Aksiya – [fr. qimmatbaho qog‘oz] Aksiyadorlik jamiyati chiqargan qimmatbaho qog‘oz.
Alternativa – [fr.< lot. Ikkitadan bittasi] Bir – birini inkor etuvchi imkoniyatlardan birini tanlash; muqobillik.
Amnistiya - [yun. unutish, kechirish] Oliy hokimiyat qarori bilan muayyan toifadagi sudlangan shaxslarning jazosini yumshatish yoki ularni jazodan ozod etish.
Arbitraj – [fr. hakamlik sudi] Nizoli masalalarni hal qilish uchun maxsus tashkil etilgan va doimo faoliyat ko‘rsatuvchi sud organi, hakamlik.
Arxiv – [lot. muassasa] Eski hujjatlar, yozma va grafik yodgorliklarni saqlash, sistemalashtirish va tavsiflash bilan shug‘ullanadigan muassasa.
Audit – [lot. eshitish, tinglash] Auditorlik vakolati bo‘lgan shaxslar(firmalar)tomonidan xo‘jalik subyektlari moliyaviy hisobotining ekspertizasi va tahlili, taftish.
Bankrot – [nem. singan kursi] Qarzini to‘lashga qurbi yetmay qolgan, singan kasb-hunar egasi yoki korxona.
Birja – [yun. hamyon, xalta] Qimmatbaho qog‘ozlar va har xil mollar bilan savdo-sotiq qiladigan yirik savdo muassasasi; bozorni uyushtirishning tashkiliy shakli.
Brifing – [ing. yo‘l-yo‘riq; qisqa, qisqacha xulosa] Rasmiy shaxslarning ommaviy axborot vositalari vakillari bilan rasmiy nuqtayi nazar bildirish yoki rasmiy xulosalarni qisqacha bayon etish maqsadidagi uchrashuvi.
Vaucher – [ing. tilxat] Yozma guvohnoma, kafillik,kafolat yoki tavsiya; tovar yoki xizmatlar to‘lovini, kredit berishni, pul olishni va boshqalarni tasdiqlovchi hujjat.
Viza – [lot. ko‘rilgan] Biror xorijiy mamlakatga borish, unda yashash va uning hududidan o‘tish uchun tegishli ma’muriy idora tomonidan pasportga qo‘yiladigan maxsus ruxsat belgisi.
Grant – [ing. hadya; ko‘mak, yordam, stipendiya] Biror ilmiy tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish uchun yoki boshqa maqsadlarda ayrim shaxslar, jamoalar, tashkilotlarga beriladigan maqsadli o‘rin yoki pul mablag‘i.
Deklaratsiya – [lot. ma’lum qilish, bildirish, e’lon qilish] Xalqaro huquqda va siyosat sohasida tomonlar tarafidan ma’qullangan dasturiy hujjat, muhim xalqaro voqea, qonun va b. yuzasidan umum e’tiboriga yetkaziladigan bayonot; asosiy umumsiyosiy tamoyillarni tantanali e’lon qilish.
Demokratiya – [yun. xalq hokimiyati] Fuqarolar erkinligi va tengligi konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan, xalq hokimiyatining shakllari amalda o‘rnatilgan va yuzaga chiqarilgan siyosiy tuzum; xalq hokimiyati.
Diler – [ing. birja dalloli] tovarlar (mahsulot) oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi, o‘z nomidan va o‘z mablag‘i hisobidan harakat qiluvchi jismoniy shaxs yoki firma.
Dizayn – [ing. reja, niyat; loyiha, chizma, rasm] Badiiy faoliyat turi – estetik xususiyatlarga ega bo‘lgan narsalar, sanoat buyumlarini loyihalash, joylashtirish, jihozlash; badiiy jihatdan loyihalash, tashkil qilish.
Dividend – [lot. bo‘linishi kerak bo‘lgan narsa] Aksiyadorlik jamiyati foydasidan aksiya egalariga ularning aksiyalari miqdoriga muvofiq ravishda belgili vaqtlarda to‘lanadigan va ularning daromadiga aylanadigan qismi.
Dotatsiya – [lot. hadya, sovg‘a; ta’minlamoq, jihozlamoq] Korxona, muassasa, tashkilot va sh. k. ning ortiqcha harajatlarini qoplash yoki boshqa ehtiyojlari uchun ularga davlat tomonidan yordam tariqasida, qaytarib bermaslik sharti bilan berilgan pul, mablag‘.
Investitsiya – [nem. < lot. kiyintirmoq, sarpo bermoq] Mamlakat ichkarisida yoki chet elda, foyda ko‘rish maqsadida, biror korxonaga, iqtisodiyotning muayyan tarmog‘iga kapital qo‘yish, kiritish va shunday kapitalning o‘zi.
Do'stlaringiz bilan baham: |