I. Cho‘llanish muammosi: XXI asrning boshlarida butun insoniyat oldida turgan eng jiddiy ekologik va sotsial-iqtisodiy muammolardan biri – cho‘llanish muammosidir.
Avvalo cho‘llanish nima? Cho‘llanish – bu arid qurg‘oqchil mintaqalarda tabiiy muhitning har tomonlama degaradatsiyalashuv jarayoni bo‘lib, unda tuproqning sho‘rlanishi, botqoqlanishi, suv yoki shamol eroziyasi, tuproqning degumizatsiyalashuvi (ya’ni gumus miqdorining kamayib ketishi), yer osti va yer usti suvlarining ifloslanishi va boshqa jarayonlar natijasida ekosistemalarning – geografik landshaftlarning biologik mahsuldorligining keskin pasayib ketishi va aholining yashash sharoitining yomonlashuvi tushuniladi.
Cho‘llanish tabiiy-geografik va antropogen jarayon bo‘lib, bu jarayon, arid o‘lkalarda ekosistemalarning buzilishiga, organik hayot formalarining o‘zgarishiga, pirovardada esa hududning tabiiy-sotsial va iqtisodiy potensialini pasaytirib yuboradi. Yer shari quruqlik yuzasining 30% cho‘llanish jarayoniga uchrash xavfida turibdi. Qurg‘oqchil (arid) mintaqalarda esa qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan 70% yerlar allaqachon cho‘llanish jarayoni bilan qamrab olingan.
Cho‘llanish jarayoni hozirgi vaqtda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 110 dan ortiq mamlakatlariga xavf solmoqda. Cho‘llanish natijasida har yili yo‘qotiladigan yerlarning maydoni 50 ming km2 ga teng. YUNEP ma’lumoti bo‘yicha cho‘llanish jarayoni keltiradigan har yilgi zarar, dunyo bo‘yicha 50 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi.
Cho‘llanish natijasida million-million odamlar o‘zlarining madori qurigan yerlarini tashlab, Vatanlarini tark etib boshqa mamlakatlarga ketib qolmoqdalar va bu bilan «ekologik qochoqlar» muammosini keltirib chiqarmoqda. Har yili Dunyo bo‘yicha 10 million odamlar ekologik qochoqlar bo‘lib qolayapti. Kuchli cho‘llanish natijasida 135 mln odam majburan ekologik qochoqlarga aylanish xavfida turibdi.
Cho‘llanish jarayonlari O‘rta Osiyoda ham keng tarqalgan. Jumladan, O‘zbekiston respublikasining 80% maydoni arid mintaqada joylashgan bo‘lib, inson xo‘jaligi faoliyatining faol ta’siri natijasida hozirgi vaqtda 60% yaqin hudud turli darajada cho‘llashgan. Respublikamizda 4 mln 300 ming gektarga yaqin sug‘oriladigan yerlar mavjud. Keyingi 20-25 yil ichida, O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanishi qariyb 60% yetib qoldi. Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston respublikasi, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining 90-95%, Qashqadaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining 60-70% sug‘oriladigan maydonlari har xil darajada sho‘rlangan. Shuning uchun ham, respublikamizda paxta hosildorligi muntazam ravishda, gektariga 30-25-23 sentnerdan 16 sentnergacha tushib bormoqda.
Paxta monokulturasi, noto‘g‘ri sug‘orish va ximikatlarni ko‘plab ishlatish, sug‘oriladigan yerlarda degumizatsiya jarayoniga, ya’ni tuproq tarkibidagi gumus miqdorining kamayib ketishiga olib keldi. Keyingi 30 yil ichida O‘zbekistonda sug‘oriladigan tuproqlardagi gumusning miqdori – 30-35% pasaydi.
Qishloq xo‘jalik ekinlarini ilmiy aoslanmagan tizimda ekish respublika sug‘oriladigan yerlarida 2 mln ga maydonda shamol, 620 ming ga irrigatsiya eroziyasining rivojlanishiga olib keldi. Ana shunday qilib, tuproq sifatining yomonlashuvi va boshqa sabablar natijasida o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab paxta, meva, poliz va boshqa ekinlarning yalpi hosildorligi pasaya boshladi. Natijada, O‘zbekiston sug‘oriladigan yerlaridan olinadigan qishloq mahsulotlarini umumiy kam olish 30% ni tashkil etadi.
Tekshirishlar natijasida shu aniqlandiki respublikamizdagi 18 mln ga yaylovlar cho‘llanish jarayoni ta’sirida. Shuning uchun, keyingi 15 yil ichida yaylovlarning mahsuldorligi o‘rtacha 23-25% ga tushib ketgan.
O‘zbekiston tog‘li rayonlarida ham cho‘llanish jarayonlari natijasida dorivor o‘simliklarning turlari, yaylov o‘simliklarning hosildorligi pasayib ketmoqda. Daryo va soylarda suv kamayib, tog‘li va tog‘oldi rayonlarda tuproq qoplamining 81% turli darajadagi eroziyaga uchragan.
O‘zbekiston hududida cho‘llanish jarayoni ayniqsa, Orolbo‘yida keskin bormoqda. Bu hududda cho‘llanish jarayonining hamma tiplari uchraydi. Cho‘llanish jarayoni O‘zbekistonda ham sotsial-iqtisodiy oqibatlarga, ayrim rayonlarda aholining migratsiyasiga (bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishiga) olib kelmoqda. Masalan, Orolbo‘yida joylashgan Mo‘ynoq shahrining aholisi o‘tgan asrning 70- va 80-yillarning o‘rtalarida ko‘chib ketishi natijasida 2 martaga ya’ni 45 mingdan 22 mingga qisqardi.
Cho‘llanish jarayonining iqtisodiy oqibatlariga misol keltirsak, agar, masalan 2001 yil qurg‘oqchilik ta’siri va cho‘llanish jarayonining keskin namoyon bo‘lishi natijasida faqat Qoraqalpog‘iston respublikasi 66 million AQSH dollari zarar ko‘rdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |