtiyoriy ravishda tan olish va mashaqqatli mehnat evaziga gunohlarini yuvishni taklif etadi. Biroq Raskolnikov vijdon va inson sevgisiga muhtoj bo‘lgan “qaltiroq jonzot”ga aylanganidan afsuslanadi. “Men hali kurashaman” deb, Sonyaning taklifiga ko‘nmaydi.
Bu orada Katerina Ivanovna bolalari bilan ko‘chada qolgan. U tomoqdan qon kelishi oqibatida vafot etadi. Shu yerda hozir bo‘lgan Svidrigaylov dafn marosimi uchun pul to‘lash hamda bolalar va Sonyani ta’minlash majburiyatini oladi.
Uyga qaytgan Raskolnikov u yerda Porfiriyni uchratadi, u yigitni aybini tan olishi kerakligiga ishontiradi: “axloqiy qonunning mutlaqligini inkor etuvchi ‘nazariya’ o‘z asirini hayotning yagona manbai bo‘lgan insoniyat yaratuvchisi Xudoni rad etish yo‘li bilan o‘limga mahkum qiladi”, deydi.
Ayni paytda, Raskolnikov jinoyatga iqror bo‘lishidan oldin oilasi va Sonya bilan xayrlashadi. U hanuzgacha “nazariya” to‘g‘riligiga ishonadi va o‘ziga nisbatan nafratga to‘lib boradi. Biroq Sonyaning qistovi bilan odamlar oldida tavba qilib, yer o‘padi.
Yakun. Raskolnikov Sibirda, qamoqxonada. Onasi qayg‘udan vafot etadi, Dunya Razumixinga turmushga chiqadi. Svidrigaylov esa Dunyaning unga nisbatan nafrati sabab o‘zini o‘ldiradi. Sonya Raskolnikovga yaqin joyga ko‘chib kelib joylashadi, qahramonning g‘amginligi va befarqligiga sabr bilan chidab, undan xabar olib turadi. Ajratish bu yerda ham davom etmoqda: oddiy xalq vakillari bo‘lgan mahkumlar uni “xudosiz” sifatida yomon ko‘radi. Sonyaga esa, aksincha, yumshoqlik va sevgi bilan munosabatda bo‘lishadi. Qamoqxonadagi kasalxonada bir marta Rodion qiyomatni eslatuvchi tush ko‘radi: odamlar ichida yashaydigan sirli qurtlar har bir odamni o‘zining haqligiga va boshqalarning haqiqatlariga murosasiz munosabatda bo‘lishga majbur qiladi. Nihoyat, unga aqlning mag‘rurligi nizo va o‘limga, qalbning kamtarligi esa sevgi va hayotning to‘liqligiga olib borishi ma’lum bo‘ladi. Unda Sonyaga nisbatan cheksiz sevgi uyg‘onadi. Raskolnikov “yangi hayotga tirilish” ostonasida Injilni qo‘liga oladi...
Tahlil
Psixologik sinov: jinoiy ong
Romanning eng muhim xususiyatlaridan biri qahramonlar psixologiyasining chuqurlashishidir. Bunda ichki dunyo ham tashqi dunyo kabi muhimdir. Qahramonlar tavsifi va ichki dialoglar inson psixologiyasiga nisbatan yangi yondashuvni ochib beradi. Hikoyadagi bosh qahramon – Sankt-Peterburgdagi kichkina xonadonda yashovchi sobiq talaba Rodion Romanovich Raskolnikov. U katta yutuqlarga erishaman deb o‘ylaydi, ammo ichki baxtsizlik imkoniyatlarini ishga solishiga xalaqit beradi.
Axloqiy savol tug‘iladi: nodon va jirkanch odamning o‘ldirilishi, agar maqsad ezgu bo‘lsa, axloqan qoralanishi mumkinmi? Raskolnikovning fikricha, barcha ustun odamlar maqsadiga erishish uchun qotillik qiladi, bu insoniyat uchun katta yutuqdir. O‘sha odamlardan biri ekaniga ishongan holda Raskolnikov kampirni (juda katta foizlar bilan qarz beradigan va mehribon singlisiga ham yomon munosabatda bo‘lgan shaxsni) o‘ldirish unga imkoniyatlarini ochib berish uchun vositalarni olishga imkon beradi deb hisoblaydi. Uning o‘ylashicha, bu noqonuniy bo‘lsa ham, axloqan qoralanmasligi kerak.
Raskolnikov qotillikni rejalashtirishga tayyorlanishidagi eng katta tashvishlaridan biri kelajakda unga yetkazilishi mumkin bo‘lgan psixologik ta’sirdir. Dostoyevskiy qahramonning psixologik tomonini favqulodda mohir usulda ko‘rsatadi, hatto sobiq talabaning qotilligini hamda undan keyin pushaymon bo‘lishini o‘zida paydo bo‘lgan kasallik deb biladi. Kampirni o‘ldirgandan so‘ng Raskolnikov nosog‘lom holatga kiradi. Romanni o‘qigan odam xuddi shu holatni boshidan kechiradi, o‘quvchi qotil boshidan kechiradigan son-sanoqsiz tafsilotlarga sho‘ng‘ib ketadi.
Jazosiz jinoyat bormi?
Romanning asosiy mavzularidan biri shundaki, jinoyatchi o‘zini jinoyat sodir qilish uchun ma’naviy asosga ega deb hisoblasa va dalillarni yashirishga qodir bo‘lsa, baribir jazosini oladimi? Raskolnikov sodir etgan jinoyati uchun o‘zini aybdor his qilmasa-da, jamiyat unga ma’naviy bosim o‘tkazmoqda. Qotillikdan keyin singlisi va onasining Sankt-Peterburgda bo‘lishi markaziy qahramonni haddan tashqari bezovta qiladi.
Uning oilasidagi ayollar juda dindor va u ularni juda yaxshi ko‘radi. Ularning jinoyatni bilishlari ehtimoli Raskolnikov uchun doimiy tashvishdir. Dostoyevskiy shuni ko‘rsatadiki, axloq shaxsning absolyut o‘ziga xos narsasi bo‘lsa ham, u insoniy munosabatlarning eng samimiy doiralariga ham ta’sir ko‘rsatishga qodir. Sevimli insonning ko‘nglini og‘ritib qo‘yish ehtimoli – qaror qabul qilishda dovga tikilgan narsa.
Yana bir muhim jihat shundaki, Raskolnikov qotillik uchun o‘zini aybdor his qilmasini ta’kidlaydi, shuning uchun qamoqda bo‘lsa ham jazodan qochishga harakat qiladi. Biroq uning xatti-harakatlari va bezovtalanishi buning aksini bildiradi. Oxir-oqibat Raskolnikov jinoyat sodir etilganidan keyin birinchi soniyadan boshlab o‘ziga jazo talab qilayotganday tuyuladi. U o‘g‘irlangan mulkdan foydalanmaydi va telba holatiga tushib qoladi. Hakam oldiga kelganda g‘azabi va provokatsiyalari unga xiyonat qiladi. Bu o‘quvchini Raskolnikovning chinakam istagi kashf etilib, jazolanishi kerakligi haqida o‘ylantiradi.
Boshqalar
Ichki nizolarga qo‘shimcha ravishda, ko‘plab ikkinchi darajali personajlar qahramon va muallif tomonidan berilgan savollarni chuqurlashtirishga yordam beradi. Oilasi, do‘sti Razumixin va Sonya Marmeladova bilan birgalikda bosh qahramonni qo‘llab-quvvatlaydi. Hikoyadagi hamma narsa murakkab bo‘lgani uchun bu personajlar turli jihatlarni o‘z ichiga oladi va asosiy qahramonni ruhiy jihatdan azoblash uchun javobgar bo‘ladi. Yana bir asos politsiya tergovi uchun mas’ul bo‘lgan Porfiriy va Zamyotov tomonidan hosil qilinadi. Porfiriy Raskolnikovga bir necha bor duch keladi, lekin u gumondor ekanini oshkor qilmaydi. Psixologik zo‘riqish ikki personajning dialog ichiga oladi, oxir-oqibat Porfiriy bosh qahramonni norasmiy ravishda ayblaydi.
Raskolnikovning singlisiga boy da’vogarlar: Pyotr Petrovich Lujin va Arkadiy Ivanovich Svidrigaylov asarda qahramonning ichki olamini ochib beruvchi yana ikkita belgidir. Har biri o‘z yo‘lida yosh ayolni bo‘ysundirishga harakat qiladi. Bu personajlar qaysidir ma’noda singlisini himoya qiladigan sobiq talaba bilan to‘qnashadi. Barcha personajlar Raskolnikovga biron-bir tarzda bog‘liq bo‘lsa ham, ular bosh qahramon tarixining hikoyadagi qissaviy vazifani bajarish uchungina mavjud emas, balki insoniy munosabatlarga ham, romanning o‘ziga ham chuqurroq kirib borishimizga imkon beruvchi detallardir. Har bir personaj, markaziy hikoyadan qat’iy nazar, o‘z o‘rniga ega. Dostoyevskiy qahramonlari tomonidan yaratilgan jismoniy va axloqiy tavsif ular atrofida kichik olam yaratishga yordam beradi. Ko‘pgina suhbatlar ajablantiradi, personajlar mustaqil harakat qiladi va ulardan o‘quvchi kutgan narsani olmaydi.
Bularning barchasi Dostoyevskiyning romanini badiiy adabiyotning eng yaxshi asarlaridan biriga aylantiradi. Kitobning falsafiy mazmuni voqeaga yanada ko‘proq qiymat qo‘shadi, bu esa o‘z-o‘zidan juda ajablanarli. Shunday qilib, roman jamiyatga katta savollarni yetkazish vositasidir. Dostoyevskiy bunga puxta hikoya qilish qobiliyati tufayli erishadi. Aynan shu orqali qahramonlar shu qadar jonli va mustaqil ravishda o‘zaro bog‘lanib, hikoyani ravon va o‘quvchini o‘ziga jalb qiladigan holatda namoyish etadi. Shunday qilib, yaxshi tuzilishga ega bo‘lgan holda, Jinoyat va jazo roman-essega aylanadi.
Fyodor Dostoyevskiy: realizm va ekzistetsializm
Fyodor Dostoyevskiyning hikoyasi ssenariy, vaziyat va personajlarning tavsifida batafsil ma’lumotga ega. Ushbu tavsif muallifning romanlariga haqiqiy ohang beradi. Dostoyevskiy romanlarida hikoyalarga ko‘proq realizm berishga yordam beradigan turli shaxsiy tajribalardan foydalanadi, bu esa asarga yarim avtobiografik ranglar beradi. Darhaqiqat, yozuvchi podshohga qarshi fitna uyushtirganlikda ayblanib, 1849-yilda qamoqqa olingan. U Sibirga surgun qilingan va keyin hozirgi Qozog‘istonga yuborilgan, u yerda besh yil yashagan. Bu davrda u qotillar va boshqa jinoyatchilar bilan muloqotda bo‘lgan. Uning majburiy mehnat va boshqa mahbuslar bilan aloqalar sohasidagi tajribasi “Jinoyat va jazo” romaniga asos bo‘ldi. Dostoyevskiy asaridagi qahramonlarning ichki dialoglari va o‘z-o‘zini tahlil qilishi unga ekzistetsialistik xarakter beradi. Ichki hayot to‘liq ta’sir ko‘rsatadigan ushbu qissaviy shakl XX asr boshlarida deyarli barcha buyuk yozuvchilar tomonidan qabul qilingan. Dostoyevskiy bu janrda kashshof bo‘lgan. “Jinoyat va jazo” asari, asar syujeti yaratilishida qahramonlarning o‘z-o‘zini tahlil qilishi ishlatilishining ajoyib namunasidir.
Xulosa
Fyodor Dostoyevskiy psixologik jihatdan qiyin, falsafiy jihatdan yetuk roman yaratdi, unda, boshqa detektivlardan farqli o‘laroq, boshlanishdanoq jinoyat va jinoyatchi aniq, qolgan hamma narsa – jazo. Jazo rasmiy emas (qahramon unga faqat asar so‘ngida keladi), ruhiy. Rodion Raskolnikov, bosh qahramon – mehribon qalbga ega inson. U oxirgi pulini, agar kerak bo‘lsa, notanish odamga berishga tayyor. Biroq bu yorqin odam dahshatli ishga – qotillikka qo‘l urdi. Avvaliga u aybini tan olmaydi, go‘yo nima uchun bunday jinoyat sodir etganini bilmaydi. Ammo oxir-oqibat u kampir “bitmi yoki odam” ekanini tushunish uchun buni qilganini tan oladi. Oddiy qilib aytganda, u qotillikdan olti oy oldin yozgan jinoyat to‘g‘risidagi nazariyasini sinab ko‘rish va isbotlashni xohladi.
Takrorlayman, roman juda qiyin, lekin bunga e’tibor berish va undan o‘zingiz uchun foydali narsalarni olish kerak. Fyodor Dostoyevskiy har bir qahramon ichki dunyosining tom ma’noda avra-astarini ag‘darib, hatto bilimli aqlning ham qarama-qarshiliklarini ochib beradi. Fikrlash soddaligi har doim ham ishonuvchanlikni anglatmasligini, insondagi yaxshi tabiat unda yomonlik yo‘qligining belgisi emasligini ko‘rsatib beradi.
Har doim dolzarb bo‘lib qoladigan muammo insonning ichki kurashidir. Kimdir uchun u umr bo‘yi davom etishi mumkin, kimdir kutilmagan tarzda “davo” topadi. His-tuyg‘ular, fikr kuchi, hissiyotlar, ruhiy iztirob, ongning mo‘rtligi – bu kitobning mazmuni. Mutolaa jarayonida zo‘riqish va hayajonlanish boshidan oxirigacha sizga hamroh bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |