GRAMMATIKA
AL va KHK darsligidan:
Grammatika (grek. grammatika “harf o‘qish va yozish san’ati”,“harf“) atamasi tilning morfologik va sintaktik qurilishi va bu qurilishni o‘rganadigan tilshunoslikning bo‘limi ma’nolarida qo‘llanadi. Demak, grammatika tilshunoslikning morfologiya va sintaksis bo‘limlarini o‘z ichiga oladi. Morfologiyada so‘zning grammatik ma’nosi tekshiriladi. Grammatik ma’no so‘zning qaysi so‘z turkumiga mansubligi va gapda qanday sintaktik vazifa bajarishini ko‘rsatuvchi ma’no hisoblanadi, ya’ni so‘zning shakliy qismi – grammatik shaklni ifodalaydigan ma’nosidir.
Grammatik shakl -- grammatik ma’noni ifodalash uchun xizmat qiladigan til vositasi.
MORFOLOGIYA
So‘z turkumlari
Ona tili (6-sinf)
So‘zlar atash ma’nosi bilan birga, ma’lum grammatik ma’no va uni ifodalovchi shaklga ham ega bo‘ladi. Masalan, olmalarni so‘zi “mevali daraxt” va “olma daraxti mevasi” ma’nolari bilan birga, ”ko‘plik”, ”kelishik” ma’nolari va bu ma’nolarni ifodalovchi ko‘plik shakli (-lar) hamda kelishik shakli (-ni) ga ham ega. ”Mevali daraxt” va “olma daraxti mevasi” ma’nolari bu so‘zning atash ma’nosi, qolgan ma’nolar esa grammatik ma’nolari sanaladi.
Har qanday grammatik ma’no ma’lum grammatik shakl orqali ifodalanadi. Grammatik ma’nolarni ifodalovchi vositalar grammatik shakl hisoblanadi.
So‘zlarning grammatik ma’nolari va ularni ifodalovchi grammatik shakllarni o‘rganuvchi tilshunoslik bo‘limi morfologiya sanaladi.
Morfologiya yunoncha morphe – “shakl”, logos – “so‘z”, “ta’limot” so‘zlaridan olingan bo‘lib, so‘z shakllari haqidagi ta’limot demakdir.
Ko‘rinadiki, leksikologiya bilan morfologiya o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. Har ikkisida so‘z o‘rganiladi.Ular so‘zning qaysi tomonini o‘rganish bilan farqlanadi. Leksikologiya so‘zning atash ma’nosini, morfologiya esa uning grammatik ma’nosini va bu ma’nolarni ifodalovchi vositalarni o‘rganadi.
AL va KHK darsligidan:
Leksikologiya leksik so‘z (leksema)larni, ularning atash ma’nolarini o‘rgansa, morfologiya so‘zning grammatik ma’nolari va bu ma’nolarni ifodalovchi shakllarni, ya’ni so‘zning morfologik shakllarini o‘rganadi. Masalan, qalam, qalamning, qalamni, qalamga, qalamda, qalamdan shakllari bir so‘zning (qalam so‘zining) turli shakllari hisoblanadi. Bu shakllarning hammasida takrorlanayotgan qalam qismi ikkita ma’noga ega. Birinchi ma’nosi yozish, chizish uchun mo‘ljallangan grafit toshga yog‘och qoplama o‘rnatilgan o‘quv qurolini bildiradi. Bu qalam leksemasining (leksik so‘zning) atash ma’nosi sanaladi. Leksik so‘zning atash ma’nolari leksikologiyada o‘rganiladi. Shu bilan birgalikda qalam so‘zi daftar, kitob so‘zlari singari nima? so‘rog‘ga javob bo‘lib, predmetlik, bosh kelishiklik, birlik ma’nolariga ham ega. Bu esa qalam so‘zining ikkinchi ma’nosi – grammatik ma’nosi sanaladi.Ana shu grammatik ma’nolar va ularni ifodalovchi vositalar morfologiya bo‘limida o‘rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |