Shixta tayyorlash
Metallurgiya sanoatning mahsulot, shuningdek, yoqilg‘i va energiya ko‘p talab qiladigan tarmog‘i hisoblanadi. Rangli metallurgiyada o‘rtacha mahsulot tannarxining – 61–62 % xomashyo, asosiy va qo‘shimcha mahsulotlar uchun qilingan xarajatlarga – 11–12 % yoqilg‘i va energiya xarajatlariga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, tannarxning bu bo‘limlariga umumiy xarajatning ~ 75 % to‘g‘ri keladi.Melallurgiyaning ko‘p mahsulot talab qiladigan sohalariga qattiq qotishmalar (umumiy xarajatning – 80 %), mis (~ 70%) va qo‘rg‘oshin – rux (64 %), eng ko‘p energiya talab qiladigan aluminiy sanoati hisoblanadi.
Shu sababli dastlabki xomashyoning metallurgik qayta ishlashga sifatli tayyorlanishi metallurgik bo‘limning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Qoida bo‘yicha metallurgik qayta ishlashga aniq bir metall tarkibli mahsulot emas, balki flyus va qaytarilgan mahsulot va turli tarkibli rudali xomashyo aralashmasi keladi. Qayta ishlashga yuborilgan aralashma (yoqilg‘isiz) shixta deyiladi.
Metallurgik shixtaga qo‘yiladigan asosiy talablar qo‘yidagilar:
1. Kimyoviy tarkibning doimiyligi.
2. Kimyoviy, mineralogik va granulometrik tarkibning bir xilligi.
3. Shixta hosil qiluvchilarning o‘lchamlari chegaralanganligi.
4. Namlikning me’yorida bo‘lishi.
Metallurgik uskunalarning doimiy bir me’yorda ishlashi, shixta doimiy va me’yorida bir xil tarkibda bo‘lgandagina amalga oshirilishi mumkin.
Bir sutkada yuz, hatto bir necha ming tonna dastlabki mahsulot qayta ishlanadigan zamonaviy metallurgik korxonalarda bu talab xomashyo mahsulotini bir me’yorda uzatish va shixta tashkil etuvchilarni yaxshi aralashlirish bilan amalga oshiriladi.
Qayta ishlanayotgan shixtaning o‘lchami qo‘llanilayotgan jarayon va u qo‘ygan talablarga ko‘ra belgilanadi. Shaxtali eritish uchun bo‘laklari o‘lchami 50–100 mm bo‘lgan va qattiq shixta, yallig‘ qaytaruvchi pechlarda eritish uchun shixta o‘lchami 2–5 mm dan yirik bo‘lmasligi talab etiladi. Gidrometallurgik texnologiya va ayrim avtogen jarayonlar bo‘laklari o‘lchami 70–100 mkm gacha bo‘lgan mayda shixta talab etadi. Kelayotgan shixta namligi ham texnologiya tomonidan belgilanadi. Gidrometallurgik jarayonlar dastlabki mahsulotning namligi yuqori bo‘lishiga ruxsat etsa, yallig‘ qaytaruvchi pechlarda eritish uchun shixta namligi 5–8 foizgacha, elektr pechlarda eritish uchun namlik 3 % va undan kam, muallaq holda eritish uchun esa namlik 0,1–0,3 foizgacha bo‘lishi kerak.
Shixta tayyorlashning asosiy maqsadini quyidagi misollarda ko‘rib chiqamiz.
Metallurgik zavodlarda har xil shixta tayyorlash usullari qo‘llaniladi. Eng keng tarqalgan usul bu shixta komponentlarni lentali konveyerlarda aralashtirishdir. Maxsus bunkerlardan boyitma, flyus va aylanuvchi moddalar tarozlardan o‘tgan yig‘ma konveyerga yuklanadi. Harakatlanish davrida, qayta yuklash pog‘onasida va yallig‘ pechning bunkerida shixta komponentlari yaxshi aralashtiriladi. Bunday tizim oson va kam xarajatlidir, lekin shixtaning bir xil tarkibini ushlab turishi qiyin.
Eng yaxshi shixta tayyorlash usuli bu beding-sistema. Shixta komponentlari qatlam-qatlam usuli bilan joylashtirilib, vertikal kesimi bilan olib transporterga beriladi. Bunday sistema Yaponiyada keng qo‘llaniladi. Sistema sanoqsiz moddalar ishtirokida shixta tayyorlashga imkon yaratadi. Shixtaning tarkibi yetarli darajada bir xil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |