II. Chuchuk suv resurslari muammosi: Mutaxassislar, XXI-asrda chuchuk suv eng qimmat va tabiiy resursga aylanishini aytmoqdalar. Hozirning o‘zidayoq, dunyo aholisining 40% joylashgan 80 mamlakat chuchuk suv yetishmasligidan jiddiy qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqdalar.
1980 yillarda AQSH maxfiy xizmat ko‘rsatish idorasi dunyoning kamida 10 ta rayonida suv resurslarining kamayishi tufayli urushlar bo‘lishi mumkinligini o‘rgangan edi. Bu Yaqin Sharq, Iordaniya, Isroil, Kipr, Malta va Arabiston yarim oroli mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘n yilliklarda uchta daryo suvi – Nil, Tigr va Yefrat bir qancha urushlar va konfliktlarga sabab bo‘ldi.
Endi respublikamiz suv resurslari haqida gapirsak, shuni aytish kerakki, mamlakatimizda ishlatiladigan yillik suv resurslarining faqat 9% respublika hududida shakllanadi. O‘zbekistonning asosiy suv resurslarining 90% respublika tashqarisidan keladi. Avvallari Orol havzasidagi suv resurslar, shu havzada yashayotgan xalqlar uchun umumiy edi va shu region uchun ishlab chiqilgan yagona idora «Suv resurslaridan kompleks foydalanish va muhofaza qilish sxemasi» tomonidan bo‘linar edi. 1983-1984 yillarda ana shu yagona «sxemaga» muvofiq O‘zbekiston uchun yiliga 72,4 km3 suv ajratilgan. Lekin O‘rta Osiyo mamlakatlari mustaqil respublika bo‘lgandan keyin – shu region suv resurslarini va suv xo‘jaligini boshqaruvchi – «Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiya» tuzildi. 1994 yilda bu komissiya O‘zbekiston uchun ajratgan suv hozir va kelajak 2010 yilgacha yiliga 59,2 km3 belgiladi.
O‘zbekiston suv resurslarining qariyb 90% sug‘orishga sarflaydi. O‘zbekistonda 5 mln ga sug‘orishga yaroqli yerlar bor. Ammo 4 mln 200 ming gektar yerni o‘zlashtirgandan keyin O‘zbekiston respublikasining suv resurslari tamom bo‘ldi.
Sug‘oriladigan yerlarda ko‘p hollarda suv behuda sarflanadi. Suvdan foydalanish koeffitsiyenti juda past. O‘zbekiston respublikasi «Vod proyekt» tashkilotining tahlili shuni ko‘rsatadiki, qishloq xo‘jaligi ekinlariga mo‘ljallangan suvning faqat 40% o‘simlikka borar ekan, qolgan 60% sug‘orish sistemalarida va sug‘orish vaqtida yo‘qoladi. Suvdan bunday foydalanish tuproqning sho‘rlanishiga va yer osti suvlarining ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Umuman O‘zbekistonda hozirgi vaqtda o‘tgan asr 60-yillariga nisbatan juda katta maydonlarda yer osti suvining ko‘tarilish jarayoni kuzatilmoqda. Masalan, Xorazm viloyatida grunt suvlari yer yuzasidan 1,5 m chuqurlikda yotgan yer maydonlari 70% ga, Zarafshon vodiysining quyi qismida 50% ga yetadi. Bu hol, albatta tuproqning sho‘rlanishiga va oxir oqibatda cho‘llanishga olib keladi.
Respublika suv muammolari Institutida ichimlik suvining ifloslanish indeksini ifodalovchi ko‘rsatkichlar «yaxshi» (0,1), «qoniqarli» (1-3), «yomon» (3,5), «xavfli» (5-10) tarzida ishlab chiqilgan. Mamlakatimiz aholisining faqat 10% «yaxshi» suv, 16% «qoniqarli» suv, 50% «yomon» suv va 24% esa «xavfli» suv iste’mol qilar ekan.
Shuni aytib o‘tish kerakki, O‘rta Osiyoda va shu jumladan O‘zbekistonda suv resurslari yetishmaydi, yoki tamom bo‘ldi degan fikrlar bor. Lekin ba’zan bu fikrga shubha bilan qarash kerak. Dunyoning juda ko‘p mamlakatlari bizga o‘xshagan sharoitda yashaydi. Masalan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida AQShning Kaliforniya shtatiga nisbatan 4-5 marta, Isroilga nisbatan 8 marta ko‘p suv sarflanadi.
Demak, O‘rta Osiyoda va shu jumladan O‘zbekistonda suv yetishmasligining asosiy sabablaridan biri suvdan to‘g‘ri foydalanmaslikdadir. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki O‘zbekistonda suvdan foydalanish va suv xo‘jaligi sistemasini mutlaqo o‘zgartirish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |