I. O’QUV MATERIALLARI
1.1. MA’RUZA MATNLARI
1-MAVZU. RIVOJLANGAN MAMLAKATLARNING BOZOR TAJRIBASI VA UNI O‘RGANISHNING AHAMIYATI
REJA:
1.1. Rivojlangan mamlakatlarning bozor tajribasini o‘rganish zaruriyati.
1.2. Rivojlangan mamlakatlar bozor tajribasining magistrlar faoliyatidagi ahamiyati.
1.3. Rivojlangan mamlakatlar tushunchasi.
1.4. Rivojlangan mamlakatlar belgilari.
1.5. “Rivojlangan mamlakatlar bozor tajribasi” fani predmeti va usullari.
Tayanch so’z va iboralar:
Resurslar taqchilligi, ehtiyoj, sivilizatsiya, talab, taklif, raqobat, bozor bahosi.
1.1. Rivojlangan mamlakatlarning bozor tajribasini o‘rganish zaruriyati.
Iqtisodiyotning bozor usuli jahon uzra keng quloch yozmoqda. Iqtisodiy munosabatlarni samarali tashkil etish va resurslarni oqilona joylashtirish avvaldan insoniyat diqqatini, ayniqsa iqtisod ilmi ahlini, o‘ziga jalb etib kelgan. Bunda ishlab chiqarish omillaridan samarali foydalanish imkoniyatini tug‘diruvchi har qanday ijtimoiy shakl tan olingan. “Resurslar taqchilligi – ehtiyojning poyonsizligi” muammosi insoniyatni doimo o‘ylantirib, buni xal qilishda inson bozor usulini tanlagan va uni eng ma’qul usul deb bilgan.
Ma’lumki, jamiyat ixtiyoridagi ishlab chiqarish imkoniyatlari, iqtisodiy resurslar, mehnat resurslari, turli mablag‘lar, tabiiy boyliklar, yer kabilar poyonsiz emas, ya’ni bu resurslar chegaralangan bo‘lib, ulardan foydalanish, ularni joylashtirish oqilona yondoshuvni talab etadi.
Basharti ma’lum tarmoqlar tezroq taraqqiy etib, bir xildagi tovarlar ishlab chiqarish ko‘paytirilsa, demak bunga ko‘proq resurslar jalb etiladi hamda shunga ko‘ra qolganlariga kamroq resurslar sarf etish zaruriyati tug‘iladi. Bunday alternativ (ya’ni ikki yoldan birini) tanlash muammosi tug‘iladi.
Iqtisodiy taraqqiyot amaliyoti shuni isbotlab bormoqdaki, hozirgi vaqt bozor iqtisodiyoti hukmronligi resurslarni samarali taqsimlab joylashtirish va iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish, mahsulot sifatini yaxshilash va yuqori turmush darajasini ta’minlash imkonini tug‘diradi. Bunday tizim mehnatni rag‘batlantirish va shaxsiy boylikni, pirovardida esa milliy boylikning ortib borishini tezlashtiradi.
Bozor tizimi barcha mamlakatlar iqtisodiga xos bo‘lib, u o‘z doirasini to‘xtovsiz kengaytirib bormoqda. Bu ayniqsa, sivilizatsiya darajasiga bog‘liq bo‘lib, u o‘z taraqqiyot jarayonini tezlashtirib bormoqda. Eng taraqqiy etgan va qudratli iqtisodiyot salohiyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar asosan erkin bozor sharoiti tufayli xalq farovonligini yuqori ko‘rsatkichlariga erishmoqdalar. Bular avvalo yuqori darajali industrial mamlakatlardir. Bularning ketidan borayotgan va bozor munosabatlariga o‘tishda yaxshi natijalarga erishayotgan mamlakatlarning soni ortib bormoqda.
Sivilizatsiyali iqtisodiyot (madaniylashgan iqtisodiyot) bozor mexanizmini, bozor munosabatlarini takomillashtirib, bozor iqtisodiyotiga, umuman iqtisodiy taraqqiyotga katta o‘zgarishlar kiritmoqda. Bu iqtisodiyotning ijtimoiy yo’nalishi, davlatning iqtisodiyot voqeligiga ishtirokining kengayishi, aralash iqtisodiyotning ahamiyatli bo‘lib borishi kabilarda o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston ham o‘z iqtisodiy taraqqiyotida bozor yo’lini tanladi. Zero, O‘zbekiston faqat bozorgina inson manfaatlariga mos mehnatni rag‘batlantiruvchi mexanizmga ega bo‘lgani, jahon hamjamiyati rivojlanishining hozirgi bosqichiga juda mosligi, tashabbuskorlik va ishbilarmonlikni rivojlantira olishi, ishlab chiqarishni iste’molchilar manfaatiga bo‘ysundirishi, tejamli xo‘jalik yuritishning kuchli, oqilona jixatlarini yaratishi, yangiliklarga sezgirlikni oshirishi va fan-texnika yutuqlarini dadil joriy etish sharoitlariga ega bo‘lishi kabilarni e’tiborga olgan xolda uzil-kesil bozor munosabatlariga o‘tishni tan olib, bozor iqtisodiyoti sari dadil qadamlar qo‘ymoqda.
Bozorni asosan talab, taklif, raqobat va bozor bahosi kabilar shakllantiradi. Umuman olganda bahoning tashkil topish usuliga qarab xo‘jaliklarni bozor yoki nobozor xo‘jaliklar qatoriga qo‘shish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |