1-topshiriq
Gaplarni o’qib, sifatlovchi va qaratqich aniqlovchilarni toping. Ularning farqlarini aytib berishga tayyorlaning.
1. Po’lat pichoq qinsiz qolmas. 2. Ishlaganning yuzi yorug’ bo’ladi. 3. Daraxtlarning ko’m-ko’m shoxlarida och-sariq gullar miltillab ko’rinar edi.
2-topshiriq
“O’qigan” so’zini sifatlovchi va qaratqich aniqlovchilar vazifasida keltirib, ikkita gap tuzing. Sifatlovchi va qaratqich aniqlovchilarning umumiy xususiyatini aytib berishga tayyorlaning.
3-topshiriq
Gaplarni o’qib, aniqlovchilarning turlarini aytib berishga tayyorlaning. Sifatlovchi, qaratqich, izohlovchi aniqlovchilarning qanday ifodalanganini tushuntiring.
Ayvon pastida Soli sovuq bilan Juman pismiq qo’l qovushtirib turardi. Egrining soyasi ham egri. Bizning qishlog’imiz tog’ yon bag’riga tutashgan. Ko’m-ko’k ko’zli latta qo’g’irchoqning yuzi olmadek qip-qizil edi.
4-topshiriq
Aniqlovchining qaysi so’z turkumlari bilan ifodalanganini aniqlab, gap tarkibidagi o’rnini taqqoslang. Gapning qaysi bo’lagini aniqlayotganini tushuntiring. Aniqlovchilarning uchala turi uchun umumiy xususiyatini ko’rsating.
Oltining yarmi-uch. Ko’m-ko’k dalalar ko’rindi. Vatan – ona so’zi naqadar laziz (Uyg’un).
Yuqoridagi topshiriqlarni bajarish asosida aniqlovchi bo’yicha quyidagi umumiy xulosalar chiqariladi:
1. Sifatlovchi va qaratqich aniqlovchilarning farqlari – sifatlovchi aniqlovchi narsa belgisini anglatib, sifat, son, olmosh, ot, sifatdoshga oid so’zlar bilan ifodalansa, qaratqich aniqlovchi narsa qarashli bo’lgan narsani bildirib, qaratqich kelishigidagi so’zlar bilan ifodalanadi, sifatlovchi va qaratqich aniqlovchilarning o’xshash tomonlari–ular gap tarkibidagi biror bo’lakni aniqlaydi, gap tarkibida o’zlari aniqlagan gap bo’lagidan oldin keladi.
2. Izohlovchi gap tarkibidagi biror bo’lakni aniqlashi bilan sifatlovchi va qaratqich aniqlovchilarga o’xshaydi. Izohlovchi gap tarkibidagi o’rni jihatdan sifatlovchi va qaratqich aniqlovchilardan farq qiladi: izohlovchi ba’zan izohlanmishdan oldin, ba’zan esa keyin keladi.
3. Aniqlovchilarning barcha turlari gap tarkibidagi biror bo’lakni aniqlaydi. Gap bo’laklarini aniqlash aniqlovchilarning barcha turlari uchun umumiy xususiyat hisoblanadi. Chiqarilgan umumiy xulosalar zaminida aniqlovchilarga doir yanada umumiy, oxirgi va yakuniy xulosa chiqariladi.
Gapning biror bo’lagini aniqlaydigan, izohlaydigan yoki biror bo’lakning ikkinchi bo’lakka qarashli ekanligini ko’rsatadigan gap bo’lagiga aniqlovchi deyiladi.
Yuqoridagilardan ko’rinadiki, bilim va malakalarni umumlashtirish darslari darsning boshqa tiplaridan tubdan farq qiladi. Ruhiy jihatdan umumlashtirish darslari tushuncha doirasida bilimlarni tizimga keltirish bilan xarakterlanadi. Bunday darslar uchun alohida mashq tanlanadi, mashg’ulot o’rganilgan tushunchalar, hosil qilingan malakalarni taqqoslash asosida olib boriladi. Bilim va malakalarni umumlashtirish darslarining miqdori o’rgatilgan bilimlar mundarijasiga ko’ra belgilanadi. Masalan, “Ot-so’z turkumi” bo’yicha quyidagi mavzular yuzasidan umumlashtirish darslari tashkil etiladi: otlarning grammatik xususiyatlari, turdosh va atoqli otlar, otlarning birlik va ko’plikda qo’llanishini umumlashtirish – 1 soat; otlarning turlanishi, egalik, kelishik qo’shimchalarining yozilishi – 1 soat; “Ot” so’z turkumi bo’yicha o’rganilgan barcha bilimlarni tizimga solish uchun – 1 soat.
Umumlashtirish darslarida mavzuni o’rgatish paytida beriladigan savollar murakkablashtirib boriladi. Masalan, egalik va kelishik kategoriyalarini o’rgatishda quyidagi savollardan foydalaniladi: Turlanish deb nimaga aytiladi? O’zbek tilida nechta kelishik bor? Qaratqich kelishigining ma’nosi, so’rog’i, qo’shimchasini aytib bering. Qanday qo’shimchalarga egalik qo’shimchasi deyiladi? va hokazo. Shu mavzu yuzasidan bilim va malakalarni umumlashtirish darslarida esa bu savollar yanada murakkablashtiriladi: kelishik va egalik deb nimaga aytiladi? Otlarning egalik va kelishik qo’shimchalari bilan o’zgarishidagi farqlarni ayting. So’z tarkibida egalik va kelishik qo’shimchalarining o’rnini tushuntiring. Turli kelishikdagi otlarning gapdagi vazifalarini ayting.
Bilim va malakalarni umumlashtirish darslarida umumlashtiruvchi jadvallardan, turli-tuman chizmalardan foydalaniladi. Buni “Ko’chirma va o’zlashtirma gap” mavzusi bo’yicha o’tkaziladigan mashg’ulot namunasida ko’raylik.
Do'stlaringiz bilan baham: |