3.savolga javob: Korxonalarning moliyaviy hisoboti belgilangan talablar va qoidalarga rioya qilgan holda tuzilsa undagi ma’lumotlar hisobot davri mobaynida uning moliyaviy-xo’jalik faoliyati to’g’risida yetarlicha axborot beradi.
Bugungi kunda moliyaviy hisobot shakllari, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining «Moliyaviy hisobot shakllari va ularni to’ldirish qoidalarini tasdiqlash to’g’risida»gi 2002-yil 27- dekabrdagi 140-son buyrug’iga muvofiq tuzilmoqda.
Hisobotning asosiy shakllari korxona balansi va moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobot hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan, «Mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi» to’g’risidagi Nizom, moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobot bilan chambarchas bog’liqdir.
O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligining’ 1997-yil 15-yanvardagi «Korxona (tashkilot)larning yillik va choraklik moliyaviy hisobotlarini shakl va hajmlarini tasdiqlash to’g’risida»gi 5-son buyrug’iga, hamda O’zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to’g’risida»gi Qonunining 16-«Moliyaviy hisobot» moddasiga asosan, yangidan quyidagi hisobot shakllari tasdiqlandi:
Yillik hisobot bo’yicha: -1-son shakl — «Buxgalteriya balansi»;
-2-son shakl - «Moliyaviy faoliyat to’g’risida hisobot»;
-2a-son shakl-«Debitorlik va kreditorlik qarzlar bo’yicha ma’lumotnoma»;
-3-son shakl - «Asosiy vositalarning harakati to’g’risida hisobot»;
-4-son shakl - «Pul oqimlari to’g’risidagi hisobot»;
-5-son shakl - «Хususiy kapital to’g’risidagi hisobot».
2. Yarim yillik hisobot bo’yicha, -1-son shakl - «Buxgalteriya balansi»;
-2-son shakl - «Moliyaviy faoliyat to’g’risida hisobot»;
-2a-son shakl-«Debitorlik va kreditorlik qarzlar bo’yicha ma’lumotnoma»;
-4-son shakl-«Pul oqimlari to’g’risidagi hisobot».
3. Choraklik hisobot bo’yicha: -1-son shakl - «Buxgalteriya balansi»;
-2-son shakl - «Moliyaviy faoliyat to’g’risida hisobot»;
-2a-son shakl - «Debitorlik va kreditorlik qarzlar bo’yicha ma’lumotnoma».
Ushbu yangi hisobot shakllariga 1999-yil 21-oktabrida, Moliya vazirligining 266-son buyrug’iga asosan o’zgartirish kiritildi. Uning ma’nosi, yuqorida tasdiqlangan buyruqdagi 2-son hisobot nomlanishini, «Moliyaviy natijalar to’g’risida hisobot», degan nomlanishga o’zgartirishdan iborat edi.
Bundan tashqari, Moliya vazirligi 1998-yil 26-iyunida 79-son «Moliya Vazirligining 1997-yil 15-yanvardagi 5-son buyrug’iga o’zgartirishlar kiritish to’g’risidagi buyruq» chiqarib, unda korxona va tashkilotlar yuqorida ko’rsatib o’tilgan shakllar bilan birga yana 2b-son «Moliyaviy-iqtisodiy ahvol to’g’risidagi ma’lumotnoma»ni ham taqdim etishi shartligi qayd etildi. Aynan shu buyruqning o’zi bilan ushbu shaklni to’ldirish to’g’risidagi yo’riqnoma ham tasdiqlangan.
Endilikda esa moliyaviy hisobot shakllari, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining «Moliyaviy hisobot shakllari va ularni to’ldirish qoidalarini tasdiqlash to’g’risida»gi 2002-yil 27-dekabrdagi 140-son buyrug’iga muvofiq tuzilmoqda. Bu buyrug’iga 12.11.2003-yil va 20.12.2004-yilda Moliya vazirligining mos ravishda 1209-1 va 1209-2 son buyrug’lari bilan o’zgartirishlar kiritilgan, hamda ular moliyaviy tahlil maqsadlari uchun asosiy manbalar hisoblanmoqda.
Тasdiqlangan moliyaviy hisobot shakllari faqat shaklan o’zgaribgina qolmay, balki ma’nosi ham sezilarli darajada o’zgargan: moliyaviy tahlil maqsadlari uchun ular axborotlarga yanada boyigan. Barcha qilingan o’zgartirishlar hisobotlarni xalqaro andozalar darajasiga yetkazish maqsadida amalga oshirilgan. Jumladan, buxgalteriya balansining aktiv va passiv tomonlarini ikki bo’limli holatga keltirish.