Mavzu bo`yicha qisqacha adabiyotlar tahlili. O`zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida yozuvchi, shoirlar hayoti va ijodiga bag’ishlangan ilmiy-biografik xarakterdagi tadqiqotlar oltmishinchi-etmishinchi yillarda ko`plab yaratilgan. Bu tipdagi adabiyotshunos olimlar va tanqidchilar faoliyatiga bag’ishlangan asarlar shu yillarda ancha yaratilganini kuzatish mumkin. Masalan, Izzat Sulton, Homil Yoqubov, M.Qo`shjonov kabi olimlar haqidagi adabiy portretlar shular sirasidandir. Ammo tanqidchilikning bu sohasi keyingi yillarda ancha oqsayotganligini ko`rish mumkin. Yoshi oltmishdan o`tib, etmishga yaqinlashgan ba`zi ijodkor, munaqqidlar haqida ilmiy-biografik xarakterdagi asarlar, adabiy portretlar yaratish vaqti etib kelgan bo`lsa-da, hali bu sohadagi ishlar jonlanayotgani yo`q. U.Normatov, L.Qayumov, B.Nazarov, I.G’afurov, N.Xudoyberganov kabi o`nlab adabiyotshunos va tanqidchilar haqida bunday asarlar yaratish hamon navbatda turibdi. Jumladan, respublikamiz sarhadlaridan tashqarida nomi e`tirof etiladigan yirik adabiyotshunos olim va munaqqid I.Haqqulov ijodi haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. To`g’ri, olim faoliyatiga bag’ishlangan ba`zi maqolalar yozilgan. Masalan, M.Qo`shjonovning «Qalb va qiyofa» kitobiga kiritilgan «Tanqidchilikdagi halollik va poklik ramzi» maqolasida o`zbek tanqidchilari ijodi haqidagi obzorda shunday fikr yuritiladi: «Keyingi avlodga mansub adiblar adabiyotshunos va tanqidchilar ustozlari singari ma`rifatchi emaslar. Ular asosan asar baholovchilar, adabiyot taraqqiyoti jarayonida paydo bo`layotgan fakt va voqealarni hozirgi kun tanqidchilik ilmi tarozisida tortib ko`rib, yozuvchi do`stlariga bor haqiqatni etkazuvchilardir»1. So`ngra olim bunday tanqidchilar U.Normatov, I.G’afurov, E.Karimov, N.Xudoyberganov, M.Nurmuhammedovlar qatorida I.Haqqulovni tilga oladi. Uning markaziy nashrlarda e`lon qilinib turgan maqolalari o`zbek adabiyoti masalalarini butunittifoq miqyosida baholanishiga sabab bo`layotganini to`g’ri e`tirof etadi.
Adabiyotshunos olim L.Qayumovning «Asr va nasr» kitobining oxirgi bo`limi «Adabiy tanqid va ijodiy jarayon» deb nomlangan bo`lib, o`zbek tanqidchilarining faoliyatini tahlil etar ekan, I.Haqqulov haqida ham o`z fikrlarini bildirib o`tadi2.
Adabiyotshunos S.Mamajonov, B.Nazarov, O.Tog’ayevning maqolalari haqida ham shunday fikrni aytish mumkin. Chunki ularning obzor yo`sinidagi maqolalarida boshqa tanqidchilar qatori I.Haqqulov ijodiga oid ayrim mulohazalar bildirilgan. Masalan, S.Mamajonov “Ilmiy teranlik” deb nomlangan maqolasida I.Haqqulovning “O`zbek adabiyotida ruboiy“ kitobi, “Uvaysiy she`riyati” risolasi va vaqtli matbuotda bosilgan maqolalari uning ertasiga katta umid bilan qarash tuyg’usini uyg’otishini ta`kidlab shunday yozadi: “Uning original ilmiy tafakkuri zaminida hozirgi adabiyotshunoslik ilmiga chuqur tashnaligi ham yotadi”31. Olim Uvaysiy haqidagi risolasining bir qancha yutuqlari va ba`zi nuqsonlari haqida ham mulohaza bildirgan. Bundan tashqari munaqqidning 50 va 60 yillik yubileyi munosabati bilan chop etilgan ayrim maqolalarni hisobga olmaganda42, o`zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligini rivojlantirishga munosib hissa qo`shgan, o`ziga xos uslubga ega bo`lgan adabiyotshunos va munaqqid ijodi haqida yaxlit bir tadqiqot yaratilmagan. Magistrlik dissertatsiyamiz imkon qadar shu kemtiklikni muayyan darajada to`ldirish niyatida yozildi.
O`zbekiston Qahramoni, yirik munaqqid Ozod Sharafiddinov I.Haqqulovga yozilgan maktubida adabiyotshunos olimning birinchi qadamlaridanoq ijodini katta qiziqish bilan kuzatib kelayotganini e`tirof etadi: “Meni maqolalaringiz va kitoblaringizdagi teranlik, mulohazalar hamda xulosalarning chuqur bilimga asoslangani, fikrdagi, ilmiy tafakkurdagi dadillik va nihoyat, deyarli har bir sahifadan barq urib turadigan samimiyat o`ziga jalb qilardi. Ayniqsa, Alisher Navoiy haqidagi tadqiqotlaringiz, uning bir qator g’azallariga bergan tahlillaringiz, tasavvuf borasidagi izlanishlaringiz sizni adabiyotshunosligimiz sohasida oldingi o`rinlardan biriga olib chiqdi. Siz xalqimiz o`rtasida mumtoz adabiyotimizning etuk va barkamol tadqiqotchisi hamda targ’ibotchisi sifatida tanildingiz”3. Yirik olimning bu e`tirofi I.Haqqul hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati o`rganishga arziydigan, yosh filologlar, tadqiqotchilar uchun namuna bo`la oladigan adabiyotshunos va tanqidchi ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi.
Ibrohim Haqqulov u o`z tadqiqotlari bilan xalqning adabiyot to`g’risidagi fikrini shakllantirishga xizmat etmoqda, o`z maqola va asarlari bilan adabiy jarayondagi etakchi tamoyillarni belgilashga harakat qilmoqda, adabiyotning yuksakligi uchun kurashib, ilm mashaqqatlaridan cho`chimay, tinmay ijod etmoqda. Keyingi yillarda, ayniqsa, qator yirik kitoblar, tadqiqotlarning dunyo yuzini ko`rishi fikrimizning isbotidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |