Shunday qilib, morfologiya so‘z turkumlari va ularning grammatik shakllari bo‘yicha bahs yuritadi.
So‘zlarni turkumlarga ajratishda so‘zlarning leksik ma’nosi ustiga qo‘yilgan umumiy grammatik (predmet, belgi – xususiyat, harakat – holat kabi) ma’no asosiy tayanch nuqta bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birgalikda, morfologiya bilan sintaksis o‘rtasida ham chambarchas bog‘liqlik mavjud. Morfologiyadagi har bir so‘z shakli gap tarkibida ma’lum sintaktik vazifa bajaradi, ma’lum gap bo‘lagi vazifasida keladi. Grammatik shakllar gap tarkibidagi bo‘laklarni bir-biriga bog‘lovchi yoki gap bo‘lagiga qo‘shimcha ma’no yuklovchi vosita vazifasini bajaradi.
Shunday qilib, tilshunoslikning leksikologiya, morfologiya va sintaksis bo‘limlari o‘rtasida uzviy aloqa mavjud.
So‘z turkumlari haqida umumiy ma’lumot
Ona tili (5-sinf)
Biror so‘roqqa javob bo‘lib, ko‘pincha atash ma’nosini bildiruvchi, gapda ma’lum bir gap bo‘lagi yoki undalma vazifasida keladigan so‘zlar mustaqil so‘zlar sanaladi.
So‘roqqa javob bo‘lmaydigan, atash ma’nosini bildirmaydigan so‘zlarga yordamchi so‘zlar deyiladi.
Ona tili (6-sinf)
O‘rganish uchun olingan turli narsa, voqea-hodisalar yig‘indisi to‘plam deyiladi. To‘plamni o‘xshash va farqli belgilar asosida ichki guruhlarga bo‘lish tasnif hisoblanadi.
So‘zlarning so‘rog‘i va qanday umumlashgan ma’no ifodalashiga ko‘ra guruhlarga bo‘linishi so‘z turkumlari deb yuritiladi. So‘z turkumlari ma’no va vazifasiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi: 1. Mustaqil so‘zlar. 2. Yordamchi so‘zlar. 3. Undov so‘zlar. 4. Taqlid so‘zlar. 5. Modal so‘zlar.
Ona tili (7-sinf)
So‘zlar ma’lum so‘roqqa javob bo‘lishi yoki bo‘lmasligi, atash ma’nosining mavjudligi yoki mavjud emasligiga, gapda ma’lum gap bo‘lagi vazifasida kelish-kelmasligiga ko‘ra mustaqil va yordamchi so‘zlarga bo‘linadi.
Fe’l, ot, sifat, son, ravish, olmoshlar ma’lum bir so‘roqqa javob bo‘ladi. Ularning barchasi, olmoshlardan tashqari, atash ma’nosiga ega. Ot borliqdagi shaxs-narsalarning, voqea-hodisalarning nomini, sifat va ravish belgilarini, son miqdorini ifodalaydi.
Olmosh esa yuqoridagi so‘zlardan qaysisining o‘rnida kelsa, o‘shaning ma’nosiga ishora qiladi.
Atash ma’noli so‘zlar yoki ular o‘rnida qo‘llanilib, ma’lum so‘roqlarga javob bo‘luvchi va gapda ma’lum gap bo‘lagi vazifasida keluvchi so‘zlar mustaqil so‘zlar sanaladi.
Atash ma’nosiga ega bo‘lmagan, ma’lum so‘roqqa javob bo‘lmaydigan, gap bo‘lagi vazifasida kelmaydigan so‘zlar yordamchi so‘zlar hisoblanadi.
Yordamchi so‘zlar mustaqil so‘zlarni yoki gaplarni bir-biriga bog‘lash, ularning ma’nolariga qo‘shimcha ma’no yuklash vazifalarini bajaradi.
Yordamchi so‘zlarga ko‘makchi, bog‘lovchi va yuklamalar kiradi.
So‘zlarni turkumlarga ajratish masalasi eng qadimgi davrlardan buyon olimlar diqqatini tortib keladi.Tilshunoslikni fan sifatida shakllantirgan qadimgi hindlar so‘zlarni otlar, fe’llar, yordamchilarga ajratgan edilar.
Hindlarning tilshunoslik g‘oyalari bilan oziqlangan arablar so‘zlarni uchga: ismlar, fe’llar, yordamchilarga bo‘ladilar.
Hind tilshunoslari fikrlari asosida yunon olimlari, xususan, Arastu ham so‘zlarni ana shunday uchga ajratadi. Keyinchalik faqat yunonlar ismlar ichidan sifatlarni, sonlarni va olmoshlarni chiqaradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |