SINONIMLAR, SINONIMLAR, va yana SINONIMLAR!
Bilasizmi, O’zbek tilida odamning yuzini ifodalovchi kamida yettita so’z mavjud? Bular: YUZ, AFT, SHIXT, BASHARA, TURQ, SIYMO, BET. Bularni barcha O’zbeklar ham bilavermaydi. Sizlar chet tilni o’rganayotganingizda, albatta har bir yangi so’zning kamida bitta sinonimini biling – yani har bir narsani kamida ikkita so’z bilan ifoda eta olishingiz zarur. Boshqalar bilan gaplashganingizda e’tibor bering: qayta-qayta ayni so’zni takrorlayverishlik o’sha odamning so’z boyligi juda kam ekanligini ko’rsatadi. Yozishda ham shunday. Chet tilda hat yoki birorta hujjatni yozar ekansiz hadeb bir xil so’zlarni ishlataverish, xususan Ingliz tilida gapni har safar “I” (ya’ni “MEN”) deb boshlayverishlik juda hunuk chiqadi. Sinonimlarni bilgan odamning nutqi ham ravon bo’ladi, chunki bitta so’zni unutib qo’ysa, shunga o’xshaganini ishlatib to’xtamasdan gapirib ketaveradi.
MEN YANA BITTA TIL BILISHIMNI BILMAY YURGAN EKANMAN!
Men sizlarga taqdim etgan usullarning aksariyatini Ingliz tilini o’rganish jarayonida qo’llaganman, albatta undan keyin yana bir nechta boshqa tillarni ham o’rganishga muvaffaq bo’ldim. Masalan o’tgan hafta Bolgar tili bilan tanishib chiqdim. Bolgarcha til Rus tiliga shu qadar yaqin ekanki, Bolgarchadagi gazetadagi to’g’ri kelgan maqolani ochib o’qisam 90% bemalol tushunyabman. Demak men Bolgar tilini o’qish qismini deyarli bajardim.Yozish va gapirishni o’rganishim uchun bir necha oy mashq qilish kifoya. Chet el shirkatlariga ishga topshirayotganingizda ko’pincha sizdan til bilimingizning uch qismi so’raladi: o’qish, yozish, va gapirish. Men shu tilni ham zahiramga qo’shib qo’ysam bo’lar ekan.
Ko’pchilik birdaniga bir nechta tilni o’rganishga harakat qiladi. Menimcha bunday holda qaysi tilni o’rganishni tanlash muhim. Masalan, menimcha O’zbek tiliga eng yaqin chet tili bu Turk tilidir. Eski, adabiy O’zbek tilini bilgan odam Turkchani 6 oyda o’rganishi mumkin. Shaxarda katta bo’lgan talabalar esa Rus tilini yaxshi bilganligi tufayli Inglizchani o’rganishi osonroq, chunki Rus tili Ingliz tiliga ancha yaqin. Lug’atlarni ham shu asnoda tanlash maqsadga muvofiq. Masalan, Turkchani o’rganish uchun O’zbekcha-Turkcha Lug’at qulayroq bo’lsa, Inglzichani o’rganish uchun Inglizcha-Ruscha Lug’at qulayroq kelishi tayin.
SO'NGSO'Z
Til qal'asining qamali usullarining asosiylarini o'z ichiga olgan to'plamga yakun yasar ekanman, bitta muhim narsani albatta aytib o'tmoqchiman. Tilni hamisha mashq qilib turilmas ekan, sekin asta unutila boshlaydi. Qarabsizki, ne-ne qiyinchiliklar bilan olingan qal'a ham qo'ldan ketishi mumkin. Buning oldini olish uchun esa avval keltirilgan usullardan o'zingizga eng yoqqanlarini davomiy ishlatib yurishingizni tavsiya etaman. Chet tili siz uchun bir cho'qqi emas, balki dunyoga va ilmga bir ko'prik vazifasini bajaruvchi vosita bo'lib qolsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |