Oqchadaryo deltasi Nukus shahridan shimoli-sharqroqda, To’rtko’l vohasida joylashgan. Janub va sharq tomonda Qizilqum bilan o’ralgan. Shimolda Beltog` bilan chegaradosh. Delta Oqchadaryoning tor vodiysi orqali qo’shilib turadigan shimoliy va janubiy qismlarga bo’linadi. Deltaning tekis yuzasida balandligi 3-5 m. bo’lgan ayrim qum do’nglari va gryadalari ko’tarilib turadi. Deltaning yassi taqirli yuzasini quruq o’zanlar kesib o’tgan. Delta tekisligi qumli allyuvial yotqiziqlar bilan qoplangan, allyuvial qatlamning qalinligi 20-25 m. eng qalin joyda 30 metrgacha boradi. Uning yuqori 1,5 metrli qismi juda ham zich gillardan iborat.
Sariqamish deltasi Amudaryoning chap sohilida Tuyamo’yin tangisi bilan Mang`it qishlog`i oralig`ida joylashgan bo’lib, Xorazm vohasini o’z ichiga oladi. U g`arbda Sariqamish botig`i tomon cho’zilgan. Delta yuzasi tekis, o’zanlar bilan parchalangan va shimol hamda g`arbga tomon biroz qiya. Yirik kanallar qurilishi natijasida yuzaga kelgan marza (qirg`oq) tepalar, chuqurligi 1,5 metrgacha boradigan kanallar, ular oralig`idagi pastliklar delta relyefi uchun xosdir. Ariqlar oralig`idagi past yerlarga zovur suvlarini tashlash oqibatida ko’llar, botqoqliklar, sho’rxoklar vujudga kelgan. Relef Dovdon bilan Daryolik orasidagi o’zlashtirilmagan qumli yerlarda tabiiy holda saqlanib qolgan.
Orol dengizining qurib, chekinishi oqibatida uning janubiy qismida Orol qum tekisligi vujudga keldi. Hozirgi kunda bu joyda yer yuzasining holatiga ko’ra eski qirg`oq bilan shu kundagi qirg`oq o’rtasida bir-biridan farq qiluvchi ikkita mintaqa ko’zga tashlanadi. Birinchisi kengligi 10-20 km gacha bo’lgan qumli tekislik, ikkinchisi undan dengiz tomon davom etadigan sho’rxok tekislikdir. Qumli tekislik asosan shamolning ta’sirida dengiz ostidagi qumlarning harakatga kelishi tufayli paydo bo’lgan va bu yerda do’ng qumlar hamda barxanlar shakllangan. Qumli mintaqadan sho’rxok tekislikka o’tiladigan kambar yerda kichik-kichik qum uyumlari vujudga kelgan. Bu qumlar shamol ta’sirida asosan shimoli-sharqdan janubi-g`arbga tomon siljimoqda. Barxanlar Mo’ynoq, Ajiboy qo’ltig`i, chinkyoni qurigan tekisliklar uchun xosdir. Barxan qumliklarining kengligi Mo’ynoq qo’ltig`ining qurigan qismida 4 km. gacha boradi. Olib kelib yotqazilgan qumlarning qalinligi uncha katta bo’lmaganligi uchun barxanlar mayda va o’rtacha bo’lib, balandligi asosan bir metr, ayrim yerlarda ikki metrgacha etadi, Chink yonida esa 0,5-0,6 m. dan ortmaydi. Do’ng qumlar Ribache, Ajiboy qo’ltiqlarining qurigan qismida tarqalgan. Ular o’simliklar bilan mustahkamlangan, balandligi 2 m.gacha boradi. Bu yerlarda mayda qum do’nglari ko’p uchraydi.
Sho’rxok mintaqa tekislikdan iborat, yuzasi dengizning markaziy va g`arbiy qismiga tomon pasayib boradi va bu yerdagi chuqurligi 0,5-0,6 metrgacha boradigan mayda botiqchalar tekislik relyefini biroz baland-past qilib turadi. Qumli mintaqadan dengizning hozirgi qirg`og`iga yaqinlashgan sari sizot suvi chuqurligining o’zgarishiga qarab, avvaliga bo’rsildoq, keyin qatqaloq, o’tloq va botqoq sho’rxoklar o’zaro almashinib boradi. Dengizning qurigan qismi uchun yer yuzasining yorilishi xosdir. Gruntdagi namning kuchli bug`lanishi va uning tez qurishi natijasida grunt zichlashadi va uning yuzasi yoriladi. Yoriqlar o’ziga xos 5-6 burchakli shakllar hosil qiladi va ularning uzunligi 20sm. dan 200-300 sm. gacha, chuqurligi 15 sm. gacha, kengligi esa 8 sm. gacha boradi. Eskirgan yoriqlar ko’p joylarda o’simlik qoldiqlari, qumlar, chig`anoqlar bilan to’lib qolgan.
Dengizning qurigan qismida o’ta sho’r grunt har qanday o’simlik o’sishi uchun imkon bermaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |