Fatsiya haqida tushuncha.
Fatsiya-lotincha “fatsies” (boshqa lug‘atlarda fransuzlar so‘zidan olingan deyilgan- fatsies) so‘zidan olingan qiyofa, tus, ko‘rinish degan ma’nolarni anglatadi. Fatsiya termini geologiya faniga birinchi bo‘lib shvetsariya geolog olimi 1838 yilda A.Gressli kiritgan.
Fatsiya-ma’lum fizik va geografik sharoitda, bir vaqtda ya’ni bir geologik davrda yoki epoxada hosil bo‘lib yotqizilgan, bir xil jinslarga berilgan nomdir. Bu yotqiziqlarning bir xil litologik tarkibga bir xil fauna va flora qoldiqlariga ega bo‘lishi fatsiyaning asosiy xususiyatlaridan biridir. Jinslarning ustki qismi ko‘milib qolgan yoki qazilma fatsiya deb- jins qatlamlari yoki uning tabaqalarining ma’lum kenglikka tarqalib bir xil litologik tarkibli jinslar ichidagi bir xil va bir vaqtda yashagan fauna va floralar mavjud bo‘lishi shart.
Fatsiya va fatsialning taxlili bo‘yicha mutaxassis olim akademik D.V.Nalibkinning (1956y) tushuntirishicha “fatsiya-bu nafaqat cho‘kindi jinslarning bir xilliligi ya’ni litologik tarkibi, balki quruqlik yuzasida va dengiz ostida bir xil fatsial sharoitida yuzaga kelgan jinslar majmuasidir.”
Demak fatsiya tushunchasiga D.V.Nalibkin geografik yoki paleogeografik urg‘u berishni taklif etayapti. Uning navbatdagi fikriga ko‘ra fatsiya-bu cho‘kindi jinslarning butun yaxlitligi, uzunligi va bo‘yicha litologik tarkibidagi fauna va flora bir xil yoshga ega bo‘lishi kerak.
G.F.Krasheninnikov (1971y) xam fatsiya haqida tushuncha berib, quyidagicha ta’riflaydi: “Fatsiya jins yotqiziqlarining muayan bir kompleksi bo‘lib, ular bir birovlaridan farqlanishi kerak va fizik-geografik sharoitlari bilan ham ajralib turadigan xamda yon atrofdagi jinslarda keskin ravishda tafavutga ega bo‘lishi shart.”
Yuqorida bayon etilgan fatsiya haqidagi tushunchalar bir biroviga juda yaqin va aytilag fikrlarni o‘zaro ravishda to‘ldiradi.
Fatsial genetik taxlil qilish.
Tog‘ jinslarini fatsiya xillariga ajratish va fatsial taxlil etish yordamida tabiatda ilgari zamonlarda sodir bo‘lgan tabiiy geologik va geografik sharoitlarini tiklashimiz mumkun, jinslarning navbatma-navbat paydo bo‘lishi sharoitlari aniqlab olishimiz mumkun.
Jinslarning qanday sharoitlarda yuzaga kelganligini, masalan, quruqlik sharoitidami, dengiz va okean sharoitlaridami, laguna yoki ko‘l va botqoqlikla hududidami kabi fizik-geografik tushunchalarga ega bo‘lamiz.
Magmatik tog‘ jinslariga xam e’tibor beradigan bo‘lsak, ularning fatsial sharoitlari butunlay o‘zgacha. Magmatik jinslar faqat yer qobig‘i va po‘stining chuqur-ichki qismlarida paydo bo‘ladi. Ularning fizik-kimyoviy jarayonlari tubdan farq qiladi. Vulqon jinslarining o‘chog‘i magma bilan bog‘liq bo‘lsa xam ular deyarli yer yuzasiga yaqinroq joylarda va asosan yer po‘sti ustki qatlamlarida yuzaga keladi, demak bu jarayonlar tog‘ tizmalarining yuzaga kelishi bilan chambarchars bog‘liqdir. Fatsiyalarni sinchiklab o‘rganish va ularni taxlil etish fatsiyaning asosiy maqsad va vazifalaridan iborat.
Yerning o‘tmish geologik va geografik tarixini tiklash vaqtida qadimiy davrlarda bo‘lgan jinslarni hozirgi zamon davrida yuzaga kelgan jinslar bilan taqqoslash maqsadga muvofiqdir.
Bunday taqqoslash usuli geologiya fanida aktualizm metodi deb ataladi.
Aktualizm metodi yo‘llanmalari angliya olimi Ch.Layel tomonidan ishlab chiqilgan.
Rus olimlari A.D.Arxangelskiy va N.M.Straxovlar aktualizm yo‘llanmalariga qo‘shimcha fikrlar kiritib, fatsiyalarni taxlil qilayotgan vaqtda ularga tarixiy taqqoslash usullarini qo‘llashni tavsiya etishni taklif qiladilar.
Olimlarning bu taklifi Yer yuzida boshqa hech qachon qaytarilmaydigan jarayon va hodisalarni tan olishdan iboratdir. Masalan: Bo‘r tog‘ jinsi (doskaga yoziladigan bo‘r qatlami bo‘r jinsidan tarashlab olinadi) Mezozoy erasining eng oxirgi geologik davri hisoblangan bo‘r davrida hosil bo‘lgan. Mezozoy erasining yoki boshqa eralarning geologik davrida bo‘r jinsi qatlamlarining paydo bo‘lganligini bilmaymiz. Bu jinsning hosil bo‘lish jarayoni butunlay o‘zgacha: yo sayyoz suv havzalarida yoki laguna xilidagi suv hududida hosil bo‘lganligi aniqlangan. Shu bo‘r jinsining paydo bo‘lishi uchun iqlim sharoiti issiq–iliq bo‘lishi aniqlangan. Suv tarkibida bo‘r jinsini yuzaga keltiradigan kalsiy karbonat kimyoviy eritmalar bo‘lishi shart. Bundan tashqari fauna va floralari xam o‘sha sharoitga moslashib xayot kechiradigan mikroskopik-globigerin jonzodlari keng taraqkiy etgan, ularning jismlari ham kalsiy karbonat moddalari bilan to‘yingan bo‘lishi kerak.
Globigerinlar bilan bir qatorda-belimnititlar va ammonitlarga nisbatan kattaroq bo‘lgan jonzodlar ham yashagan. Suv osti o‘simliklari ham kalsiy karonatga to‘yingan holda rivojlangan, shu sababli ularning xayot faoliyati davrida hosil bo‘lgan chiqindilari va jonzodlar qirilib ketishi natijasila kalsiy karbonat moddalari asta-sekin cho‘kib to‘planaverib bo‘r jinsi qatlamlari yuzaga kelgan. Mikroskopik va taxlil etish kuzatishlari yuqorida qayd etilgan fikrlarni tasdiqlab berdi. Demak, bo‘r jinsi qatlamini alohida aytish maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchi misol tariqasida kaolinit (alyuminiy oksidiga boy bo‘lgan jins) jinsini keltirish fatsiya haqidagi tushunchani yanada boyitishga yordam beradi. Kaolinit to‘plamlari asosan tarkibida alyuminiy oksidi bilan to‘yingan minerallar va tub tog‘ jinslarining nurashidan, yemirilishidan kontinental sharoitida yuzaga keladi. Shunisi ajablanarliki kaolinit jinslari qatlami ko‘mir konlari havzalari paydo bo‘lgan davrda yuzaga kelishi aniqlangan. Kaolinit jinsining hosil bo‘lishi uchun ham iqlim sharoitlari iliq-nam issiq va jazirama issiq xukmronlik qilishi tasdiqlangan.
Shuning uchun, qaysi ko‘mir kon havzalarini kuzatmang shu hududda kaolinit va gilmoya qatlamlarini uchratishimiz mumkun. Demak, kaolinit jinsini alohida bir fatsiya deb tan olishimiz haqiqatga to‘g‘ri.
Do'stlaringiz bilan baham: |