Hisor-Zarafshon sistemasi Turkiston-Nurota tog` sistemasining janubida joylashgan. Bu sistemaga kiruvchi tog` tizmalari chuqur o’yilganligi, eroziyaning kuchliligi, tepa qismining qoyaligi, yonbag`irlarining asimmetrikligi, doimiy va vaqtincha oqar suvlar bilan parchalanganligi bilan boshqa tog` sistemalaridan ajralib turadilar.
Hisor-Zarafshon sistemasiga kiruvchi tog`lar orasida eng balandi Hisor tizmasi hisoblanadi. Uning eng baland cho’qqisi Hazrati Sultonning mutlaq balandligi 4643 m. Hisor tizmasining janubiy yonbag`ri keng, tog` oldi qiyaliklari va platolari ko’p. Ularni daryo vodiylari kesib o’tgan. Hisor tizmasidan janubi-g`arbga tomon Boysuntog`, Yakkabog`, G`uzor, Ko’hitangtog`, Surxontog`, Bobotog` tizmalari tarqalgan. Bu tizmalarda qoyali yonbag`irlarni chuqur vodiylar kesib o’tgan. Ko’hitangtog`ning g`arbiy yonbag`rida karst relefi shakllari keng tarqalgan.
O’zbekistonga Zarafshon tizmasining g`arbiy tarmoqlari kirib kelgan. Bular Chaqilkalon va Qoratepa tog`lari bo’lib, Chakilqalon Taxtaqoracha davonidan sharqda, Qoratepa esa g`arbda joylashgan. Chakilqalonning eng baland cho’qqisi 2388 m, tog`ning suvayirg`ichi qoyali, janubiy yonbag`ri juda tik, qoyali, bu yerda nurash natijasida hosil bo’lgan sochilma jinslar-qurumlar ko’p. Shimoliy yonbag`ri tog` o’rmonlari bilan qoplangan.
Qoratepa tog`lari ancha past va yassi tog` tarmoqlaridan iborat bo’lib, eng baland cho’qqisi-Kamqo’tonning balandligi 2197 m.
Zarafshon tizmasining eng g`arbiy qismi uncha baland bo’lmagan Ziyovuddin-Zirabuloq tog`laridan iborat. Bu tog`larning balandligi 400-600m bo’lib, eng baland cho’qqisi 1115 metr, suvayirg`ichi ancha tekis, tik qoyalar deyarli uchramaydi.
Tog` oraligi va tog` oldi botiqlari. Bular tog` daryolarining konussimon yoyilmalaridan hosil bo’lgan, relyefi to’lqinsimon, o’r-qirli qiya tog` oldi tekisliklaridan va yirik daryolarning yuzasi biroz qiya terrasalaridan iborat tekisliklardir.
O’zbekistondagi eng katta tog` oraligi botiqlaridan biri Farg`ona vodiysidir. Vodiyni g`arbda Mo’g`iltog`, shimoli-g`arbda Qurama, Chotqol, sharqda Farg`ona, Oto’ynoq, janubda Turkiston va Oloy tog` tizmalari o’rab turadi. Vodiy faqat g`arb tomonda torgina(eni 9-40 km.) «Xo’jand» yo’lagi orqali Dalvarzin va Mirzacho’l tekisliklariga tutashib ketadi. Yer yuzasi O’zbekiston qismida past-baland tekislikdan iborat, vodiy sharqdan markaziga va g`arbga tomon pasayib boradi (Kampirovatda 812 m.dan Xo’jandda 320 m.gacha). Farg`ona botig`ini o’rab turgan adirlarning dengiz sathidan balandligi 600-1200 m. Adirlar ortidagi tog` oldi (1200-2000 m) va tog` zonasi (2000-5000 m.) qo’shni davlatlar hududida joylashgan. Farg`ona vodiysini Sirdaryo bir-biriga teng bo’lmagan ikki qismga-shimoliy va janubiy qismlarga bo’lib turadi. Janubiy Farg`ona keng tog` oldi tekisliklari va Sirdaryoning uchinchi terrasasidan iborat. Shimoliy Farg`onada esa tog` oldi tekisligi juda ensiz, daryoning uchinchi terrasasi umuman yo’q. Tog` oldi tekisligini Sirdaryo o’zani kesib o’tib, balandligi 20 metrlik jarlik orqali daryoning ikkinchi tarrasasi bilan qo’shilgan.
Farg`ona botig`i atrofini lyossli baland tekisliklar-adirlar o’rab turadi. Ular neogen va to’rtlamchi davrlarda hosil bo’lgan konglomerat, qumtosh, mergel va qumoqlardan tashkil topgan bo’lib, usti lyoss va lyossimon qumoqlar bilan qoplangan. Adir tepalari soylar, quruq jarlar bilan parchalangan. Vodiyning shimoli-g`arbida va janubi-sharqida adirlar past tog`lardan adir orti botiqlari bilan ajralib turadi. Bu botiqlar tog`lardan oqib tushayotgan soylarning konussimon yoyilmalari bilan qoplangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |