Bitiruv malakaviy ishi – yakuniy ilmiy-ijodiy faoliyat Albatta, oliy ma’lumotli mutaxassis tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishi, o‘z bilimlarini to‘xtovsiz boyitib borishi, ishonchli qarorlar qabul qilishi va ularni hayotga tadbiq eta olishi, umuman aytganda, bozor iqtisodiyoti talablariga javob bera oladigan darajada bo‘lmog‘i kerak. Zero, «yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan, hozirgi kun talablari asosida fikrlay oladigan yetuk kadrlarni tayyorlash – ham ijtimoiy-siyosiy, ham iqtisodiy muammolarimizni hal etishning kaliti hisoblanadi»25.
Darhaqiqat, tayyorlanayotgan bitiruvchilar ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish, xo‘jalik yuritishning bozor mexanizmini takomillashtirish, yangi axborot texnologiyalari, yangi texnika va ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llashni hamda bozor iqtisodi sharoitida ish yurita bilishi lozim.
Malakali mutaxassislarni tayyorlash talabalarni o‘qitish va tarbiyalash sifatini oshirish hamda ularda ilmiy-ijodiy fikrlashni rivojlantirish bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun 5230900-Buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishi bo‘yicha Oliy ta’limning Davlat Ta’lim Standartida (bakalavr tayyorlash mazmuni va darajasiga qo‘yilgan minimum majburiy talablar) talabalar bitiruv malakaviy ishi bajarishlari ko‘zda tutilgan.
Bitiruv malakaviy ishida fanlarning barcha bloklari bo‘yicha olgan bilimlarini qo‘llash talab qilinadigan, yakunlangan professional vazifa hal etilishi lozim. Bitiruv malakaviy ishida bakalavr:
malakaviy ish mavzusining nazariy jihatlarini yoritishi;
bitiruv malakaviy ishining maqsad va vazifalarini shakllantirishi, muammo holatini amaliy materiallar bilan tahlil qilishi;
bajarilgan ishlar natijalari bo‘yicha xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularning tegishli faoliyat sohasida qo‘llanish imkoniyatlarini aniqlashi lozim.
Bitiruv malakaviy ishlarining namunaviy mavzulari Oliy Ta’lim muassasasining mutaxassis chiqaruvchi kafedrasi tomonidan kadrlar buyurtmachilarining talablarini, fan-texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlarini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Bitiruv malakaviy ishining mavzusi nazariy-tahliliy, tahliliy-amaliy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida shakllantiriladi. Bitiruv malakaviy ishi bo‘yicha talabalarga topshiriq, qoidaga ko‘ra, uchinchi bosqichida beriladi va tasdiqlanadi. Agar talabalarning o‘zlari tanlagan mavzulari bo‘lsa, oldindan ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. Boshqa ixtiyoriy (o‘zboshimcha) tanlangan mavzu bo‘yicha yozilgan bitiruv ishlari qabul qilinmaydi va himoyaga qo‘yilmaydi! Bitiruv malakaviy ishi to‘rtinchi bosqich davomida umumkasbiy va maxsus fanlarni o‘zlashtirish hamda yo‘nalish standartiga muvofiq uni bajarishga ajratilgan vaqt davomida amalga oshiriladi.
5230900-«Buxgalteriya hisobi va audit» bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha bitiruv malakaviy ishini bajarish talabalar uchun bu kasbni egallashda eng mas’uliyatli vazifa bo‘lib hisoblanadi. Bitiruv ishini bajarishdan maqsad quyidagilardan iborat:
talabaning mutaxassislik bo‘yicha olgan nazariy va amaliy bilimlarini bir tizimga keltirish (sistemalashtirish), mustahkamlash va boyitish hamda ularni ilmiy-texnik jihatdan asoslash va ishlab chiqarishda qo‘llash;
qo‘yilayotgan muammolar va masalalarni o‘rganishda ilmiy izlanish, tadqiq qilish uslubiyotini egallash va mustaqil izlanish mahoratini oshirish;
talabalarning biznesni mustaqil tashkil etish va boshqarishga tayyorgarlik darajasini aniqlash.
Bitiruv malakaviy ishi talaba ishlab chiqarish amaliyotini o‘tkazgan (yoki ishlayotgan) korxona materiallari asosida bajarilishi lozim. Bunda korxonadan olingan barcha materiallar ishonchli va o‘zaro bog‘liq bo‘lishi kerak.
Talaba bitiruv ishida o‘zining ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlar va korxona ma’lumotlari ustida mustaqil ishlashini, mantiqiy fikrlashini, xulosa qila olishini hamda korxonada buxgalteriya hisobi, ichki nazorat va moliya ishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kirita olishini ko‘rsatishi kerak.
Har qanday mavzuni yoritishda talabalar respublikamiz Prezidenti asarlari, hukumat qarorlari hamda Moliya Vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining mavzularga taalluqli nizom, yo‘riqnoma va boshqa rasmiy hujjatlarini ham o‘rganishlari lozim. Chunki, bu manbalarda respublikamizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va bozor munosabatlarini rivojlantirishning asosiy tamoyillari, buxgalterlik hisobi, hisoboti va auditning ahamiyati hamda yo‘l-yo‘riqlari bayon qilingan.
Bitiruv malakaviy ishi muayyan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt materiallari asosida bajarilishi, nazariya va amaliyotni bir-biri bilan bog‘lash, talabalarning bilimlarini bir tizimga solish, mustahkamlash va chuqurlashtirishni ta’minlaydi.
Talabalar bitiruvoldi ishlab chiqarish amaliyotiga chiqishlaridan oldin yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish darsida uslubiy ko‘rsatma bilan ta’minlanadi.
Bitiruv malakaviy ishining mavzusi va ilmiy rahbari ishlab chiqarish amaliyoti o‘tkazilgan korxona xususiyatlari hisobga olingan holda kafedra tomonidan tayyorlanadi hamda rasmiylashtiriladi. Bunda talaba kafedraga mavzu nomi va ilmiy rahbar ko‘rsatilgan holda ariza bilan murojaat qiladi.
Kafedra mudiri talabalarning arizalarini ko‘rib chiqadi va kafedra professor-o‘qituvchilarining ilmiy rahbarlik bo‘yicha o‘quv yuklamalarini hisobga olgan holda mavzu nomi va ilmiy rahbar tayinlash to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qiladi hamda kafedra majlisi qarori bilan rasmiylashtiradi.
Talabalarga bitiruv malakaviy ishlarining mavzularini taqsimlash va ilmiy rahbar tayinlash to‘g‘risida universitet rektorining buyrug‘i chiqariladi.
Bitiruv malakaviy ishlarining namunaviy mavzular ro‘yxati kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqiladi va kafedra majlisida tasdiqlanadi. Mavzular ro‘yxati har yili sohaga oid qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari, hukumat qarorlari, me’yoriy hujjatlar, innovatsion faoliyat va agrar soha korxona va tashkilotlari amaliyotidagi hamda 5230900-Buxgalteriya hisobi va audit bakalavriatura yo‘nalishining davlat ta’lim standarti (DTS)dagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda yangilanadi.
Bitiruv malakaviy ishi Davlat Attestatsiya komissiyasi (DAK) oldida himoya qilinadi.