Eslatma: Tog‘ay Murod “Otamdan qolgan dalalar” romanida dehqon laylaklab qor yog‘ib, yerda qordan nishona bo‘lmagan havoni “Tulki qiziga to‘y berdi” deydi.
Grammatik jihatdan gap holida shakllangan, xalq donishmandligi natijasida vujudga kelgan barqaror birikmalar maqollar sanaladi. Masalan: Shamol bo‘lmasa, daraxtning shoxi qimirlamaydi. Bolta tushguncha, to‘nka dam oladi.
Maqollar xalqning hayotiy tajribasi, donishmandligi natijasida maydonga keladi. Ular nutq jarayoniga qadar tilda tayyor holda barqaror birikma sifatida mavjud bo‘ladi. So‘zlovchi bunday birikmalarni yaxlit holda nutqiga olib kiradi.
Maqollar fikrni ta’sirchan, bo‘yoqdor qilib ifodalovchi qudratli vositadir. Nutqda maqollardan o‘rinli foydalanish so‘zlovchining mahorati sanaladi.
Ignadek teshikdan tuyadek sovuq kiradi. Bu maqolni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu ma’noda ham, majozan “Ozgina, kichkina kamchilikni, xavf-xatarni nazar pisand qilmay yurma, shundan senga katta ziyon-zahmat yеtishi mumkin, ehtiyot bo‘l”, degan ma’noda ham qo‘llaydilar. Shuningdek, keyingi ma’noda “yolg‘iz baloga indamasang, ko‘payadi”, degan maqol ham foydalaniladi.
Grammatik jihatdan gap holida shakllangan, to‘g‘ri ma’noda qo‘llaniladigan, xalq donishmandligi natijasida vujudga kelgan barqaror birikmalar matallar sanaladi.
Masalan: Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘. Qimirlagan qir oshar.
Matallar ham xuddi maqollar singari xalqning hayotini uzoq davrlar mobaynida kuzatish orqali hosil qilingan hayotiy tajribasining ixcham shaklida ifoda topishidir.
Eslatma: Sh. Shomaqsudov va Sh. Shorahmedovlarning “Hikmatnoma” (“O‘zbek maqollarining izohli lug‘ati”) kitobidan:
Avval o‘yla, keyin so‘yla. Aytadigan har bir so‘z(gap)ni avval o‘ylab olishi, so‘ngra so‘zlashi lozim. O‘ylanmay aytilgan so‘z kishini ko‘pchilik oldida uyalib qolishga, hatto fojiaviy ahvolga tushishiga sabab bo‘lishi mumkin. “So‘zni ko‘ngilda pishirmaguncha, tilga kelturma va har nekim ko‘ngilda bor tilga surma” (Navoiy). Variantlari: “O‘ylamaguncha so‘ylama”, “Ko‘p o‘yla, oz so‘yla”, “O‘n qatim o‘yla, bir qatim so‘yla”, “Dilda pishir, tilda gapir”, “O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir”, “Tez so‘zlagan tez pushaymon bo‘lar” va hokazo.
Grammatik jihatidan gap holida shakllangan, xalqning turmush tajribasiga tayanib ma’lum bir shaxs tomonidan yaratilgan qisqa, obrazli barqaror birikmalarga hikmatli so‘zlar (aforizmlar) deyiladi.
Masalan: Odami ersang demagil odami, onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami. (A.Navoiy) Dehqoni boy yurt qudratli bo‘lur, qudratli yurtning dehqoni boy bo‘lur. (I.Karimov) Til uslub uchun shaxmat taxtasidagi shohdir. (K.Fedin) Tilimizning tovlanib turishida shoir uchun ne-ne bitmas-tuganmas xazinalar bor. (M.Shayxzoda) Kitobxonga bir fikrni anglatish uchun yoki bir narsani tasavvur qildirish uchun kishining boshini qotirmaydigan ochiq, ravon va sodda til kerak. (A.Qahhor) O‘zbek tili xazinasidagi so‘zlar shu qadar ko‘p va jilovkorki, bu tilda hech qiynalmasdan go‘zal asarlar: she’rlar, qissa va hikoyalar bitish mumkin. (N.Tixonov)
Hikmatli so‘zlar barqarorlik, mazmuniy yaxlitlik, takroriylik (ya’ni nutqda doimo bir xil tuzilishda quyma holda takrorlanish) belgilariga ko‘ra boshqa barqaror birliklar bilan umumiylik kasb etsa ham, aniq muallifning mavjudligi ulardan farq qiladi.
Hikmatli so‘zlarni o‘rganib, xotirada saqlab, nutqda o‘rinli qo‘llay bilish kishining so‘z san’atkori, donishmand bo‘lishini ta’minlaydi.
Тasviriy ifoda
Do'stlaringiz bilan baham: |