.Ulug’ shoir qit`alari talqini
“Zanjirband sher qoshida” asaridan keyin Navoiy asarlarini sharhlash, talqin etish, badiiy matn sir-sinoatini ochish, tafsirlash zarurati yanada oshganligini va ana shu ehtiyojni chuqur anglagan navoiyshunos olim I.Haqqulov mustaqillik arafasida yana xayrli bir ishga qo`l urdi. Shoir qit`alari mazmunini o`rta yoshdagi maktab bolalariga mo`ljallab, sharhlashga kirishdi. Olim Navoiy ijodini targ’ib qilish borasidagi ilmiy mehnatni davom ettirib, 1991 yilda “Kamol et kasbkim” kitobini nashr ettirdi. eng avvalo, qit`aning janriy xususiyatlariga to`xtalib, uning tojik, eron, turk va boshqa xalqlar olimlari tomonidan berilgan ta`riflariga to`xtalib, uning mustaqil poetik belgilariga ega, fasohatli, xushbayon, muxtasar ma`nolarni bildirishiga e`tibor qaratdi. Shuning uchun ham “Xazoyinul maoniy”dagi 210 qit`aning shoir she`riyatida katta o`rin tutishini ta`kidlaydi.
Bu kitobda muallif Navoiy ijodiyotining muayyan qismi – qit`a janridagi she`rlarini o`rganadi va ularning mazmun – mohiyatini teran tahlil etib, ulug’ shoir ijodiyoti muxlislariga taqdim qiladi. Ma`lumki, qit`a hajmi aniq belgilanmagan she`riy janr bo`lib, sharq mumtoz she`riyatida uch baytdan o`n ikki baytgacha bo`lgan namunalari uchraydi. Qit`ada ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy masalalar ifodalangan, shoirlar hayotiy-realistik qarashlari, davr va zamonga munosabatlarini aks ettirganlar.
I. Haqqulovning tadqiq etishicha, o`zbek mumtoz adabiyotida qit`aning to`rt baytdan ortiqlari kam uchraydi. “Gadoiy, Lutfiy, Bobur, Ogahiy, Miriy va boshqa klassik shoirlarimizning qit`alari ikki, uch, to`rt baytlidir... Alisher Navoiyning “Xazoyin-ul maoniy” devonidagi 210 ta qit`adan 200 ga yaqini ikki, uch, to`rt baytli. Bu tasodifiy hodisa emas, albatta. Chunki, klassik san`atkorlarimiz mumkin qadar ixchamlikka intilganlar”1 .
Alisher Navoiy qit`alarini tahlil qilishda Ibrohim Haqqul yana o`sha o`zi tanlagan oddiylik va qiziqarlilik yo`lidan boradi. Olim har bir qit`ani sharhlar ekan, faqat shu qit`a atrofiga o`ralashib qolmaydi, balki uning mazmunini kengroq ochib berish uchun rivoyat va afsonalardan, boshqa shoirlarning adabiy merosidan, zamondosh shoirlarning asarlaridan, diniy manbalardan ma`lum bilim va tushunchalardan o`z o`rnida foydalanadi. Bu uslub muallifning bilim va ma`lumot doirasi naqadar kengligini ko`rsatadi, shu bilan birga o`quvchi qalbiga ravon yo`l ochadi va xotirasida yaxshiroq qolishi uchun imkon beradi.
Ajdodlarimiz, buyuk bobolarimiz yaratgan noyob obidalar, ulug’vor ezgu ishlar, boshdan kechirgan ajoyib voqelar bilan faxrlanish tuyg’usi mustaqil yurtimizning har bir farzandida yuksak darajada bo`lishi kerak. Biroq faqat shuning o`zi hali kam. Buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo`lish-har bir kishining muqaddas burchidir. Hazrat Navoiy bu haqda: “Sen o`z axloqingni tuzgil, bo`lma el axloqidin xursand. Kishiga chun kishi farzandi hargiz bo`lmadi farzand”,- deganlar. Shuni nazarda tutib, olim “Kamol et kasbkim” kitobini ham ana shu purhikmat baytni yodda tutgan holda o`rta yoshdagi maktab bolalariga mo`ljallab yozgan.
Shoirning “Kamol et kasbkim...” qit`asini talqin etishda olim eng avvalo, so`zning lug’aviy ma`nosiga diqqat qaratadi:
Kamol et kasbkim, olam uyidin,
Sanga farz o`lmag’ay g’amnok chiqmoq.
Jahondin notamom o`tmak biaynih,
Erur hammomdin nopok chiqmoq.
Kamol kasb etmoq degani behad keng va teran tushuncha. Qit`ani o`qiganda, avvalo mana shu to`g’rida mulohaza yuritish kerak deb hisoblaydi olim va “Lisonut tayr”dagi to`rt unsurga to`xtaladi. Undan kelib chiqib, “Hazrat Navoiy “Kamol et kasbkim” deya da`vat qilganlarida komillik uchun zarur juda ko`p xususiyatlarni nazarda tutganlar. Kishi o`zini hirs, tama, nafs, g’aflat, nodonlik singari mayllaridan poklamasa, u hech payt komil bo`lolmaydi. Komillik uchun ulkan insoniy qalb, uni nurlantiruvchi so`nmas ishq va keng qamrovli tafakkur zarur”1, - deb yozadi. Haqiqatan ham bu fazilatlar bo`lmas ekan, ma`naviy ruhiy mukammallik haqida gap bo`lishi mumkin emas deya yosh kitobxonga uqtiradi. Bu fazilatlardan qaysi biri etishmasa, inson hammomga kirib, nopok chiqqanday o`zini his etadi.
Shu o`rinda bir masalaga aniqlik kiritish kerak bo`ladi: olim “Tasavvuf va she`riyat” kitobida o`zining oxirgi bir fikriga qarshi chiqadi. U “Kimki o`zlik imoratin buzdi...” deb nomlangan maqolada Navoiy va tasavvuf masalasiga to`xtalar ekan, tahlil jarayonida “Kamol et kasbkim...” qit`asi tahliliga yanada chuqurroq yondoshadi, talqin imkoniyatlarini kengaytiradi. Buning uchun, avvalo, ushbu qit`a haqida fikr yuritgan olimlarning mulohazalarini tahlilga tortadi. R.Orzibekovning qit`aning axloqiy ta`limiy mag’zi kuchliligi, shoir kishilarni ilm-hunar o`rganishga chaqirishi haqida to`xtalar ekan, rostdan ham she`rda shunday talab va chaqiriq bormi deb o`z oldiga savol qo`yadi. Bunga javob qaytarish uchun boshqa olimlarning mulohazalariga murojaat etadi. Avvalo Alisher Navoiy hikmatli so`zlari jamlangan to`plamda berilgan qit`aning nasriy mazmunini keltiradi: “Olamdan g’amsiz o`tay desang, ilmu hunar o`rgan. Dunyodan kamolotga etmay o`tish, hammomdan toza bo`lmay chiqishning xuddi o`zi”.
“Hayotdan murod faqat ayshu ishrat emas. Hayotning mezoni insonning faoliyati, xatti-harakati, sifati va fazilatidir. Inson hayotini o`zi uchun ham, butun jamiyat uchun ham foydali bo`lgan xizmatga bag’ishlashi, kasb-hunar o`rganishi, ma`rifatli bo`lishi, yaxshi fazilatlarni egallashi kerak. Shundagina u o`z insoniy burchini ado etgan komil inson bo`ladi”. N.Mallayev shu fikrlarga yuqoridagi qit`ani misol qilib ko`rsatgan.
“Haqiqatdan ham, dunyoda yashab, umr ko`rib, biror kasbga, biror hunarga ega bo`lmagan insonning, shoir aytganidek, hammomga tushib, kirdan toza bo`lmagan insondan farqi bo`lmaydi”. Bu mulohaza kimga tegishli ekanligini I.Haqqulov negadir ko`rsatmaydi.
Qit`a sharhlangan keyingi mulohazalarda uning mazmuni g’oyaviy baholanadi ya`ni shoirning fikri saroy ahllariga qarshi qaratilgan. “U saroy ahllarining mana shunday g’ayriinsoniy xulq-atvorini jamiyat, xalq oldida ayamay fosh qildi”, deyiladi. Bu fikr ham kimga qarashli ekanligi ma`lum emas. Ammo I.Haqqulov shu o`rinda E.Vohidovning Navoiy g’azallarining ayrim tahlillariga munosabati haqidagi so`zlarini keltirish orqali unga munosabatini ochiq-oydin ko`rsatadi: “G’azalning mazmunini jo`n gapirib berish - tahlil emas. Bu g’azalni echintirish. Uni shohona libosdan xoli qilib, ochiq tanasini ko`rsatish, xolos. Bunday tahlil she`rxonni sovutadi, shoirni beobro` qiladi”. Alisher Navoiyning har qanday shakldagi she`rlari mazmunini jo`nlashtirishning tahlilga aloqasi yo`q. Keyingi “tahlil”da hatto qit`aning “tanasi” ham ko`rinmaydi. Eng yomoni, u o`quvchining qiziqishini so`ndiradi”1.
Keyingi talqin A.Abdug’afurovga tegishli: “...shoirning kuzatgan asosiy maqsadi mavjud nuqson-illatlarni fosh etish, qoralash emas, balki komil inson ideali nuqtai nazaridan kishilarni yomon yo`ldan qaytarish va pand-o`git bilan to`g’ri, halol bo`lishga undash, kasb-hunar egallashga da`vat etishdir”. I.Haqqulov bu mulohazaga ham o`z munosabatini bildiradi: “Bunda ideal so`zining tilga olinishi o`rinli. She`rda “kishilarni yomon yo`ldan qaytarish”, “to`g’ri, halol bo`lishga undash” bor. Albatta, kasb-hunar egallash ham komillik shartlaridan hisoblanadi. Lekin “halol bo`lay deb joni halak”, o`zicha to`g’ri yashab, biror-bir kasb yoki hunar o`rgangan odam ishqdan yiroq, oriflik ma`rifatidan xabarsiz bo`lsa-chi?”. Shundan keyin olim “Kamol et kasbkim” kitobidan o`z mulohazalarini keltiradi va oxirgi fikrni ( Mir Alisher Navoiy insonning jahon farzandi mavqeiga ko`tarilishini xohlaganlar. Xuddi shu mavqeni esa kamolotning oliy cho`qqisi deb bilganlar”) quyidagicha rad etadi: “Kamolotning cho`qqisi”ga oid oxirgi gap noto`g’ri. Chunki qit`ada jahondin o`zni to`la ozod aylashga da`vat qilingan. Bu – tasavvufdagi bosh masala.
Matnshunos olim avvalo baytning ma`nosini talqin etadi: “Kasb” so`zi ikki ma`noni anglatadi. Birinchisi – o`rganish, odat qilish, hosil qilish, egallash. Ikkinchisi – hunar, bilim, mashg’ulot. Shunga binoan bayt mazmunidan ikki xil xulosa chiqarish mumkin. Chunonchi:
1. Ey, inson, bilim va hunarda kamolotga erish. Aks holda na kelmagingu na ketmagingdan natija topmaysan. Shuni anglagilki, “olam uyidin” g’amga to`lib ketmoq sen uchun sharaf emasdur.
2. Ey, inson, kamolot bosqichlarini egallashni ko`zla. Nafsingga mag’lub bo`lib qolma. Dunyoning “zebu zohir”lariga ko`ngul qo`yma. “Ma`ni ahli” safida bo`l. Komilliging - noqisligingni bilish. Haqni sev. Shodliging - faqru fanolikda. Bo`lmasa “olam uyi”ni xushnudlik bilan tark eta olmaysan. Bulardan qaysi biri she`riy matn tarkibiga to`la muvofiq?” deb olim o`z oldiga yana savol qo`yadi. Unga shunday javob beradi. “She`rni tushunish uchun matnni har jihatdan to`g’ri o`qish lozim. Lekin bu kamlik qiladi. She`rni tinglay bilish kerak. She`r faqat so`z yoki fikrmas, ovoz hamdir. Shu ovozni she`rxonga etkazuvchi “organ” - bu obraz....She`rni anglashning yana bir zarur sharti bor. She`r seni ham eshitishi lozim. She`rga avvaldan o`ylangan aqlli va quruq gaplarning keragi yo`q. Unga G’am va Armonning aks sadosi etib boradi, xolos”. Bu mulohazalar olimning zukko she`rshunos ekanligini ham ko`rsatadi.
Kamol et kasbkim, olam uyidin,
Sanga farz o`lmag’ay g’amnok chiqmoq.
Nega olamdan emas, “olam uyidin”? Bu obraz olamning “uy” qadar torligini aniq his qilgan ko`ngildagina taassurot uyg’otadi. Obrazning mundarijasini chuqur bilmoq uchun esa, olam va odam munosabati masalasini tasavvuf falsafasi kontekstidan ajratmaslik kerakdir. Biz “olam uyidin” g’amsizz chiqmoqni qanchalik tor va biryoqlama tushunsak, “g’amnok chiqmoq”ni undan ham sayozroq tushunamiz”1. Olim yana Navoiyga murojaat etib, uning shu qit`aga yaqin g’azali va bir ruboiysi talqinini keltiradi.
Jahondin notamom o`tmak biaynih,
Erur hammomdin nopok chiqmoq.
«Bundagi “notamom” ham so`z - obraz, jahondan tamoman etak silkimaslik noqisliklarini aks ettiradi...”Hammomdin nopok chiqmoq” - jahondin notamom o`tmak”lik natijasini go`yo reallashtiradi». Olim qit`adagi qiyosiy dalilni olim yangi topilgan deb hisoblaydi. Ko`rinadiki, I.Haqqulov badiiy matnga, undagi har bir so`zga katta mas`uliyat bilan qaraydi, sinchkovlik bilan talqinga yondoshadi.
Aristotelning talqin, uning nazariyasi haqidagi ilk ilmiy asari “Germenevtika”ni o`rgangan Forobiy, Ibn Sino, Beruniy va boshqa olimlar Aristotel’ ta`sirida talqin fani rivojiga hissalarini qo`shdilar. Sharqda, G’arbda, qadimda va hozir talqin haqida ko`plab asarlar yaratilmokda. Shunday qilib, talqin adabiy tanqidning o`zak masalalaridan biri, germenevtikaning amaliyotidagi ko`rinishidir. Germenevtika tarixi talqinning ikki turini alohida ta`kidlaydi. Shundan asarlar muqaddas kitoblar bo`lganki, ular turlicha sharhlangan, talqinchi talqin ob`ektidan yuqori ko`tarilishni, unga zid ma`no chiqarishini xayoliga keltirmagan. Bu faqat diniy, muqaddas kitoblarga nisbatan qo`llangan tartibot emas, o`tmishning mashhur yozuvchilari, donishmandlari Gomer, Arastu, Aflotun asarlari ham faqat bilish, o`rganish maqsadida talqin qilingan. Buyuk shaxs, ijodkorlar ruhiga shakkoklik keltirish odobsizlik hisoblangan. Buni chuqur anglagani uchun ham zukko olim o`zining oldingi xato deb hisoblagan ba`zi qarashlarini to`ldiradi.
Talqinnnig ikkinchi turi asarni talqin qilish, unga o`z munosabatini bildirish, to`g’rirog’i, shaxsiy qarashlarini ifodalashdagi vosita deb anglashni taqozo etgan. Talqinchi – o`z zamonining farzandi. Talqin jarayonida talqinchining tushunchasi, estetik qarashi, tashqi muhit ta`sirida shakllangan didi aks etishi tabiiy. A.Frans talkin san`ati uzoq tarixga ega bo`lgan jamiyatdagina ravojlana olishligini ta`kidlagan. Uchinchi, san`atning boy an`anasi talqinni keltirab chiqaradi. Haqiqiy talqinlarda matndagi timsollar, tushunchalar, ma`nolar, so`z o`yinlari fono-grammatik –semantik yaxlitlikni vujudga keltiradi. Bu hol ko`proq she`riyat talqinida, xususan, mumtoz adabiyot namunalari talqinida ko`zga tashlanadi. Adabiy talqinda sistemali-semantik yondashuv etakchilik qiladi. Talqinchi asarni yaxlit holda oladi, ma`nolarina to`liq qamrash maqsadida ishga kirishadi. Ko`rinadiki, I.Haqqulov badiiy matnga xuddi shu jihatdan yondoshadi.
Mir Alisher Navoiyning “Vajhi maosh uchun...” qit`asi falsafiy mazmundagi she`rlardan bo`lib, olim uning sharhida qanoat, nafs, ishqqa asirlik, “behudlug’”, “mayxo`rlik” kabi tushunchalarni sharhlaydi. Oqillik bilan fidoyilik orasidagi masofani u qadar yiroq deb bilmagan olim uni asoslash uchun Shamsiddin Tabriziyning “Dunyoda jamiki narsa insonga qurbon, faqat inson o`z-o`ziga qurbon” degan so`zlarini keltiradi va shunday xulosa qiladi: “O`z- o`zini bilgan inson mana shu qurbonlikdan qutulib, dunyoga nechun kelganligini to`g’ri hal qiladi”1.
Olim qit`alarni sharhlashda o`zining chuqur bilim va iqtidorini namoyon eta olgan. Har bir qit`a sharhida buni ko`rish mumkin. “Qanoat tariqig’a kir...” qit`asini sharhlashda “Lisonut tayr” dostonidan bir hikoyatni keltiradi va uning Xoja Bahouddin Naqshband to`g’risida ekanligini aytib, naqshbandiylik mohiyatini ochadi: “Demak, Naqshbandiy tariqatining falsafiy axloqiy zamini Ishq. Bu ta`limotga qanoat nuri, shukuhi muhabbatdir...
Naqshbandiy dunyoqarashi botinan (ichdan) xudo bilan, zohiran (tashqaridan) odamlar bilan bo`lish kerkligini yoqlaydi”. Naqshbandiylikdagi “xilvat dar anjuman”, “safar dar vatan” shartlarining mohiyatini chuqur ochib beradi. Ayniqsa. “Safar dar vatan”ning sharhi o`quvchini o`ylashga, mushohada yuritishga chorlashi bilan e`tiborga loyiq: “ Kishining insoniyligini belgilaydigan bosh mezon esa tug’ilishidanoq Vatanini tanishidir. Bu - Vatanga safardir. Buni shahar va qishloqlar, bog’u sahrolarni kezish debgina tushunish kerak emas, albatta. Vatanga safar - ona yurt tarixi, buguni va kelajagiga sayohat”. Naqshbandiyning “Safar dar vatan” degan tushunchasini mana shunday miqyoslarda qabul etish zarur, aks holda u yuzaki bir da`vatga o`xshab qoladi deb uqtiradi olim yosh kitobxonga.
Qit`alarni tahlil qilish jarayonida olimning mushohada yog’dusidan charaqlagan nur yosh kitobxon qalbini yoritishga, uni hayot haqida, insoniy fazilatlar haqida o`ylashga undaydi. Masalan, “Budparast budga sig’inadi, xudparast o`ziga. Bu baxtsizlik. O`z oldida o`zining qadrini ko`targan kimsa - o`zganing qadrini juda osonlik bilan erga uradi. U o`zini ko`radi. Shuning uchun xudbinning har qanday ishi o`ziga ma`qul. Uning tabiati go`yo kamchiliklardan xoli. U chechanlarning chechani, donolarning donosi. Xudbinlik - idrokning o`tmaslashuvi. Xudbinlik o`ziga bino qo`yishlik shaytonligi” (94 bet). Hazrat Navoiyning ana shu illatdan ogohlantirish maqsadida yozilgan “Bashar xayli anga majbul erurlar...” qit`asini sharhlashdan kelib chiqqan bunday hikmatomuz xulosa o`quvchi tasavvurida xudbin kimsa tabiati va unga xos xususiyatni yorqin ochib beradi.
Yоki insonga xos yaxshi fazilatlarni ta`riflashda ham bunday xulosalar kitobda ko`p uchraydi: “Oqillik - birdamlik va birodarlik yo`li. Unda mehr ziyosi bor. Bu ziyo hech vaqt insonni insondan uzoqlashtirmaydi”...(109-bet); “Tavoze yaxshi ammo...” qit`asini sharhlashdan kelib chiqadigan xulosa: “Tavoze insoniy xislatlarning qimmatbaho gavhari, xulq va odob bezagi. U xoksorlik injusi. Maqsad gavharlari tavozeli kishilarning oyog’i ostidadur. Mana shuning uchun Mir Alisher Navoiy qit`ada tavozening yaxshiligini aytish bilan kifoyalanmasdan, uni odatga aylantirmoqqa undaganlar” (113- bet).
Qit`alar talqini yosh kitobxonlarga mo`ljallanganligi bois olim ularni sharhlash va izohlashda ko`pincha rivoyat, afsona yoki hikoyatlarga murojaat qiladi. “Shah lutfi garchi bo`lsa ko`p qobil, topar nash`u namo...” qit`asini sharhlashdan avval Shayx Sa`diyning “Guliston” asaridagi bir hikoyatni keltiradi. Uning hukmi qit`adagi shoir aytmoqchi bo`lgan fikrga naqadar yaqinligini ko`rsatadi:
Garchi quyoshtin parvarish olam yuziga omdir,
Sahroda qumg’og’u tikan, bo`stonda sarvu gul butar.
“Yа`ni: quyosh olam yuziga teng nur sochsa ham, sahroda qumg’og’u tikan, bo`stonda sarvu gul bitadi. Shu o`rinda olim A.Qahhorning shu haqdagi mulohazalariga ham murojaat qiladiki, uning mazkur qit`a haqidagi xulosalari o`quvchi e`tiborini tortmay qolmaydi.
Mir Alisher Navoiyning boshqa asarlaridan misollar keltiradi. “Qarilar xotiri nozikdur..” qit`asini izohlar ekan, bolalarning shox o`yinini eslaydi va “Mahbubul qulub”dan parcha keltiradi. Ba`zan hozirgi zamon shoirlari bilan qiyoslaydi, bunda ko`proq A.Oripov she`rlariga murojaat qiladi.
Ko`p oltin, kumush sari qo`l sunmog’il,
Ki tutsang kaftingni qora zang etar.
Ko`ngulda dog’i maylini istama,
Ki ko`ngulni dog’i hamul rang etar.
Bu qit`aning mazmuni oddiy: oltin-u kumushga ko`p qo`lingni cho`zaverma, kaftingga qora zang yuqadi. Boylikka ko`ngil maylini berma,ko`ngling ham qora rang bo`ladi, demoqchi shoir. I.Haqqul esa uni sharhlashdan oldin buyuk hind yozuvchisi Robindranat Txokurning “Meros” nomli hikoyasini qisqacha bayon etib beradi. Hikoya qahramoni bo`lgan boylikka hirs qo`ygan chol xasisligi tufayli bemor yotgan kelinining o`limiga sababchi bo`ladi, o`g’li va nevarasi undan or etib, uydan chiqib ketishadi. Umrining oxirida chol butun umr yiqqan boyligi befoyda qolib ketayotganiga amin bo`ladi. O`zi bilmagan holda nevarasini boyliklari bilan birga g’orga qamab qo`yadi, ya`ni dafn etadi. “Mana sizga boylikka hirs qo`ygan kishining qismati, - deb xulosa yasaydi I. Haqqul. – Bizningcha, bu qayg’uli hikoyada ko`p oltin, kumush sari qo`l cho`zishning oqibatlari butun dahshati bilan aksini topgandir. Mir Alisher Navoiy qit`asi va Robindranat Tokur hikoyasi deyarli bitta mohiyatni ifodalaydi”1. Ko`rinadiki, bunday usul yuqoridagi qit`a mazmunini yanada chuqurroq tushunishga yordam beradi.
Olim Navoiyning mashhur bir qit`asini sharhlashda afsonaga va malikul kalom Lutfiyga murojaat qiladi.
“Jahon ganjig’a shoh erur ajdaho,
Ki o`tlar sochar qahri hangomida.
Aning nomi birla tirilmak erur,
Maosh aylamak ajdaho komida
Afsonalarning guvohlik berishicha, bebaho xazinalar yashiringan joylarda ilon va ajdaholar paydo bo`lib, o`sha xazinalarni qo`riqlab yotisharmish. Mavlono Lutfiy shunday afsonalar mazmuniga asoslanib yozganlar:
Yuz uza zulfing erur ganj ustida yotqon ilon,
Vah, o`sha ganj orzusidir bizni vayron aylagan.
Alisher Navoiy qit`asida afsona chin haqiqatga aylangan deyish mumkin. Bu she`r shohga berilgan juda haqqoniy g’oyaviy, ijtimoiy, axloqiy va badiiy tavsifdir. Shoh kim? “jahon ganji”ning qo`riqboni. Lekin u ajdaho qiyofasidagi posbon. Uning qahri hazarli. G’azab chog’larida bu ajdahoning og’zidan so`zmas, o`tlar sochiladi. Shuning uchun undan umid va yaxshilik tilamak, ajdaho og’zida tiriklik istash yoki umr kechirishni ko`zlash bilan barobardir. Qit`adagi fikr – jasoratli fikr. U hamma davr shohlari ustidan o`qilgan hukm. Shoh va ajdaho nisbatida zarracha bo`lsin g’ayritabiiylik sezilmaydi”72
Bu sharhni o`qigan kitobxon ko`z oldida darhol Navoiy yashagan davrdagi podsho saroyi, saroydagi tahlikali muhit namoyon bo`ladi. Darhaqiqat, yoshligidan saroy muhitida o`sib, shoh xizmatida bo`lgan Alisher Navoiy ne-ne fitna-yu fasodlarga, “ajdaholar”ning shafqatsiz hamlalariga guvoh bo`lmagan deysiz? Boylik ilinjida shohga ko`p yaqin bormaslik kerak, yo`qsa u ajdahodek yutib yuboradi.
Ma`lumki, qit`a janri ko`proq axloqiy-ta`limiy, pand-nasihat xarakterini o`zida mujassam etgan bo`ladi. Bu jihatdan Navoiy qit`alarini sharhlash adabiyotshunos olim I.Haqqulovning ijodiy yo`nalishiga mos kelgan, deyish mumkin. Chunki I.Haqqul nafaqat olim sifatida, balki inson sifatida ham jamiyatdagi salbiy holatlar, g’ayri axloqiy ko`rinishlar va illatlarga murosasizdir. Olimning vaqtli matbuotdagi chiqishlari va suhbatlari kuyunchak bir ijodkor, el-yurt dardi bilan hamdard fidoiy inson, halollik va to`g’rilik uchun qayg’uradigan millatparvar shaxs ekanligidan dalolat beradi. Shu bois qit`alarni sharhlash barobarida adabiyotshunos olim bexosdan o`zining hayotiy qarashlarini ham bayon etib ketaveradi. “Odam bolasi onadan yomon bo`lib tug’ilmaydi, - deb yozadi u bir sharhda, – u tarbiyasizlik tufayli yoki nosog’lom muhit ta`sirida yomon shaxs sifatida shakllanadi. Xo`sh, bundaylarni yaxshi muomala- munosabat bilan o`zgartirish mumkinmi? Qit`aning umumiy mantig’i bu savolga “Mumkin emas” deb javob beradi. Va ayni paytda yuqoridagi fikrimizni bir qadar isloh qilish majburiyatini ham tug’diradi. Ilondan ilon paydo bo`ladi, chayondan chayon, deyishadi. Xuddi shunga o`xshab badaxloq ota-onalardan yomon farzandlar ham tug’iladi. Bular hazrat Navoiy iboralari bilan aytganda “asli yomon”lardir”1. Gap quyidagi qit`a xususida boryapti:
Yuziga asli yomonning ko`p ochma gulshani xulq,
Siyah gilemga albatta mehr aylama fosh.
Ki qilmadi gul isi birla toza ruh jual,
Quyosh charog’iga parvona bo`lmadi xuffosh.
Qit`a sharhi davomida biz notanish so`zlardan jual – qorako`z, xuffosh – ko`rshapalak ekanligini bilib olamiz. Demak, I. Haqqul talqinida Navoiyning nuqtai nazari: asli yomonlarga xushxulqlik ko`rsataverish donolikdan emas. “Siyoh gilam”ga qancha oftob nuri tushmasin u oqarmaydi. Qoraqo`ng’izning qismati gul isini emas, tezak bo`yini hidlash, unga gul isi birla ruhni tozalash nasib etmagan. Xuddi shunday ko`rshapalakka ham quyosh nuri begona. SHunga o`xshash sharhni Navoiyning mashhur:
“Kim kuchuk birla ho`tukka qancha qilsang tarbiyat,
It bo`lur, dog’i eshak, bo`lmaslar aslo odami.” – degan qit`asi tahlilida ham ko`ramiz. Lekin bu joyda olim sharhni Sa`diy Sheroziy va Abdulla Oripov she`rlaridan olingan satrlar mazmuni bilan boyitadi:
Ohu bolasi bu, ohuday boqqan,
Shervachchada esa sherning shiddati(A.O.)
Odamlar nechog’lik qilsa tarbiyat,
Bo`rining bolasi – bo`ri oqibat. (Sa`diy)
Alisher Navoiy ijodiy merosini baland tog’ deb tasavvur qiladigan bo`lsak, bu tog’ bizning ortimizda emas, hamisha qarshimizda, biz intiladigan, cho`qqilariga havas bilan qaraydigan, u sari yuksalishni orzu qiladigan tog’. Har bir narsaga yoshlikdan ko`nikma hosil qilish kerak bo`lganidek, Navoiyni o`rganishga ham qancha erta bel bog’lasak, shuncha yaxshi. Ulug’ shoirning ijod sirlarini yoshlikda o`rganmagan, yoshi bir erga borganda o`kinib, kech bo`lsa-da, o`qishga kirishgan odamlar ham yo`q emas. Alisher Navoiyni anglash va his qilish o`zbek xalqining tarixi, madaniyati, qalbi ehtiyojlarini, o`zligini anglash hamda his etish demakdir. Shunday ekan, Navoiyni, umuman, mumtoz adabiyot vakillari ijodini bilish har bir o`zbek farzandi uchun ham qarz, ham farzdir. SHu ma`noda iste`dodli adabiyotshunosning ushbu kitobni yaratib, qilgan mehnati tahsinga sazovor ekanligini O`zbekiston xalq shoiri erkin Vohidov ham ta`kidlab o`tadi81. Haqiqatan ham bunday asarlar bilan Alisher Navoiy ijodini o`rganish orqali yoshlarning ko`nglida she`riyatdan, badiiy so`z sehridan zavqlanish hissini uyg’otadi, shu bilan birga ularni ona tabiat sirlariga yaqinlashtiradi, tarixiy rivoyat va hikoyatlar bilan tanishtiradi, ona Vatanga muhabbat, uning o`tmishiga hurmat, ulug’ ajdodlar ruhi oldida mas`ullik hissini tarbiyalaydi, yaxshi insoniy fazilatlarga o`rgatadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, olimning “Zanjirband sher qoshida”, “Kamol et kasbkim” asarlari bugungi kun o`quvchilarining ongu tafakkuriga mo`ljallab yozilganligi, Alisher Navoiy matnlari siru sehrini yosh kitobxonga ochib bera olishi jihatidan katta ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |