3. Tishli g’ildiraklar tayyorlashda ishlatiladigan materiallar.
Tishli g’ildiraklar tayyorlash uchun mavjud stanoklarda tishlar qirqish va bu tishlarga ishlov berishda talab etilgan aniqlik hamda tozalikni ta’minlaydigan materiallar ishlatilishi kerak. Bundan tashqari, materiallar o’zgaruvchan va zarb bilan ta’sir etadigan kuchlarga yaxshi bardosh berishi hamda tish sirtining kontakt kuchlanishga chidamli bo’lishi lozim. Hozirgi vaqtda tishli g’ildiraklar, asosan, po’lat, cho’yan va plastmassalardan tayyorlanadi. Tishli g’ildiraklarning katta quvvatli mashinalarda ishlatilishi va o’lchamlarini kichraytirish talab etilganligi uchun ularni ko’pi har xil po’latlardan, masalan 40, 45, 50, 40G2, 50G, 40X, 40XN, 40XNMA, 30XGS va boshqa rusumli po’latlardan tayyorlanadi.
O’lchamlari kichik bo’lib, og’ir yuklanish tushadigan g’ildirak tishlarining sirtqi qatlami turli usullar bilan toblanib, qattiqligi NRS = 45 – 55 ga etkaziladi. Zarb bilan ta’sir etadigan va yo’nalishi yoki tezligi o’zgarib turadigan kuch ta’sirida ishlaydigan uzatmalarning g’ildiraklari 15X, 20X, 12XNZA, 18XGT, 20X2N4A markali po’latlardan ishlangani ma’qul. Bu po’latlardan tayyorlangan g’ildirak tishlarining sirtqi qatlami stementitlanadi va toblanib, Rokvell bo’yicha qattiqligi 56 – 63 ga etkaziladi. Agar tishlarning sirti nihoyatda qattiq bo’lishi talab etilsa, g’ildiraklar 38XYuA, 38XMYuA markali po’latlardan tayyorlanadi va tishlarining sirtqi qatlami azotlanib yoki stianlanib, qattiqligi Rokvell bo’yicha 53...65 ga etkaziladi. Bunday hollarda g’ildirak tishlarining ximiyaviy-termik ishlangan qatlami qalinligi 0,1...0,3 mm ga etadi va tishlar orasiga qattiqroq biror zarracha tushib qolgunday bo’lsa; qatlam chetlab ketadi. Shuning uchun, bu usul bilan mustahkamlangan g’ildiraklarni ishlatishda moy iloji boricha yaxshi tozalanishi va kuchli zarb bilan ta’sir etuvchi kuchlar bo’lmasligi lozim. O’lchamlari o’rtacha bo’lib, uzoq vaqt ishlashga mo’ljallangan g’ildirakning tishlari toblanadi-da, sirtqi qatlamining qattiqligi Brinel bo’yicha 240… 300 ga etkaziladi. Katta o’lchamli uzatmalarning g’ildiraklari po’latdan quyiladi. Bunday hollarda g’ildirak qoniqarli ishlashi uchun po’lat tarkibidagi uglerod miqdori 0,35 ... 0,55 % dan kam bo’lmasligi kerak. Sekin va bir tekis ishlaydigan, o’rtacha yuklanish ta’sir etadigan uzatmalarning g’ildiraklari turli cho’yanlardan (SCh28 – 48, SCh32 – 52, SCh35 – 56, VCh45 – 5, VCh40 – 10 va boshqa markali cho’yanlardan) tayyorlangani ma’qul. Odatda, cho’yandan tayyorlangan g’ildirak tishlari kam uvalanadi va ularda bir biriga ilinib qolish hodisasi kam sodir bo’ladi.
So’nggi yillarda kam va o’rtacha yuklanish bilan ishlaydigan g’ildiraklar polimer materiallardan tayyorlanmoqda. Bunday materiallar jumlasiga fizikaviy, ximiyaviy, mexanikaviy va texnologik xossalari har xil bo’lgan plastmassalar kiradi. Bunday plastmassalar termoreaktiv va termoplastik deb ataluvchi ikki turga bo’linishi yuqorida aytib o’tilgan edi. Termoreaktiv materiallarning tishli g’ildiraklar uchun ko’proq ishlatiladiganlari tekstolit, yog’och qatlamli plastik (DSP) hamda voloknitlardir. Epoksid smolasidan ham tishli g’ildirak tayyorlash mumkin. Termoplastik materiallardan tishli g’ildiraklar tayyorlash uchun turli poliamidlar (polikaproamid P-68, AK-7, gramma turdagi kaprolonlar), poliuretanlar, poliformaldegid, polikarbonat, polipropilen, polivinilxloridlar, polietilen, ftoroplast va boshqalar ishlatiladi. Shuni nazarda tutish kerakki, uzatmaning ilashishda bo’lgan bir juft g’ildiragining faqat bittasigina plastmassadan bo’lishi kerak, chunki plastmassa issiqlikni yomon o’tkazadi. Garchi plastmassa g’ildiraklar metall g’ildiraklarga qaraganda kichikroq yuklanish bilan ishlashi mumkin bo’lsada, bir qator afzalliklari tufayli ular kelajakda keng ko’lamda ishlatilishiga shubxa qilmasa ham bo’ladi.
Plastmassadan yasalgan g’ildirakli uzatmalar ravon, shovqinsiz ishlaydi va zararli kimyoviy muhit ta’siriga bardosh beradi, bu jihatdan olganda po’lat g’ildiraklardan ustun turadi. Bundan tashqari, uzatma elementlari tayyorlash va ularni yig’ishda yo’l qo’yilgan noaniqliklarning uzatma, ishiga salbiy ta’siri plastmassa g’ildirakli uzatmalarda kam seziladi. Lekin plastmassalar, ayniqsa poliamidlar fizika-mexanikaviy xossalarining vaqt o’tishi bilan o’z-o’zidan o’zgarishi, temperatura ko’tarilgan sari plastmassa g’ildiraklar mustahkamligining keskin ravishda pasayishi sababli, ulardan uzatmalarda foydalanish masalasini har tomonlama o’ylab hal qilishga to’g’ri keladi. Umuman olganda tishli g’ildiraklar uchun material tanlashda, avvalo, g’ildirakning asosiy vazifasi, ishlash sharoiti va u bilan bog’liq bo’lgan iqtisodiy masalalarga jiddiy ahamiyat berish lozim. Masalan, avtomobil, samolyot kabi mashinalarning uzatmalaridagi g’ildiraklar, qimmat bo’lsada, yuqori sifatli legirlangan po’latlardan, stastionar sharoitda ishlaydigan, gabarit o’lchamlari cheklanmagan uzatmalarning g’ildiraklari oddiy uglerodli po’latdan, yuklanishi katta bo’lmagan uzatmalarning g’ildiraklari esa cho’yan yoki plastmassadan tayyorlangani ma’qul.
Yuqorida aytilganlardan tashqari, material tanlashda shesternyaning g’ildirakka qaraganda og’ir sharoitda ishlashiga ham e’tibor berish zarur. Shesternya uchun tanlangan materialning chidamliligi g’ildirak uchun tanlangan materialnikidan katta bo’lishi lozim, chunki odatda shesternyaning tishlari g’ildirak tishlariga qaraganda ko’proq vaqt ilashishda bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |