MUSTAQIL SO‘Z TURKUMLARI
FE’L
Ona tili (5-sinf)
Nima qilmoq?, nima bo‘lmoq? so‘roqlariga javob bo‘lib, harakat-holatni bildiruvchi so‘zlarga fe’l deyiladi.
Fe’llar zamon, shaxs-son, bo‘lishli-bo‘lishsizlik ma’nolari va bu ma’nolarni ifodalovchi qo‘shimchalarga ega bo‘ladi. Masalan: Yozmadim so‘zida -ma qo‘shimchasi (bo‘lishsizlik), -di qo‘shimchasi (zamon), -m qo‘shimchasi esa shaxs-son ma’nolarini bildiradi.
Ona tili (6-sinf)
Nima qilmoq?, nima bo‘lmoq? so‘roqlariga javob bo‘lib, shaxs yoki narsalarning harakat, holatini ifodalagan so‘z turkumi fe’l deyiladi.
Fe’llardan anglashilgan harakat va holat ma’lum shaxs yoki narsa tomonidan bajariladi. Ana shu shaxs yoki narsa harakatning bajaruvchisi sanaladi.
Fe’llar nimani atab kelishiga ko‘ra harakat fe’llari va holat fe’llariga bo‘linadi:
Shaxs va narsaning jismoniy faoliyati natijasida ro‘y bergan harakatni bildiruvchi fe’llar harakat fe’llari hisoblanadi. Shaxslarning ichki kechinmalari va narsalarning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tish jarayonini ifodalovchi fe’llar esa holat fe’llari sanaladi.
Fe’llar qanday harakat-holatni ifodalashiga ko‘ra nutqiy faoliyat fe’llari, aqliy faoliyat fe’llari, jismoniy faoliyat fe’llari, holat fe’llari kabi ma’no guruhlariga ajraladi.
AL va KHK darsligidan:
№
|
Ma’no guruhlari
|
Fe’llar
|
1
|
Yumush fe’llari
|
Ishladi, mehnat qildi, ter to‘kdi
|
2
|
Tafakkur fe’llari
|
O‘ylaydi, o‘qidi, kashf qildi, fikrladi, tasavvur qildi
|
3
|
Sezgi fe’llari
|
Sezdi, his qildi
|
4
|
Ruhiy holat fe’llari
|
Kuldi, xursand bo‘ldi, qayg‘urdi, iztirob chekdi
|
5
|
Nutq fe’llari
|
Gapirdi, so‘zladi, bayon qildi, ifoda qildi, ming‘irladi, do‘ng‘illadi
|
6
|
Ishora fe’llari
|
Imo qildi, labini burdi, ko‘zini qisdi
|
7
|
Jismoniy holat fe’llari
|
Og‘ridi, isitma chiqdi, xastalandi, zo‘raydi, kuchaydi, charchadi
|
8
|
Tabiiy holat fe’llari
|
Eridi, muzladi, yetdi, uxladi
|
9
|
Ko‘rish fe’llari
|
Qaradi, ko‘rdi, boqdi, termuldi
|
Yuqoridagi fe’l turlarining har qaysisi bir necha fe’llarni o‘z ichiga oladi. Bu fe’llar harakat-holat ma’nosini qanday ifodalashi bilan bir-biridan farq qiladi. Quyidagi farqlanishlarni kuzatish mumkin:
1. Harakat-holatning kuchli-kuchsizligiga ko‘ra farqlanishi: jilmaymoq-kulimsiramoq-kulmoq.
2. Ijobiy va salbiy bahoga ega bo‘lishligiga ko‘ra: kulmoq-tirjaymoq; so‘zlamoq-to‘ng‘illamoq, ming‘irlamoq.
3. Uslubiy xoslanishiga ko‘ra: kulmoq (umumiste’moldagi so‘z) – tabassum qilmoq (badiiy uslubga xos), so‘zlamoq (umumiste’moldagi so‘z) – nutq ijod etmoq (badiiy uslubga xos) kabi.
Yuqoridagi fe’llarning har qaysisini o‘z o‘rnida ishlatish nutqning ravonligi, aniqligi va ifodaliligini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |