Yangi bilimlarni o’rgatishda deduksiya va induksiya. Tilga oid nazariy materiallar, asosan, ikki xil yo’l bilan o’rgatiladi: yangi bilimlarni deduktiv yo’l bilan o’rgatish; yangi bilimlarni induktiv yo’l bilan o’rgatish. Bularni “Ega va uning ifodalanishi” mavzusi misolida tahlil qilaylik. Mavzuni deduktiv yo’l bilan o’rgatishda, o’quvchilarning gap, gap bo’laklari, gapda so’zlarning bog’lanishi to’g’risidagi bilimlariga tayaniladi. Doskaga biror gap yozib tahlil qilinadi. Masalan, Botirlar xalq xotirasida hamisha yashaydilar. Bu gap mazmuniga ko’ra darak gap ekanligi aytiladi. Gapda so’zlarning bog’lanishi aniqlanadi: botirlar yashaydilar - moslashuv; xalqning xotirasi – moslashuv; xotirasida yashaydi – boshqaruv; hamisha yashaydi – bitishuv. Gapni tahlil qilish yo’li bilan gap bo’laklari haqidagi bilim takrorlanadi. Gap tarkibidagi bosh bo’laklar ajratiladi: Botirlar yashaydilar. So’roqlar vositasida ega topiladi va uning ta’rifi tushuntiriladi. So’ngra eganing bosh kelishikdagi ot, olmosh, otlashgan so’zlar bilan ifodalanishi bayon qilinadi.
Tilga oid bilimlarni yuqoridagi yo’l bilan bayon qilganda, umumiydan aniqlikka qarab boriladi. Gap, gapda so’zlarning bog’lanishi, gap bo’laklari, bosh bo’laklar va ikkinchi darajali bo’laklar to’g’risidagi bilimlar ega haqidagi bilimlarga nisbatan umumiy sanaladi. Eganing turli so’z turkumlaridan ifodalanishi bo’yicha berilgan bilimlar ega haqidagi umumiy ta’rifga nisbatan juz’iy bo’ladi. Yangi bilimlarni shu yo’l bilan bayon etganda, deduksiyadan induksiyaga qarab boriladi. Oldin dalillar asosida o’quv materialining umumiy tomonlari izohlanadi. Keyin esa dalillar asosida shu materialning xususiy tomonlari aniqlashtiriladi.
Yangi bilimlarni o’rgatishning ikkinchi yo’li induksiyadir. Bunda oldin o’quv materialining xususiy tomonlari o’rgatiladi, so’ngra uning umumiy tomonlari izohlanadi. Masalan, ega va uning ifodalanishini tushuntirish uchun quyidagi gaplar tahlil qilinadi:
D a r a x t l a r xuddi choyxonaning sahnidagi gulzorga o’xshar edi. Biz bu quvonchli kunlarga osonlik bilan etib kelmadik. O’ n – beshdan katta. O’ q i m o q - o’rganmoq. To’g’ri o’zadi, e g r i to’zadi.
Yuqoridagi gaplar tahlil qilinib, har bir gapning egasi topiladi, ularning qaysi so’z turkumi bilan ifodalangani aytiladi, so’roqlari ko’rsatiladi. Tahlil qilingan misollar, chiqarilgan juz’iy xulosalar zaminida eganing umumiy ta’rifi o’rganiladi. O’rganish jarayonida o’quv materialining juz’iy xususiyatlaridan umumiy xususiyatiga qarab boriladi.
Izchillik tamoyiliga qat’iy amal qilish yo’li bilan yangi materialni o’rgatish va mustahkamlash darslarini ijodiy tashkil etishga erishiladi. Yangi materialni tushuntirishda o’quvchilarning oldin o’rgangan bilimlari, hosil qilgan malakalariga tayanish o’quv materialini puxta o’zlashtirishga zamin hozirlaydi. O’rganilayotgan mavzuga aloqador bilimlarni takrorlash yangi bilimlarni faol idrok etishning asosiy omili sanaladi.
O’rganilgan bilimlarni qayta esga olish va undan yangi bilimlarni ongli o’zlashtirish vositasi sifatida foydalanish turli yo’llar bilan amalga oshiriladi: o’rganilgan bilimlarni o’qituvchining o’zi eslatadi va yangi bilimlarni o’zlashtirilgan mavzuning davomi sifatida tushuntiradi; oldin o’tilgan mavzuni o’quvchilardan birontasi eslab aytib beradi, o’qituvchi o’quvchi fikrlariga bog’lab o’z tushuntirishini boshlaydi; o’tilgan mavzu yuzasidan sinf jamoasi bilan suhbat o’tkaziladi, keyin yangi mavzuni tushuntirishga o’tiladi; o’tilgan mavzuga doir mustaqil ish o’tkaziladi, mustaqil ish ustida suhbat o’tkazilgach, yangi mavzuni tushuntirishga o’tiladi va hokazo.
Yuqorida aytilgan fikrlarning ba’zilarini aniqlashtirish uchun bir ilg’or o’qituvchi tajribasidan yozib olingan ikki soatlik dars fragmentini (darslarning yangi materialni o’rgatish bosqichi keltiriladi) tahlil qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |