4. Kirmakli (Chervyakli) reduktorlar.
Hozirgi vaqtda asosan uzatish soni u = 8…80 oralig’ida bo’lgan bir pog’onali kirmakli reduktorlardan foydalaniladi (19.1-rasm, z).
Uzatish sonining qiymati ko’rsatilgandan katta bo’lishi talab qilingan hollarda stilindrik tishli va kirmakli uzatmalardan tuzilgan ikki pog’onali (19.1-rasm, i) reduktorlar ishlatiladi. Kirmakli reduktorlarda kirmak g’ildirakning ustida, ostida va yonida joylashtirilishi mumkin. Kirmakning aylana tezligi 4...5 m/s gacha bo’lgan hollarda uning g’ildirak ostida joylashtirilishi lozim. Aylanma tezligi katta bo’lgan hollarda kirmakning g’ildirak ustida joylashtirilishi tavsiya etiladi. Kirmak kamdan-kam hollarda g’ildirak yonida joylashtiriladi, chunki bunday hollarda vertikal joylashgan valning podshipniklarini moylash birmuncha qiyinlashadi. Kirmakli reduktorlarda ham asosan dumalash podshipniklari ishlatiladi. Tayanchlar orasidagi masofasi aytarli darajada katta bo’lmagan chervyak tayanchlari uchun har bir tayanchga bittadan radial-tirak podshipnik ishlatish tavsiya etiladi. Uzun chervyak tayanchlarining har birida esa ikkitadan radial – tirak podshipnik ishlatilishi mumkin.
Kirmakli reduktorlarda ishlatiladigan moylarning qovushoqligi tishli uzatmali reduktorda ishlatiladigan moylarning qovushoqligiga qaraganda birmuncha yuqori bo’lishi lozim.
Agar kirmak tishli g’ildirak tagida joylashgan, bo’lsa, moyning qatori kirmak o’ramini butunlay qoplab turishi kerak. Agar kirmak g’ildirak ustida joylashgan bo’lsa, o’rtacha tezlik bilan ishlaydigan reduktorlarda g’ildirak tishlari moyga botib tursa kifoya. Biroq katta tezlik bilan ishlaydigan reduktorlarda moy maxsus nasos bilan bosim ostida bevosita kirmak bilan g’ildirak ilashishda bo’lgan joyga etkazib beriladi.
Reduktorlarni hisoblash ularni tashkil qiluvchi detallarni hisoblashdan iborat bo’ladi. Masalan, tishli uzatmali reduktorlarni hisoblash uchun avvalo tishli uzatma, so’ngra g’ildirak vallari, ularning tayanchlari, korpus detallari hisoblanadi va zarur bo’lgan hollarda (aksariyat chervyakli uzatmali reduktorlarda yoki tezligi katta bo’lgan tishli uzatmali reduktorlarda) reduktorning me’yoridan ortiq qizib ketmasligini ham tekshirib ko’riladi. Reduktor korpuslari etarli darajada mustahkam va bikr bo’lishi kerak. Shuning uchun ular aksariyat cho’yandan quyiladi. Kirmakli reduktor korpuslari uchun alyuminiy qotishmasidan ham foydalaniladi.
Remont qilish ishlarini engillashtirish maqsadida korpus qopqoq va karter deb ataluvchi ikki qismdan iborat qilib tayyorlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |