5. Janubiy Arabistonning ijtimoiy-siyosiy hayoti. Er. avv. II ming yillik o`rtalarida Mina, Saba va Kataban qabilalari ittifoqi shakllana boshladi. Er. avv. I ming yillik boshida ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiyoti natijasida sinfiy tengsizlik kuchaydi. Siyosiy hokimiyatni o`z qo`liga to`plagan kohin va savdogarlardan iborat hukmron siyosiy qatlam paydo bo`ldi. Asosiy ishlab chiqarish vositasi bo`lgan yer qishloq va shahar jamoalari qo`lida edi. Asosiy xo`jalik bo`g`ini patriarxal oila (yoki katta oilali jamoa) edi.
Eng katta yer egalari ibodatxonalar va davlat edi. Qullar urushlarda asir olish va sotib olish orqali paydo bo`ldi. Qarzi uchun qul qilish zaif edi.
Jamiyatning ijtimoiy tabaqalanishi qabila ittifoqlarining davlatga aylanishiga olib keldi. Janubiy Arabiston davlatlari siyosiy tuzulishini Saba podsholigi misolida ko`rish mumkin. Saba podsholigini 6 qabila tashkil etdi. Uning 3 tasi qaram ahvolda edi. Har bir qabila katta shoxobchaga, u yana kichik va alohida urug`larga bo`linar edi. Qabilalar zodagon boshliqlar (kabirlar) va ular tashkil qilgan kollegial tashkilotlar orqali boshqarilgan. Qabilalarda oqsoqollar kengashi bo`lgan bo`lishi mumkin.
Imtiyozli qabilalar o`zlarining zodagon urug`laridan ma’lum muddatga (Sabada 7 yil, Katabanda 2 yilga) davlatning oliy mansabdor shaxslari-eponimlarni saylaganlar. Ular oliy xudo Astar bilan bog`liq kohinlik vazifalarini ham bajarganlar. Astronomik va astrologik taqvim nazoratlarini va yer-suvdan foydalanishni tashkil etishdek, ba’zi xo`jalik ishlarini boshqarish ham ularning zimmasida edi.
Eponimlar bo`yicha davlat va xususiy–huquqiy hujjatlar raqamlangan yil hisobi bilan olib boriladi. Ular 30 yoshdan mansabga chiqib, vakolat muddati tugagach, oqsoqollar kengashiga a’zo bo`ladi.
Er. avv. III-II asrlargacha Saba podsholigining boshqaruv ishlari va ijroiya hokimiyatiga ega bo`lgan mansabdor shaxslar-mugarriblar bo`lgan. Ularning vazifasiga qurilish faoliyati, sakral vazifalar (qurbonlik keltirish, diniy ovqatlanish marosimlarini tashkil etish) va davlatni tashkil qilgan qabila ittifoqlarini davriy yangilash, davlat hujjatlarini e’lon qilish, huquqiy qoidalar, shahar hududlari, xususiy mulk chegaralarini aniqlash va boshqalar kirgan. Mugarrib mansabi merosiy edi. Urush davrida mugarriblar ko`ngillilarga boshchilik qilganlar va vaqtinchalik unvon-malik, ya’ni podsho unvoniga ega bo`lganlar. Mugarriblar asta-sekin o`z qo`llarida butun hokimiyat vakolatlarini to`plab, er. avv. I ming yillik oxirida amalda mutloq podsholarga aylandilar.
Saba podsholigining oliy organi oqsoqollar kengashi edi. Unga 6 qabilaning vakillari kirgan. Oqsoqollar kengashi sakral, qonun chiqaruvchi vazifalar, ma’muriy xo`jalik vazifalarini bajargan. Boshqa janubiy arab qabilalari ham shunday davlat tuzilmalariga ega edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |