Bilim va malakalarni umumlashtirish darslari
Reja:
Bilim va malakalarni umumlashtirish darslarining maqsad va vazifalari.
Bilim va malakalarni umumlashtirish darslarining tarkibiy qismlari.
Bilim va malakalarni umumlashtirish darsi tuzilishi.
Bilim va malakalarni umumlashtirish darsini tashkil qilish usuliyoti.
Bilim va malakalarni umumlashtirish darslarida ma’lum mavzu yoki bo’lim bo’yicha o’zlashtirilgan bilimlar qayta tizimga keltiriladi, mavzu yoki bo’lim yuzasidan yakuniy xulosalar chiqariladi. Bunday darslar o’rganilgan bilim, hosil qilingan malakalarni tizimga keltirish, o’quvchilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirishning asosiy shakli hisoblanadi.
Ta’lim jarayonida grammatik bilimlar o’zaro bog’langan ikki xil darajada: empirik va tushuncha darajasida umumlashtiriladi. Empirik umumlashtirishda o’rganilayotgan hodisaning his qilingan xususiyatlari o’zaro taqqoslanadi, ikkilamchi belgilar hisobga olinmaydi, o’xshash belgilar umumiy xususiyat sifatida qabul qilinadi. Masalan, 5-sinfda “Otlarning birlik va ko’plikda qo’llanishi” mavzusi o’tilayotganda, birlik (qalam) va ko’plik (qalamlar) o’zaro taqqoslanadi. –lar qo’shimchasining boshqa belgilari (hurmat, kesatish, tur ma’nolarini bildirishi) hisobga olinmaydi. –lar shaklining umumiy xususiyati sifatida ko’plik ma’nosi, ko’plikning ziddi sifatida birlik ma’nosi ajratiladi. Mashg’ulot shu belgilar (ko’plik va birlik) atrofida tashkil etiladi.
Ruhshunoslikka oid tadqiqotlardan ma’lumki, bola turli hodisalar, narsalar, ularning belgilarini ma’lum tushuncha ostida to’playdi. Ruhshunoslikda bunday bog’lanish “lokal assotsiatsiya” istilohini bilan yuritiladi. Bolaning turmush tajribasi oshgan sari, u narsalarni konkret ajrata boshlaydi. Bola ongida hosil bo’lgan lokal assotsiatsiya asta–sekin o’z xususiyatini yo’qotadi. Ta’lim jarayonida ham xuddi shu hodisani kuzatish mumkin. O’quvchi biror mavzuni o’rganish paytida shu mavzuga oid bilimlarni boshqa grammatik hodisalardan farqlay olmaydi, mavzuga doir dalil keltirishda qiynaladi. Mavzu bo’yicha etarli dalil to’plab, ular tahlil qilingach, o’quvchi mavzuga doir bilimlarni o’z so’zlari bilan erkin ayta oladi, shu mavzu bo’yicha berilgan dalillarni ajrata biladi. O’qituvchining vazifasi shu bog’lanishlarga oid dalillarni tahlil qilish, o’quvchilar bilimini tizimlashtirish, lokal assotsiatsiyalarni umumlashgan bilimlar darajasiga ko’tarishdan iborat. Ko’rinadiki, empirik umumlashtirish tushuncha darajasida umumlashtirishni taqozo etadi. Demak, bilim va malakalarni tizimlashtirish darslarining ruhiy zamini tushuncha darajasida umumlashtirish hisoblanadi.
Tushuncha darajasida umumlashtirishda ma’lum grammatik hodisaning his qilinayotgan konkret belgilari emas, balki uning umumiy xususiyatlari nazarda tutiladi. Bunda asos qilib olingan xususiyat o’rganilgan hodisalarning bir qanchasi uchun mushtarak hisoblanadi. Mashg’ulotlarda yuqori darajada abstraksiyalashni ta’minlaydigan topshiriqlardan foydalaniladi.
Aqliy operatsiyalar (tahlil, qayta qo’shish va ularning hosilasi-abstraksiyalash, aniqlashtirish, umumlashtirish, taqqoslash, tasniflash) inson aqliy taraqqiyoti darajasining ko’rsatkichi bo’lib, ular kishida shakllangan bilimlar tizimi bilan belgilanadi. Tizimga keltirilgan bilimlar fikrlash jarayonidagi izchillikni ta’minlaydi, o’rganilayotgan hodisalarning mohiyatini chuqurroq anglashga ko’maklashadi. Masalan, aniqlovchi o’rganilgach, umumlashtirish darsi quyidagi savollar atrofida o’tkaziladi:
1. Sifatlovchi va qaratqich aniqlovchilarning o’xshash tomonlari va farqlari nimalardan iborat?
2. Izohlovchi qaysi tomondan sifatlovchi aniqlovchiga o’xshaydi?
3. Aniqlovchining barcha turlari (sifatlovchi aniqlovchi, qaratqich aniqlovchi, izohlovchi) uchun qanday xususiyat umumiy hisoblanadi?
Mavzu yuzasidan umumiy xulosa chiqarish uchun quyidagi topshiriqlar ustida ish olib boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |